Buxoro gilamalar tarixi muzeyi
Buxoro gilamalar tarixi muzeyi | |
---|---|
Magʻoki Attori masjidi | |
Asos solingan sanasi | 1989-yil |
Manzili | Buxoro shahar Bahouddin Naqshband koʻchasi |
Sayti | https://www.bukharamuseums.uz |
Buxoro gilamalar tarixi muzeyi – Buxoro davlat muzey-qoʻriqxonasi tarkibidagi muzey. Yodgorlik Buxoro shahar Bahouddin Naqshband koʻchasidagi Magʻoki Attori masjidida joylashgan. 1989-yil Buxoro davlat muzey-qoʻriqxonasi tashabbusi bilan ushbu tarixiy binoda Buxoro gilamalar tarixi muzeyi ochilgan[1].
Buxoro gilambofligi tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Buxoro gilambofligi 2000 yillik tarixga ega. Gilamboflik asosan 5 ta maktab negizida shakllangan. Bular: Fors-Eron maktabi, Buxoro maktabi, Kavkaz maktabi, Hindu-Xitoy va Yevropa maktablaridir. Har bir maktabning oʻz toʻqish uslubi, rangi, naqshlari mavjud. Bunda, umumiy koʻrinish – gilamning ranglari alohida ahamiyat kasb etadi. Buxoro gilamlarida qizil rang asosiy oʻrinni egallaydi. Gilamboflikda Buxoro koloriti zardushtiylar davrida shakllangan. Olovni muqaddas bilgan usta hunarmandlar uning rangini gilamlarga koʻchirgan.
Xalq ichida bu borada turli afsona va rivoyatlar mavjud. Buxoroda gilamboflik VI—VII asrlarda taraqqiy etgan. Ayniqsa VIII asrning ikkichi yarmida Buxoroning qadimgi shahristonida, Bayt ut-taroz nomli hunarmandlar rastasi boʻlib, unda oltmishdan ziyod hunarmandlar faoliyat yuritgan.
Tarixchi Abu Bakr Muhammad ibn Jaʼfar an-Narshaxiy oʻzining „Buxoro tarixi“ asarining V bobi „Buxoroda boʻlgan Bayt ut-taroz rastasining bayoni. U hanuz oʻz joyida turibdi“ deb nomlanib, quyidagi maʼlumotlarni keltirgan: „Buxoroda, hisor bilan shahriston oʻrtasida, masjidi jomeʼ yaqinida bir korxona bor edi. Unda paloslar, darpardalar, yazdiy kiyimliklar, yostiq jildlari, funduqiy joynamozlar va ust kiyimlarni xalifa uchun toʻqir edilar. Bitta darpardaga (butun) Buxoro xiroji sarf boʻlar edi. Bagʻdoddan har yili bir kishi kelib, Buxoro xirojining evaziga, shu kiyimliklardan olib ketar edi. Xurosonning hech bir shahrida bunday toʻqiy olmas edilar…“. Tabariy va Maqdisiylarning asarlarida yozishicha, VIII—X asrlarda Buxoro va Xorazmdan Ipak yoʻli orqali, qator davlatlarga gilam va gilamboflikka oid matolar olib ketilgan. Temuriylar hukmronligi davrida, lashkar qarorgohlarida „Urdu bozori“ nomli bozor tashkil qilingan. Unda turli xil jang anjomlari qatori, gilam va gilamboflikka oid joynamoz, tasma, ayil, xurjun, douri (ot yopinchigʻi) va namat sotilgan. XIX asrning boshlariga kelib, Buxoro gilamlariga Yevropada ham jiddiy qiziqa boshlaganlar. Yevropalik katta-katta savdogarlar, Sharq amaliy sanʼati ixlosmandlari va mutaxassislari, Buxoro bozorlaridan gilamlar va gilamboflikka oid xalq amaliy sanʼati namunalarini sotib olgan. Shu tariqa, Buxoro maktabiga oid gilamlar sekinlik bilan boʻlsada Gʻarb davlatlariga ham tarqala boshlagan. Tarixdan maʼlumki, Oʻrta Osiyo hukmdorlari xazinalarida gilamlar oltindan keyingi qimmatli ashyo sanalgan. Shuning uchun, saroy ehtiyojlaridan tashqari ham, buyurtmalar asosida, xazinani boyitish maqsadida, turli oʻlcham va naqshlardagi yuksak did bilan toʻqilgan gilamlar xarid qilingan. Manbalarga koʻra, Buxoroning soʻnggi amiri Said Olimxon saroyida oʻn mingdan ziyod qimmatbaho gilamlar boʻlgan. Bu gilamlar 164 yil davomida butun mangʻit sulolasi hukmdorlari tomonidan yigʻilgan[2].
Muzey tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Buxoro gilamboflik tarixi muzeyi 1989-yilda tashkil topgan. Muzey Magʻoki Attori masjidida ichida joylashgan. Ushbu muzey koʻrgazmasida mitan, taka, yovmut, nayman, ersari, bashir, saroy urugʻlari gilamboflik naʼmunalari saqlanib kelinmoqda. Eron gilamlari ham ushbu muzey koʻrgazmasidan oʻrin olgan[1].