Vikipediya:Oʻzbekcha Vikipediya 20 yoshda

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Oʻzbekcha Vikipediyaga 2003-yil 21-dekabrda asos solingan boʻlib, 2023-yil 21-dekabr holatiga koʻra unda 248 000 dan ortiq maqola mavjuddir. Bu vaqt ichida oʻzbekcha Vikipediya maqolalar soni boʻyicha dunyo Vikipediyalari roʻyxatida 42-oʻrinni, Turkiy tilli Vikipediyalar ichida turkcha va tatarcha Vikipediyalardan keyin 3-oʻrinni, Markaziy Osiyoda 1-oʻrinni egalladi.

2024-yil 19-yanvar holatiga koʻra oʻzbekcha Vikipediyada jami maqolalar soni 248 596 ta, sahifalar soni 909 708 ta, tahrirlar soni 4 041 324 ta tani tashkil etmoqda. Oʻzbekcha Vikipediya administratorlari soni 16 ta, foydalanuvchilarning umumiy soni 119 918 ta, shulardan faol foydalanuvchilar soni 523 ta, mediafayllar soni 3 074 ta, oʻzbekcha Vikipediya teranligi esa 31,4 ni tashkil etmoqda (tarix uchun yozib qoʻyildi).

250 mingga yaqin maqolaga ega oʻzbekcha Vikipediya dunyo Vikipediyalarining kuchli 50 taligiga kiradi. Ammo, hozircha biz Oʻzbekcha Vikipediya maqolalarining barchasini ham sifatli deya olmaymiz. Sifat masalasida anchagina ishlash kerak. Bugungi kunda oʻzbrkcha Vikipediyada maqolalar sonini oshirish, yangi foydalanuvchilarni kashf qilish, Vikipediyani ommaviy vositaga aylantirishga qaratilgan harakatlar davom etmoqda. Xususan, „Oʻzbek tilida soʻzlashuvchi vikimediachilar foydalanuvchi guruhi“ faollari Oʻzbekiston yoshlar ishlari agentligi va AOKA bilan hamkorlikda „WikiStipendiya“ loyihasini boshladilar, Oliy taʼlim muassasalari, prezident maktablari, ixtisoslashtirilgan maktablarga borib oflayn treninglar, anjumanlar oʻtkazdilar. Oʻzbekiston Yoshlar ishlari agentligi yordami bilan WikiOromgohlar tashkil etib, u yerda yoshlarga Vikipediyada maqola yaratish asoslarini oʻrgatdilar.

Qisqacha tarix[manbasini tahrirlash]

2003-yil 21-dekabr kuni oʻzbekcha Vikipediyaga asos solingan.

Maqolalar sonining oʻsib borishi[manbasini tahrirlash]

OzodWiki[manbasini tahrirlash]

OzodWiki banneri.

OzodWiki (yoki OzodViki) — Ozodlik radiosining oʻzbekcha Vikipediya haqidagi rukni. OzodWiki eshittirshlari 2014-yilning 6-fevralida taʼsis qilingan. Ruknning asosiy maqsadi oʻzbekcha Vikipediyaning rivojlanishiga hissa qoʻshishdir.

OzodWiki rukni ostida turli materiallar, jumladan faol Vikipediya tahrirchilaridan olingan intervyular, mavjud maqolalarga taqrizlar hamda Vikipediyada tahrir qilish boʻyicha darslar berildi. Bundan tashqari, oʻzbekcha Vikipediyani ommalashtirish uchun Ozodlik radiosi xabarlarida ishlatilgan ayrim soʻzlar ensiklopediyadagi mos maqolalarga ulandi. OzodWiki loyihasi har ikki taraf uchun ham foydali boʻldi: „Ozodlik radiosi oʻquvchilari kengroq maʼlumotga yoʻnaltirildi va Vikipediya yangi oʻquvchilar va mavzular hisobiga ommalashdi. Bundan tashqari, Ozodlik radiosi Vikipediyaga turli mavzularni yoritishni taklif qildi, Vikipediyada boʻlsa oʻz navbatida Ozodlikka havolalar qoʻshildi.“ OzodWiki loyihasi 2014-yil 22-mayda vaqtincha toʻxtatildi. Loyiha 2014-yil 16-oktabrda besh oylik tanaffusdan keyin oʻz faoliyatini yana qaytadan boshladi. 2015-yilning iyun oyida loyiha ikkinchi marta vaqtincha toʻxtatildi. Toʻrt oylik tanaffusdan keyin noyabr oyida loyiha ishi qayta tiklandi.

Oʻzbek tilida soʻzlashuvchi vikimediachilar foydalanuvchi guruhi[manbasini tahrirlash]

Foydalanuvchi guruhning birinchi logotipi.

Oʻzbek tilida soʻzlashuvchi vikimediachilar foydalanuvchi guruhi — mintaqaviy foydalanuvchi guruh boʻlib, oʻzbek tilida soʻzlashuvchi barcha vikimediachilar uchun ochiq. Turkiy til hisoblanuvchi oʻzbek tilida asosan Oʻzbekistonda, shuningdek, boshqa Markaziy Osiyo mamlakatlarda soʻzlashiladi. Mintaqaviy foydalanuvchi guruh markaziy osiyolik va boshqa yerlik vikimediachilarni bir-birlari bilan tanishib, mintaqada hamkorlikda tadbirlar uyushtirishlariga zamin yaratishni koʻzlaydi. Ushbu guruhni tuzishga harakatlar 2020-yilda bir necha faol vikipediyachilar tomonidan boshlangan. Xususan, 2020-yilning 17-mayda Zoom orqali guruhning ilk yigʻini oʻtkazilgan, 2020-yilning 4-dekabrida esa ushbu guruh Affiliatsiyalar qoʻmitasi tomonidan rasman tan olingan. Demak, 2020-yilning 4-dekabr sanasi Oʻzbek tilida soʻzlashuvchi vikimediachilar foydalanuvchi guruhining tashkil topgan kuni sifatida tarixda qolajak.

Oʻzbekcha Vikipediyani „Telegram“ tarmogʻi orqali ommalashtirish[manbasini tahrirlash]

2020-yil 5-iyun kuni Oʻzbekcha Vikipediyani ommalashtirish, Vikipediyada boʻlayotgan yangiliklarni tez va qulay yetkazib borish, hamda yangi foydalanuvchilarga tez va oson yordam berish maqsadida „Telegram“ ijtimoiy tarmogʻida „Oʻzbekcha Vikipediya“ kanali va „Oʻzbekcha Vikipediya (savol-javob)“ guruhi ochildi (2024-yil yanvar oyi holatiga ushbu kanalda 365 ta obunachi, guruhda 745 nafar foydalanuvchi bor).

WikiStipendiya[manbasini tahrirlash]

WikiStipendiya loyihasining logotipi.

2022-yil 20-may sanasida oʻzbekcha Vikipediyadagi maqolalar sonini oshirishga qaratilgan WikiStipendiya loyihasiga start berildi. Loyiha Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi tomonidan Oʻzbekiston axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Yosh ijodkorlar kengashi hamda Oʻzbek tilida soʻzlashuvchi vikimediachilar foydalanuvchi guruhi bilan hamkorlikda tashkillashtirildi.

Loyihaning nomi „viki“ hamda „stipendiya“ soʻzlarining birikmasidir. Loyiha oʻzbekcha Vikipediyada maʼlumotlarni miqdorini oshirishga qaratilgan boʻlib, unda nafaqat talabalar, balki istalgan shaxs qatnashishi mumkin. Loyihaning yana bir maqsadi oʻzbek tilidagi vikilarda tahrirchilar sonini koʻpaytirishdir.

Xalqaro konferensiyalar[manbasini tahrirlash]

2023-yilda oʻzbekcha Vikipediyaning administrator va faollari xalqaro konferensiyalarda avvalgi yillarga nisbatan koʻproq ishtirok etishdi. Xususan, 2023-yilning 16–19-avgust kunlari Singapur shahrida boʻlib oʻtgan Wikimania Singapore anjumaniga 3 kishi, 20–22-oktyabr kunlari „Wikimedia CEE Meeting 2023“da yana 3 kishi, „Turkic Wikimedia Conference 2023“ 3 kishi va qoraqalpoqcha Vikipediya nomidan 1 kishi ishtirok etdi.

Oʻzbekcha Vikipediya 20 yoshda[manbasini tahrirlash]

Oʻzbekcha Vikipediyaning 20 yilligiga atalgan tort.

2023-yilning 21-dekabrida Vikipediyaning oʻzbek tilida yuritiladigan boʻlimi yaratilganiga 20 yil toʻldi. Avvalroq, shu sana munosabati bilan oʻzbekcha Vikipediyaning 20 yilligiga bagʻishlangan logotip variantlari (2 ta) ovozga qoʻyildi va ulardan biri tanlab, asosiy logotip vaqtincha boshqa logotip bilan almashtirildi.

Aynan 2023-yilning 21-dekabr kuni esa bir guruh oʻzbekcha vikipediya faollari Toshkent shahri, Chilonzor tumanida joylashgan „Umar Hayyom“ kafesida uchrashib, oʻzbekcha Vikipediyaning 20 yilligini nishonladilar.

Bu yerga oʻzbekcha Vikipediyaga bagʻishlangan tilaklar, dil soʻzlaringizni yozishingiz mumkin.


Tilak yozmoq

Misol:
* Oʻzbekcha Vikipediyaning 20 yoshga toʻlgani bilan barchangizni qutlayman, Vikipediyamizda maqolalar soni koʻpayaversin! ~~~~