Kontent qismiga oʻtish

Xoʻja Zayniddin majmuasi

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Xo'ja Zaynuddin Majmuasidan yoʻnaltirildi)
Xoʻja Zayniddin majmuasi
Muqobil nomlari Xoʻja Zayniddin majmuasi
Umumiy maʼlumot
Maqomi Tarixiy obida
Turi masjid-xonaqoh
Shahar Buxoro
Mamlakat Oʻzbekiston
Qurilishi boshlangan XVI asr birinchi yarmi
Texnik holati
Material pishgan gʻisht, yogʻoch, ganch
Xoʻja Zayniddin majmuasi

Xoʻja Zayniddin majmuasi — Buxorodagi meʼmoriy yodgorlik (XVI-asr birinchi yarmi); Buxoro xonligining Shayboniylar sulolasi davrida Zayniddin tashabbusi bilan Imom al-Buxoriy sharafiga usta Mir Doʻstumbiy tomonidan bunyod etilgan tarixiy yodgorlik. Majmua Xoʻja Zayniddin guzarida, shahristonning janubi-gʻarbiy qismida joylashgan. Xoʻja Zayniddin majmuasi masjid xonaqosi, hovuz, maktabxona, binosoz mozori va ziyoratchilar uchun hujralar mavjud[1]. Hozirgi kunda majmua Oʻzbekiston moddiy va madaniy meʼrosining koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan.

Xoʻja Zayniddin majmuasi Buxoro qozikaloni lavozimida boʻlgan Xoʻja Zaynuddin tashabbusi bilan Imom al-Buxoriy sharafiga usta Mir Doʻstumbiy tomonidan qurilgan. Bino masjidga moʻljallab qurilgan, hujralari ham bor. Mazkur majmua ham xonaqoh ham masjid vazifasini bajargan. Inshoot koʻp xonali va gumbazli boʻlgan. Majmuada koʻp xonali hujralar boʻlib, oʻrtada hovuz mavjud. Xonaqo-masjid ayvonli boʻlib, ustunlardan iborat boʻlib, gumbazli xona qismi naqshlar bilan bezatilgan[2]. Xoʻja Zayniddin majmusida Xojayi Turk mozori boʻlib, yuqorisida tugʻ koʻtarilgan. Masjid-xonaqoda tahoratxona va Hoji Rahmatulla hujralari ham mavjud. Majmua hovuzi katta burchakli boʻlib, toshlardan koʻtarilgan. Hovuz XVI asrning birinchi yarmida bunyod etilgan. Buxoro amiri Amir Olimxon tashabbusi bilan 1913-yilda majmuaning hovuzida taʼmirlash ishlari olib borilib, huvuzning janubi-sharqida „obpartar“ marmardan yasalgan yangi moslama bilan almashtirilgan. U ajdarhoning ochiq ogʻizi uslubida bezatilgan. Quldurum naqshli bezaklar bilan bezatilgan boʻlib, taʼmirlash yili va muallifi haqida maʼlumot berilgan bitik mavjud[1]. Xoʻja Zayniddin majmuasida 1970-1975-yillarda taʼmirlash ishlari olib borilgan boʻlib, hozirda yaxshi saqlangan. Xoʻja Zayniddin masjid xonaqohi gʻarbiy devorida joylashgan mehrob ichi ganchkor naqshlar bilan bezatilgan. Masjid-xonaqoh ustunlari yaxshi saqlangan. Hozirgi kunda masjid oʻz faoliyatini olib bormoqda.

Meʼmorchiligi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Xoʻja Zayniddin majmuasi pishiq gʻisht, yogʻoch, tosh va ganchdan bunyod etilgan. Masjid-xonaqoh peshtoqgumbazli katta xona va 5 kichik hujralar hamda unga ikki tomondan tutash ayvondan iborat, hovuz hovlining katta qismini egallagan; xonaqohning janubiy tomonidagi ravoqlardan biriga Xoʻja Zaynuddin qabri joylashtirilgan. Xonaqohning bosh tarzi peshtogʻida naqsh qoldiqdari saqlangan. Katta xonadan 3 tomon (chuqur ravoq orqali koʻchaga va 2 tomonidan ayvon)ga chiqiladi. Xona gumbazi murakkab qalqonsimon bagʻallar yordamida asosiga tayangan, gumbaz ichi 32 ga boʻlinib, ular hallangan mayda gullar bilan bezatilgan, gumbazning quyi qismi muqarnaslar qatori bilan hoshiyalangan. Xona devorlaridagi taxmonlar hamda mehrobga yarim gumbaz shaklida muqarnaslar ishlangan. Devor izoralari sirkori parchinlardan murakkab handasiy shakllar, oʻsimliksimon nakshlar bilan bezatilgan; gumbaz, taxmonlar, mehrob va gʻarbiy devordagi yozuvlar qatori kundal usulida bajarilgan. Devorning yuqori — asosiy qismi islimiy naqshlar (oq, qora, koʻk rang) bilan qoplangan. Katta xonaning ayvonga tutash devorlari ravoqli namoyonlarga boʻlingan. Shimoliy sharqidagi bal. 7 m boʻlgan 8 ustunli ayvon atrofi toshlar bilan qoplangan hovuzli hovliga qaragan (hovuzga oʻymakori ajdar shaklidagi marmar novdan suv keltirilgan). Ayvon shifti toqili, yulduzsimon 7 hovuzaklarga boʻlinib, handasiy naqshlar bilan jozibador bezatilgan. Xoʻja Zayniddin majmuasi jamoat va diniy binolar meʼmorligini oʻziga xos mujassamlashtirgan inshoot sifatida qimmatlidir.

  1. 1,0 1,1 Ўзбекистон обидаларидаги битиклар: Бухоро 2016, s. 430.
  2. Бухоро шарқ дурдонаси 1997, s. 101.

Ilmiy adabiyotlar

[tahrir | manbasini tahrirlash]
  • Абдухолиқов Ф, Ртвиладзе Э, Раззоқов А, Раҳимов К, Ҳакимов А, Абдуҳалимов Б, Мансуров А, Маннонов А, Муҳамедов Н. Ўзбекистон обидаларидаги битиклар: Бухоро. Тошкент: Uzbekistan Today, 2016 — 560-bet. ISBN 978-9943-4510-5-6. 
  • Азизхўжаев А Масъул муҳаррир. Бухоро шарқ дурдонаси. Tошкент: Шарқ нашриёти, 1997 — 232-bet.