Vizantiya meʼmorchilik sanʼati
Yer yuzida feodalizm tuzumining paydo boʻlishidan tortib, uning rivojlanishi va nihoyat, uning inqirozidan keyingi tuzumga oʻrnini boʻshatib bergungacha boʻlgan davrdagi sanʼatni, odatda, oʻrta asrlar sanʼati deyiladi. Bu sanʼat turli mamlakatlarda turli vaqtda boshlangan va davom etgan. Jumladan, Yevropada u Buyuk Konstantin podsholik qilgan davrdan (IV asr) boshlanadi. Uning dastlabki inqirozi esa XIII—XIV asrlardagi Italiyada shahar-davlatlarning vujudga kelishi bilan tezlashdi. Yevropadagi ayrim mamlakatlarda feodalizm VII—III asrlar va undan kech ham boshlanib, XVII asrning soʻngigacha davom etgan (masalan, Vizantiya, Qadimgi Rus imperiyasi). Oʻrta asrning muhim madaniyat oʻchoqlaridan biri Vizantiya davlatidir. Sharqiy Rim imperiyasi oʻrnida 395-yili vujudga kelgan bu davlat 1453-yiIgacha hukmronlik qildi. Varvarlar hujumidan birmuncha chetda bolgan bu davlat uzoq vaqt antik hayot va madaniyat anʼanalarini saqlagan holda, asta-sekinlik bilan yangi tuzum-feodalizmga oʻta boshladi. Bu yerda antik sanʼat anʼanalari eʼzozlandi va davom ettirildi. Shu bilan birga, bu anʼanalar mustahkamlanib borayotgan feodalizm gʻoyalari, xristian dini gʻoyalari bilan boyitildi. Vizantiya sanʼatida ideal obrazga boʻlgan munosabat oʻz qiymatini saqlab qoldi. Inson qiyofasi xristian xudosi va avliyolar obrazida oʻz ifodasini topdi. Vizantiyada ilohiy kuch — Iso obrazi mavhum shaxs emas, balki real inson qiyofasida tasavvur qilinadi. Shuning uchun ham u antik dunyo bilan bogʻlanadi. Lekin vizantiyalik rassom uchun tashqi qiyofa emas, balki ichki his-tuygʻu, maʼnaviy-axloqiy mazmun yetakchi oʻrinni egallaydi. Iso obrazida shu ichki mazmunni ochish uning asosiy maqsadini belgilaydi[1].
Vizantiya sanʼatining oʻziga xos tomonlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Vizantiya sanʼati IV asrda uning maydoniga xristian dinining kirib kela boshlagan davridan shakllana bordi. Bu xususiyat Vizantiyaning dastlabki gullagan davri VI—VII asrlarda yaqqol namoyon boʻldi[2]. Konstantinopol bu davrda katta Vizantiya imperiyasining faqat siyosiy markazi emas, balki madaniy oʻchogʻiga ham aylandi. „Ikkinchi Rim“ deb nom olgan bu shaharda mahobatli qurilish sanʼati rivojlandi. Bu yerda hashamatli monastir va ibodatxonalar majmuasini yaratish yetakchi oʻrini egalladi. Bu ansambl tiplari rang-barangligi bilan ajralib turadi. Ayniqsa, Vizantiya uchun antik ijtimoiy maʼmuriy binolarini qurish sanʼati anʼanalari asosida qurilgan markaziy gumbazli va choʻziq bazilika tipidagi ibodatxonalar qurilishi xarakterlidir. Bu binolarda ichki interyerning fazoviy kengligi xristian ibodati talabi asosida yechilgandir. Bu binolar tashqi koʻrinishidan sodda, vazmin, lekin ichki kenglik nihoyatda nafis va serhashamdir. Shu maqsadda meʼmor interyer uchun yorqin, serʼjilo marmar, oltin va shunga oʻxshash qimmmatbaho materialiardan keng foydalangan. Xona ichida nur va soyaning moʻlligi unga alohida sirli va sehrli kuch baxsh etgan. Ilk Vizantiya ibodatxonasining namunasi — Ravennadagi uch minoralili Sant Apollonare Nuovobazilikasida shu xususiyat oʻz ifodasini topgan. Choʻziq-bazilika tipida ishlangan bu ibodatxonaning markaziy keng minoralari tepadagi darchalardan tushayotgan nurlar hisobiga yanada tantanavorlik kashf etadi. Yon tarafdagi ustunlarning ritmini bu tantanavorlikni yanada oshiradi. Asosiy diqqatni diniy marosimlar oʻtkaziladigan maydon tortadi. Ravennadagi markaziy qubbali San Vitalecherkovining (521—547) ichki qismi — devor va pollari rangga boy mozaika bilan bezatilgan, rangli marmar bilan pardozlangan. Vizantiya meʼmorchiligi uslubi grek va Rim meʼmorchiligi anʼanalarining mahalliy anʼanalar bilan uygʻunlashishidan vujudga keldi. Jumladan, Konstantinopoldagi Sofiya ibodatxonasi oʻz konstruktiv tuzilishi jihatidan Panteon ibodatxonasi konstruksiyasiga oʻxshab ketadi, lekin bu oʻxshashlik birmuncha yashiringan holda talqin etilishi bilan xarakterlanadi. Vizantiyaliklar grek va rimliklarning arka-gumbaz tizimidan ham oʻz maqsadlarini ifodalash uchun foydalanganlar.[3] Vizantiya meʼmorchihgida xona kengligiga alohida eʼtibor berilishini taʼkidlash lozim. Interyer aʼzosi aktiv, taʼsirchan, hayajonli boʻladi. Xona ichining kengligi, cheksiz va ulugʻvor boʻlib tuyulishi, serhashamligi bilan kishiga psixologik taʼsir oʻtkazishga qaratilgan. Vizantiya sanʼatida rang-tasvir yetakchi oʻrinni egallaydi. Bu yerda birinchi bor haykaltaroshlik oʻzining yetakchiligini yoʻqotdi. Shu yerdan antik mavzudan yangi xristian mavzusiga oʻtish amalga oshirila boshlandi. Iso obrazining ikonagrafik tasviri, apostollar, Bibi Mariyam va avliyolar tasviri ikonografiyasi yaratilib, boshqa yerlarga tarqatildi. Vizantiya rang-tasvirining nodir namunasi — XII asr I yarmida konstantinopollik usta tomonidan ishlangan „Vladimir Bibi Maryami“ ikonasi hisoblanadi. Vizantiya sanʼati va madaniyati jahon xalqlari sanʼati va madaniyatining rivojlanishiga kattata taʼsir oʻtkazdi.[4] Jumladan, bu madaniyat janubiy slavyanlarga oʻz taʼsirini koʻrsatdi, Rus sanʼati va madaniyati taraqqiyotida muhim rol oʻynadi. Vizantiya meʼmorchiligi, ikona ishlash sanʼati, amaliy sanʼat namunalari koʻpgina xalq sanʼatkorlari uchun namuna maktabi vazifasini oʻtadi[5][6].
Yana qarang
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Qadimgi Rim meʼmorchilik sanʼati
- Qadimgi Sharq meʼmorchilik sanʼati
- Xitoy meʼmorchilik sanʼati
- Qadimgi Hindiston meʼmorchilik sanʼati
Galareya
[tahrir | manbasini tahrirlash]-
Konstantinopol cherkovi boʻlgan hozirgi Istanbul masjidi
-
Yildiz Hamidiy masjidi
-
Vizantiya meʼmorchilik sanʼati usulida qurilgan ustunlar
-
Konstantinopol patriarxi
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Darkevich V.P. Svetskoe iskusstvo Vizantii. — M.: 1975.
- ↑ IV-XVI asrlarda Vizantiya sanʼati va madaniyati. Bank.A.V — M.: 1975.
- ↑ Lazarev V.N. Vizantiyskaya jivopis. — M.: 1971.
- ↑ Lazarev V.N. Istoriya vizantiyskoy jivopisi, t. 1-2. — M.: 1947—1948.
- ↑ Ryszard Rogiński. . Instytut Wydawniczy Związków Zawodowych. ISBN 83-202-0796-7.
- ↑ Leshek Marzec, Kazimierz Mazurek, Tomas Suchecki, Wyżyna Krakowsko-Częstochowska, Varshava 1986,ISBN 83-7005-057-3
Bu maqola birorta turkumga qoʻshilmagan. Iltimos, maqolaga aloqador turkumlar qoʻshib yordam qiling. (Aprel 2024) |