Hasan ibn an-Noʻmon
Hassan ibn al-Nu'man al-Ghassani حسان بن النعمان الغساني | |
---|---|
Ifriqiya hokimi | |
Hukmdor | Abdulmalik ibn Marvon |
Oʻtmishdoshi | Zuhayr ibn Qays |
Vorisi | Muso ibn Nusayr |
Shaxsiy maʼlumotlari | |
Vafoti | 700s |
Dini | Islom |
Faoliyati | Umaviylar xalifaligi |
Janglari |
Musulmonlarning Magʻribga istilosi
|
Hasan ibn an-Noʻmon al-Gʻassoniy (arabcha: حسان بن النعمان الغساني) – Umaviylar xalifaligiga xizmat qilgan arab sarkardasi. Xalifa Abdulmalik (h. 685–705) tomonidan Ifriqiya hokimi etib tayinlangan. VII asrning soʻnggi yillarida bir qator yurishlarni amalga oshirgan, shuningdek, al-Kahina boshchiligidagi vizantiyaliklar va berberlarni magʻlubiyatga uchratgan. 698-yilda Vizantiya poytaxti Karfagenni vayron qilib, keyingi yili yaqin atrofdagi Tunis shahriga asos solgan. Minglab berberlarni armiya tarkibiga kiritgan, bu esaMagʻrib va Pireney yarim orolidagi keyingi musulmon harbiy yurishlarning muvaffaqiyatga erishishida muhim rol oʻynagan. Misr hokimi Abdulaziz ibn Marvon Ifriqiya ustidan oʻz taʼsirini oʻtkazish maqsadida hokimiyat uchun kechgan kurashda lavozimidan chetlatilgan.
Kelib chiqishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Hasan ibn an-Noʻmon Gʻassoniylar qabilasiga mansub boʻlgan. Bu qabila 630-yillarda musulmonlarning mintaqani bosib olishidan oldin Suriyadagi Vizantiya imperiyasining arab qabilalar ittifoqiga rahbarlik qilgan[1]. Qabilalarning bir qismi fathdan keyin nasroniy boʻlib qolgan va Vizantiya imperiyasining qolgan hududlariga koʻchib oʻtgan, baʼzi qabila aʼzolari Suriyada qolib, Umaviylar armiyasining asosiy qismi, yaʼni Suriya armiyasi tarkibida sifatida xizmat qilgan[1].
Shimoliy Afrikaning qayta bosib olinishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Hasan ibn an-Noʻmon Umaviylar xalifasi Abdulmalik tomonidan Ifriqiyaning (hozirgi Tunis) arablar tomonidan qayta bosib olinishiga qaratilgan yurishga rahbar etib tayinlangan[1]. Oʻrta asr manbalarida ushbu yurishlarning aniq sanalari turlicha keltirilgan[2]. 682-yilda Biskra jangida Kusayla boshchiligidagi Berberlarning qoʻli baland kelgan edi. Zuhayr ibn Qays al-Balaviyning mintaqani qayta egallashga qaratilgan dastlabki urinishi oxir-oqibat Zuhayrning oʻldirilishi va vizantiyaliklarning Kirenaikadagi Barqa shahrini bosib olishi bilan yakunlangan edi[1]. Abdulmalik Ikkinchi musulmon fuqarolar urushida xalifalik ustidan nazoratni mustahkamlab, 692-yilda Vizantiya bilan qayta urush boshlagan[2] va ushbu urushda 40 000 nafar askarga bosh qilib Hasan ibn an-Noʻmonni tayinlagan. Oʻsha vaqtda bunday katta kuchga ega boʻlgan arab qoʻshinlarining Shimoliy Afrika hududiga kirib borishi misli koʻrilmagan ish edi[1].
Hasan Shimoliy Afrika qirgʻoqlari boʻylab yurish olib borib[1], 692–693, 693–694[2] yoki 695-yillarda Ifriqiyaga kirib borgan boʻlishi mumkin[3]. Dastlab Vizantiyaning provinsiyadagi mustahkam markazi hisoblangan Karfagen port shahrini egallab, u yerni talon-taroj qilgan[2]. Arablarning kirib kelishidan oldin shahar huvillab qolgan[1], aholisi esa Sitsiliyaga qochib ketgan edi[2]. Shaharning qamal qilingani yoki dushmanga qandaydir jiddiy qarshilik koʻrsatgani, qoʻlga kiritilgan oʻljalar haqida hech qanday maʼlumot yoʻq[1]. Shundan keyin Hasan yurishini shimolga qarab davom ettirgan va Bizertada Vizantiya va Berberlarni magʻlub etishga muvaffaq boʻlgan[2]. Keyinchalik, vizantiyaliklar chekinib, Vagada (zamonaviy Beja) mustahkam joylashib olishgan, berberlar esa sharqqa, Annobaga qochib ketishgan[2].
Ifriqiya maʼmuriyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Hasan ibn an-Noʻmon qoʻshinlarni roʻyxatga olish, ularga maosh toʻlash va mahalliy nasroniylardan jizya yigʻish maqsadida markaziy devon (davlat idorasi) tashkil qigan[2]. Berber musulmonlarining sadoqatiga erishish uchun ularni devonga kiritgan va daromad keltiradigan yerlarni taqsimlashda ularga ulush taklif qilgan[2]. Hasan, shuningdek, Ifriqiyaning birinchi arab bosqinchisi Uqba ibn Nafiy tomonidan asos solingan Uqba masjidini yaxshiroq qurilish materiallaridan foydalangan holda qayta tiklagan[2].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Modéran, Yves (2005). "Kahena". Encyclopédie Berbère. 27. 4102–4111 b.
- Sebag, P. (2000). "Tunis". in Bearman, P. J.. Encyclopaedia of Islam. Volume X: T–U (2nd nashri). Leiden: E. J. Brill. 629–639 b. ISBN 978-90-04-11211-7. https://referenceworks.brillonline.com/search?s.q=Tunis&s.f.s2_parent=s.f.book.encyclopaedia-of-islam-2&search-go=Search.
- Talbi, M. (1971). "Ḥassān b. al-Nuʿmān al-Ghassānī". in Lewis, B.. Encyclopaedia of Islam. Volume III: H–Iram (2nd nashri). Leiden: E. J. Brill. p. 271. OCLC 495469525. https://referenceworks.brillonline.com/search?s.q=%E1%B8%A4ass%C4%81n+b.+al-Nu%CA%BFm%C4%81n+al-Ghass%C4%81n%C4%AB&s.f.s2_parent=s.f.book.encyclopaedia-of-islam-2&search-go=Search.
Oʻtmishdoshi: Zuhayr ibn Qays al-Balaviy |
Ifriqiya hokimi 688–703 |
Vorisi: Muso ibn Nusayr |