Kontent qismiga oʻtish

Xoʻja Bogʻbon ota ziyoratgohi

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Xoʻja Bogʻbon ota ziyoratgohi Forish tumanida joylashgan boʻlib, Jizzax viloyatidagi 29 ta ziyoratgohdan biri hisoblanadi. Ushbu ziyoratgoh XII asrning 70-yillari yashab oʻtgan Ibn Muhammad Al Vosit (Xoʻja Bogʻbon avliyo ota) nomi bilan bogʻliq. Oʻrta Osiyo xalqlari orasida Xoʻja Bogʻbon ota Bogʻdorchilik vakillarini piri[1] hisoblanadi. Ziyoratchilar va sayyohlar bu moʻtabar zotlarning qabrini ziyorat qilish bilan birga, tarixga daxldor shaxslar faoliyatidan maʼlumotga ham ega boʻladilar.

Geografik joylashuvi.

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Xoʻja Bogʻbon ota ziyoratgohi Jizzax viloyati Forish tumani Qoratosh qishlogʻida joylashgan. Jizzax shahridan 53,8 km uzoqlikda joylashgan hudud.

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Lokatsiyasi: 40°21′28.55″N 67°22′34.01″E https://goo.gl/maps/vDMLX6Vg3Ra66zsN8[sayt ishlamaydi]

Xoʻja Bogʻbon ota ziyoratgohi haqida turli tadqiqotchilar turlicha maʼlumotlar keltirilgan. Zero, har qaysi tadqiqotchi oʻz davrining maʼlumotlariga tayangan holda tadqiqot olib boradi va maʼlumotlar yozib qoldiradi. Garchi ushbu manzilgohni paydo boʻlishi davri va rivoyatlari boʻyicha maʼlumotlar turlicha boʻlsada, koʻplab jihatlari oʻzaro bir biriga oʻxshashdir. Mazkur ziyoratgohga Forish tumanining Qoratosh qishlogʻidan burilib, togʻ tomonga, dala yoʻli bilan kirib boriladi. Xassos adiba Saʼdina Bobomurodovaning „Qoratosh“ degan maqolasi „Jizzax haqiqati“da bosilib edi. Unda shunday satrlar bor:

"…Qadim ajdodlarimiz bizlarga, yaʼni hozirgining odamlariga oʻxshab, hashamatli uy-joylarga ruju qoʻymagan ekan. Oʻzi besh kunlik dunyo boʻlsa, chin uy, chin dunyoda, deya gʻorlarda, yertoʻla, kapa, oʻtov va chaylalarda yashayverishgan ekan. Yetti yuz ellik yillar muqaddam, oʻn ikkinchi asrning yetmishinchi yillarida asl ismlari Ibn Muhammad al-Vosit boʻlgan „Xoʻja Bogʻbon avliyo“ otamiz fiqh va islomiy ilm-maʼrifat tarqatish uchun shu joylarga kelib, yashab qolib ketgan ekanlar. Ulugʻ bobokalonimiz, hazrat Mir Alisher Navoiyning „Nasoyim ul-muhabbat“ kitobida yetti yuz avliyoning ism sharifi keltirilgan. Kitobdagi oltinchi oʻrinda: Ibn Muhammad al-Vosit (roziyollohu anhu) avliyo keltirilib, „…Oʻz zamonasining benaziri erdi va tobinidin koʻpi xizmat qilubdur va suhbatiga yetibdur va koʻp mashoyixlar bilan suhbat tutibdur. Bu dunyoda zohid boʻlgan va hech kishidan taʼma qilma, to barcha xalq senga muhtoj boʻlgʻaylar…“ degan fikrlar bilan boshlanadigan jumlalar bor. Men, oʻsha kishining hokini chindan ham shu yerda tuyaman, ul zoti bokaramning qadamlarini his etaman shu zaminda…[1]

Xullasi, avliyo bobomiz shu joylarga kelibdilar. Har doim, to dunyo yaralibdiki yaxshilik bilan yomonlik kurashib kelgan. Shu gʻorga yaqin kelganida orqasidan uni oʻldirish uchun quvib kelayotgan johil yovlar juda yaqinlashib qolibdi. Avliyo ota shu gʻorga kiribdi-larda Yaratgandan najot soʻrab, iltijolar qilibdilar. Shunda gʻor ogʻzida qalin oʻrgimchak toʻri hosil boʻlibdi. Toʻr ichkarisida esa bir musicha paydo boʻlibdi…

Haligi yovlar yetib kelib qarashsa, gʻor ogʻzida qalin oʻrgimchak toʻri, toʻr orqasida bir musicha qunishibgina turganmish. Ular „Qochgan kishi agar shu yerga kirib ketgan boʻlganida, bu oʻrgimchak toʻri albatta buzilib ketgan va musicha ham uchib ketgan boʻlar edi“, deya oʻylashib, orqalariga qaytib ketgan ekanlar…[2]

Avliyo otamiz qirq ikki yoshlarida uzlatga chekinibdilar. Uzoq toat-ibodatdan soʻng, bir kuni jam’i aziz-anbiyolarni huzurlariga chorlab, suhbati arjumand qilmoqchi boʻlibdilar. Mashoyixlar, avliyo-anbiyolar ruhi koʻpi bilan ikki soniyaga qolmay yetib kelishibdi.

– Yo Alloh! – debdi avliyo otamiz. – Endi bu aziz mehmonlarni qanday ziyofat qilaman?…

Shunda gʻoyibdan ilohiy paygʻom boʻlibdi:

– Girdo-girdingga mevali daraxtlarning quruq choʻplaridan boʻlsa ham suqib qoʻy!

Otamiz choʻplarni yerga suqqan zahotiyoq, ular mevalari hil-hil pishib turgan daraxtlarga aylanaveribdi. Turli tarafda qirmizi gullar, binafshalar ochilib, ravochlar, tatranlar bosh koʻtaribdi. Qoratoshni yorib tosh lolalar chiqibdi.

Keyin Qoratoshdan buloq sizib chiqibdi. Suvining tiniqligini qarang, ichidagi toshlarining rangi ham aniq koʻrinadi. Yilning toʻrt faslida ham birday iliq, birday yoqimli…

Mehmonlar mezbon haqqiga duolar qilishibdi. "Bul maʼvolar, behishtdan nur yogʻilgan, nur oqqan – „Nurak“ joylar ekan! Siz esa asl piri bogʻbon ekansiz. Emdi, voqeʼan Siz Xoʻja Bogʻbon avliyo ota boʻldingiz", deya fatvo berishibdi[3].

Xoʻja Bogʻbon avliyo otaning antiqa bulogʻi bor, yozda ham qishda ham iliqqina. Keksa tut daraxtlarining yoshi ming yildan kam emas… Qurilgan masjid binosiga ham ikki yuz yilning yuzi boʻlgan boʻlsa ajab emas…

Bugun bu yerda anchagina obodonchilik ishlari bajarilgan. Ulugʻ avliyo otamizning manzili obod va koʻrkam, yoʻlaklar, zinalar, gullar, hovuzlar ziyoratgohga fayz kiritib turibdi.

Ziyoratgoh ajib osudalik, yashillik, kishi ruhiyatiga orom berib, yaxshi niyatga undaydi[4].

Hazrat Mir Alisher Navoiyning "Majolis un nafois" asarida 700 dan ziyod avliyo va piri komil ulugʻlar qatorida Xoʻja Bogʻbon otani xam tilga olgani tarixdan maʼlum[5].

Manba va adabiyotlar

[tahrir | manbasini tahrirlash]
  1. S.Bobomurodova. „Qoratosh“. Yigʻma materiallar. 2007 yil.
  2. S.Bobomurodova. „Qoratosh“. Yigʻma materiallar. 2007 yil.
  3. Rustamjon Rahmatullozoda. Ajdodlar merosiga ehtirom. – Toshkent: Fan, 2006.
  4. Aqchaev F.SH. „Jizzax vohasi muqaddas qadamjolari va ziyoratgohlari“(PhD. Diss.). Toshkent – 2020.
  5. Ogʻa Burgutli. Jizzax viloyati ziyoratgohlari. – Toshkent: Fan, 2008.