Kontent qismiga oʻtish

Gulag

Vikipediya, erkin ensiklopediya
xarita

Gulag (ruscha: ГУЛАГ, Гла́вное управле́ние лагере́й; Glavnoye upravleniye lagerey — Axloq tuzatish-mehnat lagerlari, surgun va qamoq-joylari bosh boshqarmasi) — sobiq shoʻrolar davlatida 1934–56–yillarda axloq tuzatish mehnat lagerlari tizimiga rahbarlik qilgan NKVD (MVD) boʻlinmasi. Uning maxsus boshqarmalari turli joylar, Qaragʻandi, Dalstroy, Solovki, Belomor-Baltika, Vorkuta, Norilsk va boshqa yerlardagi axloq tuzatish mehnat lagerlarini birlashtirgan. Lagerlarda juda ogʻir sharoit oʻrnatilgan, eng oddiy insoniy huquqlarga ham rioya etilmagan, ish rejimi ozgina buzilgani uchun qattiq jazo berilgan. Sobiq Ittifoqning hamma chekkalaridan, shu jumladan, Oʻzbekistondan jazoga mahkum etilgan millionlab mahbuslar chekka Shimolda, Uzoq Sharqda va boshqa mintaqalarda joylashgan kanallar, yoʻllar va shu kabi inshootlar qurilishida haq olmay ishlagan. Ochlik, kasallik va mashaqqatli mehnat tufayli oʻlim haddan tashqari koʻp boʻlgan. A.I. Soljenitsinning „Gulag orollari“ kitobida shoʻrolar davlatidagi bu ommaviy qirgʻinlar va zoʻravonlik tizimi fosh qilindi. Kitob nashr etilganidan keyin GULAG atamasi NKVD lagerlari va turmalari, umuman totalitar tuzumning ifodasi boʻlib qoldi.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil