Kontent qismiga oʻtish

Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Yangi Mehnat kodeksidan yoʻnaltirildi)
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi
', 2023
kodeks
, Oʻzbekiston


Yangi Mehnat kodeksi — 2023-yil 30-apreldan kuchga kirgan Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat munosabatlarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatdir. Kodeks 34 bob va 581 ta moddadan iborat.

Eski va Yangi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Eski Mehnat kodeksi (2023-yil 30-apreldan oʻz kuchini yoʻqotgan) 1994-yilning 1-aprelidan kuchga kirgan[1]. Ushbu kodeks 16 bob va 294 ta moddani oʻz ichiga olgandi. Biroq hozirgi rivojlangan davrda mehnat munosabatlarida ham juda koʻplab oʻzgarishlar yuz bermoqda. Shu sababli Oʻzbekiston Respublikasida yangi tahrirdagi Mehnat kodeksini yaratish ustida ish boshlandi. Parlamentning quyi (Qonunchilik) palatasi yigʻilishida yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi[2] ustida ish boshlashga qaror qabul qilindi. Oʻzbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi 2023-yilning 30-aprelidan kuchga kirdi va 34 bob, 581 ta modda bilan qamrab olindi.

Asosiy vazifasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Yangi Mehnat kodeksi xodimlar, ish beruvchilar va davlat manfaatlarining muvozanatini taʼminlash hamda ularni muvofiqlashtirish asosida yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarni va ular bilan bevosita bogʻliq boʻlgan ijtimoiy munosabatlarni tartibga soladi. Ushbu Kodeks mehnat sohasidagi barcha munosabatlarni oʻz ichiga oladi. Moddalar qamrovi 294 tadan 581 taga koʻpaygan. Bu mehnat qonunchiligining koʻlami kengayganini koʻrsatadi.

Muhim oʻzgarishlar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Yangi Mehnat kodeksiga xalqaro huquq normalarini hisobga olgan holda ahamiyatga molik oʻzgarishlar kiritildi. Masalan, endi Oʻzbekiston Respublikasi hududida uy ishchilari (misol uchun, bogʻbonlar, qorovullar, enagalar, haydovchilar) boʻlib ishlayotgan shaxslar bilan mehnat shartnomasi tuzilishi va ularga nisbatan ish staji belgilanishi yangi tahrirdagi kodeks bilan mustahkamlab qoʻyilgan. Yana bir muhim oʻzgarishlardan biri xodimlarga masofadan turib ishlashga[3] ham imkoniyatlar yaratilganligidir. Agarda xodim masofadan turib yaʼni ish joyiga bormasdan boshqa hududda istiqomat qilgan holda ishlash istagi boʻlsa, ish beruvchi bilan kelishuvga erishgan holda buni amalga oshirishi kodeksda belgilangan. Bundan tashqari endi elektron tarzda mehnat daftarchasi[4] (bungacha mehnat daftarchasining asl nusxasi talab qilingan) yuritilishi va xodim istalgan payti undan foydalana olishi kodeksda mustahkamlab qoʻyilgan va bu koʻplab qulayliklar yaratmoqda. Eski Mehnat kodeksida yuqoridagi aytib oʻtilgan holatlar qonunchilik bilan tartibga solinmagandi.

Yangi Mehnat kodeksining xalqaro mehnat standartlarga mos kelishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Xalqaro mehnat tashkiloti xalqaro mehnat standartlarini belgilab bergan va shu asosida davlatlar oʻz mehnat munosabatlarini tartibga soladi. Oʻzbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi xalqaro normalarni ham inobatga olgan holda mehnat qonunchiligiga oʻzgarishlar kiritdi. Chunki Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining[5] Muqaddima qismida ham „xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsip va normalariga asoslangan holda ushbu Konstitutsiyani qabul qilamiz va e’lon qilamiz“ jumlasi keltirib oʻtilgan. Yangi Mehnat kodeksida chet ellik fuqarolarning Oʻzbekiston hududidagi mehnat faoliyati ham tartibga solingan. Ushbu Kodeks xalqaro mehnat standartlariga mos keladi.

  1. „O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING MEHNAT KODEKSI“ (1995-yil 21-dekabr). Qaraldi: 2024-yil 7-may.
  2. „O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING MEHNAT KODEKSI“ (2022-yil 28-oktyabr). Qaraldi: 2024-yil 7-may.
  3. „MASOFADAN TURIB ISHLOVCHI ХODIMLARNI RASMIYLASHTIRISH VA ULAR BILAN ISHLASH TARTIBI (1-QISM)“ (2022-yil 29-noyabr). Qaraldi: 2024-yil 7-may.
  4. „Endi mehnat daftarchasi va mehnat shartnomasi elektron shaklda to‘ldiriladi“ (2019-yil 19-dekabr). Qaraldi: 2024-yil 7-may.
  5. „O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI KONSTITUTSIYASI“ (2023-yil 30-aprel). Qaraldi: 2024-yil 7-may.