Kontent qismiga oʻtish

Turgʻunlik davri

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Turgʻunlik davri (ruscha: Пери́од засто́я yoki Эпо́ха засто́я Époxa zastóya) — bu Leonid Brejnev (1964-1982) davrida boshlangan Sovet Ittifoqining iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy siyosatiga salbiy nuqtai nazarni tavsiflash uchun Mixail Gorbachev amalga kiritgan atama. Turgʻunlik davri Yuriy Andropov (1982–1984) va Konstantin Chernenko (1984–1985) davrida ham davom etgan[1][2]. Baʼzi hollarda Brejnev turgʻunligi tarzida ham ishlatiladi.

Atamashunoslik

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Brejnev hukmronlik qilgan davrda „Turgʻunlik davri“ atamasi isteʼmolda boʻlmagan. Buning oʻrniga, Brejnev 1971-yilda boshlangan davr uchun „rivojlangan sotsializm davri“ (ruscha: period razvitógo socialismimizma) atamasini ishlatgan. Bu atama Xrushchyovning 1961-yildagi 20 yilda kommunizmga erishish haqida bergan vaʼdasidan kelib chiqqan[3]. 1980-yillarda Sovet rahbari Mixail Gorbachyov Leonid Brejnev 1964-yildan 1982-yilgacha Sovet Ittifoqini boshqargan davrda yuzaga kelgan iqtisodiy qiyinchiliklarni tavsiflash uchun „turgʻunlik davri“ atamasini isteʼmolga kiritdi[4]. Soʻngra olimlar turgʻunlik davrining sanalari, ahamiyati va sabablari borasida izlanishlar olib bora boshladilar. Gorbachyov tarafdorlari Brejnevni va umuman Brejnev maʼmuriyatini haddan tashqari konservativ va zamon bilan hamnafas oʻzgarmaganlikda tanqid qilishdi[5].

1953-yilda Sovet rahbari Iosif Stalin vafotidan keyin siyosatni oʻzgartirish dasturi boshlandi, keyinchalik mazkur dastur destalinizatsiya deb nomlandi. Sovet rahbari sifatida Stalinning qisqa muddatli davomchisi boʻlgan Georgiy Malenkovdan keyin hokimiyatga kelgan Nikita Xrushchyov „Xrushchyov erishi“ deb nomlanuvchi nisbatan liberal islohotlarni amalga oshirdi. Bu davrda iqtisodiy oʻsish ham kuzatilib, koʻlami 6% dan oshdi. Biroq, 1962-yildagi Manej ishi, Xrushchyovning sovet sanʼati koʻrgazmasini ayovsiz tanqid qilgani, Kommunistik partiyaning sanʼat ustidan nazoratini qayta tiklashga olib keldi va madaniy erish davri tugashining boshlanishini belgiladi[6].

1964-yilda Xrushchyov oʻrniga Brejnev Sovet davlati rahbari boʻldi. Brejnev erasi (1964-1982) yuqori iqtisodiy oʻsish va farovonlik bilan boshlandi. Lekin asta-sekin ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy sohalarda jiddiy muammolar toʻplanib bordi. Ijtimoiy turgʻunlik Brejnev hokimiyat tepasiga kelganidan soʻng Xrushchevning bir qancha islohotlarini bekor qilib, stalinistik siyosatni qisman tiklaganidan keyin boshlandi. Baʼzi sharhlovchilar ijtimoiy turgʻunlikning boshlanishini 1966-yilgi Sinyavskiy-Daniel sud jarayoni bilan belgilashadi. Chunki unda ikki yozuvchi antisovet tashviqotda ayblanishi Xrushchyov erishi tugashini koʻrsatib berdi[7]. Boshqalar buni Varshava shartnomasi tashkiloti aʼzolarining 1968-yilda Praga bahorini bostirish uchun Chexoslovakiyaga bostirib kirishi vaqti bilan belgilashadi[8]. Davrdagi siyosiy turgʻunlik barqarorlik siyosatining bir qismi sifatida vujudga kelgan gerontokratiyaning oʻrnatilishi bilan bogʻliq edi.

Aksariyat olimlar iqtisodiy turgʻunlik boshlangan yilni 1975-yil deb koʻrsatishadi. Boshqalar esa bu davrni 1960-yillarda boshlangan deb daʼvo qilishadi. 1970-yillarda sanoatning oʻsish surʼatlari pasayib ketdi. Chunki ogʻir sanoat va qurol sanoati ustuvor boʻlib, Sovet xalq isteʼmol tovarlari eʼtiborsiz qoldirildi[9]. 1972-yilda ishlab chiqarilgan barcha isteʼmol tovarlarining qiymati chakana narxlarda taxminan 118 milliard rublni tashkil etdi[10]. Tarixchilar, olimlar va mutaxassislar turgʻunlikka nima sabab boʻlganini aniq bilishmaydi, baʼzilari esa buyruqbozlikka asoslangan iqtisodiyot oʻsishni toʻxtatuvchi tizimli kamchiliklardan aziyat chekkanini taʼkidlaydilar. Boshqalar esa islohotning yoʻqligi yoki harbiy sohaga koʻp mablagʻ sarflangani turgʻunlikka olib kelganini taʼkidlaydilar.

Brejnev iqtisodiy vaziyatni yaxshilash uchun juda kam ish qilgani sababli vafotidan keyin tanqid qilindi. Uning hukmronligi davrida hech qanday yirik islohotlar boshlanmadi. Taklif qilingan bir nechta islohotlar juda kamtarona edi yoki Sovet rahbariyatining koʻpchiligi qarshi chiqqan edi. Vazirlar Kengashining (Hukumat) islohotchi Raisi Aleksey Kosiginning 1965-yilgi tubdan islohoti muvaffaqiyatsizlikka uchragach, 1970-yillarda ikkita oddiy islohotni amalga oshirdi va oʻsish tendensiyasi pasayishini qaytarishga harakat qildi. 1970-yillarga kelib Brejnev Kosiginning „radikal“ islohotga qaratilgan har qanday urinishlarini toʻxtatish uchun yetarli kuchga ega boʻldi.

1982-yil noyabrda Brejnevning vafotidan keyin hokimiyat Yuriy Andropov qoʻliga oʻtdi. Brejnevdan meros sifatida qolgan Sovet Ittifoqi 1964-yilda hokimiyatni egallagan paytdagiga qaraganda ancha dinamikligini yoʻqotgan edi. Andropov qisqa hukmronligi davrida kichik miqyosda kamtarona islohotlarni amalga oshirdi. U bir yildan biroz koʻproq hukmronlik qilib, 1984-yil fevralda vafot etdi. Andropov siyosatning katta qismini undan keyin hokimiyatni egallagan Konstantin Chernenko davom ettirdi. Brejnev davrida boshlangan iqtisodiy muammolar ushbu qisqa maʼmuriyatlarda ham davom etdi. Olimlar amalga oshirilgan islohotlar siyosati mamlakatdagi iqtisodiy vaziyatni yaxshilaganmi yoki yoʻqmi, degan savol ustida bahslashadilar.

Turgʻunlik davri Gorbachyov hokimiyat tepasiga kelishi bilan yakunlandi. Bu davrda iqtisodiyot hamon turgʻun boʻlsa-da[11], siyosiy va ijtimoiy hayot demokratlashtirildi[12][13]. Gorbachyov boshchiligida Kommunistik partiya 1985-yilda ogʻir sanoatga katta miqdorda kapital kiritish orqali (Uskoreniye) iqtisodiy rivojlanishni tezlashtirishga harakat qila boshladi. Bu harakatlar muvaffaqiyatsizlikka uchragach, Kommunistik partiya sovet iqtisodiyoti va hukumatini kvazi kapitalistik (Xozraschyot) va demokratik (demokratizatsiya) islohotlarni amalga oshirish orqali qayta qurishni amalga oshirdi. Islohotlar Sovet Ittifoqini qayta tiklash uchun moʻljallangan boʻlsa-da, 1991-yilda tasodifan davlatning parchalanishiga olib keldi.

History of Modern Russia: From Tsarism to the Twenty-first Century (tarjimasi: Zamonaviy Rossiya tarixi: Tsarizmdan 21-asrgacha) kitobi muallifi Robert Servicening taʼkidlashicha, iqtisodiy muammolar kuchayishi bilan ishchilar intizomi pasayib ketgan[14]. Hukumat toʻliq bandlik siyosati tufayli bu holatga samarali qarshi tura olmagan. Servicega koʻra, bu siyosat zavodlar, konlar va idoralar kabi hukumat tarmoqlarining intizomsiz va samarasiz xodimlar bilan toʻldirilishiga olib keldi. Natijada sovet ishchilari va maʼmurlari orasida „ishdan tortinadigan ishchi kuchi“ shakllandi[15]. Brejnev davridagi Sovet Ittifoqi Qoʻshma Shtatlardan keyin „ikkinchi yirik sanoat salohiyatiga“ ega boʻlgan va dunyodagi boshqa mamlakatlarga qaraganda koʻproq „poʻlat, neft, choʻyan, sement va ... traktor“ ishlab chiqargan boʻlsa-da[16], Service Brejnev davridagi qishloq xoʻjaligi muammolariga dekollektivizatsiya zarurligining isboti sifatida qaraydi[17]. Xulosa qilib aytganda, Service bu davrda Sovet iqtisodiyotini „statik“ deb hisoblab[18], Brejnevning barqarorlik siyosati „siyosiy falokat uchun retsept“ degan fikrni bildirgan[19].

The Rise and Fall of the Soviet Union: 1917–1991 (tarjimasi: Sovet Ittifoqining yuksalishi va qulashi: 1917–1991) kitobi muallifi Richard Sakva Brejnev davriga nisbatan intensiv nuqtai nazardan qarab, oʻsish surʼatlari 1950-yillardan to 1980-yillarda toʻliq toʻxtamaguncha „muqarrar ravishda“ pasayib borganini daʼvo qiladi. Uning fikricha, bunday turgʻunlik sababi malakasiz ishchilarga boʻlgan talabning ortib borishi natijasida hosildorlik va mehnat intizomi pasayishi yuzaga keldi. Sakva barqarorlikning oʻzi turgʻunlikka olib kelgan deb hisoblaydi. Kuchli yetakchiliksiz „sovet sotsializmi turgʻunlikka qaytish tendensiyasiga ega edi“ deb daʼvo qiladi[20].

Brezhnev Reconsidered (tarjimasi: Brejnev qayta koʻrib chiqildi) kitobi mualliflari Edvin Bekon va Mark Sandlning fikricha, Brejnev davridagi iqtisodiyot Nikita Xrushchyov raislik qilgan iqtisod kabi dinamik boʻlib, bu dinamika Yuriy Andropov, keyinroq Konstantin Chernenko Bosh kotib boʻlgan paytda toʻxtab qolgan edi[21]. Mark Xarrisonning taʼkidlashicha, Brejnev davridagi iqtisodiy koʻrsatkichlar obʼektiv koʻrib chiqilmagan. Chunki davr tahlilida baʼzida pastroq taxminlardan foydalanilgan[22]. Harrisonning taʼkidlashicha, 1928-yildan 1973-yilgacha boʻlgan davrda Sovet iqtisodiyoti Amerika Qo'shma Shtatlarini „bir kun“ ortda qoldiradigan darajada oʻsgan. Xalqaro neft inqirozi davrida Sovet Ittifoqi va Sharqiy blokdagi oʻsish keskin toʻxtab, Gʻarbga qaraganda uzoqroq muddatga toʻxtab qoldi[23]. Bu esa iqtisodiyotning turgʻunlashuviga olib keldi[24]. Harrisonning soʻzlariga koʻra, Sovet iqtisodiyoti oʻzining keng koʻlamli oʻsish modellarini ushlab tura olmadi[25]. Boshqa taxminlar quyidagilardan iborat: Sovet va kommunistik blokning yetarli darajada taʼminlanmaganligi, globallashuvga toʻsqinlik qiladigan boshqa davlatlar bilan aloqalardagi shaffoflikning yetishmasligi[26], Ikkinchi jahon urushidan keyingi „doimiy“ iqtisodiy yuksalishning notoʻgʻri talqin qilinishi oqibatida notoʻgʻri iqtisodiy qarorlar qabul qilinishi kabilar[27]. Uning taʼkidlashicha, Andropov va Chernenkoga meros boʻlib qolgan iqtisodiyot bilan solishtirganda, Andropov va Chernenkoning iqtisodiy siyosati natijasida mamlakatdagi iqtisodiy vaziyat yaxshilanib, Mixail Gorbachyov „inqirozgacha boʻlgan vaziyatda“gi kam miqdorda ichki va tashqi qarzlar hisobidan oʻsib borayotgan yanada dinamik va jonli iqtisodiyotni meros qilib oldi[28].

The Rise and Fall of Communism (tarjimasi: Kommunizmning yuksalishi va qulashi) kitobi muallifi Archie Brown oʻz kitobida turgʻunlik davri atamasi „koʻp jihatdan oʻrinli ta’rif boʻlgan, chunki bu davr oʻsishning pasayish davri boʻlgan“, deb ta’kidlagan, biroq uning ta’kidlashicha, iqtisodiy boʻlmagan sohalardagi koʻrsatkichlar chalgʻituvchi boʻlishi mumkin[29]. Brown fikrlari 1960-yillarning oʻrtalaridan oxirigacha (Sakkizinchi besh yillik reja davomida) yuqori oʻsish surʼatlariga asoslangan boʻlib, „Sovet iqtisodiyoti 1960-yillarning ikkinchi yarmida har qachongidan ham kuchliroq oʻsishga erishdi“ deb taʼkidlagan. Ushbu oʻsish surʼatlari va Kosigin islohoti oʻrtasidagi bogʻliqlik, Brownning soʻzlariga koʻra, „oz“[30], ammo „kommunistik hukmdorlar nuqtai nazaridan, Brejnev davri koʻp jihatdan muvaffaqiyatli boʻlgan“ deydi[31]. Sovet Ittifoqining tabiiy resurslari 1973-yilgi neft inqirozi davrida oʻz samarasini berib, „energetik gullab-yashnash“ni taʼminlagan kuchli iqtisodiy poydevor yarata olgan[32]. Boshqa tomondan, Brownning taʼkidlashicha, Sovet Ittifoqi 1970-yillarda boʻlgani kabi tabiiy resurslarga oʻta qaram boʻlib qolishi zaiflik belgisidir[31].

Olimlar islohotlar tashabbuskori Aleksey Kosigin nomi bilan atalgan „Kosigin islohoti“ iqtisodiy oʻsishga qanday ta’sir qilganiga amin emaslar.

The Rise and Fall of the Soviet economy: an Economic History of the USSR from 1945 (tarjimasi: Sovet iqtisodiyotining yuksalishi va qulashi: 1945-yildan SSSRning iqtisodiy tarixi) kitobi muallifi Filipp Xanson turgʻunlik „butunlay adolatsiz“ emasligini taʼkidlaydi. Hansonning soʻzlariga koʻra, Brejnev iqtisodiy oʻsishning sekinlashuvi davrida hokimiyatni boshqargan, ammo bu davr Xrushchyov hukmronligining yakuniy davriga qaraganda yuqori surʼatlarda yaxshi oʻsish bilan boshlanganini daʼvo qiladi. Iqtisodiy pasayish 1973-yilda, „rasmiy hisob-kitoblarga koʻra, Sovet Ittifoqining aholi jon boshiga ishlab chiqarishda AQSh bilan farqni yoʻqotmasligini koʻrsata boshlaganida“ boshlandi. 1973-yilgacha Aleksey Kosigin boshlagan islohotlar davri boʻlib, koʻpchilik islohotlar Chexoslovakiya Sotsialistik Respublikasi va Vengriyadagi avvalgi islohotga urinishlar kabi radikal boʻladi deb hisoblardi[33]. Hansonning soʻzlariga koʻra, koʻpchilik Brejnev davrida oʻsish toʻxtamagan, balki turgʻunlasha boshlagan, deb taxmin qilgan[34]. 1970-yillarda aholi jon boshiga isteʼmol 1,9% ga oʻsganligi hamma narsa turgʻunlashmaganini koʻrsatadi. Oʻsishning bu koʻrsatkichi „juda obroʻli surʼati“ hisoblanadi. Hansonning yana bir fikri shundaki, Iosif Stalinning repressiv siyosati va Xrushchyovning beqaror siyosatidan farqli oʻlaroq, Brejnev davri barqaror va „(nisbatan) moʻl-koʻllik davri“ edi[35].

Robert Vincent Daniels oʻzining Russia's Transformation: Snapshots of a Crumbling System (tarjimasi: Rossiyaning oʻzgarishi: parchalanib borayotgan tizim lavhalari) kitobida Brejnev davrining oʻziga xos belgisi status-kvo ekanligini taʼkidlagan. Bu esa oʻz navbatida katta paradoks rivojlanishiga olib kelgan. „Qarama-qarshiliklar mavjud edi va bu nimaga olib kelishi ham aniq edi“. Sof oʻsish 50%dan ortiq va uchdan ikki qismidan yuqori koʻrsatkichda birinchi navbatda shahar sektorida boʻlib, aholining yuqori oʻsishi va shaharlarning oʻsishi Qoʻshma Shtatlardan yuqori boʻldi. Sanoat rivojlanishi tez surʼatlar bilan oʻsishda davom etib, ayrim tarmoqlar boʻyicha Qoʻshma Shtatlardan oʻzib ham ketdi[36]. Masalan, Sovet Ittifoqida koʻmir qazib olish 1964-yildagi 85 million metr tonnadan 1981-yilda 149 million metr tonnagacha, AQShda esa xuddi shu davrda 100 million metr tonnadan 130 million tonnagacha oʻsdi[37]. Sovet Ittifoqi dunyodagi eng yirik neft eksportchisiga aylandi. Oʻninchi besh yillik reja (1976-1981) oxiriga kelib Sovet YaIMi „Amerika darajasining qariyb 60%iga yetdi. Sof joriy investitsiyalar aslida mutlaq maʼnoda yirikroq edi“. Danielsning soʻzlariga koʻra, muvaffaqiyatsizlik Sovet iqtisodiyotining maʼlum sohalarni taʼminlay olmaganligi edi. Qishloq xoʻjaligi ana shunday muvaffaqiyatsizlikka uchragan soha edi. Sovet Ittifoqining butun tarixi davomida qishloq xoʻjaligi va xalq isteʼmoli tovarlari sohalarida kamchiliklar doimo mavjud boʻlgan. Brejnev davrida Sovet Ittifoqi bugʻdoy yetishtirish boʻyicha dunyoda birinchi oʻringa chiqdi, ammo yetarli miqdorda goʻsht yetishtira olmadi[38]. Danielsning soʻzlariga koʻra, iqtisodiyot 1973-yilda emas, balki 1975-yilda turgʻunlasha boshlagan va keyingi davr avvalgisiga qaraganda „deyarli har tomonlama“ zid boʻlgan edi[39].

Sovet Ittifoqining ikkinchi iqtisodiyoti boʻyicha Gregory Grossman olib borgan tadqiqotlar shuni koʻrsatdiki, 1970—1980-yillar davomida yashirin iqtisodiyotning tez surʼatlarda oʻsib borishi markaziy rejalashtirishning taʼsiri asta-sekin buzilishiga sabab boʻlgan. Gosplan hisob-kitob ishlarini toʻgʻri olib bormasligi turgʻunlikka va pirovardida sovet iqtisodiyotining qulashiga olib keldi, deb taxmin qilinadi[40].

Turgʻunlikning ehtimoliy sabablaridan biri isteʼmol tovarlari va boshqa iqtisodiy sohalar bilan birga harbiy xarajatlarning ham koʻpayishi edi[41]. Faxriy dissident Andrey Saxarov 1980-yilda Brejnevga yoʻllagan maktubida qurolli kuchlarga harajatlarning koʻpayishi iqtisodiy oʻsishni toʻxtatib qoʻyganini aytgan[42]. Revolution from Above: The Demise of the Soviet System (tarjimasi: Yuqoridan kelgan inqilob: Sovet tizimining halokati) kitobining mualliflari Devid Maykl Kots va Fred Veyr harbiylashtirish iqtisodiy turgʻunlikning asosiy sababi boʻla olmaydi, chunki harbiy xarajatlar tarixan yuqori boʻlgan (1950-yilda YaMMning 17 foizi) va ilgari iqtisodiyotni beqarorlashtirmasdan, iqtisodiy oʻsish darajasida oʻsgan, degan fikrda[manba kerak].

Nikson shoki va 1973-yilgi neft inqirozi davrida dunyoning boshqa mamlakatlarida iqtisodiy oʻsish keskin pasayib ketdi, ammo Sovet valyutasining qadri neft eksporti tufayli oʻsib bordi. Inqirozdan keyin Sovet Ittifoqi, Gʻarbiy blok va Yaponiyada umumiy iqtisodiy faollik sezilarli darajada pasaydi, ammo Sovet Ittifoqida bu jarayon yuqoriroq koʻrsatkichda edi. Kotz va Weir, oxir-oqibat, Sovet Ittifoqidagi iqtisodiy turgʻunlik tashqi emas, balki ichki muammolar tufayli yuzaga kelgan boʻlishi mumkinligini taʼkidladilar[43].

Baʼzi marksistik-leninchi yozuvchilar iqtisodiy turgʻunlik Xrushchyov davrida amalda boʻlgan Sovet iqtisodiy siyosatidagi revizionizm natijasi ekanligini taʼkidlaydilar. Harpal Brar kabi mualliflarning fikriga koʻra, Xrushchyovning destalinizatsiya dasturi SSSRni markaziy rejalashtirishdan uzoqlashtirib, bozor sotsializmiga olib keladigan iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish maqsadida ham ishlatilgan[44].

Davr Oʻsish koʻrsatkichlari
YaIM
(MRBga koʻra)
SMM
(G. I. Xaninga koʻra)
SMM
(SSSRga koʻra)
1960–1965 4.8 4.4 6.5
1965–1970 4.9 4.1 7.7
1970–1975 3.0 3.2 5.7
1975–1980 1.9 1.0 4.2
1980–1985 1.8 0.6 3.5

Xrushchyov hokimiyatdan chetlatilishining asosiy sabablaridan biri 1960-yillarning boshlarida iqtisodiy oʻsishning nisbatan past boʻlgani edi. Umumiy iqtisodiy oʻsish 1951-yildan 1955-yilgacha 6 foizni tashkil etgan boʻlsa, keyingi 5 yil ichida 5,8 foizga va 1961-yildan 1965-yilgacha esa 5 foizga tushdi. 1950-yillardan 1962-yilgacha 4,7 foizga oʻsgan mehnat unumdorligi 1960-yillarning boshlariga kelib 4 foizgacha pasaydi. Oʻsish, kapital chiqarish va investitsiyalar barqaror pasayish belgilarini koʻrsatdi[54]. Yana bir muammo Xrushchevning 20 yil ichida kommunizmga erishish vaʼdalari oʻsha vaqtdagi iqtisodiy koʻrsatkichlar bilan deyarli imkonsiz boʻlgan vaʼdalar edi[3]. Oxir-oqibat, oʻz vaʼdalarini bajara olmagani va yuzaga kelgan muammolar tufayli Xrushchyov 1964-yil oktyabr oyida[55] Leonid Brejnev va Aleksey Kosigin boshchiligidagi kollektiv rahbariyat tomonidan ishdan olindi. Xrushchyovning kommunizmga erishish haqidagi vaʼdasiga qarshi turish uchun Sovet rahbariyati rivojlangan sotsializm atamasini oʻylab topdi. Yaʼni Sovet Ittifoqi yetarlicha rivojlangan bosqichga koʻtarilib, mamlakat „tabiiy ravishda“ kommunizmga oʻtishi haqida eʼlon qilindi (nomaʼlum muddat ichida)[56].

Xrushchyovning ishdan olinishi ancha konservativ Siyosiy byuroning shakllanishiga olib keldi. Kosigin, Nikolay Podgorniy va Andrey Kirilenko eng liberal aʼzolar, Brejnev va Arvīds Pelše moʻtadil fraktsiyaga mansub, Mixail Suslov esa partiyaning qatʼiy tarafdorlari yetakchiligini saqlab qoldi[57]. Kosigin va Brejnev oʻrtasida iqtisodiy siyosat boʻyicha qatʼiy kelishmovchilik mavjud edi. Kosigin isteʼmol tovarlari va yengil sanoatga investitsiyalarni koʻpaytirishni, Brejnev esa ogʻir sanoat, qishloq xoʻjaligi va mudofaa sohalariga investitsiyalarni koʻpaytirishni xohladi[58]. 1965-yilda Kosigin keng miqyosda „Kosigin islohoti“ deb ataladigan iqtisodiy islohotni amalga oshirdi. Uning maqsadi rejali iqtisodiyotni sotsialistik asosda isloh qilish edi. Sovet iqtisodiyotini yaxshilash maqsadida Kosigin Gʻarbiy blokda qoʻllangan foyda olish kabi baʼzi chora-tadbirlardan nusxa koʻchirdi[59]. Brejnev Sovet iqtisodiyoti past oʻsish davriga kirayotgani sababli bunga rozi boʻldi[60]. Kosiginning qishloq xoʻjaligidagi islohotlari kolxozlarga katta avtonomiyalar berib, shaxsiy dehqonchilik qilish huquqini berdi. Natijada sakkizinchi besh yillik reja (1966-1970) davrida melioratsiya boʻyicha keng koʻlamli dasturlar, sugʻorish kanallarini qurish va boshqa chora-tadbirlar amalga oshirildi[61][izoh 2]. Umuman olganda, islohot muvaffaqiyatsizlikka uchradi va Sakkizinchi besh yillik rejadagi har qanday yuqori oʻsish surʼatlari bilan bogʻliqlik „mayda“ deb hisoblanadi[62].

Yuqori oʻsish bilan boshlangan Brejnev davri 1970-yillarning boshida biroz turgʻunlasha boshladi. Kosiginning „radikal“ islohotga urinishlari 1971-yilda toʻxtatildi. Uning ikkinchi islohoti ancha sodda edi. Ikkinchi islohot 1973-yilgi neft inqirozi tufayli toʻxtatildi, xalqaro miqyosda neft narxining oʻsishi neft sotishga asoslangan iqtisodiy oʻsishga turtki boʻldi. 1979-yilda yana bir islohot amalga oshirildi, ammo bu ham muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Chunki bu vaqtga kelib Sovet iqtisodiyoti yuqori neft narxiga „qaram“ edi[61].

1980-yilda RIA Novosti Sovet Ittifoqi sanoat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish boʻyicha Yevropada eng yuqori va dunyoda ikkinchi oʻrinni egallaganini xabar qildi. Sovet statistik maʼlumotlariga koʻra, 1960-yilda Sovet Ittifoqining sanoat ishlab chiqarishi Amerikaning atigi 55%ini tashkil etgan boʻlsa, 1980-yilga kelib bu koʻrsatkich 80%ga oshdi[61]. Brejnev Kommunistik partiyaga rahbarlik qilgan 18 yil davomida real daromadlar 1,5 baravardan koʻproq oʻsdi[61]. 1,6 milliard kvadrat metrdan ortiq uy-joy foydalanishga topshirilib, 160 milliondan ortiq aholiga berildi. Shu bilan birga, oilalar uchun oʻrtacha ijara haqi oila daromadining 3 foizidan oshmadi. Uy-joy, sogʻliqni saqlash hamda taʼlim hamyonbop va arzon edi. Ishchi kuchi aylanmasini ish haqi bilan muvozanatlash imkonsizligi sababli ayrim hududlarda, asosan, qishloq xoʻjaligida ishchilar yetishmas edi. Bu muammo qisman „ishlab chiqarmaydigan“ shahar aholisini (katta yoshdagi oʻquvchilar, talabalar, olimlar, askarlar va boshqalar) oʻrim-yigʻim davrida qishloq xoʻjaligi ishchilari safida ishlashga majburlash orqali hal qilindi. Amaliyot norasmiy ravishda „naryady na kartoshku“ (ruscha: наряды на картошку; „kartoshka dalalariga topshiriqlar“) deb nomlangan[61].

Varshava shartnomasi aʼzolarining Chexoslovakiyaga bostirib kirishiga javoban norozilik namoyishlari boʻlib oʻtdi. Namoyishchilar ishdan boʻshatildi, kaltaklandi yoki hibsga olindi[63]. Sakkiz nafar namoyishchi Moskvadagi Qizil maydonda namoyish oʻtkazgach, qamoqqa olindi[64]. Bir qator dissidentlikda gumon qilinganlarning uylari va mol-mulki tintuv qilindi[65]. Bir guruh moskvalik advokatlar sovetlarga qarshi faoliyatda ayblangan odamlarni himoya qilishga harakat qilishdi[66]. Ushbu yigʻilish va namoyishlar tarafdorlarini hibsga olishlar noqonuniy ekanligi, chunki insonning axborot olish va tarqatish huquqini amalga oshirishda jinoyat yoʻqligini daʼvo qilishdi. Ular bu harakatlar huquqni Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi (1948)[67] va Yevropada xavfsizlik va hamkorlik boʻyicha konferensiya (1975) yakuniy aktining bir qismi ekanligini taʼkidladilar[68].

Sanʼat va fan

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Glasnost kiritish paytida koʻplab yozuvchilar Brejnev siyosatini qoʻllab-quvvatlamagan fuqarolarning qatagʻon qilinishi haqida bilmaganliklarini daʼvo qilishdi[69]. Sotsialistik realizm doirasida „sovet qadriyatlari“ni targʻib qiluvchi ijodkorlar esa yaxshi maoshli, yengil hayot kechiradigan, yuqori ijtimoiy mavqega ega boʻlgan elita guruhini tashkil qildilar.

Shunga qaramay, sovet olimlari va sanʼatkorlarining sezilarli qismi (umumiy „dissidentlar“ deb ataladi) Xrushchyov davrida boshlangan rejimga ochiq va yashirin siyosiy qarshilikni davom ettirdilar. Taniqli yadro fizigi Andrey Saxarov va Sovet armiyasi generali Pyotr Grigorenko bu harakatning taniqli vakillaridir.

Sovet ziyolilarining boshqa koʻplab vakillari hokimiyatga ochiqdan-ochiq eʼtiroz bildirmasdan turib, turgʻunlikning ijtimoiy va maʼnaviy koʻrinishlarini tizimli ravishda tanqid qildilar. Bunga yozuvchilar Viktor Astafyev va Oles Gonchar, dramaturg Grigoriy Gorin, rejissyorlar Eldar Ryazanov va Mark Zaxarovlarni misol qilib keltirish mumkin.

Qoʻshma Shtatlar bilan taqqoslash: sekinlashuv yoki turgʻunlik

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1975—1985-yillarda AQSh sanoat ishlab chiqarishi yiliga 2,6% ga oʻsdi[70]. Sovet sof moddiy mahsuloti qisman mos keladigan oʻlchovdir. Yillik oʻsish surʼati 3,8% ni tashkil etdi[45].

  1. Koʻpgina iqtisodchilarning taʼkidlashicha, sof moddiy mahsulot (SMM; Sovet versiyasi yalpi milliy mahsulot (YaIM)) buzilishlarni oʻz ichiga oladi va mamlakatning iqtisodiy oʻsishini aniq belgilab bera olmaydi. Shu sababli, bir qancha mutaxassislar Sovet Ittifoqining oʻsish surʼatlarini baholash va sovet oʻsish surʼatlarini kapitalistik mamlakatlarning oʻsish surʼatlari bilan solishtirish uchun YaIM koʻrsatkichlaridan foydalanadilar[46]. Grigoriy Xanin oʻzining oʻsish surʼatlari koʻrsatkichlarini 1980-yillarda SMMning YaMMga „tarjimasi“ sifatida nashr etdi. Uning oʻsish surʻatlari (yuqorida koʻrsatilganidek) rasmiy raqamlardan ancha past va baʼzi Gʻarb taxminlaridan ham past edi[47]. 1991-yilda Sovet Ittifoqi parchalanishidan soʻng Xaninning hisob-kitoblariga koʻra, bir nechta agentliklar Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) tomonidan qilingan hisob-kitoblarni tanqid qilishdi. Oʻshandan beri Markaziy razvedka boshqarmasi odatda Sovet oʻsishini haddan tashqari boʻrttirgan deb hisoblanmoqda. Markaziy razvedka boshqarmasi ishining tanqidiga javoban, koʻrsatkichlar haqiqat yoki yoʻqligini tekshirish uchun iqtisodchi James R. Millar boshchiligida komissiya tashkil etilgan. Hay’at Markaziy razvedka boshqarmasi faktlarga asoslangan degan xulosaga keldi va „Metodologik jihatdan Xaninning yondashuvi sodda va uning natijalarini boshqalar takrorlash imkoni boʻlmagan“, deya taʼkidladi[48].
    Sovet iqtisodiyotining oʻsish koʻrsatkichlari juda xilma-xildir (quyidagi maʼlumotlar yuqoridagi jadvaldagilar bilan solishtirilganda koʻrinadi):
    Sakkizinchi besh yillik reja (1966–1970)
    Toʻqqizinchi besh yillik reja (1971–1975)
    • YaMM: 3.7%[49]
    • YaMD: 5.1%[51]
    • Mehnat unumdorligi: 6%[53]
    • Qishloq xoʻjaligiga kapital quyilmalar: 27%[52]
    Oʻninchi besh yillik reja (1976–1980)
    Oʻn birinchi besh yillik reja (1981–1985)
  2. Sovet statistikalariga koʻra: Sakkizinchi besh yillik reja (1966-1970) davomida iqtisodiyotda sezilarli yaxshilanishlar amalga oshirildi. Sakkizinchi besh yillik rejada iqtisodiyot 7,7% ga oʻsdi, ammo toʻqqizinchi besh yillik rejada (1971-1975) va oʻninchi besh yillik rejada (1976-1981) sekinlashdi, iqtisodiyot mos ravishda 5,7 va 4,2 %ga oʻsdi[61].
  1. „The World Factbook“. Cia.gov. Qaraldi: 2015-yil 7-sentyabr.
  2. Bacon & Sandle 2002, ss. 1–2.
  3. 3,0 3,1 Dowlah & Elliott 1997, ss. 148–149.
  4. Bacon & Sandle 2002, s. 1.
  5. Bacon & Sandle 2002, s. 2.
  6. Reid, Susan Emily (2005). "In the Name of the People: The Manege Affair Revisited". Kritika: Explorations in Russian and Eurasian History (Slavica Publishers) 6 (4): 673–716. doi:10.1353/kri.2005.0058. 
  7. Bacon & Sandle 2002, s. 143.
  8. Bischof, Günter; Karner, Stefan; Ruggenthaler, Peter. The Prague Spring and the Warsaw Pact invasion of Czechoslovakia in 1968. Rowman & Littlefield, 2010 — 92-bet. ISBN 978-0-7391-4304-9. 
  9. „1964-1982 – The Period of Stagnation“. GlobalSecurity.org. Qaraldi: 2017-yil 2-avgust.
  10. Gillula, James W.. The Reconstructed 1972 Input-output Tables for Eight Soviet Republics (Manufactured goods sector was worth 118 billion roubles in 1972). U.S. Department of Commerce, Bureau of the Census, 1983. Qaraldi: 2016-yil 2-yanvar. 
  11. Service 2009, s. 427.
  12. Khazanov, Anatoly M. (1992). "Soviet Social Thought in the Period of Stagnation". Philosophy of the Social Sciences (SAGE Publications) 22 (2): 231–237. doi:10.1177/004839319202200205. https://archive.org/details/sim_philosophy-of-the-social-sciences_1992-06_22_2/page/231. 
  13. Grant, Ted (22 September 2006). "Russia, from Revolution to Counter-Revolution". In Defence of Marxism (Part 6). http://www.marxist.com/russia-revolution-counterrevolution-44.htm. Qaraldi: 31 December 2011. Turgʻunlik davri]]
  14. Service 2009, s. 416.
  15. Service 2009, s. 417.
  16. Service 2009, s. 397.
  17. Service 2009, s. 402.
  18. Service 2009, s. 407.
  19. Service 2009, s. 409.
  20. Sakwa, Richard. The Rise and Fall of the Soviet Union: 1917–1991. Routledge, 1999 — 339-bet. ISBN 0-415-12290-2. 
  21. Bacon & Sandle 2002, s. 38.
  22. Bacon & Sandle 2002, ss. 43–44.
  23. Bacon & Sandle 2002, ss. 44–45.
  24. Bacon & Sandle 2002, s. 47.
  25. Bacon & Sandle 2002, s. 53.
  26. Bacon & Sandle 2002, ss. 50–51.
  27. Bacon & Sandle 2002, s. 54.
  28. Bacon & Sandle 2002, s. 63.
  29. Brown 2009, s. 398.
  30. Brown 2009, s. 403.
  31. 31,0 31,1 Brown 2009, s. 415.
  32. Bacon & Sandle 2002, ss. 415–416.
  33. Hanson 2003, s. 98.
  34. Hanson 2003, ss. 98–99.
  35. Hanson 2003, s. 99.
  36. Daniels 1998, s. 46.
  37. Daniels 1998, ss. 47–48.
  38. Daniels 1998, s. 47.
  39. Daniels 1998, s. 49.
  40. Vladimir G. Treml and Michael V. Alexeev, "The Second Economy And The Destabilizing Effect Of Its Growth On The State Economy In The Soviet Union : 1965-1989" (Wayback Machine saytida 2023-10-25 sanasida arxivlangan), Berkeley-Duke Occasional Papers On The Second Economy In The Ussr, Paper No. 36, December 1993
  41. Bacon & Sandle 2002, s. 28.
  42. Volkogonov, Dmitri; Shukman, Harold. Autopsy for an Empire: The Seven Leaders Who Built the Soviet Regime. Simon & Schuster, 1999 — 262-bet. ISBN 978-0-684-87112-7. 
  43. Kotz, David Michael; Weir, Fred. Revolution from Above: The Demise of the Soviet System. Routledge, 1997 — 48-bet. ISBN 978-0-415-14317-2. 
  44. Brar, Harpal. Perestroika: The Complete Collapse of Revisionism, 1992. ISBN 1-874613-01-X. 
  45. 45,0 45,1 Bacon & Sandle 2002, s. 40.
  46. Kotz & Weir 2007, s. 35.
  47. Harrison, M. (1993). "Soviet economic growth since 1928: The alternative statistics of G. I. Khanin". Europe-Asia Studies 45 (1): 141–167. doi:10.1080/09668139308412080. https://archive.org/details/sim_europe-asia-studies_1993_45_1/page/141. 
  48. Kotz & Weir 2007, s. 39.
  49. 49,0 49,1 49,2 Kort, Michael. The Soviet Colossus: History and Aftermath. M.E. Sharpe, 2010 — 322-bet. ISBN 978-0-7656-2387-4. 
  50. 50,0 50,1 Bergson, Abram. The Soviet economy: Toward the year 2000. Taylor & Francis, 1985 — 192-bet. ISBN 978-0-04-335053-9. 
  51. 51,0 51,1 Pallot, Judith; Shaw, Denis. Planning in the Soviet Union. Taylor & Francis, 1981 — 51-bet. ISBN 978-0-85664-571-6. 
  52. 52,0 52,1 Wegren, Stephen. Agriculture and the State in Soviet and Post-Soviet Russia. University of Pittsburgh Press, 1998 — 252-bet. ISBN 978-0-8229-8585-3. 
  53. 53,0 53,1 Arnot, Bob. Controlling Soviet Labour: Experimental Change from Brezhnev to Gorbachev. M.E. Sharpe, 1988 — 67-bet. ISBN 0-87332-470-6. 
  54. Dowlah & Elliott 1997, s. 148.
  55. Dowlah & Elliott 1997, s. 149.
  56. Dowlah & Elliott 1997, s. 146.
  57. Law, David A.. Russian Civilization. New York: Ardent Media, 1975 — 221-bet. ISBN 0-8422-0529-2. 
  58. Zemtsov, Ilya. Chernenko: The Last Bolshevik: The Soviet Union on the Eve of Perestroika. Transaction Publishers, 1989 — 86-bet. ISBN 0-88738-260-6. 
  59. Moss, Walter. A History of Russia: Since 1855. London: Anthem Press, 2005 — 431-bet. ISBN 978-1-84331-034-1. 
  60. Chauhan, Sharad. Inside CIA: Lessons in Intelligence. APH Publishing, 2004 — 207-bet. ISBN 81-7648-660-4. 
  61. 61,0 61,1 61,2 61,3 61,4 61,5 „Советская экономика в эпоху Леонида Брежнева“ [The Soviet economy in the era of Leonid Brezhnev]. RIA Novosti (2010-yil 8-noyabr). Qaraldi: 2011-yil 31-dekabr.
  62. Bacon & Sandle 2002, s. 58.
  63. „Хроника Текущих Событий: выпуск 3“ [Chronicle of Current Events: Issue 3] (ru). memo.ru (1968-yil 30-avgust). 2012-yil 29-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2016-yil 2-yanvar.
  64. Andrew Roth.. „Nearly half of Russians ignorant of 1968's Czechoslovakia invasion – poll“ (2018-yil 9-avgust).
  65. „Хроника Текущих Событий: выпуск 4“ [Chronicle of Current Events: Issue 4] (ru). memo.ru (1968-yil 31-oktyabr). 2017-yil 4-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2016-yil 2-yanvar.
  66. „Letter by Andropov to the Central Committee“ (en) (1970-yil 10-iyul). 2007-yil 11-martda asl nusxadan arxivlangan.
  67. Universal Declaration of Human Rights, resolution 217 A (III), accepted 10 Dec. 1948.
  68. „Conference On Security And Co-Operation In Europe Final Act“. Helsinki: OSCE (1975-yil 1-avgust). Qaraldi: 2016-yil 27-fevral.
  69. Sofia Kallistratova. We were not silent! – open letter to writer Chingiz Aitmatov, in Russian. С. В. Калистратова. Открытое письмо писателю Чингизу Айтматову (Wayback Machine saytida 2007-09-26 sanasida arxivlangan), 5 мая 1988 г.
  70. „Industrial Production: Total Index“ (1919-yil yanvar).
Oldingisi Rossiya tarixi
Sovet Ittifoqi tarixi

1964-yil 14-oktyabr — 1985-yil 10-mart
Keyingisi