Kontent qismiga oʻtish

Abdurazzoq as-Sanʼoniy

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Abu Bakr Abdurrazzoq ibn Hammom ibn Nofe’ as-San’oniy al-Himyariy
Shaxsiy maʼlumotlar
Tavalludi milodiy 743-44-yil (hijriy 126-yil)
Vafoti milodiy 826-27-yil (hijriy 211-yil)
Dini Islom
Tanilgan sohasi muhaddis

Abdurazzoq as-Sanʼoniy (arabcha: عبد الرزاق الصنعاني — Abu Bakr Abdurrazzoq ibn Hammom ibn Nofeʼ as-Sanʼoniy al-Himyariy, 126/743-44, San’o — 211/826-27,?) —muhaddis.

Ilk tahsilini oilasida olgan. O‘n sakkiz yoshlarida Yamanga kelgan Ibn Jurayj bilan ko‘rishib, undan hadis rivoyat qilgan. Yigirma yoshida ilm talabida safarga chiqadi. Hijoz, Shom va Iroq kabi ilm markazlariga qilgan sayohatlarida Maʼmar ibn Roshid, Sufyon as-Savriy, Sufyon ibn Uyayna, Molik ibn Anas va boshqa buyuk olimlardan hadisdan taʼlim oladi. Bular orasida ilmidan eng ko‘p foydalangan ustozi Ma’mar ibn Roshidning yonida sakkiz yilga yaqin bo‘lib, undan o‘n bitta hadis yozgan.

Fiqh ilmini esa al-Avzoʻiy, Sufyon as-Savriy va Abu Hanifadan o‘rgangan. Undan hadis rivoyat qilgan muhaddislar orasida Yahyo ibn Maʼiyn, Ali ibn al-Madiniy, Ishoq ibn Rohuya, Zuhayr ibn Harb, Ahmad ibn Hanbal kabi nufuzli shaxslar o‘rin olgan. Ustozlari Sufyon ibn Uyayna va Mu’tamir ibn Sulaymonlar undan bittadan hadis rivoyat qilganlar. Abdurazzoq as-Sanʼoniyan Imom al-Buxoriy 110 ta, Imom Muslim esa 409 ta hadisni o‘z „Sahӣh“lariga kiritganlar.

Manbalarda „Al-Hofiz al-kabir“, „Al­­loma“, „Shayxul-islom“ va „Muhad­di­sul-vaqt“ kabi unvonlar bilan tilga olingan Abdurazzoq as-Sanʼoniy, barcha hadislarni arz va samoʻ yo‘li bilan olgani va o‘n yetti ming hadisni yoddan bilgani taʼkidlanadi. U hadislarini yozma manbalardan rivoyat qilishga ahamiyat bergan. Ustozlaridan Maʼmar ibn Roshid uning hadis ilmidagi o‘rnini maqtagan.

Abbos ibn Abdul­azim al-Anbariy Abdurazzoq as-Sanʼoniyni yolg‘onchilikda ayblagan bo‘lsa-da, Shamsuddin az-Zahabiyning maʼlum qilishicha, uning bu fikri muhaddislar tomonidan qabul qilinmagan. Aliga muhabbat ko‘rsatgani va ahli baytning fazilatiga doir hadislar rivoyat qilgani sababli uni shialikda ayb­laganlar ham bor. Buning sabablaridan biri, bir kun Abdurazzoq as-Sanʼoniyning yonida Muoviya haqida so‘z ochilganda, „Abu Sufyonning o‘g‘lidan bahs etib majlisimizning havosini bulg‘amang“, deganiga doir rivoyatdir[1]. Ahmad ibn Hanbal ustozi Abdurazzoq as-Sanʼoniyning yonida bir yil qolib, undan ko‘plab hadislar olganida shialigiga asos bo‘ladigan biror vajh-holat ko‘rmaganini aytgan. Yahyo ibn Maʼiyn esa Abdurazzoq as-Sanʼoniyning hadislarini tark etish yoki etmaslik haqidagi savolga, agar u shia bo‘lgani rost bo‘lsa ham hadislari tark etilmasligini aytib, uning hadis ilmidagi yuqori mavqeiga ishora qilgan. Uning ushbu so‘zlaridan ravshan bo‘ladiki, Abdurazzoq as-Sanʼoniy Aliga qarshi bo‘lishni o‘ziga ayb va qusur hisoblash bilan birga, Abu Bakr va Umarlarni fazilat jihatidan ustun ko‘rgan. Ali ham bu ustunlikni eʼtirof etgan[2]. Az-Zahabiy uning shia­likka moyil bo‘lgani to‘g‘ri emasligini, faqatgina Aliga muhabbati sababli u bilan kurashganlarga nisbatan jahli chiqqanini aytib, Abdurazzoq as-Sanʼoniyning hadislari tark qilinmasligini zikr qilgan.

Abdurazzoq as-Sanʼoniy umrining oxirida ko‘zi ojiz bo‘lib qolgan. Ahmad ibn Hanbalning xabar berishicha, avvallari kitobida bo‘lmagan baʼzi hadislar keyinchalik uning o‘zidan rivoyat etilgan. Bu holatga eʼtibor qaratgan Ahmad ibn Hanbal, Imom an-Nasoiy va Ibn Saloh kabi olimlar, ko‘z nurini yo‘qotganidan so‘ng Abdurazzoq as-Sanʼoniydan eshitilgan rivoyatlarda ehtiyotkor bo‘lish­likka ishora qilganlar.

Abdurazzoq as-Sanʼoniyning ko‘plab asarlar yozgani zikr qilingan bo‘lsa-da, ulardan bizgacha yetib kelganlari quyidagilardir:

  • Al-Musannaf fi-l-hadӣs“. Fiqh bob­lariga ko‘ra tartib berilgan moʻtabar hadis kulliyoti hisoblangan ushbu asar, Maʼmar ibn Roshidga nisbat berilgan „Kitāb al-jāmi’“ bilan tugagan. Marfu’ hadislarni, yaʼni mavquf va maqtu’ xabarlarni o‘z ichiga olgan asarda 21033 ta hadis o‘rin olgan bo‘lib, ularning bir qismi qattiq tanqidlarga uchragan;
  • At-Tafsӣr“;
  • Kitāb as-salāt“;
  • Al-Amālӣ fӣ āsār as-sahāba“;
  • As-Sahӣfa“. Ushbu asar Maʼmar ibn Roshid, az-Zuhriy, Saʼid ibn Musayyab, Abu Hurayra tariyqi bilan rivoyat etgan hadislarni o‘z ichiga olgan[3].
  1. Ibn Saʼd. At-Tabaqāt. — Bayrut: 1388/1968. V, 548;
  2. Al-Buxoriy. At-Tarӣx al-kabӣr. — Haydarobod: 1360-80/1941-60;
  3. Ibn Abu Hotim. Al-Jarh va-t-taʼdӣl. — Haydarobod: 1371-73/1952-53;
  4. Ibn an-Nadim. Al-Fihrist. — Bayrut: 1398/1978. 318;
  5. Ibn Xallikon. Vafayāt. — Bayrut: 1968-72. III, 216-217;
  6. Ibn Hajar. Tahzӣb at-tahzӣb. VI, 310-315;
  7. Az-Zahabiy. Siyar. IX, 563-580;
  8. Az-Zahabiy. Mӣzān al-i’tidāl. — Qohira: 1382/1963, — Bayrut: „Dor al-fikr“. II, 609-614;
  9. Az-Zahabiy. Tazkira al-huffāz. — Haydar­obod: 1375-76/1955-58, — Bayrut: „Dor ihyo at-turos“. I, 364;
  10. Ibn al-Imod. Shazarāt az-zahab. — Qohira: 1350-51. II, 27;
  11. Hoji Xalifa. Kashf az-zunӯn. I, 576; II, 1712;
  12. Sezgin. GAS. I, 89-90, 99;
  13. Ebû Abdurrahman b. Akîl. „Abdürrezzâk b. Hemmâm es-Sanʿânî“. Faysal., XXXVIII. — Riyad: 1980. 30-34;
  14. İsmail Cerrahoğlu. „Abdurrazzâk İbn Hemmâm ve Tefsiri“. AÜİFD. XV (1967). 99-111; Ali Akyüz. „Abdürrezzâk es-San‘ânî“. TDV İA. — İstanbul: 1988. I, 298-299.
  1. Az-Zahabiy „II“, . Mӣzān al-i’tidāl — 610-bet. 
  2. Az-Zahabiy „IX“, . Siyar — 574-bet. 
  3. Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.