Kontent qismiga oʻtish

Dilorom Yusupova

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Dilorom Yusupova

Dilorom Yusupova Temuriylar tarixi davlat muzeyida tashkil etilgan „Temuriylar davrida ilm-fan va madaniyat rivojini oʻrganish va targʻib qilishning umumbashariy ahamiyati“ deb nomlangan konferensiyada. 2023-yil.
Tavalludi 21.07.1941
Toshkent, Oʻzbekiston SSR
Fuqaroligi  Oʻzbekiston
Millati oʻzbek
Sohasi tarix, manbashunoslik
Ish joylari Oʻzbekiston Respublikasi FA Sharqshunoslik instituti
Mashhur shogirdlari Halim Toʻrayev
Mukofotlari Mehnat shuhrati ordeni

Dilorom Yunusovna Yusupova – (1941-yil, 21-iyul, Toshkent, Oʻzbekiston SSR, SSSR) – taniqli oʻzbekistonlik manbashunos olima. Tarix fanlari doktori (2001), professor (2012), akademik (2017). Hozirda Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik instituti akademigi.

Tarjimayi holi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Dilorom Yusupova 1941-yil 21-iyulda Toshkent shahrida ziyoli oilada tugʻilgan. 1958-yilda oʻrta maktabni aʼlo baholar bilan tugatib, Toshkent davlat universiteti (hozirgi OʻzMU)ning Sharq fakultetiga oʻqishga kirgan. 1963-yilda universitetni muvaffaqiyatli tamomlab, shu yildan mehnat faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida davom ettirgan[1].

Ilmiy faoliyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Dilorom Yusupova oʻrta asrlarning yirik tarixchisi va davlat arbobi Fasih Xavofiyning Amir Temur hokimiyatga kelish arafasidan to Temuriylargacha boʻlgan 140 yillik davrni qamrab olgan "Mujmali Fasixiy" nomli asarni fors tilidan rus tiliga oʻgirib, unga mukammal ilmiy izohlar berib, 1980-yil nashr etdi, 2018-yilda esa, bu noyob manbaning toʻldirilgan tarjimasini oʻzbek tiliga chop qildi. U ushbu yirik asarning tarjimasini amalga oshiribgina qolmay, uning ustida chuqur ilmiy tadqiqotlar olib bordi. Ilmiy ishlarining natijalari sifatida 1974-yilda „Mujmali Fasixiy“ – Oʻrta Osiyo va Oʻrta Sharq tarixi va madaniyati tarixi manbasi sifatida" mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi[2]. Oʻz faoliyati davomida olima Temuriylar davri madaniyat tarixi boʻyicha chuqur ilmiy izlanishlarni olib bordi. Xondamirning sakkizta asari ustida ishlab, Temuriylar davrining intellektual salohiyati, madaniyati va maʼnaviyat tarixini yoritib berdi. U birinchi marta tarix fanida Temuriylar davridagi madrasalar, ularning faoliyati, taʼlim-tarbiya tizimi, faoliyat yuritgan olimlar, yirik qurilishlar – madrasa, hammom, rabot va boshqalar, obodonchilik, tibbiyot sohasining taraqqiyot bosqichlari, xattotlik sanʼati haqidagi maʼlumotlarni taqdim etdi. 2001-yilda Xondamir ijodi boʻyicha doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. Dilorom Yusupova hali sharqshunoslikda nomaʼlum boʻlgan qimmatli maʼlumotlarni ilmiy jihatdan tahlil etib, fanni boyitdi va shu davri boʻyicha tarix fanlari doktori ilmiy darajasini oldi. Dilorom Yusupova OʻzR FA Sharqshunoslik institutida saqlanadigan sharq qoʻlyozmalar kataloglarning toʻqqizichi (1971) va oʻn birinchi (1987) jildlarini tuzishda faol qatnashdi. Bu yirik tadqiqot olimaning keyingi tarix faniga oid asarlar boʻyicha sharq qoʻlyozmalarining yaxlit katalogini (1998) yaratishga zamin yaratdi. 1979-yilda Gʻiyosiddin Koshiyning Samarqanddan oʻz otasiga Koshonga yoʻllagan maktubini forschadan rus tiliga ilmiy-izohli tarjimasini chop etdi. Uning oʻzbek tilidagi tarjimasi 1996-yilda nashr qilindi, bu maktub 2006-yilda lotin alifbosida ham chop etildi. Gʻiyosiddin Koshiy oʻz xatida otasiga oʻsha davrdagi ilmiy muhit Ulugʻbek rasadxonasidagi asbob-uskunalarning turlari, unda faoliyat yuritgan olimlar, Ulugʻbekning zukkoligi haqida yozgan. Gʻiyosiddin Koshiyning xatidan maʼlum boʻladiki, olimning otasi ham oʻsha davrda astronomiya ilmidan xabardor, zamonasining ilgʻor kishilaridan boʻlgan. Shu xatning tarjimasi orqali Ulugʻbek rasadxonasi va uning faoliyati haqida aniq maʼlumotlar bilib olindi[3]. Dilorom Yusupova tomonidan chop etilgan ilmiy tadqiqotlarining mazmun-mundarijasiga qaraydigan boʻlsak, tarixnavislik, manbashunoslik va tarixiy tadqiqotlar usullari, Sharq qoʻlyozmalarini kataloglashtirish, XV—XVI asrlar tarixiga oid, yaʼni Amir Temur va Temuriylar davri manbalarini ilmiy-izohli tarjimalari kabi masalalar uning keng qamrovli ilmiy mushohada sohibasi ekanligidan dalolat beradi. Dilorom Yusupovaning 230 dan ortiq ilmiy va oʻquv-uslubiy ishlari chop etilgan. Jumladan, „Svedeniya buxarskogo nakiba Sayyid Axmada xodji o Xivinskom xanstve XIX v.“ (1960), „25 ta Sharq qoʻlyozmalarining ilmiy tavsifi“ (1971), „Pismo Giyas ad-Dina Kashi k svoemu otsu iz Samarkanda v Kashan. Predislovie, perevod s pers. i kommentarii“ (1979), „Fasix Xavafi. Mudjmal-i Fasixi“ (Perevod, predislovie, primechaniya i ukazateli D.Yu. Yusupovoy, 1980), „27 ta Sharq qoʻlyozmalarining ilmiy tavsifi“ (1987), „Fan, taʼlim, tibbiyot“ (1996), „Voprosi nauki i kulturi epoxi Temuridov v trudax Xondamira“ (1996), „La medicine aux XV e XVI siecles dans le Mavarannahr et le Khorossan“ (1998), „Sobranie vostochnix rukopisey Akademii nauk Uzbekistana. Istoriya“ (1998), „From the history of Music in Central Asia From the history 14-th century to the beginning of the 20 th centure“ (1998), „Tvorchestvo Xondamira kak istochnik po istorii kulturi Tsentralnoy Azii XVI v.“ (2006), Fasih Xavofiy „Mujmali Fasixiy“ (2018), Muhammad Amir Buxoriy „Muhit at-tavorix“ (U.Hamroyev bilan hammualliflikda, 2020) kabi tadqiqotlar uning ilmiy zahmatlari mahsuli sifatida yuzaga keldi. Olima bir qancha xorijiy va respublika ilmiyamaliy anjumanlarida ham faol ishtirok etdi. Xususan, Gruziya Batumi, Kutaisi), Rossiya (Moskva, Leningrad), Qirgʻiziston (Bishkek), Qozogʻiston (Alma-ata, Taraz), Eron (Tehron), Fransiya (Strasburg, Parij, Nitssa), Yaponiya (Tokio, Kioto), Angliya (London), Turkiya (Anqara, Istanbul) kabi davlatlarda oʻtkazilgan ilmiy anjumanlarda qilgan maʼruzalari oʻzining dolzarbligi bilan ahamiyatga molikdir. Dilorom Yusupovaning xizmatlari nafaqat Oʻzbekistonda balki koʻplab xorijiy davlatlardagi ilmiy doiralarda ham chuqur eʼtirof etilgan va eʼtirof etib kelinmoqda. Ularning ilmiy xulosalaridan kanadalik olima Mariya Subtelnu, amerikalik olimlar Beatris Mans, Djo Ann Gross, angliyalik tadqiqotchi Odri Berton, yaponiyalik Kadziyuki Kubo, rossiyalik olimlar O.F. Akimushkin, N.N. Tumanovich, gruziyalik olim K. Kutsiya, ozarbayjonlik tadqiqotchi V. Piriev, qirgʻizistonlik olim O. Qilichev kabi taniqli mutaxassislar oʻz ishlarida unumli foydalanishgan.

Dilorom Yusupova ilmiy maktabi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Dilorom Yusupova oʻziga xos ustoz-shogird maktabini yaratib ulgurgan. Uning ilmiy rahbarligida hozirgacha oʻndan ortiq ilmiy himoyalar amalga oshirilgan. Jumladan, toʻrtta doktorlik dissertatsiyalari – A. Kilichev (Bishkek), H. Toʻrayev (Buxoro), Sh. Oʻljayeva (Toshkent), B. Usmonov (Fargʻona); oltita nomzodlik va tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori dissertatsiyalari – M. Hamidova (Toshkent), O. Mahmudov (Fargʻona), R. Xudoyberganov (Toshkent), S. Ulashova (Toshkent), T. Mahmudov (Samarqand), Z. Xatamova (Fargʻona) va boshqalar. Olimaning yana oʻnga yaqin shogirdlari fan doktorligi va falsafa doktorligi boʻyicha ilmiy tadqiqotlarini davom ettirmoqda.

Dilorom Yusupova koʻp yillik mehnatlari natijasida 2011-yilda „Mehnat shuhrati“ ordeni, 2021 yilda „Mehnat faxriysi“ koʻkrak nishoni bilan[4], 2023-yil „Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi“ faxriy unvoni bilan taqdirlangan[5].

Asosiy ilmiy ishlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]
  1. Pismo Giyas ad-Dina Kashi k svoemu otsu iz Samarkanda v Kashan. Predislovie, perevod s pers. i kommentarii//"Iz istorii nauki epoxi Ulugbeka". Izd-vo „Fan“ UzSSR. Tashkent.
  2. Fasix Xavafi. Mudjmal-i Fasixi. Perevod, predislovie, primechaniya i ukazateli. Tashkent. Izd-vo „Fan“ UzSSR. 1980.
  3. Sobranie vostochnix rukopisey AN UzSSR. T.XI. Pod. red. d.i.n. A.Urunbaeva, k. filol. n. R.Djalilovoy. Tashkent. 1987.
  4. Jizn i trudi Xondamira. Izd-vo „Fan“ AN RUz. Tashkent.
  5. Fasih Ahmad ibn Jaloliddin Muhammad al Xavofiy. Mujmali Fasixiy. Fasih toʻplami. Tarjima, kirish, izohlar va koʻrsatkichlar D.Yu. Yusupovaniki. Toshkent. „Fan“. 2018.
  6. Muhammad Amin Buxoriy. Muhit at-tavorix. Fors tilidan tarjima, kirish qism, izohlar mualliflari: D.Yu. Yusupova va U. Hamroyev. Toshkent. „Fan“. 2020.
  1. Bugun tugʻilgan kun! OʻzR FA akademigi Dilorom Yusupova
  2. Murtazayeva R mas'ul muharrir. Oʻzbekiston tarixchilari. I jild. (Biobibliografik maʼlumotnoma). Toshkent: Fan va texnologiya, 2012 — 246-bet. 
  3. Uvatov U, Xudoyberganov R. Dilorom Yusupova, Toshkent, 2021 — 140-bet. 
  4. Jovliyev I, Yaxshiboyeva U, Arzikulova D, Hasanova L. Oʼzbekiston ayollari. Toshkent: Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi, 2019 — 224-bet. ISBN 978-9943-07-694-5. 
  5. Ўзбекистон Республикаси Фанлар академиясининг 80 йиллиги муносабати билан бир гуруҳ олим ва тадқиқотчиларни мукофотлаш тўғрисида