Kontent qismiga oʻtish

Ankabut surasi

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Rum    29–sura   Qasos
Ankabut surasi — سورة العنكبوت
Qurʼon nusxalaridan biridagi Ankabut surasi sarlavhasi. Yuqorida oʻngdan: 1. Oyati 69, 2. Markazda qizil rangda sura tartib raqami 29, qora rangda - Ankabut surasi va Makkiy, qizil rangda nozil boʻlgan tartibi - 85, 3. Rukuʼsi soni - 7; Pastda oʻngdan: 1. Sura:Makkiy, 2. Tilovat tartibi:29, 3. Nozil boʻlish tartibi:85, 4. Rukuʼsi:7, 5. Oyati:69, 6. Porasi (Juzi):20-21 deb koʻrsatilgan.

Suraning arabcha matni
Nomining maʼnosi Oʻrgimchak[1][2]
Tasnifi Makkiy sura[3]
Statistika
Sahifasi 396–404[4]
Juz 20-21
Sura raqami 29
Oyatlar soni 69
Sajda oyati yoʻq
Rukuʼlar soni 7[5]
Muqattaot harflari Alif, lom, mim.[6]
Nozil boʻlish tartibi 85[7]

Arabcha matni ar.wikisource.orgda
tanzil.netda
Tarjimalari QuranAcademy.org
quran.uzda
Tilovat tartibi
Rum surasi  Keyingisi 29 Oldingisi  Qasos surasi
Nozil boʻlish tartibi
Mutaffifin surasi   Keyingisi 85 Oldingisi  Rum surasi
                                   

Ankabut surasi (arabcha: سورة العنكبوت, nomining maʼnosi — Oʻrgimchak[8][9]) — Qurʼonning 29-surasi. Makkiy suralardan biri, 69 oyatdan iborat. Bu sura Qurʼonning 396–404[10]-sahifasida va 20-21-juzida joylashgan. 85-boʻlib nozil boʻlgan. Surada oʻzlari yasagan but — sanamlarga oʻzlari sigʻinuvchi mushriklar oʻzi toʻqigan toʻriga ishonib yashovchi oʻrgimchakka oʻxshatiladi. Shuningdek, unda imon-eʼtiqodli, yaxshi odamlar boshiga sinov uchun koʻproq musibatlar tushishi, hayot sinovlaridan muvaffaqiyatli oʻtish yoʻllari, paygʻambarlar tortgan tashvish va aziyatlar haqidagi qissalar, Qurʼoni karimning mojizaligi va boshqa ilohiy nasihatlar oʻz ifodasini topgan[11].

Asosiy mavzusi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Alif, Lom, Mim.

2. Odamlar: „Imon keltirdik“, — deyishlari bilangina, sinalmagan hollarida, qoldiriladilar, deb oʻyladilarmi?!

3. Biz ulardan oldingi (imonli) kishilarni sinagan edik-ku! Bas, (shu sinov bilan va usiz ham), albatta, Alloh (imonda) sodiq kishilarni bilur va (shuningdek,) yolgʻonchilarni ham aniq bilur!

4. Yoki yovuz ishlarni qiladigan kimsalar Bizdan oʻzib ketishni (qutulishni) oʻylaydilarmi?! Naqadar yomon hukm chiqaradilar?!

5. Kimki Allohga roʻbaroʻ boʻlishdan umidvor boʻlsa, bas, Allohning (belgilangan) fursati, albatta, keluvchidir. U eshituvchi va biluvchidir!

6. Kim jihod qilsa, faqat oʻzi uchun jihod qilur. Zero, Alloh (barcha) olamlardan behojatdir! Izoh: Jihod haqida Tavba surasi, 88-oyat izohiga qaralsin.

7.Imon keltirgan va solih amallarni qilgan zotlarning gunohlarini, albatta, oʻchirurmiz va ularni qilib oʻtgan chiroyli amallari bilan mukofotlarmiz!

8. Biz insonni ota-onasiga yaxshilik qilishga buyurdik. (Ammo) agar ular sen bilmagan narsalarni (soxta maʼbudalarni) Menga sherik qilishingga zoʻrlasalar, u holda ularga itoat etmagin! (Barchangiz) Menga qaytursiz, bas, Men (oʻshanda) sizlarga qilib oʻtgan amallaringiz xabarini berurman!

9. Imon keltirgan va solih amallarni qilgan zotlarni, albatta, solih bandalar (qatori)ga kiriturmiz.

10. Odamlar orasida shunday kimsalar (ham) borki, oʻzlari: „Allohga imon keltirdik“, — deydi-da, soʻng Alloh (yoʻli)da ozorlansa, odamlarning (bu) fitna (ozor)larini Allohning azobidek bilur. Qasamki, agar Rabbingiz (tomoni)dan gʻalaba kelsa, shubhasiz ular: „Albatta, bizlar sizlar bilan birga edik“, — derlar. Axir, Alloh (barcha) olamlarning dillaridagi narsalarni yaxshi biluvchi emasmi?!

11. Albatta, Alloh imon keltirganlarni ham, munofiqlarni ham yaxshi bilur. 12. Kofir boʻlganlar imon keltirganlarga: „Sizlar bizlarning yoʻlimizga ergashinglar, gunohlaringizni bizlar koʻtarurmiz“,- deydilar. Holbuki, ularning gunohlaridan biror narsani koʻtara oluvchi emasdirlar. Albatta, ular yolgʻonchidirlar!

13. Albatta, ular oʻzlarining yuk (gunoh)larini ham, u yuklari bilan birga (boshqa) yuklarni ham koʻtarurlar va albatta, qiyomat kunida oʻzlari toʻqib olgan (yolgʻon)lari toʻgʻrisida soʻralurlar.

14. Biz Nuhni oʻz qavmiga (paygʻambar qilib) yubordik. Bas, u ularning orasida ellik yili kam ming yil turdi. Bas, ularni zolim (kofir) boʻlgan hollarida toʻfon (balosi) tutdi.

15. Soʻng Biz (Nuh)ga va kemadagi hamrohlariga najot berdik va uni (barcha) olamlarga ibrat qilib qoʻydik.

16. Ibrohimni (eslang) — u oʻz qavmiga degan edi: „Allohga ibodat qilinglar va Undan qoʻrqinglar! Agar biluvchi boʻlsangizlar, mana shu sizlar uchun yaxshiroqdir.

17. Sizlar Allohni qoʻyib faqat butlarga ibodat qilmoqdasizlar va (ularni ilohlar deb) yolgʻon toʻqimoqdasizlar. Aniqki, sizlar Allohni qoʻyib ibodat qilayotgan narsalar sizlarga rizq berishga qodir emaslar. Bas, (shunday ekan,) sizlar rizqni Alloh dargohidan istanglar va Ungagina ibodat qilinglar va Unga shukr qilinglar. Sizlar Ungagina qaytarilursizlar!

18. Agar sizlar (Paygʻambarimni) yolgʻonchiga chiqarsangizlar, bas, sizlardan avvalgi ummatlar ham (oʻz paygʻambarlarini) yolgʻonchiga chiqargandirlar. Paygʻambar zimmasida esa faqat (Allohning buyruqlarini bandalariga) aniq yetkazishlik bordir“.

19. Axir, ular Alloh qanday qilib ilk bor (yoʻqdan) yaratishini soʻngra (qiyomat kunida) U oʻsha (yaratgan narsasi)ni qaytarishini koʻrmadilarmi?! Albatta, bu Allohga osondir!

20. (Ey, Muhammad,) ayting: „Yerda sayr qilib (Alloh) qanday qilib yaratishni boshlaganini koʻringlar. Soʻngra Alloh (qiyomatda) ikkinchi (marta) paydo qilur. Albatta, Alloh barcha narsaga qodirdir!

21. U Oʻzi xohlagan kimsalarni azoblar va Oʻzi xohlagan kishilarga rahm qilur. Ungagina qaytarilursizlar!

22. Sizlar na Yerda va na osmonda (hech kimni) ojiz qoldiruvchi emasdirsizlar. Sizlar uchun Allohdan oʻzga (biror) doʻst va yordamchi yoʻqdir!“

23. Allohning oyatlarini va U bilan muloqotda boʻlishni inkor qilgan kimsalar, aynan oʻshalar Mening rahmatimdan noumid (mahrum) kimsalardir va ular uchun alamli azob bordir.

24. Bas, (Ibrohimga) qavmining javobi faqat: „Uni oʻldiringlar yoki yoqib yuboringlar“, — deyishlari boʻldi. Soʻngra Alloh unga olovdan najot berdi. Albatta, bunda imon keltiradigan qavm uchun ibratlar bordir!

25. (Ibrohim) aytdi: „Sizlar faqat dunyo hayotidagi oʻzaro doʻstlashishingizni koʻzlab, Allohni qoʻyib, butlarni tutdingizlar. Soʻngra qiyomat kunida baʼzilaringiz (peshvolaringiz) baʼzilaringizdan (ergashuvchilardan) tonur, baʼzilaringiz baʼzilaringizni laʼnatlar. Borar joyingiz doʻzaxdir. (U joyda) sizlar uchun yordam beruvchilar yoʻqdir!“

26. Bas, Lut unga imon keltirdi. (Ibrohim) aytdi: „Albatta, men Rabbim (buyurgan tomon)ga hijrat qiluvchidirman. Albatta, Uning Oʻzigina qudrat va hikmat egasidir!“

Izoh: Ibrohim (a. s.)ni olovga tashlaganlarida yonib ketmasdan omon qolganlarini koʻrib, Lut (a. s.) birinchi boʻlib, uning barhaq paygʻambarliklarini tasdiq etib, imon keltirganlar.

28. Lut oʻz qavmiga: „Albatta, sizlar shunday fahsh ishni qilmoqdasizlarki, sizlardan oldin olamlardan hech kim uni qilmagan edi.

29. Haqiqatan ham sizlar (xotinlaringizni qoʻyib) erkaklarga borasizmi; qaroqchilik qilasizmi; majlisgohlaringizda yomon ishlar qilasizmi-a?!“ — deganini eslang. Bas, (Lut) qavmining javobi faqat: „Agar sen rostgoʻy kishilardan boʻlsang, bizlarga Allohning azobini keltir“, — deyishlari boʻldi.

30. (Shunda) u aytdi: „Ey, Rabbim, bu buzgʻunchilar qavmi ustidan Oʻzing meni gʻolib qil!“

31. Qachonki, elchilarimiz (farishtalar) Ibrohimga (farzand koʻrishi haqidagi) xushxabarni keltirishgach, aytdilar: „Albatta, bizlar mana shu qishloq ahlini halok qiluvchidirmiz. Chunki, uning aholisi zolimdirlar!“

32. (Ibrohim): „Axir, u yerda Lut bor-ku?“ — dedi. Ular aytdlar: „Bizlar u joyda kim borligini biluvchiroqdirmiz. Albatta, bizlar uni (Lutni) va ahlini qutqarurmiz. Illo, uning xotini qoluvchi (halok boʻluvchi)lardandir“.

33. Qachonki, elchilarimiz Lutning oldiga kelganlarida, u bundan yomon holga tushdi va ular tufayli yuragi siqildi. Ular dedilar: „Qoʻrqma va gʻam chekma! Albatta, bizlar senga va ahlingga najot beruvchilardirmiz. Magar xotining qoluvchi (halok boʻluvchi)lardandir“.

34. Biz fosiq (itoatsiz) boʻlganlari uchun bu qishloq ahli ustiga osmondan azob (tosh) yogʻdiruvchidirmiz.

35. Biz aql yurgizadigan qavmga (ibrat uchun) u (qishloq)dan aniq asorat qoldirgandirmiz.

36. Madyan (qavmi)ga oʻz birodarlari Shuaybni (paygʻambar qildik). Bas, u aytdi: „Ey, qavmim, Allohga ibodat qilingiz va oxirat kunidan umidvor boʻlingiz hamda Yer (yuzi)da buzgʻunchilik qilib yurmangiz!“

37. Ular (Shuaybni) yolgʻonchiga chiqarishgach, ularni dahshatli zilzila tutib, turgan joylarida murdaga aylandilar.

38. Od va Samud (qabilalarini ham halok qildik). (Bu) sizlarga ularning maskanlaridan (xarobalardan) koʻrinib turibdi. Shayton ularga (qilayotgan) amallarini chiroyli koʻrsatib, ularni (haq) yoʻldan toʻsdi. Holbuki, ular aql-idrokli kishilar edi.

39. Qorun, Firʼavn va Homonni ham (halok qildik). Muso ularga (paygʻambar ekaniga) hujjatlarni keltirganida, ular yer (yuzi)da kibrhavo qildilar va (lekin) oʻzib ketuvchi boʻlmadilar.

40. Biz (ularning) har birini oʻz gunohi bilan tutdik. Bas, ularning orasida Biz ustiga tosh yogʻdirganlar ham, ular orasida dahshatli qichqiriq tutganlar ham, ular orasida Biz yerga yuttirganlar va ular orasida Biz (suvga) gʻarq qilgan kimsalar ham bordir. Alloh ularga zulm qiluvchi boʻlmadi, lekin ular oʻzlariga jabr qiluvchi boʻldilar.

41. Allohdan oʻzgalarni doʻst tutgan kimsalarning misoli xuddi in qurib olgan oʻrgimchakka oʻxshaydi. Inlarning eng nimjoni esa, albatta, oʻrgimchak inidir, agar bilsalar!

42. Albatta, Alloh ularning Uni qoʻyib, iltijo qilishayotgan narsalarini bilur! U qudrat va hikmat egasidir!

43. Ushbu masallarni Biz odamlar (ibrat olishlari) uchun ayturmiz. (Lekin) ularni faqat olimlargina anglagaylar.

44. Alloh osmonlar va Yerni haq (hikmat) bilan yaratgandir. Albatta, bunda moʻminlar uchun alomat bordir!

45. (Ey, Muhammad,) Sizga Kitob (Qurʼon) dan vahiy qilingan narsani tilovat qiling va namozni mukammal ado eting! Albatta, namoz fahsh va yomonlikdan qaytarur! Albatta, Allohning zikri (barcha narsadan) ulugʻdir! Alloh qilayotgan ishlaringizni bilib turur.

46. (Ey, moʻminlar,) sizlar Kitob ahli bilan faqat eng chiroyli uslubda munozara qilinglar, illo ularning orasidagi zulm (tajovuz) qilganlar bundan mustastnodirlar. Shuningdek, aytinglar: „Bizlar oʻzimizga nozil qilingan (Qurʼon)ga ham, sizlarga nozil qilingan (Tavrot va Injil)ga ham imon keltirganmiz. Bizlarning ilohimiz va sizlarning ilohingiz bir (Iloh)dir va bizlar Ungagina boʻyin sunuvchimiz“.

47. (Ey, Muhammad,) shuningdek, Sizga Kitob (Qurʼon) nozil qildik. Bas, Biz Kitob (Tavrot va Injil) ato etgan zotlar unga (Qurʼonga) imon keltirurlar. Ana ular (Makka ahli orasi)da ham unga imon keltiradigan kishilar bordir. Bizning oyatlarimizni faqat kofirlargina inkor qilurlar.

48. Siz ilgari biror kitobni tilovat qiluvchi emas edingiz va oʻz qoʻlingiz bilan xat ham yozgan emas edingiz. Aks holda buzgʻunchilar, albatta, shubhaga tushgan boʻlur edilar. Izoh: Yaʼni, ular: „Muhammad yozuvchi boʻlgani uchun Qurʼonni oʻzi yozib chiqayotgandir“, — deb shubha qilishlari mumkin edi.

49. Yoʻq, u (Qurʼon) ilm berilgan zotlarning dillaridagi aniq oyatlardir! Bizning oyatlarimizni faqat zolimlargina inkor qilurlar.

50. Ular (kofirlar): „Unga (Muhammadga) ham Parvardigori tomonidan moʻjizalar tushganida edi“, - dedilar. Ayting: „Mojizalar Allohning huzuridadir. Men esa faqat aniq ogohlantiruvchiman, xolos“.

51. Axir ularga tilovat qilinayotgan (shu) Kitobni Biz Sizga nozil qilganimiz ular uchun yetarli emasmi?! Albatta, bu (Kitob)da imon keltiradigan qavm uchun rahmat va eslatma bordir!

52. Ayting: „Alloh men bilan sizlarning oʻrtangizda yetarli guvohdir. U osmonlar va Yerdagi bor narsani bilur. Botil narsaga (butlarga) imon keltirib, Allohga kofir boʻlganlar — ana oʻshalar ziyon koʻruvchilarning oʻzidirlar!“

53. Ular Sizdan azobni tezlatishni talab qilurlar. Agar belgilangan muddat (qiyomat kuni) boʻlmasa edi, albatta, ularga (darhol) azob kelgan boʻlur edi. (Kelganda ham), albatta, ular sezmagan hollarida toʻsatdan kelur.

54. Ular Sizdan azobni tezlatishni talab qilurlar. Albatta, jahannam kofirlarni qamrab oluvchidir!

55. U kunda azob ularning ustilaridan ham, oyoqlarining ostidan ham oʻrab olur va (Alloh) aytur: „Qilgan ishlaringizning jazosini totinglar!“

56. Ey, imon keltirgan bandalarim, albatta, Mening yerim kengdir. Bas, Mengagina ibodat qilingizlar!

57. Har bir jon oʻlim (achchigʻi)ni totuvchidir! Soʻngra Bizga qaytarilursizlar.

58. Imon keltirgan va solih amallarni qilgan zotlarni, albatta, jannatda ostidan anhorlar oqib turadigan koʻshklarga joylashtirurmiz. Ular u yerda mangu qolurlar. (Yaxshi) amal qiluvchilarning mukofoti naqadar yaxshidir!

59. Ular sabr qilgan va yolgʻiz Parvardigorlarigagina tavakkul qiladigan zotlardir.

60. Oʻz rizqini koʻtara (topa) olmaydigan qanchalab jonzotlar bor. Alloh ularga ham, sizlarga ham rizq berur. U eshituvchi va biluvchidir!

61. Qasamki, agar siz ulardan: „Osmonlar va Yerni yaratgan, quyosh va oyni (toatiga) boʻyin sundirgan zot kim?“ — deb soʻrasangiz, albatta, ular: „Alloh“, — derlar. Bas, (shunday ekan), qayoqqa burilib ketmoqdalar?!

62. Alloh bandalaridan oʻzi xohlagan kishilarning rizqini keng qilur va (Oʻzi xohlagan kishilarning rizqini) tang qilur. Albatta, Alloh barcha narsani biluvchidir!

63. Qasamki, agar siz ulardan: "Osmondan suv (yomgʻir) yogʻdirib yerni „oʻlganidan“ soʻng „tiriltirilgan“ zot kim?" — deb soʻrasangiz, albatta, ular: „Alloh“, derlar. Siz (ularga): „Allohga hamd!“, -deb ayting! Yoʻq, ularning aksariyati aql yurgizmaydilar!

64. Bu dunyo hayoti faqat (ozgina) oʻyin kulgidir! Agar ular bilsalar, oxirat diyorigina (haqiqiy) hayot (joyi)dir.

65. Qachonki, ular kemaga minsalar (gʻarq boʻlishdan qoʻrqib,) Allohga chin ixlos bilan iltijo qilurlar. Bas, qachonki, (Alloh ularni quruqlikka chiqarib,) najot bergach, banogoh ular (Allohga yana) shirk keltirurlar.

66. Biz ularga ato etgan neʼmatlarga noshukr boʻlaversinlar va (shu dunyodagi hayotdan) „foydalanib“ qolsinlar. Hali yaqinda (haqiqatni) bilib olajaklar!

67. Ular oʻzlarining atroflaridagi odamlar qirgʻinga uchrab turgan bir paytda, Biz (Makkani) osoyishta haram qilib qoʻyganimizni koʻrmadilarmi?! Nahotki, ular botil (butlar)ga imon keltirib, Allohning neʼmati (Islom)ni inkor etsalar?!

68. Alloh shaʼniga yolgʻon toʻqigan yoki Haq (Qurʼon) kelgan chogʻda uni yolgʻonga yoʻygan kimsadan kim ham zolimroqdir?! Kofirlar uchun jahannamda joy bor emasmi?!

69. Bizning (yoʻlimiz)da jihod (jiddu jahd) qilganlarni, albatta, Oʻz yoʻllarimizga hidoyat qilurmiz. Albatta, Alloh ezgu ish qiluvchilar bilan birgadir!

  1. Qurʼoni Karim tarjimasi va sharhi. Abdulaziz Mansur
  2. Qurʼoni Karim maʼnolari tarjimasi. Alouddin Mansur
  3. Qurʼonda koʻrsatilgan tasnif.
  4. 604 sahifali Qurʼonda.
  5. Yuqoridagi sura sarlavhasining tasviridan olingan.
  6. Qurʼondan koʻrilgan.
  7. Yuqoridagi sura sarlavhasining tasviridan olingan.
  8. Qurʼoni Karim tarjimasi va sharhi. Abdulaziz Mansur
  9. Qurʼoni Karim maʼnolari tarjimasi. Alouddin Mansur
  10. 604 sahifali Qurʼonda.
  11. http://ziyouz.com/downloads/quran_uz_abd_mansur_ziyouz_com.pdf (PDF), 2016-02-05da asl nusxadan (PDF) arxivlandi, qaraldi: 2016-02-05 {{citation}}: External link in |title= (yordam)
Keyingisi: Rum surasi 29-sura — arabcha matni Oldingisi: Qasos surasi