Kontent qismiga oʻtish

Dukentsoy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Dukentsoy
Dukentsoy (oldinda) va Kattasoy irmogʻi (keyinda) Yangiobod shahri yaqinida qoʻshiladi
Dukentsoy (oldinda) va Kattasoy irmogʻi (keyinda) Yangiobod shahri yaqinida qoʻshiladi
Tavsif
Uzunligi 33
Havzasi Ohangaron/Sirdaryo/
Kichik Orol dengizi/Katta Orol dengizi
Suv sarfi 3,41 m³/s
Suv oqimi
Boshlanishi
 · Boshlanish joyi Chatqol tizmasi, Muzbel dovoni yaqinida
 · Balandligi 2 800 m
Quyilishi Ohangaron (daryo)
 · Quyilish joyi Angren (shahar)
 · Balandligi 800 m
Joylashuvi
Davlat Oʻzbekiston
Mintaqa Toshkent viloyati
Tuman Ohangaron tumani
Dukentsoy

Dukentsoy – Toshkent viloyati Ohangaron tumanidagi soy. Ohangaron daryosining oʻng irmogʻi. Chatqol tizmasidagi Muzbel dovonining janubiy yonbagʻirlaridan oqib tushuvchi 60 dan ziyod irmoqning qoʻshilishidan hosil boʻladi. Yuqori oqimida (chap irmogʻi – Chiltonsoy quyiladigan joygacha) Olatangi, soʻng Dukentsoy deb ataladi. Uzunligi 33 km, havzasining maydoni 242 km2. Dukentsoy qoryomgʻir va buloq suvlaridan toʻyinadi, oʻrtacha koʻp yillik suv sarfi 3,41 m3/sek, oʻrtacha loyqaligi 120 g/m3. Dukentsoy yillik oqimining 70—80% martiyunda oqib oʻtadi. Yozning 2-yarmi, kuz oylarida esa suvi 0,30 m3/sek gacha kamayadi. Dukentsoydan aprel-mayda koʻpincha sel keladi, suv sarfi sekundiga 56 m3 gacha ortadi. Qishda koʻpincha muzlaydi.

Etimologiyasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Tarixchi Yuriy Buryakovning taʼkidlashicha, xalq etimologiyasida toponimning turli tarjimalari berilgan: „ikki shahar“, goʻyoki daryo boʻyida mavjud boʻlgan (Dukent) yoki „ikki shaxta“ (Dukan), lekin ikkala variant ham mintaqadagi odamlarning qadimiy faoliyati haqidagi afsonalarga borib taqaladi[1].

Dukentsoyning uzunligi 33 km. Havzasining maydoni 242 km², Dukent qishlogʻi yuqorisidagi suv havzasining oʻrtacha balandligi (201 km² suv havzasi) 2210 m[2]. Soy qor-yomgʻir va buloq suvlaridan toʻyinadi. Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasida oʻrtacha koʻp yillik suv sarfi 3,41 m³/s ekanligi koʻrsatilgan. Viktor Chubning xabar berishicha, Dukent qishlogʻi yaqinida oʻlchangan oʻrtacha yillik suv sarfi 3,58 m³/s, yillik oqim hajmi 113 mln m³, oʻrtacha oqim moduli 17,8 l/s⋅km², oqim qatlami yiliga 562 sm, oqimning oʻzgaruvchanlik koeffitsienti (1971—1999-yillarda, 29 yillik kuzatish davrida) 0,379 ni tashkil qiladi[2]. Soy martdan iyungacha toʻlib oqadi va bu davrdagi suv miqdori yillik oqimning 70-80% ni tashkil qiladi. Bahorda daryo tubida suv oqimi 56 m³/s ga yetganda tez-tez sel keladi. Yoz va kuzning ikkinchi yarmida suv oqimi 0,30 m³/s gacha kamayadi. Suvning oʻrtacha loyqaligi 120 mg/l. Qishda Dukentsoy koʻpincha muzlaydi[3].

Olatangi beton ariqdan (lotok) oqib chiqmoqda
Dukentsoy Angren shahrida shaxobchalarga boʻlinib ketadi. Orqa tomonda temir yoʻl koʻprigi joylashgan

Dukentsoy (Olatangi) Chatqol tizmasining janubiy yonbagʻrida, Muzbel dovonining janubi-gʻarbida 60 dan ortiq manbalardan suv yigʻib, hosil boʻlgan. Yuqori oqimida u janubi-gʻarbiy tomonga oqib oʻtadi, yirik Muzbel irmogʻi qoʻshilgandan soʻng oqim umumiy janubiy yoʻnalishini oladi, quyilish joyigacha shu yoʻnalishda dengiz sathidan 2221 metr balandlikda oqishda davom etadi.

Kattasoyning Dukentsoy bilan tutashgan yerida Yangiobod shahri joylashgan. Yangiobod yaqinida soyning kengligi 20-25 metrni tashkil etadi. Quyi oqimida u Angren shahrining sharqiy chekkasi (Yangiobod-2 (Dukent), Apartak qishloqlari) boʻylab oʻtib, bu yerda sharqqa bir oz buriladi va joylarda alohida shoxlarga boʻlinadi. Toshkent – Angren temir yoʻl liniyasini yakuniy stansiya yonidan kesib oʻtadi va oʻng tomondan 880 m balandlikda Ohangaronga (Ohangaronning chap irmogʻi Nishboshsoy bilan deyarli bir vaqtda) quyiladi (daryoning bu qismi betonlashtirilgan va Ohangaron kanali deb ham yuritiladi). Dukentsoy va Qorabov Ohangaronning oxirgi irmoqlari boʻlib, ularning suvlari yil davomida daryoga toʻgʻridan-toʻgʻri yetib boradi, quyiroqdagi irmoqlari hozirda konussimon flyuvial tuzilmaga ega[3] yoki quyi oqimida Ohangaronga yetmay qurib qoladi.

Dukentsoy irmoqlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Dukentsoyning eng katta chap irmogʻi Kattasoy, yuqori qismida oqadigan uzun irmogʻi Chiltonsoy ham chap irmoq hisoblanadi. Yuqori oqimida oʻngdan Muzbel irmogʻi Olatangiga quyiladi.

Ekologik holati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

2002-yil Dukentsoy havzasida Angren neft bazasi qurildi. Yer osti suvlarining gazsimon fraksiyalardan tortib ogʻir fraksiyalarga qadar boʻlgan neft mahsulotlari bilan doimiy ifloslanishi qayd etilgan[4].

Arxeologik yodgorliklar va topilmalar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Dukentsoyning oʻng qirgʻogʻida, Dukent qishlogʻida (Angren hududida) oʻrta asrlarga oid Dukent shahristoni topilgan. Shahar X—XIX asrlarda deyarli uzluksiz yashab kelgan, hatto moʻgʻullarning Oʻrta Osiyo bosqinidan ham omon qolgan. Buning sababi, ehtimol, togʻ daryosining vodiysida qulay joylashuvi, hujum uchun noqulay va foydali qazilmalarga boyligi boʻlishi mumkin. Dukentsoyning yuqori oqimida mis va polimetall rudalarning rivojlanishi uzoq tarixga ega[5].

Hududda olib borilgan qazishma jarayonida XV asr oxiri XVI asr boshlariga taalluqli qayin poʻstlogʻiga yozilgan bitiklar topilgan. Harflar vertikaliga, uchli tayoqni siyohga botirish orqali yozilgan. Bitiklarning yaratilishi moʻgʻullar oʻrtasida yashirin buddaviylik sektasi bilan bogʻliq[5][6].

Mintaqada uch marta tangalardan iborat xazinalar topilgan. 1952-yilda soyning oʻng qirgʻogʻida, Angrendan 15 kilometr uzoqlikda 1273—1311-yillarda 15 zarbxonada zarb qilingan 1499 dona kumush tanga, 1961-yilda Dukentda 1533—1549-yillardagi 70 dan ortiq kumush va mis tangalar, 1965-yilda mahalliy aholi tomonidan toʻplangan XIV-XV asrlarga oid 329 kumush tanga xazinasi topilgan[5].

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  1. Yuriy Buryakov. Историческая топография Ташкентского оазиса (Историко-археологический очерк Чача и Илака) (ru). Toshkent: FAN, 1975 — 204-bet. 
  2. 2,0 2,1 Буряков Ю. Ф.. Изменение климата и его влияние на гидрометеорологические процессы, агроклиматические и водные ресурсы Республики Узбекистан (ru). Toshkent: «VORIS NASHRIYOT» MChJ, 2007-yil — 89 --bet. ISBN 9789943304239. 
  3. Чуб В. Е.. Изменение климата и его влияние на гидрометеорологические процессы, агроклиматические и водные ресурсы Республики Узбекистан (ru). Toshkent: «VORIS NASHRIYOT» MChJ, 2007-yil — 86 --bet. ISBN 9789943304239. 
  4. Мингбоев К. Р. „Комплексирование методов оценки подземных вод нефтепродуктами“ (ru). spec-sovet.seismos.uz. 2016-yil 4-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 16-noyabr. // Avtoreferat dissertatsii na soiskanie uchenoy stepeni kandidata geologo-mineralogicheskix nauk. – Tashkent, 2012. S. 8
  5. 5,0 5,1 5,2 „Исторические памятники на территории Угам-Чаткальского национального парка“ (ru). www.orexca.com. 2018-yil 26-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2019-yil 17-noyabr.
  6. Yuriy Buryakov. Историческая топография Ташкентского оазиса (Историко-археологический очерк Чача и Илака) (ru). Toshkent: FAN, 1975 — 156—157-bet.