Kontent qismiga oʻtish

Dehqonobod kaliy zavodi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Dehqonobod kaliy zavodi
Qisqartma DKZ
Turi zavod
Sanoat kimyo sanoati
Maqomi amalda
Ishga tushgan sanasi 2011-yil 6-iyul
Joylashuvi 180405 Qashqadaryo viloyati, Dehqonobod tumani
Hududiy xizmati Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Xoʻjayinlar Oʻzkimyosanoat AJ
Boshqaruv raisi Oybek Qurbonov Abdusattorovich
Daromad 447,85 mlrd. soʻm (2021-yil 1-dekabr)
Toza foyda 7,90 mln. soʻm (2021-yil 1-dekabr)
Vebsayti uz-potash.uz
Til(lar)i oʻzbek

Dehqonobod kaliy zavodi – 2010-yildan beri qishloq xoʻjaligida foydalanib kelinadigan kaliyli oʻgʻitlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan kompaniya. 2007-yilda qurilishi boshlangan. Korxona faoliyati eksportga yoʻnaltirilgan[1].

Dehqonobod kaliy zavodining 1-navbati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

„Dehqonobod kaliy zavodi“ aksiyadorlik jamiyati Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 17-dekabrdagi „Tepaqoʻton kaliyli tuzlar koni negizida Dehqonobod kaliyli oʻgʻitlar zavodini qurish“ toʻgʻrisidagi PQ-748-sonli qaroriga [2] asosan qurilishi boshlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 6-iyuldagi zavodni foydalanishga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasini tuzish toʻgʻrisidagi 432-f-sonli va 2011-yil 27-oktyabrdagi „Davlat komissiyasi aktini tasdiqlash haqida“gi 684-F-sonli Farmoyishlariga asosan „Dehqonobod kaliyli oʻgʻitlar zavodi“ unitar korxonasi maqomini olib, 1321 yangi ish oʻrinlari bilan rasman faoliyatini boshladi.

Dehqonobod kaliy zavodi oʻrnida Tepaqoʻton kaliy tuzlari koni boʻlgan. Zavod ushbu kon negizida barpo etilgan. Dehqonobod kaliy zavodini qurish uchun „Oʻzkimyosanoat“ DAKning qurilayotgan Dehqonobod kaliy oʻgʻitlari zavodi Direksiyasi tomonidan oʻtkazilgan tender va keyingi toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar natijalari boʻyicha tayyor holda topshirish sharti bilan ikkita shartnoma imzolangan:

  • Qayta ishlash majmuasi qurilishiga 43,9 mln. dollar miqdorida – „Citic“ (XXR) kompaniyasi bilan;
  • Togʻ-kon majmuasi qurilishiga 56,0 mln. dollar miqdorida – „ZUMK-Injiniring“ (Rossiya) kompaniyasi bilan.

Qayta ishlash majmuasi qurilishi uchun 41,7 mln. AQSh dollari miqdoridagi kredit Xitoy hukumatining imtiyozli kredit liniyasi doirasida Xitoy Xalq Respublikasi Eksimbanki tomonidan ajratilgan. Kredit shartlari 5 yil imtiyozli davrni hisobga olgan holda, muddati 20 yil boʻlgan yillik foiz stavkasi 2,0 foiz boʻlgan. Ushbu kredit mablagʻlari Oʻzbekiston hududida „Oʻzsanoatqurilishbank“ ATB tomonidan tasarruf qilingan. Qayta ishlash majmuasi qurilishi shartnomasining 5 foiz miqdoridagi mablagʻ – 2,195 mln. dollar „Oʻzsanoatqurilishbank“ ATB tomonidan qayta moliyalashtiriladigan shartda Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan berilgan.

Dehqonobod kaliy zavodi qurilishi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi umumiy hisobda 61,994 mln. dollar mablagʻ ajratgan. ushbu kredit mablagʻi 3 yil imtiyozli davri bilan 10 yil muddatga, yillik 2,0 foiz stavkada berilgan. Bu mablagʻlarning 2,195 mln. dollari qayta ishlash majmuasini qurish uchun, 56,0 mln. dollari togʻ-kon majmuasi qurish uchun, 3,8 mln. dollari 2008-2009-yillarda texnologik transport-karyer agʻdarma mashinalari xarid qilish uchun ajratilgan.

Shuningdek, zavod ishga tushirilgunga qadar uskunalar xarid qilish, qurilish-montaj ishlari va foizlarni, komissiyalarni hamda XXR Eksimbanki kreditlari va Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi qarz mablagʻlarini toʻlash bilan bogʻliq boʻlgan boshqa xarajatlar uchun Oʻzkimyosanoat" DAK huzuridagi Kimyo sanoatini rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 19,97 mln. dollar miqdorida mablagʻ ajratilgan.

Loyihaga koʻra, Dehqonobod kaliy zavodi yiliga 200 ming tonna oʻgʻitni ishlab chiqarishga moʻljallangan.

Dehqonobod kaliy zavodi 2013-yil 1-yanvargacha yer osti boyliklaridan foydalanish soligʻi va yer soligʻi toʻlashdan ozod qilingan.

Dehqonobod kaliy zavodining 2-navbati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

2009-yilda zavod quvvatini 600 ming tonnaga oshirish maqsadida Dehqonobod kaliy zavodi 2-navbati qurilishi loyihasi va texnik-iqtisodiy asosi (TIA) ishlab chiqiladi. Loyiha TIA 2011-yil 21-noyabrdagi PQ-1642 sonli prezident qaroriga asosan tasdiqlanadi[3].

Xitoyning Citic kompaniyasi tomonidan qiymati 116,306 ming AQSh dollari, ishlab chiqarish quvvati yillik 400 000 tonna boʻlgan II bosqich qayta ishlash majmuasi qurilib, foydalanishga topshirildi.

2010-yil avgustida Dehqonobod tumanida kaliyli oʻgʻitlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan va Markaziy Osiyoda yagona hisoblanuvchi yirik sanoat korxonasining ishga tushirilishi natijasida Oʻzbekistonga ushbu turdagi mahsulotning chetdan import qilinishi toʻxtatildi. Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi rivoji uchun gʻoyatda muhim uch asosiy unsur – fosforli, azotli va kaliyli mineral oʻgʻitlar ishlab chiqarish salohiyatiga ega jahonning sanoqli davlatlari qatoridan joy oldi.

Zavodning 10 yilligi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

2020-yil 19-avgust kuni Dehqonobod kaliy zavodi oʻzining ilk mahsulotini ishlab chiqarganiga 10 yil toʻldi[4].

Zavod oʻtgan 10 yil mobaynida jami 2,2 mln. tonnaga yaqin mahsulot ishlab chiqardi. Yil oxirigacha esa 350 ming tonna kaliy xlorid ishlab chiqarish prognoz qilingan.

Bundan tashqari mahsulotlarning 80 foizi chet elga eksport qilinmoqda. Zavodning 10 yillik faoliyati davomida 30 dan ortiq xorijiy mamlakatlarga 300 million AQSh dollarilik kaliy oʻgʻiti eksport qilingan. DKZning ishga tushishi bilan Oʻzbekiston kimyo sanoatida yangi turdagi kaliy xlorid mineral oʻgʻiti toʻliq mahalliylashtirildi. Shuningdek, korxonada kraxmal mahsuloti ishlab chiqarish loyihasi mahalliylashtirish Dasturiga kiritilib, 2016-yildan guruch sechkasidan kraxmal ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. Hozirda suyuq parafin ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish va uni mahalliylashtirish boʻyicha ishlar olib borilmoqda. Natijada yiliga 28,0 ming AQSh dollari miqdoridagi valyuta mablagʻlarining chetga chiqib ketishining oldi olindi.

2010-yilda Dehqonobod kaliy zavodining daromadi 2 milliard 274 million soʻmni tashkil etgan boʻlsa, 2019-yilda 5 milliard 575 million soʻm foyda olindi. Shuningdek, 2010-yilda davlatga 1,8 milliard soʻm miqdoridagi soliq toʻlangan boʻlsa, bu miqdor 2015-yilda 31,4 mlrd. soʻm, 2019-yilda esa 46,7 mlrd. soʻmga yetdi. Shu kungacha tashkilotning budjetga toʻlagan soliq va boshqa toʻlovlari miqdori 291,39 milliard soʻmdan oshib ketdi.