Anor Mahmudova
Anor Mahmudova (Anora Mahmudova) | |
---|---|
Tavalludi |
Anor Madaminovna Mahmudova 2-may 1942-yil |
Fuqaroligi | SSSR → Oʻzbekiston |
Taʼlimi | Xorazm pedagogika instituti |
Kasbi | pedagog |
Faoliyat yillari | 1964-yildan hozirgacha |
Millati | oʻzbek |
Unvoni | |
Turmush oʻrtogʻi | Azamat Habibullayev |
Otasi | Madamin Mahmudov |
Mukofotlari |
|
Anor (Anora) Madaminovna Mahmudova (1942-yil, 2-may, Gurlan tumani, Xorazm viloyati, OʻzSSR, SSSR) – Oʻzbekiston qahramoni. Ilgʻor oʻzbek pedagogi. Xalq taʼlimi tizimining taniqli namoyandasi.
Oʻzbekiston qahramoni oliy unvoni (2004), Mehnat shuhrati ordeni (1999), Mehnat faxriysi (1989), Mehnatdagi jasorati uchun (1981) medallari, Xalq maorifi aʼlochisi koʻkrak nishoni (1978), Mustaqillik bayrami arafasida beriladigan (2006—2017) va Oʻzbekiston Konstitutsiyasiga 25 yil (2017) esdalik nishonlari sohibasi.
Anor Mahmudova xalq taʼlimida qariyb 60 yilga yaqin mehnat qilib kelyapti. Turli yillarda matematika oʻqituvchisi (1964—1972), hunar bilim yurti direktori (1972—1984), xalq taʼlimi boʻlimi mudiri (1984—1986) lavozimlarida faoliyat yuritgan. 1986-yildan hozirgacha, uzoq yillar Gurlan shahridagi Ibn Sino nomli 5-maktab direktori vazifasida ishlab kelmoqda.
Bolalik va yoshlik yillari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Anor Mahmudova 1942-yil 2-mayda Xorazm viloyatining Gurlan shaharchasida tugʻilgan[1][2]. Otasi Madamin Mahmudov Ikkinchi Jahon urushi davrida boshlangʻich sinflarga dars bergan. Shu sababli kichkina Anor bolalik chogʻlaridan pedagog boʻlishni orzu qilgan[3].
Gurlan tumanidagi 1-sonli maktabni Oltin medal bilan[2] yakunlagan Anor 1959—1964-yillarda Xorazm pedagogika institutining (hozirda Urganch davlat universiteti) fizika-matematika fakultetida taʼlim olgan. Institutda oʻqish davrida u eng namunali talaba va oʻz davrining oʻziga xos „jamoatchilik faoli“ boʻladi, oʻqituvchilar va talabalar orasida obroʻ-eʼtibor qozonadi[3], Lenin stipendiyasiga sazovor boʻlib[1], Polsha va Germaniyaga sayohat qiladi[3]. Institutni imtiyozli diplom bilan tamomlaydi[2].
Faoliyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Anor Mahmudova oʻzining professional faoliyatini oliy taʼlimni tugatgan 1964-yildan boshlab Gurlan tumanida, oʻzi avval tahsil olgan 1-maktabda matematika va fizika oʻqituvchisi boʻlib ishlashdan boshladi. Hamkasblari, uni oʻziga avval dars bergan oʻqituvchilari profesional faoliyati davridagi ilk ustozlari ham boʻlishdi[2]. U bolalar bilan ishlashning qiziqarli shakllari va usullarini oʻylab topib mashgʻulotlar oʻtkazdi. Oʻquvchilar va oʻqituvchilarning hurmatiga sazovor boʻlgan Anor Mahmudovaning faoliyati tuman miqyosida qiziqish uygʻotdi. Ikki yillik pedagogik stajga ega Anor Maxmudova 1966-yilda maktab direktoriga oʻquv-uslubiy ishlar boʻyicha oʻrinbosar lavozimiga tayinlandi[2], keyin esa oʻquv-tarbiya ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosari lavozimiga oʻtkazildi. Vaqt oʻtishi bilan uning oʻqituvchilik kasbiga boʻlgan mehri uni yangi marralarga olib keldi[3]. 1978-yilda Xalq maorifi aʼlochisi koʻkrak nishoni, 1981-yilda Mehnat jasorati uchun medali bilan taqdirlandi[1].
1982-yili Gurlan tumanida 35-sonli texnika bilim yurti tashkil qilinib, Anor Mahmudovaga direktorlik vazifasi topshirildi[2][3]. Uning davrida texnika bilim yurti faoliyati Xorazm vohasiga ovoza boʻldi. Baʼzi bir manbalarga koʻra texnikum xalq tilida „Anora Mahmudovaning aspiranturasi“ degan nom bilan tilga olinadi[4].
Gurlan shaharchasi shahar maqomini olganidan soʻng, Gurlan tumani hokimining saʼy-harakatlari bilan[4], Anor Mahmudova 1984-yilda Gurlan shahri Xalq taʼlimi boʻlimining birinchi mudiri lavozimiga taʼyinlandi[2]. Keyinchalik, maktabdagi ishiga qaytmoqchi boʻlganligi sababli 1986-yilda uning „Menga kasb emas, maktab kerak“ degan iltimosiga binoan Gurlan tumani markazida yangi tashkil etilgan 6-sonli (hozirda, 5-sonli[2]) maktabga direktor lavozimiga tayinlandi[3][4].
Anor Mahmudova 1986-yildan hozirgacha Gurlan shahridagi Ibn Sino nomli 5-sonli maktab direktori vazifasida ishlab kelmoqda. Oʻzbekiston SSSR tarkibidan chiqib, mustaqillikka erishganidan soʻng, Anor Mahmudova saʼy-harakatlari bilan, 5-sonli maktab oʻquvchilarining chet tili boʻyicha bilimlarini oshirish maqsadida 1996—2004-yillarda Oʻzbekistondagi Tinchlik korpusi bilan hamkorlikda maktabda 4 nafar amerikalik koʻngillilar oʻzbek oʻquvchilariga ingliz tilidan saboq berishadi[2].
Anor Mahmudovaning 2001-yilda yozgan „Milliy istiqlol gʻoyasini ongimizga singdirib, qalbimizga payvand qilamiz“ nomli risolasi viloyat ijodkor oʻqituvchilari tanlovida 1-oʻrinni oldi[2].
2002-yildan boshlab 5-sonli maktabning 8-9-sinflarida informatika fani oʻqitilayotgan boʻlsa-da, Anor Mahmudova boshlangʻich sinflarning iqtidorli oʻquvchilariga ayni fandan toʻgarak mashgʻulotlari oʻta boshladi, natijada matematika-informatika fani oʻqituvchisi rahbarligida oʻquvchilar toʻrt yil davomida „Kompyuter savodxonligi“ boʻyicha respublikada 1-oʻrin sohiblari boʻlishdi[2].
U ushbu davr mobaynida Mehnat faxriysi medali (1989), Oʻzbekiston Respublikasining Faxriy yorligʻi (1992), Mehnat shuhrati ordeni (1999), davlatning eng oliy unvoni – Oʻzbekiston qahramoni, oliy nishon – Oltin yulduz medali, Oʻzbekiston Mustaqilligiga 15 yil (2006), Oʻzbekiston Mustaqilligiga 20 yil (2011), Oʻzbekiston Mustaqilligiga 25 yil (2016) va Oʻzbekiston Konstitutsiyasiga 25 yil (2017) esdalik nishonlari sohibasi boʻldi[1][5].
Oʻzbekiston qahramoni Anor Mahmudova oʻquvchilari bilan 2004—2008-yillarda yaratgan „Oddiy kasrlarni oʻrganamiz“ nomli elektron darslik yuqori baholandi va 2008-yil 8-oktyabridan Xalq ta’limi vazirligining Axborot taʼlim portaliga joylashtirildi[2].
Oilasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Anor Mahmudova oilali. Turmush oʻrtogʻi oʻzining sinfdoshi – Azamat Habibullayev. Toʻrt nafar farzandi, 16 nafar nevaralari bor. Hozirda farzandlaridan biri fan nomzodi va yana biri fan doktori ilmiy darajasini olishgan. Nevaralari ham ilm yoʻlini tanlashgan[4].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ 1,0 1,1 1,2 1,3 „Anor Madaminovna Mahmudova“. Urdu.uz. Qaraldi: 2022-yil 7-iyul.
- ↑ 2,00 2,01 2,02 2,03 2,04 2,05 2,06 2,07 2,08 2,09 2,10 2,11 „Anor Mahmudova“. Oyina.uz. Qaraldi: 2022-yil 7-iyul.
- ↑ 3,0 3,1 3,2 3,3 3,4 3,5 „«Нет более священного звука в мире, чем звук школьного звонка!»“. Marifat.uz. 2022-yil 12-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 7-iyul.
- ↑ 4,0 4,1 4,2 4,3 Oʻqituvchilikning 56 yili. Oʻzbekiston qahramoni — Anor Mahmudova hayoti yoʻli haqida. YouTubeda
- ↑ „„Oʻzbekiston Qahramoni“ unvoni sohibalarining hayoti bilan tanishing“. Gujum.uz. Qaraldi: 2022-yil 7-iyul.
Havolalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
- 2-mayda tugʻilganlar
- 1942-yilda tugʻilganlar
- Xorazm viloyatida tugʻilganlar
- Oʻzbekiston qahramonlari
- Sovet Ittifoqi mehnat faxriysi medali sohiblari
- Shavkatli mehnat uchun medali sohiblari
- Mehnat shuhrati ordeni sohiblari
- Sovet Ittifoqi xalq maorifi aʼlochilari
- Oʻzbekiston mustaqilligiga 15 yil nishoni sohiblari
- Oʻzbekiston mustaqilligiga 20 yil nishoni sohiblari
- Oʻzbekiston mustaqilligiga 25 yil nishoni sohiblari
- Oʻzbekiston Konstitutsiyasiga 25 yil nishoni sohiblari