Kontent qismiga oʻtish

Avasim

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Tugʻur va Avasim
اَلـثُّـغُـوْر وَالْـعَـوَاصِـم
al-thughūr va-l-ʿavāṣim
Turi Mustahkamlangan chegara hududi
Hudud haqida maʼlumot
Hukmronlik qilgan Abbosiylar xalifaligi (750-yillar — tax. 930), Ixshidiylar (tax. 935 — 940-yillar), Hamdoniylar (940-yillar — 962-yillar), Mamluklar davlati (14-asr — 1516)
Hudud tarixi
Qurilgan 8-asr
Qurgan Abbosiylar xalifaligi, Mamluklar davlati
Foydalanish davri tax. 750-yillartax. 962-yillar, 14-asr—14th century–1514
Garnizon haqida maʼlumot
Garnizon tax. 780-yilda 25,000[1]

Avasim (arabcha: العواصم, „mudofaa inshootlari, istehkomlar“; birlik al-ʿāṣima, اَلْـعَـاصِـمَـة, „himoyachi“) arabcha atama boʻlib, Kilikiya, Shimoliy Suriya va Yuqori Mesopotamiyadagi Vizantiya imperiyasi hamda Umaviylar va Abbosiylar xalifaliklari oʻrtasidagi chegara zonasining musulmon tomoni shunday nomlangan[2]. Hudud 8-asr boshlarida, musulmon istilolarining birinchi toʻlqinidan keyin tashkil topgan va 10-asr oʻrtalariga qadar, yaʼni Vizantiya yurishlari davrida bosib olinguncha mavjud boʻlgan. Hudud Tugʻur (اَلـثُّـغُـوْر; birlik thagr, اَلـثَّـغْـر, „yoriq, tuynuk“) deb nomlanuvchi mustahkam istehkomlar zanjiri va Avasim deb nomlanuvchi chegara zonasining orqa yoki ichki qismlarini oʻz ichiga olib, chegara viloyati vazifasini bajargan. Vizantiya tomonida musulmonlarning yurishlari kleisura tumanlari instituti va akritay chegara qoʻshinlari tomonidan cheklangan.

Tugʻur atamasi Andalus va Movarounnahr yurishlarida ham qoʻllangan va tarixiy tilda saqlanib qolgan. Atamani 14-asrda Shimoliy Suriya va Furot mintaqasidagi anʼanaviy „Avasim va tugʻur“dan iborat hududlarni nazorati ostiga olgan Misr mamluklari qayta tiklagan[3].

Arab-Vizantiya chegara hududi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Chegara hududining yaratilishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

630-yillarning oxiridan boshlab, musulmonlar Suriyani tezda bosib olgandan soʻng, Kilikiyada ikki kuch oʻrtasida Tavr va Antitavr togʻ tizmalarining janubiy yonbagʻri boʻylab, Onadoʻli platosini Vizantiya nazorati ostida qoldirgan holda Vizantiyaliklar ham, arablar ham daʼvo qilmagan va deyarli choʻl boʻlgan keng hudud (arabchada ad-Davohi (اَلـدَّوَاحِي, „tashqi yerlar“ va yunoncha ta akra (τὰ ἄκρα, „ekstremitalar“) deb nomlangan) paydo boʻlgan. Imperator Irakliy (h. 610–641) ham, xalifa Umar (h. 634–644) ham bu hududda vayron qilish strategiyasini amalga oshirib, uni oʻz saltanatlari orasidagi muhim toʻsiqqa aylantirishga harakat qilgan[2][4]. Shunga qaramay, xalifaning asosiy maqsadi Suriya, Misr va Shimoliy Afrikadagi provinsiyalari singari Vizantiyani toʻgʻridan-toʻgʻri zabt etish boʻlib qolib, 717—718-yillarda Konstantinopolda ikkinchi arab qamalining muvaffaqiyatsizligi ushbu strategik maqsadni qayta koʻrib chiqishga majbur qilgan. Onadoʻliga bosqinlar davom etgan boʻlsada, zabt etish maqsadidan chetlashilib, ikki kuch oʻrtasidagi chegara yanada doimiy xususiyatga ega boʻla boshladi. Keyingi ikki asr davomida chegara qalʼalari Vizantiya va Arablar oʻrtasida almashib turishi mumkin edi, ammo arab-Vizantiya chegarasining asosiy konturi deyarli oʻzgarmagan[5][6][7]. Shunday qilib, dastlab „kovaklar, yoriqlar“ maʼnosini anglatgan va haqiqiy chegara hududlarini bildirgan „at-tugʻur“ (uning yunoncha nomi ta Stomia, τὰ Στόμια, „ogʻizlar/teshiklar“) atamasi „tugʻur ul-islom“ (ثُـغُـوْر الْإِسْـلَام, „Islom chegarasi“) yoki „tugʻur ar-Rumiyya“ (الثُّغُور الرُّومِيَّة, „Rum chegarasi“) kabi iboralarda qoʻllanib, „chegara“ maʼnosiga aylangan[2][8][9].

Kichik Osiyoning janubi-sharqidagi Vizantiya-arab chegara zonasining asosiy qalʼalar koʻrsatilgan xaritasi.

Bu jarayon avvallari choʻl boʻlgan hududning bosqichma-bosqich mustahkamlanib, ayniqsa, xalifa Abdulmalik (h. 685–705) davrida Vizantiyaliklar Kilikiyani tashlab ketganidan keyin uning oʻtroq va mustahkam chegara hududiga aylanishiga olib kelgan. Musulmonlar tashlandiq shahar va qal’alarni qayta egallab, ta’mirlab, hududga ko‘chib o‘ta boshlashgan. Bu jarayon Umaviylar davrida boshlanib, ilk abbosiylar davri, ayniqsa Horun ar-Rashid (h. 786–809) davrida yanada kuchaygan[2][7]. Shunday qilib, asta-sekin Oʻrta yer dengizi sohilidagi Tarsdan (Arabcha Ṭarsūs) Malatya (Arabcha Malaṭiya, yunoncha Melitene) va Furotning yuqori oqimidagi Kamachagacha (Arabcha Ḥiṣn Kamx) choʻzilgan qalʼalar qatori vujudga kelgan[10][11][12]. Bular strategik boʻgʻiq nuqtalarda, katta yoʻllarning chorrahalarida yoki muhim dovonlar yaqinida joylashgan[13].

Maʼmuriy tashkilot va manzilgohlar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Butun chegara hududi dastlab Homs Jundi (Musulmon Suriyasi boʻlingan harbiy maʼmuriy birliklardan biri) tarkibiga kirgan. 680-yildan keyin yangi Qinnasrin jundining bir qismini tashkil etib, to Horun ar-Rashid 786-yilda shimol va gʻarbda Vizantiya chegarasidan sharqda Furot daryosigacha boʻlgan butun mintaqani, jumladan Antioxiya (arabcha Antakiya), Halab (arabcha Xalab, yunoncha Berroia) va janubda Manbijgacha (yunoncha Hierapolis) boʻlgan hududda alohida Jund al-Avasim tashkil etgunga qadar bu holat davom etgan. Avval Manbij, keyin Antioxiya yangi viloyatning maʼmuriy markazlari boʻlgan[2][13][14]. Avasim toʻgʻridan-toʻgʻri Suriya shimoli boʻylab Bagras, Payas, Dülük (yunoncha. Doliche yoki Telux), Iskandarun (arabcha Iskandariya), Kirrhus (arabcha Qūrus), Raʼban va Tizin shaharlarini oʻz ichiga olib, Tugʻurning orqasidagi ikkinchi mudofaa chizigʻi boʻlgan[2][10]. Haqiqiy chegara zonasi boʻlgan Tugʻur Kilikiya yoki Suriya (at-Tughūr ash-Shaʼmīya, اَلـثُّـغُـوْر الـشَّـأْمِـيَّـة) va Jazira yoki Mesopotamiya (at-Tughūr al-Jazīrīya, اَلـثُّـغُـوْر الْـجَـزِيْـرِيَّـة) qismlariga boʻlinib, ular Amanus togʻlari bilan ajratilgan. Tarsus va Malatya tegishli ravishda Kilikiya va Mesopotamiya qismidagi eng muhim shaharlar sifatida shakllangan boʻlsa-da, Tugʻur uchun umumiy noib yoki maʼmuriy markaz yoʻq edi. Tugʻur shaharlari turli shaklda Jund al-Avasimning maʼmuriy nazoratiga oʻtgan yoki alohida tumanlar sifatida faoliyat koʻrsatgan. 10-asrga kelib Tugʻur va Avasim atamalari manbalarda koʻpincha bir-birining oʻrnida qoʻllangani vaziyatni murakkablashtiradi[2][15][16]. Bundan tashqari, 10-asr boshidan Vizantiyaning Armanistonga yurishi munosabati bilan Diyor Bakr atrofidagi chegara uchinchi qismga aylanib, at-Tugʻur al-Bakriya (الـثُّـغُـوْر الـبَـكْـرِيَّـة) nomini olgan[17].

Kilikiya sektoridagi Mopsuestia (arabcha al-Masṣīṣa) qayta bosib olinib, garnizonga aylantirilgan birinchi shahar boʻlib, u yerga Umaviylar davrida 703-yilda 300 askar joylashtirgan, ilk Abbosiylar davrida askarlar soni 4000 nafarga yetgan. Uning ortidan 758—760-yillarda Adana, 787/8-yillarda Tarsus egallangan. Tarsus tezda mintaqadagi eng yirik aholi punkti va arablarning Vizantiyaga qarshi eng muhim bazasiga aylanib, garnizonida 4000 nafardan 5000 nafargacha askar joylashtirilgan. Kilikiyada harbiy ahamiyatdan koʻra koʻproq ahamiyatga ega Ayn Zarba (yunoncha Anazarbus), Horun ar-Rashid asos solgan al-Hārūniya, Tall Gubair va Kanisat as-Savdo kabi muhim qalʼalar ham mavjud edi. Bular Kilikiya tekisligi boʻylab joylashgan kichikroq qalʼalar bilan qoʻshilib, ularda oʻnlab odamlardan iborat kichikroq garnizonlar bor edi[11][17][18]. Mesopotamiya chegara hududining koʻproq togʻli relyefida asosiy istehkomlar togʻlardagi dovonlarning kirish qismlarini nazorat qilib, nisbatan himoyalangan vodiylarning unumdor qismlarida joylashgan. Jumladan, Muoviya I (h. 661–680 va Horun ar-Rashid hukmronligi davrida ikki marta qayta qurilgan Marʼash (yunoncha Germanikeia), xuddi shu tarzda ilk Abbosiylar davrida mustahkamlanib, 4000 nafar qoʻshin bilan taʼminlangan Hadas (yunoncha Adata) va Umaviylar tomonidan mustamlaka qilingan, Vizantiyaliklar tomonidan vayron qilingan va qayta tiklangan, xuddi shu tarzda 757/8-yilda 4000 kishilik garnizon bilan taʼminlangan Malatya. Mesopotamiya qismida kamroq ahamiyatga ega boʻlgan boshqa qalʼalar Salagʻus, Kaisum, Ḥiṣn Zibaṭra (yunoncha Zapetra/Sozopetra), Sumaisaṭ (yunoncha Samosata), Hisn Qalavziya va Ḥiṣn Ziyad kabilar edi. Avasim viloyatining Duluk yoki Kirr kabi baʼzi shimoliy qalʼalari baʼzan viloyat tarkibiga kiritilgan. Yana shimoldagi nisbatan himoyalangan qalʼa shaharlar Qalliqala (yunoncha Feodosiopolis, zamonaviy Arzirum) va Kamacha musulmonlar hukmronligining eng shimoliy hududlarini tashkil qilgan[17][18][19]. Qudama ibn Ja’farning so‘zlariga ko‘ra, Tug‘ur al-Bakriyya tarkibiga Sumaysat, Hani, Malikyan, Gama, Xauron va Kilis kabilar kirgan[17].

„... Fors, Mesopotamiya, Arabiston, Suriya, Misr va Marokash chegaralaridagi barcha yirik shaharlardan, birorta shahar yoʻq, lekin Tarsusda shaharliklar uchun yotoqxonalar mavjud boʻlib, u yerda har bir mamlakatdan kelgan Eʼtiqod jangchilari yashaydi. Ular Tarsusga yetib borgach, u yerdagi garnizonda xizmat qilish uchun qoladilar. Ular orasida namoz va ibodat qunt bilan bajariladigan amallar. Hamma joydan ularga sadaqalar yuborilib, ular boy va moʻl-koʻl sadaqa olishadi. Shuningdek, bu yerga yordamchi qoʻshin yubormaydigan sulton boʻlmasa kerak.“
Ibn Havqalning Tarsusni Vizantiyaga qarshi jihod markazi sifatidagi tavsifi[20].

Xalifalar Suriyadan mustamlakachilar va oddiy askarlar, shuningdek, forslar, slavyanlar, nasroniy arablar va musulmon dunyosining sharqiy qismlaridagi shaxslar, jumladan Xuroson mahalliy aholisi, turkiy Sayābija qabilasi yoki Hindistondan jatlarni (arabcha Zutt) keltirib, hududda aholi sonini koʻpaytirishgan[21][22]. U yerda joylashgan muntazam qoʻshinlar kamroq soliqlar (yer soligʻi xiroj oʻrniga ushr), yuqori maosh va kichik yer mulklar (qatoiy) bilan taʼminlangan. Ilk Abbosiylar davrida bu qoʻshinlar taxminan 25 000 kishi boʻlib, ularning yarmi Xurosondan, qolganlari Suriya va Yuqori Mesopotamiyadan kelgan. Ular Vizantiyaga qarshi jihod qilishda diniy motivlar tufayli kelgan koʻngillilar bilan toʻldirilsa-da, koʻpincha davlatdan maosh olgan[18][23][24]. Bularning barchasi Abbosiylar hukumati zimmasiga ogʻir moliyaviy yuk boʻlgan. Horun ar-Rashid davrida Kilikiya sektoridan har yili 100 000 oltin dinor miqdorida soliq toʻplanib, uning barchasi mahalliy jamoat ishlari, maoshlar, josuslik va hokazolar uchun sarflangan. Bundan tashqari, transchegaraviy harbiy harakatlarning xarajatlari odatda yiliga 200 000 dinordan 300 000 dinorgacha boʻlgan. Mesopotamiya sektorining daromadi taxminan 70 000 dinorni tashkil etib, markaziy hukumat har yili istehkomlarni saqlash va chegara qoʻshinlarining ish haqi uchun 120 000—170 000 dinor qoʻshimcha xarajat qilgan[25].

Harbiy operatsiyalar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

9-asrga kelib chegara hududidan Vizantiyaga qarshi boshlangan arab bosqinchilik harakatlari asta-sekin anʼanaviy xarakteriga ega boʻlib, davomli tashkillashtirilgan. Qudama ibn Ja’farning yozishicha, arablar bosqinining odatiy vaqti bahorda (10-may — 10-iyun) otlar uchun mo‘l yem-xashak topish mumkin bo‘lgan davrda birinchi yurish, bir oylik dam olishdan so‘ng yilning eng yirik yurishi yozgi bosqin (10-iyul — 8-sentyabr) va kamdan-kam hollarda fevral — mart oylarida qishgi bosqin uyushtirilgan[10][26][27]. Bu bosqinlarning ahamiyatini islomshunos olim Xyu N. Kennedi quyidagicha ta’riflagan: „Sa’ifa (yozgi bosqin) xalifaning Makkaga yillik hajni tashkil qilib, unga rahbarlik qilish kabi ramziy va anʼanaviy vazifalaridan biriga aylanib ulgurgan“[28].

Chegara hududida arablar va vizantiyaliklar oʻrtasida qattiq kurash kechgan. Bosqinlar va qarshi bosqinlar bu urushning doimiy quroli boʻlgan. Shartli chegaraning har ikki tomonidagi qalʼalar bosib olinib, vayron qilingan yoki baʼzan ishgʻol qilinsa-da, ishgʻol hech qachon uzoq davom etmagan. Natijada, mintaqadagi koʻplab aholi manzilgohlari vayron boʻlib, qayta-qayta koʻchirishlar boʻlib turgan. Shunday boʻlsa-da, qishloq xoʻjaligi va savdoga asoslangan mintaqada, ayniqsa 9-asrning ikkinchi yarmida, chegara hududlar Basrani Shimoliy Suriya va hatto Konstantinopol bilan bogʻlaydigan savdo yoʻli tuguniga aylanib, qisqa muddatli farovonlik haqida maʼlumotlar mavjud[21][29]. 842-yildan keyin va 9-asrning koʻp qismida Abbosiylar hokimiyatining zaiflashuvi Tugʻur ustidan nazorat asta-sekin qayta tiklanayotgan Vizantiyaga qarshi kurashib, mustaqil kurashayotgan yarim mustaqil chegara amirliklari, xususan Tarsus, Malatya va Qalliqalaga oʻtishini anglatgan. 863-yilgi Lalakaon jangi Malatyani zaiflashtirib, mintaqadagi kuchlar nisbatini oʻzgartirgan va Vizantiyaning arab chegara hududlariga bosqichma-bosqich bostirib kirishining boshlanishini belgilab bergan[30][31][32].

928-yildan keyin Abbosiy xalifaligining soʻnggi inqiroz davri boshlanishi bilan musulmonlarning chegaradosh shaharlari nazorati Ixshidiylar va Hamdoniylar sulolalari qoʻliga oʻtgan. 930-yillarda Jon Kurkuas boshchiligidagi vizantiyaliklar Malatiya va Tugʻurning Mesopotamiya sektoridagi koʻp hududga bostirib kirib, bosib oldilar. Halabning Hamdoniy amiri Sayfuddavla (h. 946–967) Vizantiya yurishini toʻxtata olgan boʻlsa-da, erishilgan muvaffaqiyat vaqtinchalik boʻlgan. 964—965-yillarda imperator Nikiforos II Fokas (h. 963–969) Kilikiyani, keyin esa Antioxiyani egallab olishi natijasida Halab Hamdoniylari oʻlpon toʻlovchi davlatga aylangan[30][33][34][35].

Mamluk — Turkman chegara hududi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

13-asr oxirida Misr mamluklari Suriyani zabt etgandan soʻng, Suriyani Kichik Osiyo va Kavkazdagi turkman davlatlari, jumladan, keyinchalik Usmonlilar imperiyasidan himoya qilish uchun mudofaa zonasi sifatida at-tugʻur va-l-avasimni qayta tikladilar. Avvalgi davrda boʻlgani kabi tugʻur Suriya va Mesopotamiya boʻlinmasi, shuningdek, Suriya shimolidagi orqa hududga boʻlingan. Mamluklar Suriya/Kilikiya tomondagi mudofaani oʻzlariga qaram boʻlgan Ramazoniylar turkman knyazligiga ishonib topshirgan boʻlsa, Dulqodiriylar knyazligi Mesopotamiya tugʻurida xuddi shu vazifani bajargan. Chegara hududini nazorat qilish va ikki qaram beyliklarni alohida tarzda nazorat ostida ushlab turish uchun Mamluklar yettita strategik muhim joy: Tarsus, Ayas, Serfvndikar, Sis, Darende, Malatya va Divriğida garnizonlarni saqlab qolishgan[36]. Ahmad al-Qalqashandiy Mamluk tug‘urining maʼmuriy birliklarini (niyobatlarini) quyidagicha sanab oʻtgan: Suriya sektori uchun sakkizta (Malatya, Divriği, Darende, Elbiston, Ayas, Tarsus va Adana, Serfendikar va Sis) va Furot sektorida uchta (al-Bira, Qalʼat Jaʼbar va ar-Ruho)[3][37].

  1. Kennedy (2001), pp. 97–98
  2. 2,0 2,1 2,2 2,3 2,4 2,5 2,6 Streck (1987), p. 515
  3. 3,0 3,1 Honigmann (1987), p. 739
  4. Kaegi (1995), pp. 236–244
  5. Kaegi (1995), pp. 246–247
  6. Toynbee (1973), pp. 108–109
  7. 7,0 7,1 Whittow (1996), p. 212
  8. El-Cheikh (2004), p. 84
  9. Honigmann (1987), p. 738
  10. 10,0 10,1 10,2 El-Cheikh (2004), p. 83
  11. 11,0 11,1 Wheatley (2000), pp. 260–261
  12. Vasiliev (1935), pp. 94–96
  13. 13,0 13,1 Kazhdan (1991), p. 238
  14. Wheatley (2000), p. 116
  15. Honigmann (1987), pp. 738–739
  16. Wheatley (2000), pp. 116, 260
  17. 17,0 17,1 17,2 17,3 Honigmann (1935), pp. 42–43
  18. 18,0 18,1 18,2 Kennedy (2001), pp. 82, 98
  19. Wheatley (2000), p. 261
  20. Toynbee (1973), pp. 114–115
  21. 21,0 21,1 Streck (1987), pp. 515–516
  22. Wheatley (2000), pp. 116–117, 261
  23. Wheatley (2000), p. 262
  24. Toynbee (1973), p. 113
  25. Vasiliev (1935), pp. 96–97
  26. Toynbee (1973), p. 115
  27. Whittow (1996), pp. 212–213
  28. Kennedy (2001), p. 106
  29. Wheatley (2000), pp. 116–117, 262–263
  30. 30,0 30,1 Streck (1987), p. 516
  31. Toynbee (1973), pp. 110–111, 113–114
  32. Whittow (1996), pp. 310–311
  33. Kazhdan (1991), p. 1479
  34. Wheatley (2000), pp. 116, 261
  35. Whittow (1996), pp. 317–318, 326–329
  36. Har-El (1995), pp. 43–47
  37. Har-El (1995), p. 44

Qoʻshimcha oʻqish uchun

[tahrir | manbasini tahrirlash]