Kontent qismiga oʻtish

Agrobank

Vikipediya, erkin ensiklopediya
„Agrobank“ ATB
Asosiy maʼlumotlar
Turi AJ
Shiori Har kim oʻsishga qodir
Litsenziyasi №78, 2009-yil 30-aprel
Faoliyati chakana bankchilik, korporativ bankchilik, kredit kartasi
Birja listingi RFB:AGBA
Asos solingan 1988-yil
Avvalgi nomi Agroprombank
Paxta-bank
Boyligi
Aktivlari 53,07 trln soʻm[1]
Sof foydasi 609,2 mlrd soʻm (01.01.2023 )[2]
Xodimlari 10 mingga yaqin[3]
Rahbariyat
  • Haydarov Axadbek Yaxyobekovich (Kengash raisi)
  • Mamatqulov Rustam Oʻktamovich (Boshqaruv raisi)
Bosh kompaniyasi „Agro Finans Lizing“ AJ
„Lider Finance“ MChJ
Boshqaruvchi jamiyati

Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi (52,22%)

Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi (46,32%)
Sayti Rasmiy sayti
Agrobank Vikiomborda

"Agrobank" ATB – aksiyadorlik tijorat banki boʻlib, agrar sektorni moliyalashtirishga ixtisoslashgan davlat banki. Bank Oʻzbekiston Markaziy banki tomonidan 2009-yil 30-aprelda berilgan 78-sonli litsenziya asosida faoliyat yuritadi[4]. 2023-yil 1-yanvar holatiga koʻra, sof foyda miqdori boʻyicha Oʻzbekistonning yirik banklaridan (5-oʻrinda) hisoblanadi[5].

Bank Oʻzbekiston Respublikasining barcha hududida oʻzining muassasalariga ega boʻlib, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va 12 ta viloyat boshqarmasi, 171 ta tuman (shahar) filiali, 145 ta bank xizmatlari markazi, 371 ta bank kassalari, 289 ta xalqaro pul oʻtkazmalari shoxobchalari, 215 ta valyuta ayiraboshlash shaxobchalari orqali 258 mingdan ortiq yuridik shaxslarga hamda 2,4 milliondan ortiq jismoniy shaxslarga bank xizmatlarini koʻrsatib kelmoqda. Eng soʻnggi filiali 2022-yil fevral oyida Toshkent shahrida tashkil etilgan Fresh filiali hisoblanadi[6].

Bankning 2021-yilgacha foydalanilgan eski logosi

Bank 1988-yil 1-yanvarda OʻzSSR Davlat banki negizida SSSR Agroprombankining boʻlinmasi sifatida OʻzSSR Agroprombank nomi bilan va respublikada 155 filiali bilan tashkil etilgan. 1990-yil 18-iyuldagi SSSR Vazirlar Mahkamasining 703-sonli qaroriga asosan Agroprombank SSSR tizimidan ajralib chiqdi va mustaqil yopiq aksionerlik jamiyati sifatida yangi Oʻzbek aksionerlik tijorat bank „Uzagroprombank“ tashkil etildi.

1993-yilda Uzagroprombank Turkiyaning Ziraat Banki bilan hamkorlikda Oʻzbekiston-Turkiya bankini taʼsis etdi.

1994-yil Uzagroprombank ilk marta nominal qiymati 1000 soʻmlik boʻlgan 100 mln soʻmlik aksiyalarni chiqardi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 27-iyuldagi № 294-sonli qarori asosan yopiq aksiyadorlik tijorat banki „Uzagroprombank“ asosida yangi aksiyadorlik-tijorat „Paxta-bank“ tashkil etildi[7].

2001-yilda Paxta-bank birinchi plastik kartochkasini taqdim etdi. 2007-yil Fitch Ratings tomonidan Paxta-bankka mustaqil kredit reytingi berildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 30-martdagi 1084-sonli qaroriga binoan OATB „Paxta-bank“ asosida ochiq aksiyadorlik tijorat banki „Agrobank“ tashkil etildi[8].

2021-yilda Agrobank rebrendingni amalga oshirdi va ekotizim qurishni boshladi[9].

Tashkilotlarga aʼzoligi va xalqaro hamkorligi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Paxta-bank 1997-yilda SWIFT OATB jahon banklararo moliyaviy telekommunikatsiyalar hamjamiyati aʼzoligiga qabul qilindi.

1998-yilda Osiyo-Tinch okeani qishloq xoʻjaligini kreditlash assotsiatsiyasining (APRAKA), 1999-yilda esa Qishloq xoʻjaligini kreditlash xalqaro konfederatsiyasining (KIKA) aʼzosi boʻldi. 2010-yilning iyun oyida Toshkentda Agrobank ishtirokida APRAKA Bosh Assambleyasining 17-yigʻilishi va Ijroiya qoʻmitasining 58-majlisi oʻtkazildi. Ushbu tadbirlar doirasida qishloq xoʻjaligini kreditlashda kredit tavakkalchiligini boshqarish boʻyicha konferensiya boʻlib oʻtdi. Bosh Assambleya qaroriga muvofiq 2010-2012-yillar davomida APRAKAga raislik qilish vazifasini bajarish Agrobankka topshirildi[10].

Bank „VISA International“ xalqaro toʻlov tizimining prinsipal aʼzosi hisoblanadi va VISA kartalari emissiya qilish boʻyicha protsessing markaziga egalik qiladi.

2010-yilda Agrobank Kichik biznesni qoʻllab-quvvatlash uchun Islom xususiy sektorni rivojlantirish uyushmasi bilan $5 mln miqdorida kredit liniyasi ochish toʻgʻrisida shartnoma imzoladi va loyihalarni moliyalashtirishni boshladi.

Agrobank va Osiyo taraqqiyot banki oʻrtasida 20,0 mln. AQSh dollari miqdoridan iborat boʻlgan „Kichik va mikromoliyalashni rivojlantirish. II bosqich“ loyihasi boʻyicha kredit shartnomasi imzolangan. Ushbu loyihaning maqsadi respublikada mikromoliyalashtirishni yanada rivojlantirish hisoblanadi. Shuningdek, Agrobank Osiyo Taraqqiyot Bankining savdoni moliyalashni qoʻllab-quvvatlash dasturiga kiritilgan va revol’ver kredit toʻgʻrisida kelishuv imzolangan.

Bank kichik biznesni rivojlantirish maqsadida KfV (Olmoniya bayrogʻi Olmoniya), YTTB, OTB va Xitoy Xalq Respublikasining Eksimbanki, XTTBning kredit yoʻnalishlarini jalb etgan.

Egaligi va boshqaruvi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Agrobank aksiyalarining 98,54 foiz ulushi davlatga tegishli. Davlat muomalaga chiqarilgan aksiyalarning 52,22 foiziga Iqtisodiyot va moliya vazirligi, 46,32 foiziga Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi orqali egalik qiladi. Bankning qolgan 1,37 foiz aksiyalari 18 381 dona yuridik shaxsga, 0,09 foizi esa 73 324 nafar jismoniy shaxsga tegishli[11][12].

Tashkiliy-huquqiy shakli aksiyadorlik jamiyati boʻlgan „Agrobank“ ATB „Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida“gi qonunga binoan uch pogʻonali boshqaruv tizimi tomonidan boshqariladi[13].

Boshqaruvning eng yuqori pogʻonasi Aksiyadorlar umumiy yigʻilishi hisoblanadi. Ushbu organ bankning umumiy strategiyasini tasdiqlaydi, bank Kuzatuv kengashi aʼzolarini saylaydi va bank faoliyatiga doir masalalarda eng yuqori organ sifatida qaror qabul qiladi[13].

Kuzatuv kengashi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Kuzatuv kengashi aksiyadorlar umumiy yigʻilishi vakolat doirasiga kiritilgan masalalardan tashqari bank faoliyatiga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi[13].

Agrobank Kuzatuv kengashi 9 kishidan iborat. Ulardan 4 nafari mustaqil aʼzo sanaladi. Kengash raisi Iqtisodiyot va moliya vaziri oʻrinbosari Axadbek Xaydarov hisoblanadi[14].

2023-yil 1-avgust holatiga koʻra, Agrobank Kuzatuv kengashi aʼzolari quyidagilardan iborat[15]:

Ism-familyasi Lavozimi
1 Xaydarov Axadbek Yaxyobekovich Iqtisodiyot va moliya vaziri oʻrinbosari
2 Rustamov Erkin Erkamovich Zangiota tumani hokimi
3 Darvishev Nurbek Muratovich Oʻzbekiston—Ummon investitsiya kompaniyasi Investitsiyalar bosh menejeri
4 Mirzayev Toʻlqin Eshqobilovich Iqtisodiyot va moliya vazirligi boshqarma boshligʻi oʻrinbosari
5 Ortiqov Shahobiddin Hamroyevich Iqtisodiyot va moliya vazirligi boʻlim boshligʻi
6 Xamraxoʻjayev Neʼmatjon Yaxyoxanovich Mustaqil aʼzo, Davlat boshqaruvi akademiyasi fakultet dekani
7 Zaynutdinov Xurshid Davronovich Mustaqil aʼzo, Bank Esxata (Tojikiston bayrogʻi Tojikiston ) Kuzatuv kengashi aʼzosi, moliyaviy ekspert
8 Axmedov Umid Masharipovich Mustaqil aʼzo, Microsoft (Daniya bayrogʻi Daniya) Sunʼiy intellekt yechimlari arxitekturasi departamenti direktori
9 Kadirova Durdona Lukmanovna Mustaqil aʼzo, Silk Road Group BV (Belgiya bayrogʻi Belgiya) bosh direktori

Bank boshqaruvi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bank boshqaruvi ijro etuvchi organ hisoblanib, bankning kundalik faoliyatiga rahbarlik qiladi. 2019-yildan beri bank boshqaruvi raisi Rustam Mamatkulov hisoblanadi. R.Mamatkulov 2021-yil avgustda „Sodiq xizmatlari uchun“ medali bilan taqdirlandi[16].

2023-yil 6-oktyabr holatida bank boshqaruvi aʼzolari quyidalaridan iborat[14]:

  • Rustam Mamatkulov – Boshqaruv raisi;
  • Erkin Kaxorov – Boshqaruv raisi birinchi oʻrinbosari;
  • Ilyos Amanov – Boshqaruv raisi oʻrinbosari;
  • Azamat Toʻrayev – Boshqaruv raisi oʻrinbosari;
  • Jamshid Turdiyev – Boshqaruv raisi oʻrinbosari;
  • Jahongir Xaydarov – Boshqaruv raisi oʻrinbosari;
  • Vohid Ochilov – Boshqaruv raisi oʻrinbosari;
  • Akrom Yoʻldoshov – Buxgalteriya hisobi va hisoboti departamenti direktori, Bosh buxgalter;
  • Muxiddin Kiyamov – Yuridik departament direktori;
  • Abduraxmon Sherov – Bosh analitik, menejer.

Adliya vazirligining „Intellektual mulk markazi“ davlat muassasasi maʼlumotlariga koʻra, Agrobank 10 ta tovar belgisiga egalik qiladi. Bu belgilar orasida bankning shiori – Har kim oʻsishga qodir ikki tilda, Fermerlar maktabi loyihasi shiori – Imkoniyatlar zamini oʻzbek tilida berilgan. Roʻyxatdagi qolgan tovar belgilari bank ekotizimini tashkil qiluvchi loyihalar hisoblanadi[17].

Chakana marketpleysi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Chakana marketpleysi 2020-yil noyabr oyida taqdim etilgan[18]. Marketpleysdan veb-sayt, shuningdek, Android va iOS mobil ilovalari orqali foydalanish mumkin.

Chakana mijozlariga skoring xizmati hamda 50 million soʻmgacha kredit taklif qiladi[19].

Leader Finance

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Leader Finance brokerlik kompaniyasi boʻlib, u qimmatli qogʻozlar bozoridagi barcha xizmatlarni taqdim etadi[17]. „Leader Finance“ MChJ 1998-yilda tashkil etilgan. Ustav kapitali 100 milliard soʻm, yagona aksiyadori Agrobank.[20].

2001-yildan beri kompaniya ishonchli boshqaruv, depozitariy xizmatlar, vositachilik va konsalting xizmatlarini koʻrsatib kelmoqda. 2022-yil may holatiga koʻra, 57 ta aksiya emitentlari va 100 mingdan ortiq aksiya egalariga xizmat koʻrsatmoqda[21].

Investitsiya institutlari milliy uyushmasi aʼzosi[22]. Uyushma tomonidan 2021-yilda Kapital bozori rivojiga qoʻshgan hissasi uchun taqdirlangan[23].

Smart Bank 2022-yil 24-dekabrda Markaziy bankdan 89-sonli bank faoliyatini amalga oshirish litsenziyasini oldi[24]. „Smart Bank“ AJning muassisi „Leader Finance“ MChJ hisoblanadi[25].

Toshkent Index ETF

[tahrir | manbasini tahrirlash]

„Toshkent Index ETF“ AJ birja investitsiya fondi hisoblanadi. 2021-yil sentyabr oyida oʻsha vaqtdagi Moliya vaziri oʻrinbosari Odilbek Isakov Oʻzbekistonda birja investitsiya fondi tashkil etilishi toʻgʻrisida maʼlum qilgan edi[26]. Sentyabr oyining oxirida Lider Finance Toshkent Index ETFning 43,5% aksiyalarini xarid qildi[27]. 2022-yil may oyida fondning qolgan 56,5 aksiyalarini ham sotib oldi va yagona aksiyadoriga aylandi[28].

Leader Finance Capital

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Leader Finance Capital qimmatli qogʻozlar va tovarlarga shartnomalar boʻyicha brokerlik xizmati boʻlib, 2022-yil 21-dekabrda Agrobankning 100 foiz ulushi bilan tashkil qilingan. Ustav kapitali 500 milliard soʻm[29].

Leader Finance Capital 2023-yil 7-iyulda Investitsiya institutlari milliy uyushmasi aʼzoligiga qabul qilidi[30].

Agro Finans Lizing

[tahrir | manbasini tahrirlash]

„Agro Finans Lizing“ aksiyadorlik jamiyati 2006-yil 22-fevralda „Paxta Lizing“ kompaniyasi sifatida tashkil etilgan[31]. 2019-yil 11-oktyabrda kompaniya aksiyadorlari umumiy yigʻilishida „Agro Finans Lizing“ AJ shaklida qayta roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi[31]. Agrobank ekotizimi tarkibidagi kompaniya lizing faoliyati bilan shugʻullanadi. Shu bilan birga ekotizimning bir qancha kompaniyalari taʼsischisi hisoblanadi. Yuridik manzili Toshkent shahri Chilonzor tumani 3-Katta Chilonzor mahallasi 3-mavze 74-uyda joylashgan[32].

Agrobank 2021-yil 28-aprel kuni qishloq xoʻjaligi tarmoqlariga oid 100 ta kitobdan iborat Agrobooks loyihasi taqdimotini oʻtkazdi. Loyihaga 120 nafardan ortiq soha mutaxassislari, olim va oʻqituvchilar jalb etilgan. Kitoblar turk tilidan tarjima qilingan va keyinchalik Oʻzbekiston iqlimi sharoitlariga moslab tahrirdan oʻtkazilgan[33].

2022-yil iyun oyida Agrobooks loyihasi doirasida oʻsimliklar himoyasiga oid „40 kitob“ toʻplami taqdim etildi[34].

Fermerlar maktabi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qishloq xoʻjaligida bilim va malaka berishga moʻljallangan oʻquv dasturi – Fermerlar maktabi loyihasi 2021-yil may oyida yoʻlga qoʻyilgan[35]. Loyiha Agrobank ekotizimining bir qismi boʻlib, Agro Finans Lizingning 100 foiz ulushi bilan taʼsis etilgan „Fermer maktabi“ MChJ tomonidan egalik qilinadi[36].

Fermerlar maktabi bir paytning oʻzida 5 ta hududda (Toshkent, Andijon, Samarqand, Termiz va Nukus shaharlarida) tinglovchilarga yagona standartlashgan taʼlim dasturini taqdim etadi. Maktabda chorvachilik, parrandachilik, sabzavot va polizchilik, issiqxona xoʻjaligi hamda biznes, moliya va huquqiy savodxonlik boʻyicha darslar oʻtiladi[35].

Agrolab OʻHQM

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Agrolab „Oʻsimliklarni himoya qilish“ intensiv oʻquv kurslari qishloq xo‘jaligi boʻyicha bakalavr darajasiga ega boʻlgan mutaxassislarni oʻsimliklarni himoya qilish yoʻnalishida qayta tayyorlash maqsadida tashkil qilingan[37]. Oʻquv kursi 3 oyga moʻljallangan boʻlib, tinglovchilarga 7 ta yoʻnalish – entomologiya, fitopatologiya, girbologiya, nematologiya, virologiya, toksikologiya, tuproqshunoslik boʻyicha bilim beriladi[37].

Oʻquv kurslari hududlardagi Fermerlar maktabi binolarida oʻtkaziladi. Bankning bu yoʻnalishdagi faoliyati uchun Agro Finans Lizing tomonidan 2021-yil 31-avgustda „Agrolab OʻHQM“ MChJ taʼsis etilgan[38].

Agro in vitro

[tahrir | manbasini tahrirlash]

„Agro in vitro“ MChJ 2022-yil 10-avgustda Jizzax viloyatining Gʻallaorol tumanida tashkil qilingan. Taʼsischisi Agro Finans Lizing (100%). Ustav kapitali 100 milliard soʻm[39].

„AGROInfoTech“ MChJ 2022-yil 30-avgustda Agro Finans Lizingning 100 foiz ulushi bilan tashkil qilingan. Kompaniya axborot texnologiyalari va kompyuter tizimlari sohasida faoliyat yuritadi. Ustav kapitali 20 milliard soʻm[40].

Agrozamin – Oʻzimizniki 

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Agrozamin – Oʻzimizniki agrar sohada faoliyat yurituvchilar uchun ishlab chiqilgan maxsus chakana savdo platformasidir. Platforma katalogi qishloq xoʻjaligi bilan bogʻliq 100dan ortiq yoʻnalishlarni qamrab oladi. Savdo platformasidan veb-sayt, shuningdek, Android va iOS mobil ilovalari orqali foydalanish mumkin. Platforma 2022-yil iyun oyida taqdim etildi[41].

2022-yil aprel oyi holatida Agrozamin platformasidan 7,4 mingta foydalanuvchi roʻyxatdan oʻtgan va 4,2 ming turdagi mahsulotlar joylashtirilgan[34].

Agromarkaz shaxsiy tomorqa xoʻjaliklari egalari uchun xizmatlarni taklif etadigan kompleks xizmatlar markazi hisoblanadi. Respublikada 167 ta Agromarkazlar faoliyati yoʻlga qoʻyilgan[41].

Raqamli iqtisodiyot va agrotexnologiyalar universiteti – UDEA

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Raqamli iqtisodiyot va agrotexnologiyalar universiteti 2022-yil 7-yanvarda Agro Finans Lizingning 51% ulushi bilan tashkil etilgan[42]. 2022-yil 26-iyulda oliy taʼlim muassasasi litsenziyasini olgan[43]. Litsenziya quyidagi yoʻnalishlarda taʼlim berish huquqini beradi:

  • Agrobiznes va investitsion faoliyat;
  • Moliya va moliyaviy texnologiyalar;
  • Tijorat banklarini boshqarish;
  • Buxgalteriya hisobi va moliya (foundation);
  • Raqamli texnologiyalar (foundation);
  • Bsc (Hons) Biznes uchun axborot texnologiyalari;
  • Bsc (Hons) Buxgalteriya hisobi va moliya;
  • Bsc (Hons) Xalqaro moliya va bank ishi.

Suvchilar maktabi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Suvchilar maktabi loyihasi 2023-yil may oyida taqdim etildi[44]. Loyiha Agrobank, Suv xoʻjaligi vazirligi hamda „Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti“ Milliy tadqiqot universiteti hamkorligida yoʻlga qoʻyildi. Kurslar 60 mingdan ziyod fermerlarni qamrab oladi. Bunga 50 ga yaqin mahalliy va xorijlik mutaxassislar jalb qilingan[44].

„Suvchilar maktabi“ MChJ 2023-yil 9-iyunda Agro Finans Lizingning 100 foiz ulushi bilan tashkil qilingan. Kompaniya ustav kapitali 51 million soʻm[45].

2023-yil 29-sentyabr holatiga koʻra, „Suvchilar maktabi“ning 1-bosqichiga 154 ta tumanda jami 60 330 nafar fermer va suvchi jalb qilinib malakalari oshirildi[46].

Moliyaviy koʻrsatkichlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Agrobank 2022-moliya yilini 609,23 mlrd soʻm sof foyda bilan yakunlagan. Hisobot davrida bankning jami daromadlari 11,55 trln soʻm, jami xarajatlari esa 10,27 trln soʻmni tashkil qiladi[1].

Bankning oʻtgan 4 yildagi moliyaviy koʻrsatkichlari toʻgʻrisida quyidagi jadvalda maʼlumot berilgan[1]:

Moliyaviy koʻrsatkichlari (mlrd soʻmda)[1]
Yillar 2020-yil 2021-yil 2022-yil 2023-yil 1-yarim yilligi
Aktivlari 31 211,06 39 971,15 43 562,92 59 103,51
Xususiy kapitali 5 371,21 9 346,14 9 505,27 9 360,19
Jami daromadlari 5 191,53 7 707,95 11 549,04 7 271,79
Jami xarajatlari 4 566,29 7 813,90 9 334,97 5 821,41
Toʻlangan foyda soligʻi 0,021 0,007 0,013 0,037
Sof foydasi 0,255 0,404 0,609 0,030

2003,2004,2007,2008,2009-yillarda Britaniyaning „FT Business Financial Times“ gazetasi va „The Banker“ jurnali Paxta-bankni Oʻzbekistondagi „Yil banki“ deb topdi[47][48].

2008-yilda Paxta-bank „Aholining omonatlarini jalb qilish boʻyicha banklararo tanlov“da „Eng yaxshi emitent bank“ deb topildi. Bankning Chust filiali „Qishloq joylarida joylashgan aholi omonatlarini jalb qilish boʻyicha yilning eng yaxshi bank filiali“ nominatsiyasi boʻyicha 1–oʻrin sohibiga aylandi hamda diplom va bosh sovrin „Damas“ avtomabili bilan taqdirlandi.

2021-yilda Agrobank Rost24 nashri tashabbusi bilan oʻtkazilgan „Yil tanlovi-2021“da „Xalqqa eng yaqin boʻlgan bank“ deb topildi[49]. 2022-yilda esa „Yilning eng yaxshi moliya muassasasi“ nomiga sazovor boʻldi[50].

2022-yil may oyida „2021-yilning eng zoʻr rebrendingi“ sovrinini qoʻlga kiritdi[51]. „2021-yil brendi“ tanlovida bankning 3 ta loyihasi sovrindor boʻlgan[51]:

  • Moliya kategoriyasida – Agrobank (2-oʻrin);
  • Taʼlim kategoriyasida – Fermerlar maktabi (3-oʻrin);
  • Jamiyat kategoriyasida – Agrobooks (3-oʻrin);

Rasmiy ilovasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bankning rasmiy ilovasi – Agrobank Mobile, Android va IOS operatsion tizimlari uchun ishlab chiqarilgan[52].

  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 1,5 „Moliyaviy ko‘rsatkichlar“. Agrobank.uz. Qaraldi: 6-oktyabr 2023-yil.
  2. „Ўзбекистон банклари 2022 йилда қарийб 10 трлн. сўм соф фойда олди“. Bankers.uz (2023-yil 20-yanvar). Qaraldi: 6-oktyabr 2023-yil.
  3. „"Агробанк" акциядорлик тижорат банки“. Bankers.uz (2022-yil 31-dekabr). Qaraldi: 6-oktyabr 2023-yil.
  4. „"Agrobank" aksiyadorlik tijorat banki“. cbu.uz. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki. Qaraldi: 12-oktyabr 2023-yil.
  5. „Ўзбекистон банклари 2022 йилда қарийб 10 трлн. сўм соф фойда олди“. Bankers.uz. Qaraldi: 7-iyun 2023-yil.
  6. „Агробанк Fresh филиалини ташкил қилмоқда“. Bankers.uz. Bankers.uz (2022-yil 5-fevral). Qaraldi: 12-oktyabr 2023-yil.
  7. „“Aksionerlik-tijorat “Paxta-bank”ni tashkil etish to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori“. Lex.uz. Qaraldi: 8-oktyabr 2023-yil.
  8. „“Agrobank” aksiyadorlik tijorat bankini tashkil etish to‘g‘risida”gi Prezident qarori“. Lex.uz. Qaraldi: 8-oktyabr 2023-yil.
  9. „Ребрендинг: какие компании обновились в 2021 году и что об этом думают эксперты“ (ru). Spot.uz (2022-yil 26-yanvar). Qaraldi: 8-oktyabr 2023-yil.
  10. „Bank malumotlari“. https://agrobank.uz/.
  11. „“Agrobank” ATBning aksiyadorlari haqida maʼlumot“. Agrobank.uz. Qaraldi: 6-oktyabr 2023-yil.
  12. „"AGROBANK" aksiyadorlik tijorat banki“. Orginfo.uz. Qaraldi: 6-oktyabr 2023-yil.
  13. 13,0 13,1 13,2 „Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi Qonun“. Lex.uz. Qaraldi: 6-oktyabr 2023-yil.
  14. 14,0 14,1 „Bank Boshqaruvi“. Agrobank.uz. Qaraldi: 6-oktyabr 2023-yil.
  15. „“Агробанк” АТБ Кузатув кенгаши таркиби“. Bankers.uz (2023-yil 17-avgust). Qaraldi: 6-oktyabr 2023-yil.
  16. „Мустақиллик байрами муносабати билан бир гуруҳ фуқароларни мукофотлаш тўғрисида Президент Фармони қабул қилинди“. Xalq soʻzi online. Xalq soʻzi (2021-yil 25-avgust). 2022-yil 4-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 6-oktyabr 2023-yil.
  17. 17,0 17,1 „Agrobank rebrendingini e'lon qildi“. Kun.uz (2021-yil 6-dekabr). Qaraldi: 11-oktyabr 2023-yil.
  18. „«Агробанк» запустил новый маркетплейс chakana.uz“ (ru). Spot.uz. Spot.uz (2020-yil 10-noyabr). Qaraldi: 12-oktyabr 2023-yil.
  19. „Chakana представляет новый уровень онлайн-покупок“ (ru). Gazeta.uz. Gazeta.uz (2022-yil 13-sentyabr). Qaraldi: 12-oktyabr 2023-yil.
  20. „"LEADER FINANCE" mas`uliyati cheklangan jamiyati“. Orginfo.uz. Qaraldi: 12-oktyabr 2023-yil.
  21. „Leader Finance стала единоличным владельцем Toshkent Index ETF“. Spot.uz. Spot.uz (2022-yil 2-may). Qaraldi: 12-oktyabr 2023-yil.
  22. „Uyushma a'zolari“. Naii.uz. Investitsiya institutlari milliy uyushmasi. Qaraldi: 12-oktyabr 2023-yil.
  23. „Объявлены победители конкурса «Лучший на рынке капитала Узбекистана»“ (ru). Investitsiya institutlari milliy uyushmasi (2022-yil 11-fevral). Qaraldi: 12-oktyabr 2023-yil.
  24. „O‘zbekiston MB Smart Bank raqamli bankiga litsenziya berdi“. Gazeta.uz. Gazeta.uz (2022-yil 28-dekabr). Qaraldi: 12-oktyabr 2023-yil.
  25. „"Smart Bank" АЖ муассиси кимлиги расман маълум бўлди“. Bankers.uz. Bankers.uz (2023-yil 23-yanvar). Qaraldi: 12-oktyabr 2023-yil.
  26. „Moliya vazirligi oltin uchun ETF chiqishini eʼlon qildi. Bu nima degani“. Spot.uz. Spot.uz (2021-yil 13-sentyabr). Qaraldi: 12-oktyabr 2023-yil.
  27. „Leader Finance купил 43,5% акций Toshkent Index ETF“ (ru). Spot.uz. Spot.uz (2021-yil 5-oktyabr). Qaraldi: 12-oktyabr 2023-yil.
  28. „Leader Finance стала единоличным владельцем Toshkent Index ETF“ (ru). Spot.uz. Spot.uz (2022-yil 2-may). Qaraldi: 12-oktyabr 2023-yil.
  29. „"LEADER FINANCE CAPITAL" mas`uliyati cheklangan jamiyati“. Orginfo.uz. Qaraldi: 11-oktyabr 2023-yil.
  30. „В НАИИ пополнение!“ (ru). Investitsiya institutlari milliy uyushmasi (2023-yil 10-iyul). Qaraldi: 12-oktyabr 2023-yil.
  31. 31,0 31,1 „О нас“ (ru). Agrofinanslizing. Qaraldi: 11-oktyabr 2023-yil.
  32. „"AGRO FINANS LIZING" aksiyadorlik jamiyati“. Orginfo.uz. Qaraldi: 11-oktyabr 2023-yil.
  33. „“Agrobank” O‘zbekistonda birinchi bo‘lib qishloq xo‘jaligi uchun 100 kitob to‘plamini taqdim etdi“. Daryo.uz. Daryo.uz (2021-yil 29-aprel). Qaraldi: 11-oktyabr 2023-yil.
  34. 34,0 34,1 „Агробанк "Agroworld Uzbekistan 2022" кўргазмасида иштирок этди“. Bankers.uz (2022-yil 6-aprel). Qaraldi: 11-oktyabr 2023-yil.
  35. 35,0 35,1 „Agrobank: yana bir katta loyiha – “Fermerlar maktabi”ga qabul boshlandi“. Kun.uz (2021-yil 1-may). Qaraldi: 11-oktyabr 2023-yil.
  36. „"FERMER MAKTABI" mas`uliyati cheklangan jamiyati“. Orginfo.uz. Qaraldi: 11-oktyabr 2023-yil.
  37. 37,0 37,1 „Agrobank yana bir yirik loyihaga start berdi!“. Agrobank (2021-yil 6-avgust). Qaraldi: 11-oktyabr 2023-yil.
  38. „"AGROLAB O`HQM" mas`uliyati cheklangan jamiyati“. Orginfo.uz. Qaraldi: 11-oktyabr 2023-yil.
  39. „"AGRO IN VITRO" mas`uliyati cheklangan jamiyati“. Orginfo.uz. Qaraldi: 11-oktyabr 2023-yil.
  40. „"AGROINFOTECH" mas`uliyati cheklangan jamiyati“. Orginfo.uz. Qaraldi: 11-oktyabr 2023-yil.
  41. 41,0 41,1 „Agrobank “Agromarkaz” va “Agrozamin - O‘zimizniki” loyihalari taqdimotini o‘tkazdi“. Kun.uz (2022-yil 6-iyun). Qaraldi: 11-oktyabr 2023-yil.
  42. „"RAQAMLI IQTISODIYOT VA AGROTEXNOLOGIYALAR UNIVERSITETI" mas`uliyati cheklangan jamiyati“. Orginfo.uz. Qaraldi: 11-oktyabr 2023-yil.
  43. „"RAQAMLI IQTISODIYOT VA AGROTEXNOLOGIYALAR UNIVERSITETI" mas`uliyati cheklangan jamiyati“. Gov.uz. Qaraldi: 11-oktyabr 2023-yil.
  44. 44,0 44,1 „Prezident tashabbusi bilan tashkil etilgan “Suvchilar maktabi” loyihasi faoliyatini boshladi“. Kun.uz. Kun.uz (2023-yil 2-iyun). Qaraldi: 12-oktyabr 2023-yil.
  45. „"SUVCHILAR MAKTABI" mas`uliyati cheklangan jamiyati“. Orginfo.uz. Qaraldi: 11-oktyabr 2023-yil.
  46. „Agrobankning “Suvchilar maktabi” loyihasi muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda“. Kun.uz. Kun.uz (2023-yil 6-oktyabr). Qaraldi: 12-oktyabr 2023-yil.
  47. „Uzbekistan“. thebanker.com. The Banker. Qaraldi: 8-oktyabr 2023-yil.
  48. „British magazine names Pakhta Bank as the best bank in Uzbekistan“. Uzdaily (2007-yil 3-dekabr). Qaraldi: 8-oktyabr 2023-yil.
  49. „"YIL TANLOVI" g`oliblarining to`liq ro`yxati“. Rost24. Rost24 (2022-yil 22-yanvar). Qaraldi: 12-oktyabr 2023-yil.
  50. „“YIL TANLOVI — 2022” G`oliblarining ro`yxati“. Rost24. Rost24 (2023-yil 29-yanvar). Qaraldi: 12-oktyabr 2023-yil.
  51. 51,0 51,1 „Агробанк «2021 йилнинг энг зўр ребрендинги» совринини қўлга киритди“. Bankers.uz. Bankers.uz (2022-yil 23-may). Qaraldi: 12-oktyabr 2023-yil.
  52. https://depozit.uz/partners/banks/agro-bank