Kontent qismiga oʻtish

Foydalanuvchi:Oblakulova/Al-Muqtafiy

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Al-Muqtafiy
arabcha: المقتفي لأمر الله
Xalifa
Amir al-Moʻminin
Bagʻdod xalifaligining 31-xalifasi
Abbosiy xalifalar Bagʻdodda
Saltanat 1136-yil 17-sentyabr – 1160-yil 12-mart
Oʻtmishdoshi Ar-Rashid
Davomchisi Al-Mustanjid
Tugʻilishi 1096-yil 9-aprel
Bagʻdod, Bagʻdod xalifaligi
Vafoti

1160-yil 12-mart (64 yoshda)

Bagʻdod, Bagʻdod xalifaligi
Turmush oʻrtogʻi
Farzandlari Al-Mustanjid
Abu Ali
Zubayda
Kirmon xotun
Toʻliq nomi
Abu Abdulloh Muhammad ibn Ahmad al-Mustazhir al-Muqtafiy li-Amrulloh
Sulola Abbosiylar
Otasi Al-Mustazhir
Onasi Ashin
Dini Islom, Ahl as-Sunna val-Jamoa

Abu Abdulloh Muhammad ibn Ahmad al-Mustazhir (arabcha: arabcha: أبو عبد الله محمد بن أحمد المستظهر), al-Muqtafi li-Amr Alloh (المقتفي لأمر الله) shoh nomi bilan mashhur (1096-yil 9-aprelda tug'ilgan – 1160-yil 12-martda vafot etgan)[1] 1136—1160-yillarda Bagʻdodda Saljuqiylar taxtdan voz kechishga majbur boʻlgan xalifa ar-Rashidning oʻrniga hokimiyatga o'tirgan. Saljuqiy turklari oʻrtasida davom etayotgan tarqoqlik va toʻqnashuvlar al-Muqtafiyga, nafaqat, Bagʻdodda oʻz hokimiyatini saqlab qolish, balki uni Iroq boʻylab kengaytirish imkoniyatini ham bergan.

Abu Abdulloh Muhammad, bo'lajak xalifa al-Muqtafiy 1096-yil 9-aprelda tug'ilgan. Otasi Abbosiylar xalifasi al-Mustazhir (h. 1094–1118)[1], onasi suriyalik Ashin ismli cho'ri bo'lgan[2]. Otasining vafotidan keyin 1118-yil 6-avgustda o‘gay ukasi al-Mustarshid[2] taxtga o'tirgan. Al-Mustarshid (h. 1118–1135) xalifa sifatida 16 yil hukmronlik qilgan, ammo hukmronligining so'nggi 3 yili Saljuq sultoni Mas'udga (uning noibi) qarshi urushlar bilan o'tgan. Damashq qamal qilinganidan ko'p o'tmay, al-Mustarshid 1133-yilning yanvar oyida Bag'dodda Saljuqiy sultoni Mas'udga qarshi harbiy yurish boshladi. Raqib qo'shinlari Hamadon yaqinida to'qnash keldi. O'z qo'shinlari tomonidan tashlab ketilgan xalifa asirga olinib, saroyini tark etmaslik va'dasi bilan afv etildi. Biroq sulton yo'qligida chodirda Qur'on o'qiyotgan paytida o'ldirilgan holda topildi. Bir qancha taxminlarga ko'ra, u xalifaga dushmanlik qilgan Hashshoshiylar josusi tomonidan o'ldirilgan. Zamonaviy tarixchilar aynan sulton Mas'ud ushbu qotillikni qo'zg'atgan deb gumon qilishadi, biroq ikki mashhur tarixchilar Ibn al-Asir va Ibn al-Javziy ushbu masalada bunday taxmin yuritmaganlar. Al-Mustarshid qizil sochli, ko'k ko'zli va sepkilli odam bo'lgan[3].

1135-yil 29-avgustda al-Mustarshidning oʻrniga uning oʻgʻli va merosxoʻri ar-Rashid billoh taxtga oʻtirdi. Otasi al-Mustarshid singari, ar-Rashid billoh ham saljuqiylardan harbiy mustaqillikka (o'z qo'shinini shakllantirish) erishish uchun urinib ko'rdi. U otasining o‘limi uchun qasos olish maqsadida sulton G‘iyoddin Mas’udning elchisini haqorat qilgan, undan katta boylik talab qilib, olomonni uning saroyini talon-taroj qilishga undagan. Ar-Rashid Imoduddin Zangiy tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. O'zining elchisi Dubay ibn Sadaqaning o'ldirilgani haqida xabar topgan Mas'ud shosha-pisha poytaxtga borib, shaharni qamal qildi. Yaxshi himoyaga ega bo'lgan Bag'dod dastlab hujumga qarshilik ko'rsatdi, lekin oxir-oqibat xalifa va Zangiy muvaffaqiyatdan umidlarini uzib, Mosulga qochib ketishdi. Sulton hokimiyati qayta tiklandi, kengash oʻtkazilib, xalifa taxtdan olindi va uning amakisi al-Muqtafiy yangi xalifa etib tayinlandi. Ar-Rashid billoh esa Isfahonga qochib ketdi, u yerda 1138-yilning iyun oyida 4 nafar Nizoriy ismoiliylar tomonidan o'ldirildi. Bir hafta davomida Alamutda sobiq xalifaning o'limi nishonlandi[4].

Al-Muqtafiy 1136-yil 17-sentyabrda xalifa deb e’lon qilingan[1]. U Bag‘dod ustidan o‘z nazoratini saqlab qolish uchun saljuqiylarning ichki janglaridan foydalanishga muvaffaq bo‘lgan va hatto asta-sekinlik bilan Iroqning katta qismi ustidan o‘z hukmronligini kengaytirishga erishgan[1].

1148-yilda al-Muqtafiy sulton Mas’udga qarshi qo‘zg‘olon ko‘tardi va Bag‘dodga yurish qilgan bir guruh saljuqiy sarkardalariga qarshi muvaffaqiyatli kurash olib bordi[1]. Ba'zi manbalarga ko'ra, keyingi yilda ham shunga o'xshash urinish sodir etilgan va saljuqiylar xalifa qo'shinlari tomonidan mag'lubiyatga uchratilgan[1]. 1152-yilning oktyabr oyida sulton Mas’udning vafotidan keyin saljuqiylar o‘rtasida sultonlik uchun kurash boshlandi. Bu voqealarda, shuningdek, al-Muqtafiy faol rol o‘ynadi. Mas'udning vafotidan bir necha oy o'tgach, al-Muqtafiy Vosit va al-Hillani qo'lga kiritishga muvaffaq bo'ldi[1]. Saljuqiylar vorisligi uchun kurashda xalifa sulton Mas'udning jiyani Muhammad II ga qarshi Mas'udning ukasi Sulaymonshohni qo'llab-quvvatladi. Buning evaziga esa Iroq ustidan hokimiyat boshqaruviga aralashmaslik va'dasini oldi[1].

Muhammad Sulaymonshohni mag‘lub etganidan so‘ng, saljuqiylar Bag‘dodga yurish qilib, xalifani sharqiy chorakda panoh topishga majbur qildil va 1157-yilda shaharni qamal qilishga kirishdi[1]. Muhammad Hamadonda Malikshoh III tomonidan ko'tarilgan isyon bilan toʻqnash kelgani sababli qamaldan voz kechildi. Oradan vaqt oʻtishi bilan al-Muqtafiy Muhammad bilan munosabatlarni yaxshiladi[1]. O‘zining so‘nggi yillarida al-Muqtafiy Tikritga 2 marta samarasiz hujum uyushtirdi, biroq uning o'rniga Lihf shahrini egallay oldi[1].

Avn ad-Din ibn Hubayra xalifaning vaziri etib tayinlandi va 1165-yil 27-mart kuni ya'ni vafotiga qadar bu lavozimni 16 yil davomida ushlab turdi[5].

Al-Muqtafiyning xalifaligi davrida salib yurishlari avjiga chiqdi. Mosul otabegi va Zangiylar sulolasining asoschisi Zangiy jasur va saxovatli jangchi sifatida yuksak hurmatga sazovor bo'ldi. Og'ir ahvolda qolgan sulton Zangiy shoshilinch ravishda Bag‘dodga yordam so‘rab murojaat qildi. Sulton va xalifa 20 000 askarni unga yordam berish uchun yubordi. Biroq aslida saljuqiylarda ham, xalifada ham, ularning amirlarida ham salibchilarga qarshi urushga ishtiyoq yo‘q edi.

Al-Muqtafiy zamonaviy musulmon tarixchilari tomonidan fazilatli, qobiliyatli va jasur shaxs deb ta'riflanadi. 25 yillik xalifaligi davrida u Iroq va Suriya boʻylab dushmanlarga qarshi koʻplab kichik yurishlarini amalga oshirgan.

1139-yilda al-Muqtafiy tomonidan Nestorian patriarxi Abdisho III ga berilgan himoya xartiyasi 1926-yilda ossuriyalik olim Alphonse Mingana tomonidan nashr etilgan[6].

Al-Muqtafiy sulton Muhammad I Tapar va uning xotini Nistandar Jahonning qizi Fotima xotunga uylangan. Ular 1137-yilda turmush qurishgan[7]. 1147-yil sentyabrda Fotima xotun vafot etgan[8]. Uning kanizaklari orasida yunon millatiga mansub Tovus ismli qiz bo'lgan. Tovus keyinchalik bo'lajak xalifa Al-Mustanjidni dunyoga keltirgan[9]. Al-Muqtafiyning Ummu Abu Ali ismli yana bir kanizagi bo'lib[10], u xalifaning o‘g‘li Abu Alining onasi bo'lgan. Ummu Abu Ali o'g'lining muvaffaqiyatga erishishini xohlagan va 1160-yilda erining vafotidan keyin ko'plab amirlarni o'z tomoniga ag'dargan. Yangi tayinlangan xalifani o'ldirish maqsadida ularning cho'rilarni xanjar bilan qurollantirgan. Biroq al-Mustanjid bu fitnani aniqlab, isyonchi o'g'il va onani qamoqqa tashlagan[11].

Al-Muqtafiyning Zubayda ismli qizi bo'lgan[12]. U keyinchalik sulton G'iyosiddin Mas'udga unashtirilgan[13]. Sulton Mas'ud Zubaydaga 100 000 dinor mahr bergan edi[14] va ular 1140-yilda turmush qurishgan[15][11]. O'sha vaqtda Zubayda hali yosh bo'lganligi sababli to‘y 5 yilga kechiktirilgan[11]. Biroq 1152-yilda Mas'udning o'limi tufayli ular hech qachon nikohdan o'tishmagan[14]. Xalifaning yana bir qizining ismi Kirmon xotun edi. U sulton Muhammad II ga unashtirilgan[16]. Ular 1158-yilning oxiri yoki 1159-yilning boshida turmush qurishgan. Biroq Muhammadshohning kasalligi tufayli ular hech qachon nikohdan o'tmagan. Sultonning oʻlimidan soʻng Kirmon xotun 1160-yilning noyabrida Arslonshohga turmushga chiqqan[17].

Al-Muqtafiy 1160-yil 12-martda 64 yoshida vafot etgan. Uning o'rniga taxtga al-Mustanjid nomi bilan mashhur bo'lgan o'g'li Yusuf hokimiyat tepasiga kelgan. Al-Mustanjid 1124-yilda tug‘ilgan va otasi al-Muqtafiyning vafotidan keyin 36 yoshida taxtga o‘tirgan.

  1. 1,00 1,01 1,02 1,03 1,04 1,05 1,06 1,07 1,08 1,09 1,10 Zetterstéen 1993.
  2. 2,0 2,1 الدكتور, عبد القادر بوباية ،الأستاذ. الاكتفاء في اخبار الخلفاء 1–2 ج2. Dar Al Kotob Al Ilmiyah دار الكتب العلمية, 2009 — 487, 492-bet. 
  3. Amin Maalouf. The Crusades Through Arab Eyes. Saqi, 15 July 2012 — 81-bet. ISBN 978-0-86356-848-0. 
  4. Daftary, Farhad. The Isma'ilis: Their History and Doctrines (en). Cambridge University Press, 1992 — 384-bet. ISBN 978-0-521-42974-0. 
  5. Makdisi 1971.
  6. Mingana, A. (1926). "A Charter of Protection Granted to the Nestorian Church in AD 1138 by Muktafi II, Caliph of Baghdad". Bulletin of the John Rylands Library 10 (1): 126–133. doi:10.7227/BJRL.10.1.6. 
  7. Hanne, Eric J.. Putting the Caliph in His Place: Power, Authority, and the Late Abbasid Caliphate. Fairleigh Dickinson University Press, 2007 — 170-bet. ISBN 978-0-8386-4113-2. 
  8. al-Athīr, ʻIzz al-Dīn Ibn. The Chronicle of Ibn Al-Athīr for the Crusading Period from Al-Kāmil Fīʼl-taʼrīkh: The years 541–589, Crusade texts in translation. Ashgate, 2006 — 16-bet. ISBN 978-0-7546-4078-3. 
  9. Al-Khudari, S.M.. Bangkit Dan Runtuhnya Khilafah Bani Abbasiyah, Bangkit dan Runtuhnya Daulah Islamiyah. Pustaka Al-Kautsar — 748-bet. 
  10. Hanne, E.J.. The Caliphate Revisited: The Abbasids of 11th and 12th Century Baghdad. University of Michigan, 1998 — 366-bet. ISBN 978-0-599-08368-4. 
  11. 11,0 11,1 11,2 Richards 2010.
  12. Rudainy. „The Role of Women in the Būyid and Saljūq Periods of the Abbasid Caliphate (339-447/9501055&447-547/1055-1152): The Case of Iraq“. University of Exeter (2015-yil 12-iyun). Qaraldi: 2024-yil 14-aprel.
  13. Hillenbrand, C.. A Muslim Principality in Crusader Times: The Early Artuqid State, Nederlands Historisch-Archeologisch Instituut in het Nabije Oosten İstanbul: Uitgaven van het Nederlands Historisch-Archaeologisch Instituut te Istanbul. Nederlands Historisch-Archaeologisch Instituut te Istanbul, 1990 — 98 and n. 58-bet. ISBN 978-90-6258-066-8. 
  14. 14,0 14,1 Roded, R.. Women in Islamic Biographical Collections: From Ibn Saʻd to Who's who. L. Rienner Publishers, 1994 — 122-bet. ISBN 978-1-55587-442-1. 
  15. الجوزي, سبط ابن. مرآة الزمان في تواريخ الأعيان 0. مؤسسة الرسالة العالمية, 2013 — 321–22-bet. 
  16. Bakikhanov, Abbas-Kuli-aga. The Heavenly Rose-garden: A History of Shirvan & Daghestan. Mage Publishers, 2009 — 62-bet. ISBN 978-1-933823-27-0. 
  17. Ḣamd Allāh AḢMAD IBN ABĪ BAKR IBN NAṠR. Histoire des Seldjoukides et des Ismaéliens ou Assassins de l'Iran, extraite du Tarikhi Guzideh ou Histoire Choisie d'Hamd-Allah Mustaufi. Traduite du persan et accompagnée de notes historiques et géographiques par M. Defrémery. (Extrait ... du Journal Asiatique.)., 1849 — 95–96-bet. 
  • Tor, D. G. (2017). "The Political Revival of the Abbasid Caliphate: Al-Muqtafī and the Seljuqs". Journal of the American Oriental Society 137 (2): 301–314. doi:10.7817/jameroriesoci.137.2.0301. 
  • Richards, D.S.. The Chronicle of Ibn Al-Athir for the Crusading Period from Al-Kamil Fi'L-Ta'Rikh.: The Years 491-541/1097-1146 the Coming of the Franks and the Muslim Response, Crusade texts in translation. Ashgate, 2010. ISBN 978-0-7546-6950-0. 
  • This text is adapted from William Muir's public domain, The Caliphate: Its Rise, Decline, and Fall.
Oblakulova/Al-Muqtafiy
Banu Hoshim Cadet branch
Tavalludi: 9-aprel 1096 Vafoti: 12-mart 1160
Sunniylik unvonlari
Oldingisi Musulmon xalifalar
Bagʻdod xalifaligi

1136-yil 17-sentyabr – 1160-yil 12-mart
Keyingisi

[[Turkum:Abbosiy xalifalarning oʻgʻillari]] [[Turkum:XII asr Abbosiy xalifalari]] [[Turkum:1160-yilda vafot etganlar]] [[Turkum:1096-yilda tugʻilganlar]]