Kontent qismiga oʻtish

Xoʻjamberdibiy madrasasi

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Xo`jamberdibiy Madrasasidan yoʻnaltirildi)
Madrasa
Xoʻjamberdibiy madrasasi
Xoʻjamberdibiy va Olloqulixon madrasalari
Mamlakat  Oʻzbekiston
Hudud Xorazm viloyati
Shahar Xiva
Manzil Ichan qalʼa MFY, Zargarlar koʻchasi, 22-uy
Maktab yoʻnalishi sunniy
Mulkdor Davlat mulki. Xorazm viloyati Madaniy me'ros boshqarmasi operativ boshqaruv huquqi asosida
Madrasa turi Kichik
Meʼmoriy uslub Oʻrta Osiyo meʼmorchiligi
Binokorlik 1688-yil1834-yil
Asosiy sana:
Maqomi Davlat himoyasida
Umumiy maydoni 20x38 m
Hujralar soni 16 ta
Qurilish materiali Pishiq g'isht

Xoʻjamberdibiy madrasasi – Oʻzbekiston Respublikasining Xorazm viloyati Xiva shahridagi meʼmoriy yodgorlik. Bugungi kunda madrasa „Ichan qalʼa“ MFY, Zargarlar koʻchasi, 22-uyda joylashgan. Dastlab 1688-yilda bunyod etilgan yodgorlik 1834-yilda qayta qurilib hozirgi koʻrinishini olgan.

Xoʻjamberdibiy madrasasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan 2019-yil 4-oktyabrda Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan va davlat muhofazasiga olingan[1]. Hozirda „Ichan qalʼa“ davlat muzey-qoʻriqxonasi operativ boshqaruv huquqi asosida davlat mulki hisoblanadi[2].

Xoʻjamberdibiy madrasasi Polvon darvozadan sharqda joylashgan boʻlib, shu yerlik mulkdor aholi tomonidan 1688-yilda bunyod etilgan[3]. Boshqa bir manbaga koʻra, madrasa 1694—1695-yillarda Muhammad Rizobek tomonidan qurdirilgan va madrasaning bosh peshtoqi janub tomondagi Anushaxon hammomiga qaratib qurilgan. Ushbu yodgorlik Xivadagi eng yoshi ulugʻ madrasalar sirasiga kiradi. Oradan deyarli 150 yil oʻtgandan soʻng, 1834-yilda Xiva xoni Olloqulixon Qutlugʻ Murod inoq uchun madrasa va masjid qurdiradi. Olloqulixon madrasasi nomli yangi madrasa qurish bahonasida Xoʻjamberdibiy madrasasi ham ikki hovlili qilib qayta quriladi va eshigi gʻarbiy tomonga qaratiladi. Avvalgi madrasadan masjid va unga yondosh hujralar saqlanib qolgan. Qurilish jarayonida shahar devorining bir qismi buzilganligi natijasida madrasaning tashqi tarzi Xoʻjamberdibiy madrasasi hovlisiga tushib qolgan. Buning sababi ikki bino poydevori bir xil balandlikda boʻlmaganligida edi. Madrasaning katta peshtoqini buzib, uning oʻrniga hovlilarni birlashtiruvchi past oʻtish inshooti – darvozaxona qurilgan[4]. Natijada, Xoʻjamberdibiy madrasasining ichki hovlisi ikki qismga boʻlingan va taxlangan xurjunni eslatuvchi koʻrinishga ega boʻlib qolgan. Shundan soʻng aholi orasida madrasani „Xurjun madrasa“ deb ham nomlay boshlashgan. Madrasaning eshigi ustidagi marmartoshga uning qachon va kim tomonidan qurilgani bitilgan. Unda shunday yozuvlar mavjud: „Kelib chiqishi Qiyot elidan boʻlgan Xoʻjamberdibiyning oʻgʻli Muhammad Rizobek“. Yozuvlarga koʻra, madrasa deyarli yuz yildan keyin Muhammad Amin inoq davrida taʼmirlangan.

Bugungi kunda madrasada oshxona faoliyat olib bormoqda[5].

Qurilish uslubi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Dastlab tarkibida masjid, 10—12 hujrali (keyinroq 16 ta), bir hovlili qilib toʻrtburchak tarhli (20x38 m) Xoʻjamberdibiy madrasasi qurilgan. Bir gumbazli oddiy darvozaxona (3,0x3,0 m) dan hovlilarga hamda Olloqulixon madrasasiga olib boruvchi yoʻlak (pandus)ga oʻtiladi. Shimoldagi hovlida (11,7x9,8 m) 10 ta hujra va janubdagi hovlida (4x7 m) 6 ta hujra hamda darsxona (3,5x3,5 m) joylashgan; darsxona devoriga ishlangan mehrob undan masjid sifatida foydalanilganini koʻrsatadi. Bino qiyofasi Olloqulixon madrasasi meʼmoriy shakliga yaqinlashtirilgan, hujralar pastqam, balxi gumbazli, sodda bezaksiz; faqat kirish eshiklari yogʻoch oʻymakorligida ziynatlangan. Madrasa foydalanishga topshirilgan payti burchaklarida ayvonlari boʻlgan va kunning eng issiq vaqti madrasa muallimlari va talabalari u yerda dam olishgan[6].