Kontent qismiga oʻtish

Al-Volid ibn Utba ibn Abu Sufyon

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Al-Volid ibn Utba ibn Abu Sufyon
arabcha: الوليد بن عتبة بن أبي سفيان
Madina hokimi
Mansab davri
677/678 – 680
Hukmdor Muoviya I
Oʻtmishdoshi Marvon I
Vorisi Al-Ashdaq
Mansab davri
681 – 682
Hukmdor Yazid I
Oʻtmishdoshi Al-Ashdaq
Vorisi Usmon ibn Muhammad ibn Abu Sufyon
Shaxsiy maʼlumotlari
Tavalludi Makka
Vafoti 684
Munosabatlari Banu Umayya (urugʻ)
Bolalari Al-Qosim
Otasi Utba ibn Abu Sufyon

Volid ibn Utba ibn Abu Sufyon (arabcha: الوليد بن عتبة بن أبي سفيان) (684-yilda vafot etgan) Umaviy xalifalari Muoviya I (h. 661–680) va Yazid I (h. 680–683) hukmronligi davrida 677/678–680 hamda 681–682-yillarda Madina hokimi boʻlib xizmat qilgan. 680-yilda hokimlikdan boʻshatilgan, chunki Husayn ibn Ali va Yazidning hokimiyatga kelishiga qarshi boʻlgan boshqa yuqori darajadagi musulmonlarni xalifaga bay’at qilishga ko'ndirolmagan. Ikkinchi fitna davrida Damashqqa yuborilganidan soʻng, 684-yilda Umaviylar hukmronligining davom etishini qoʻllab-quvvatlagani va Umaviylarga qarshi shaxslardan biri Abdulloh ibn az-Zubayrni qoralagani uchun qamoqqa tashlangan. Ammo tez orada Xolid ibn Yazid va Umaviylar tarafdori bo'lgan Banu Kalb qabilasi tomonidan ozod qilingan.

Umaviylar xalifaligidagi hukmron Sufyoniylar oilasining shajara daraxti. Al-Volid ham aynan ushbu oilaga mansub boʻlgan.

Volid ibn Utba Umaviylar urugʻiga mansub boʻlib, Utba ibn Abu Sufyonning oʻgʻli, Suriya markazida Damashq xalifaligini tashkil qilgan Muoviya I ning (h. 661–680) ota tomondan jiyani boʻlgan[1]. 676-yilning oktyabr oyida Makkada yillik Haj ziyoratiga boshchilik qilgan boʻlishi mumkin[2]. Ilk musulmon tarixchisi al-Voqidiyning (823-yilda vafot etgan) yozishicha, Muoviya 677-yilning sentyabr yoki oktyabr oylarida al-Volidni Madinaga hokim etib tayinlagan[3]. VIII asrda yashagan boshqa bir tarixchi Abu Mash’ar esa uning bu lavozimga 678-yilning avgust-sentyabr oylarida tayinlanganini qayd etgan[4]. Volid ibn Utba oʻzining Umaviylardan boʻlgan qarindoshi Marvon ibn al-Hakamning oʻrniga ushbu lavozimni egallagan[5]. 678-yil sentyabr oyiga kelib, yana Haj ziyoratlariga imomlik qilgan[6]. Ilk musulmon tarixchisi Balozuriy (892-yilda vafot etgan) tomonidan keltirilgan maʼlumotlariga koʻra, al-Volid ichkilikka moyil boʻlib, faoliyatining boshidanoq hokimiyat uchun ichki sulolaviy nizolarda ishtirok etgan[1].

Muoviya I oʻz oʻgʻli Yazid I ni oʻziga merosxoʻr sifatida tayinlagan, bu esa Islom tarixida ilgari hech qachon amalga oshirilmagan bir qadam edi. 680-yilda Yazid xalifa etib tayinlangach, Volidni Husayn ibn Ali, Abdulloh ibn az-Zubayr va Abdulloh ibn Umarning o'ziga bay’at qilishi uchun mas’ul etib tayinladi. Oldinroq ular Muoviyaning Yazidni oʻziga merosxoʻr etib tayinlashini tan olishdan bosh tortgan edi[7]. Xalifaning topshirigʻiga koʻra, Volid Husayn va Ibn az-Zubayrni Madinadagi hokim saroyiga taklif qildi. Bu esa ularda shubha uygʻonishiga sabab bo'ldi. Ibn al-Zubayr Makkaga qochib ketdi, Husayn esa oʻzining urugʻdoshlari va mavoliylari (arab boʻlmagan mijozlar) hamrohligida al-Volid bilan uchrashishga rozi boʻldi[7]. Volid Muoviyaning vafoti haqida Husaynga xabar berib, uning Yazidga bay’at qilishini talab qildi[7]. Husayn qonuniy ravishda Yazidni omma oldida tan olishini takli qildi, Volid ham bunga rozi boʻldi[7]. Shuningdek, Husayn oʻzining jamoatchilik tomonidan tan olinishini ikki kunga kechiktirishga muvaffaq boʻldi, bu esa unga Makkaga qochishiga imkon bergan edi[7]. Marvon ibn al-Hakam Volidni kuch ishlatishga undadi, lekin Volid Husaynning Islom paygʻambari Muhammadning nabirasi ekanligini hisobga olib, unga qarshi zoʻravonlik bilan yoʻl tutishni istamadi[8]. Bu orada Volid Ibn az-Zubayrni taʼqib qilish uchun otliq askarlarni yuborgan edi, biroq askarlar az-Zubayrni taʼqib eta olmadilar[9]. Al-Volidning vaziyatga yumshoqlik bilan yondashuvi 680-yilning iyun oyida uning Yazid tomonidan ishdan boʻshatilishiga va oʻrniga umaviy Amr ibn Said ibn al-Osning tayinlanishiga olib keldi[8][10].

Al-Volid 681-yil 21-avgustda Haj ziyoratlarining boshida Madinaga qayta hokim etib tayinlandi. Oʻsha yili, shuningdek, 682-yilning avgustida ham ziyoratchilarga imomlik qildi[11]. Makkadagi bazaviy qoʻshinlari orqali Umaviylarga qarshi qoʻzgʻolon koʻtargan Ibn az-Zubayrni oʻziga boʻysundirish uchun Al-Volidning qilgan harakatlari muvaffaqiyatsizlikka uchradi[12]. Tabariy tomonidan qayd etilgan manbalarga koʻra, Ibn az-Zubayr keyinchalik Yazidga maktub yoʻllab, Volidning oʻrniga boshqa bir hokim tayinlanishini taklif qilgan. Zubayr oʻz navbatida yangi hokim bilan hamkorlik olib borishni maʼqullagan edi[12]. Ushbu taklifga xalifa Yazid ham rozi boʻlgan va Volidning amakivachchasi Usmon ibn Muhammad ibn Abu Sufyonni uning oʻrniga hokim qilib tayinlagan[12].

Hijoz mintaqasidagi Makka va Madina shaharlarida yashovchi Umaviylar Damashq xalifaligi hokimiyatiga qarshi qoʻzgʻolon kuchaygani sababli Suriyaga koʻchirilgan. 683 va 684-yillarda ketma-ket Yazid va oʻgʻli xalifa Muoviya II ning oʻlimi Suriya va butun xalifalikda Umaviylar hukmronligining inqiroziga olib keldi hamda yetakchilik boʻshligʻining yuzaga kelishiga sabab boʻldi[13]. Muoviya II ning janoza namozida Volidning oʻzi imomlik qildi[14]. Umaviylarning Damashqdagi hokimi al-Dahhok ibn Qays al-Fihriy Ibn az-Zubayrni yashirin ravishda qoʻllab-quvvatladi, chunki Damashq shahri va uning atrofida Umaviylar va xalifalik tarafdorlarining koʻpligi uni ochiq ravishda tan olishdan bosh tortdi[13]. Umaviylar tarafdori, Banu Kalb qabilasi rahbari Ibn Bahdal Ibn az-Zubayrni qoralab, Umaviylar hukmronligining davom etishini qoʻllab-quvvatlovchi mazmunda maktub yozdi. Ushbu maktubni qabiladoshlaridan biri Nagʻida yoki Na'isa ismli kishi orqali al-Dahhokka yoʻlladi. Ibn Bahdal al-Dahhokning maktubni juma namozi vaqtida ommaning oldida oʻqishini tayinlagan edi. Biroq u maktubni ko'pchilikning oldida oʻqishdan bosh tortdi, shundan keyin Nagʻidaning oʻzi uni ovoz chiqarib oʻqidi. Al-Dahhok uning bu ishini qattiq qoraladi. Soʻngra al-Volid Nagʻidaning bayonotini ochiqchasiga qoʻllab-quvvatlashini eʼlon qildi, uning ketidan yigʻilishda ishtirok etayotgan Banu Kalb qabilasi aʼzolari va Gʻassoniylar ham ergashdi. Biroq buning natijasida Volid al-Dahhok tomonidan qamoqqa tashlandi, lekin Yazidning oʻgʻillari Xolid, Abdulloh hamda ularning onasi, Banu Kalb qabilasi vakili tomonidan ozod qilindi[15]. Sufyoniylar oilasidan omon qolganlar orasida Volid merosxoʻrlikka ega chiqishga harakat qilgan boʻlishi mumkin. Volid ibn Utba 684-yilda chivin kasalligidan vafot etgan degan taxminlar ham mavjud[14].

  1. 1,0 1,1 Howard 1990, p. 2, note 8.
  2. Morony 1987, p. 183.
  3. Morony 1987, p. 191.
  4. Morony 1987, p. 192.
  5. Morony 1987, pp. 191–192.
  6. Morony 1987, p. 198.
  7. 7,0 7,1 7,2 7,3 7,4 Vaglieri 1971, p. 607.
  8. 8,0 8,1 Vaglieri 1971, p. 608.
  9. Howard 1990, pp. 6–7.
  10. Howard 1990, p. 10.
  11. Howard 1990, p. 188.
  12. 12,0 12,1 12,2 Howard 1990, p. 197.
  13. 13,0 13,1 Hawting 1989, pp. 49–51.
  14. 14,0 14,1 Bosworth 1993, p. 268.
  15. Hawting 1989, p. 52.
Siyosiy idoralar
Oʻtmishdoshi:
Marvon
Madina hokimi
677/678–680
Vorisi:
Al-Ashdaq
Oʻtmishdoshi:
Amr ibn Said ibn al-Os
Madina hokimi
681–682
Vorisi:
Usmon ibn Muhammad ibn Abu Sufyon