Kontent qismiga oʻtish

Al-Xorazmiy majmuasi

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Al-Xorazmiy majmuasi
Xorazmiy majmuasi
Umumiy maʼlumot
Turi Majmua
Manzili Al-Xorazmiy koʻchasi
Shahar Urganch
Mamlakat O‘zbekiston
Qurilishi tugagan 2000-yil
Egasi Davlat mulkiga tegishli

Al-Xorazmiy majmuasi – Xorazm viloyatining Urganch shahri, Al-Xorazmiy koʻchasida joylashgan bogʻ hamda ramziy maqbaradan iborat majmua. Majmua Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan 2019-yil 4-oktyabrda Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan va davlat muhofazasiga olingan[1]. Hozirda Xorazm viloyati madaniyat boshqarmasi operativ boshqaruv huquqi asosida davlat mulki hisoblanadi[2].

Tarixi va qurilish uslubi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Majmua asosan ramziy maqbara hamda bogʻdan tashkil topgan. Al-Xorazmiy majmuasi 2000-yili Oʻzbekiston Respublikasining sobiq prezidenti Islom Karimovning tashabbusi bilan Urganch shahrining Al-Xorazmiy koʻchasida qurib bitkazilgan. Urganch xalqaro aeroporti Al-Xorazmiy koʻchasining ikki tomonida joylashgan Al-Xorazmiy va Al-Beruniy meʼmoriy majmualariga juda yaqin.

Al-Xorazmiy majmuasi oʻrta asr qurilish aʼnanalari xos boʻlgan uslub boʻyicha bunyod etilgan. Majmua asosan ikki meʼmoriy qismdan tashkil topgan. Birinchi qismi kirish qismi boʻlib, unda oʻziga xos darvoza va ramziy maqbara joylashgan. Kirish qismida yoʻlakning ikki cheti boʻylab ketgan ayvon va ikkita xona ham mavjud. Ramziy maqbaraga odatiy gumbaz oʻrnatilgan boʻlib, bezagida moviy koshinlar ishlatilgan. Shuningdek, peshtoq qismi yozuv hamda naqshlar bilan bezalgan va unga oʻymakori eshik oʻrnatilgan. Al-Xorazmiy meʼmoriy majmuasida mevali daraxtlar ekilgan bogʻ mavjud. Shu bilan birga majmuada Al-Xorazmiy muzey ekspozitsiyasi tashkil etilgan. Majmua 2018-yilning mart va aprel oylarida qayta rekonstruksiya qilingan[3].

Yangi al-Xorazmiy majmuasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

2022-yil Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan umumiy maydoni 140 gektar boʻlgan Al-Xorazmiy majmuasi qurilishi loyihasi ishlab chiqilgan. Loyihaga koʻra Al-Xorazmiy nomidagi universitet va talabalar yotoqxonasi, 3000 oʻrinli maktab va 1500 oʻrinli maktabgacha taʼlim muassasasi, IT park, innovatsiya markazi, sport majmuasi, ilmiy-tadqiqot markazi, koʻp qavatli uylar va avtoturargohlar, markaziy alleya – „Yangi Oʻzbekiston“ bogʻi barpo etilishi belgilangan[4][5].

  1. „Тарихий, бадиий ёки ўзга маданий қимматлилиги туфайли гаров ва ипотека қўлланилиши мумкин бўлмаган объектлар рўйхати (ЎзР ВМ 05.12.2014 й. 335-сон қарорига илова) | Мажбуриятлар ва шартномалар тўғрисидаги умумий қоидалар | Ўз кучини йўқотган ҳужжатлар | Фуқаролик ва оила қонунчилиги | ЎзР КонунчилигиМаълумотлар тизими «Тарихий, бадиий ёки ўзга маданий қимматлилиги туфайли гаров ва ипотека қўлланилиши мумкин бўлмаган объектлар рўйхати (ЎзР ВМ 05.12.2014 й. 335-сон қарорига илова)» | NRM.uz“. nrm.uz. Qaraldi: 2023-yil 17-oktyabr.
  2. „MODDIY MADANIY MEROSNING KO‘CHMAS MULK OBYEKTLARI MILLIY RO‘YXATINI TASDIQLASH TO‘G‘RISIDA“. 2023-yil 13-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 16-oktyabr.
  3. „Ал-Хоразмий мажмуаси“. Урганч шаҳар ҳокимлиги. Qaraldi: 2023-yil 17-oktyabr.
  4. „Урганчда aл-Хоразмий мажмуаси қурилиши бошланди“ (uzkr). xs.uz. 2023-yil 18-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 17-oktyabr.
  5. „Ал-Хоразмий мажмуаси қурилишига тамал тоши қўйилди“ (ru). Хоразм вилояти ҳокимлиги (2023-yil 15-sentyabr). Qaraldi: 2023-yil 17-oktyabr.