Kontent qismiga oʻtish

Amudaryo xazinasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Amudaryo xazinasi yoki Oʻkuz xazinasi – miloddan avvalgi IV-II asrlarga oid zargarlik buyumlari majmuasi. 1877-yil Vaxsh va Panj daryolarining Amudaryoga quyilish joyi bo`lgan Taxtiqubod kechuvi yaqinida topilgan. 179 ta oltin va 7 ta kumush buyumlar hamda oʻsha davrlarda zarb qilingan 1500 ta kumush va chaqa (asosan miloddan avvalgi IV asr oxiri – II asr boshlari) tangalardan iborat. Oltin zeb-ziynatlar, bilaguzuk, uzuk, zirak, marjon, boʻyintumor, toʻqa va muhrlar hamda odam, kiyik, echki, gʻoz, baliq va boshqa jonivorlarning quyma oltin haykalchalari, shuningdek, oltindan yasalgan ot-aravacha, jomchalar ham bor. Buyumlarni turli davr ustalari ishlagan boʻlib, ahamoniylar, mahalliy yunon-baqtriya va saklar madaniyatiga mansub. Oltin va kumush tangalarda makedoniyalik Iskandar, salavkiylar hamda Yunon-Baqtriya davlati hukmdorlari Diodot va Yevtidemlar nomlari zarb qilingan. Ular Afgʻoniston va Hindiston orqali Londondagi Britaniya muzeyiga (1897) olib ketilgan. Buyumlardagi naqshlar va quyma haykalchalar skiflarning „Podsho maqbaralari“dan topilgan oltin va kumush buyumlaridagi jangchi va hayvon tasvirlariga oʻxshab ketadi. Bu Gerodotnit „saklar Qora dengiz boʻylarida yashovchi skiflar bilan yaqin“ degan maʼlumotini tasdiqlaydi. Amudaryo xazinasi Kichik Osiyo, Eron va Turonni qamrab olgan ulkan hududlarda miloddan avvalgi V-IIIasr larda yashagan xalqlarning ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy va siyosiy hayoti bilan chambarchas bogʻliq boʻlgan nodir yodgorlikdir.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil