Qoratogʻdaryo
Qoratogʻdaryo | |
---|---|
Tavsif | |
Uzunligi | 99 |
Maydoni | 684 km² km² |
Suv oqimi | |
Boshlanishi | Hisor togʻi |
· Boshlanish joyi | 4200 metr balandlik |
Davlat | Tojikiston va Oʻzbekiston |
Qoratogʻdaryo — Surxondaryo viloyatidagi daryo. Surxondaryonnng yirik chap irmogʻi hisoblanadi. Surxondaryo Toʻpolondaryo va Qoratogʻ daryolarining qoʻshilishidan hosil boʻladi[1]. Hisor tizmasining janubiy yon bagʻridan boshlanadi.
Joylashuvi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Qoratogʻ daryosi Hisor togʻining 4200 metrlik balandlikdagi janubiy yonbagʻirlaridan boshlanadi. Togʻlar orasida tor, yon bagʻirlari tik va baland vodiy orqali oqadi.
Tuzilishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Uzunligi 99 km ni, havzasining umumiy maydoni esa 684 km² ni tashkil etadi. Tekislikka oqib chiqqach, daryo vodiysi kengayib boradi.
Daryo oʻzani va irmoqlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Daryo oʻzani shagʻal, tosh, qumtosh va boshqa jinslardan tashkil topgan. Bu daryo shu nomdagi qishloqqa yetib borguniga qadar V shaklidagi tor vodiyda oqadi. Ayrim hududlarda vodiy 200-250 metrni tashkil etadi. Vodiynining yon bagʻirlari juda tik. Daryo kengligi oʻrtacha 60-100 metrni tashkil qiladi. Qishloq hududida daryo tekislikda oqadi va 8 km masofagacha daryo vodiysi oʻzgarib boradi. Vodiyning kengligi Qoratogʻ qishlogʻi yaqinida 300 metrni, Oltinyaylov qishlogʻi yonida shuningdek, Zargar bilan Jonchekka qishloqlari oraligʻida esa 3 km gacha yetadi. Keyinchalik vodiy torayib boradi. Toʻpalangdaryo bilan qoʻshilish hududida esa vodiy kengligi 500-600 metrni tashkil qiladi.
Qoratogʻ daryosi Shirkent va Oqjarsoylarning qoʻshilishidan yanayam kengayadi.
Suv sarfi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Oʻrtacha yillik suv sarfi 22,5 m³/sek ni tashkil etadi. Maksimal suv sarfi sekundiga 23,9 m³/sek, minimal miqdori esa 2.5 m³/sek ga teng. Qoratogʻdaryo yil davomida sersuv boʻladi. Daryo asosan qor va muzlik suvlaridan toʻyinadi. Yillik oqimning 56.7 foizi mart — iyun oylarida, 31,8 foizi iyul — sentabr va 11,5 foizi oktabr — fevral oylarida oqib oʻtadi. Daryodan bir necha ariq va kanallar chiqarilgan[2].
Toʻpalangdaryo, Qoratogʻdaryo va Surxondaryoning boshqa barcha irmoqlarining suvlari togʻlardan chiqishlari bilanoq sertarmoq kanallar orqali sugʻorish hududlariga yoʻnaltirilishi natijasida bu daryolarning suvi asosiy bosh daryo — Surxondaryoga sellar oʻtish vaqtidagina yetib borib qoʻshiladi yoki quyi oqimlarida oʻzanlariga sizib chiqqan grunt suvlarini olib borib quyadi. Shu sababli ham, bu irmoqlarni alohida mustaqil daryolar deb hisoblash mumkin.
Toʻpalangdaryoning suv yigʻadigan maydoniga qaraganda Qoratogʻ daryosining suv yigʻilish maydoni Surxondaryo vodiysi boʻylab esadigan havo massalari uchun ancha qulay va ochiq hududda joy olgan, buning natijasida esa daryoga koʻp miqdorda yogʻin tushadi hamda Toʻpalangdaryo havzasidagiga nisbatan bu hududlarda qor chegarasi nisbatan pastroqdan oʻtadi.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „Surxondaryo tabiiy geografik okrugi“ (o'zbek). geografiya.uz (2020-yil 23-may). Qaraldi: 08-2023.
- ↑ "Qoratogʻdaryo" OʻzME. Q-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |