Fayz Holding kompaniyasi
Tarmogʻi | mebel ishlab chiqarish |
---|---|
Joylashuvi | Oʻzbekiston |
Fayz Holding kompaniyasi — Oʻzbekistonda mebel sanoatining yirik kompaniyasi. Toshkent shahrida joylashgan. 1997-yilda „Mahalliy sanoat“ korporatsiyasining bir nechta korxonalari negizida tashkil etilgan. Bosh korxonasi — oshxona mebellari va boshqa mebellar ishlab chiqaradigan mebel zavodi (1979) negizida tashkil etilgan „Fayz“ qoʻshma korxonasi ochiq aksiyadorlik jamiyati. Tarkibida 30 korxona va tashkilotlar, shu jumladan, 10 ta chet el investitsiyasi ishtirokidagi qoʻshma korxona bor. Kompaniya ustav kapitalida chet ellik investorlar ulushi 67 % ni tashkil etadi. Kompaniya korxonalarida yumshoq va ofis mebellari, oshxona mebellari, yotoqxona toʻplamlari, maktablar va oʻquv yurtlari, bolalar sporti, mehmonxonalar uchun turli mebellar ishlab chiqariladi. Madaniyat, sogʻliqni saqlash muassasalarini, maʼmuriy binolarni jihozlash uchun maxsus mebellarni ishlab chiqarish oʻzlashtirilgan, shuningdek, porolon, gugurt va boshqa mahsulotlar ham ishlab chiqariladi. Kompaniya korxonalari ilgʻor xorijiy texnologiyalar bilan jihozlangan. Kompaniyada Oʻrta Osiyoda yagona boʻlgan laminatsiyalangan DSP taxtalari ishlab chiqaradigan korxona faoliyat koʻrsatadi. Mahsulotlari chet ellarga eksport qilinadi (2000-yilda 300 ming, 2003-yilda 1,15 million, 2004-yilda 1,16 million AQSH dollari qiymatidagi mebel va laminatsiyalangan taxtalar eksport qilindi). 2003-yilda kompaniya korxonalarida 8,1 milliard sumlik sanoat mahsulotlari, 5,9 milliard soʻmlik isteʼmol tovarlari va 5,3 milliard soʻmlik mebel ishlab chiqarildi.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |