Kontent qismiga oʻtish

Sherali Joʻrayev

Bu maqolani tinglang
Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Joʻrayev Sheralidan yoʻnaltirildi)
Sherali Joʻrayev
Tavalludi Shermat Joʻrayev
12-aprel 1947-yil
Vafoti 4-sentyabr 2023-yil(2023-09-04)
(76 yoshda)[1][2][3]
Toshkent, Oʻzbekiston
Janrlar Oʻzbek milliy musiqasi
Kasbi Qoʻshiqchi, musiqachi, bastakor, aktyor
Faoliyat yillari 1972–2023
Fuqaroligi Oʻzbekiston SSR Oʻzbek SSR
Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Millati Oʻzbek
Bolalari Botir Qodirov,
Shohjahon Joʻrayev,
Zohirshoh Joʻrayev
Mukofotlari

Sherali Joʻrayev (tavallud paytidagi ismi sharifi — Shermat Joʻrayev[4], 1947-yil 12-aprel, Asaka tumani, Andijon, Oʻzbekiston SSR, SSSR – 2023-yil 4-sentyabr, Toshkent, Oʻzbekiston) – taniqli oʻzbek xonandasi, bastakori, shoiri va aktyori. 1987-yil Oʻzbekiston xalq artisti unvoni, 2018-yilda esa Tojikiston xalq artisti unvoni berilgan[5][6]. 1991-yil unga Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mukofoti berilgan. 2022-yilning 12-aprelida Prezident farmoniga binoan oʻzining 75 yillik yubileyida Joʻrayev „El-yurt hurmati“ ordeni bilan ham taqdirlangan[7]. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi. Joʻrayevning qoʻshiqlarni oʻzbeklar orasida yaxshi tanilgan.

Sherali Joʻrayev 1947-yil 12-aprelda Andijon viloyatining Lenin rayonida (hozirgi asaka Asaka shahrida) tugʻilgan. Uning qaysi kunda tugʻilgani nomaʼlum. Qoʻshiqchi 12-aprelni ramziy ravishda oʻz tugʻilgan kuni qilib tanlagan. 12-aprelda rus kosmonavti Yuriy Gagarin fazoga uchgan. Qoʻshiqchiga koʻra, uning bu sanani oʻz tugʻilgan kuni oʻlaroq tanlashiga yana bir sabab u oʻquvchilik davrida 12-aprel kuni boʻlib oʻtgan velopoygada gʻolib boʻlgan[8].

Joʻrayev 1972-yil Toshkent teatr va rassomlik sanʼati institutini tugatgan. 1976-yil Mannon Uygʻur nomidagi Toshkent davlat sanʼat institutini yakunlagan.

2023-yilning 4-sentyabrida uzoq davom etgan xastalik tufayli vafot etgan[1][2][3].

Joʻrayev oʻzbek davlat estradasi (1972–1973), „Shodlik“ ashula va raqs ansambli (1972–1979), Andijon viloyati filarmoniyasi (1979–1986), Oʻzbek davlat filarmoniyasi (1986–1996), „Oʻzbeknavo“ birlashmasi (1999-yildan)da yakkaxon xonanda boʻlgan.

Joʻrayev tabiatan shirali ovozga ega boʻlgan. Ijro uslubi monologik, dramatik iztiroblarga asoslangan. Uning ijrosidagi qoʻshiqlar xalqchilligi, mushohadali, falsafiy mazmunga boyligi, benazir jozibasi va teran insoniy dardliligi bilan ajralib turadi. Joʻrayev repertuari koʻp qirrali va rang-barang boʻlib, qoʻshiqlari asosini Sharq mumtoz (Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Saʼdiy Sheroziy, Hofiz, Mashrab, Ogahiy, Jaloliddin Rumiy, Jomiy va boshqalar) va zamonaviy (Erkin Vohidov, Abdulla Oripov va boshqalar) shoirlarning sheʼrlari tashkil etadi[9]. 2008-yil Joʻrayev uyida Rumiyxonlik kechalarini uyushtirgan[10].

Joʻrayev oʻzining uzoq yillik ijodi davomida yuzlab qoʻshiq yozib, ijro etgan. Uning eng mashhur ashulalari orasida „Bahor ayyomi“ (Bobur sheʼri), „Birinchi muhabbatim“ (Abdulla Oripov sheʼri), „Inson qasidasi“ (Erkin Vohidov sheʼri), „Karvon“, „Meni kutgil“ (Konstantin Simonov sheʼri), „Oshiqlar sardori“ (Rasul Hamzatov sheʼri), „Oʻzbegim“ (Erkin Vohidov sheʼri), „Oʻxshamas“ (Alisher Navoiy gʻazali) qoʻshiqlari bor.

Joʻrayevning „Oʻzbegim“ qoʻshigʻi World Music Network britan leybli 2005-yil chiqargan „Oʻrta Osiyo musiqasi boʻyicha umumiy qoʻllanma“ (inglizcha: Rough Guide to the Music of Central Asia) albomiga kiritilgan. 2004-yil 23-aprelda Britaniya qirolichasi Elizabeth IIning 78 yoshga toʻlish munosabati bilan Britaniya elchisi Craig Murray mingdan oshiq mehmonni elchixonaga chaqirgan. Toshkentdagi tadbirga Sherali Joʻrayev, Sevara Nazarxon va Vladimir Neimer dirijorlik qilgan orkestr chaqirilgan. Oʻsha paytda yana Britaniyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi Battlefield Band [en] shotland guruhining Oʻzbekiston boʻylab turini uyushtirgan. Bu guruh bilan Joʻrayev ham birga qoʻshiq kuylagan.

Joʻrayev aksar qoʻshiqlari kuyini oʻzi bastalagan (jumladan, „Birinchi muhabbatim“, „Oʻzbegim“, „Karvon“, „Achchiq haqiqat“, „Yaralgan“, „Oshiqlar sardori“, „Inson qasidasi“, „Oshiq boʻling“ va boshqalar). Baʼzi qoʻshiqlarining matnini ham oʻzi yozgan. Bular orasida „Bobo Dehqon“, „Zamon“, „Qarashlarga“, „Ona Turkiston“, „Sohibqiron“, „Doʻst boʻlsang, yonimda tur“, „Qayon ketmoqdasiz?“ ashulalari bor.

1992-yilda Oʻzteleradiokompaniyasi Joʻrayev ijodiga bagʻishlangan „Bir ulugʻ el bor jahonda“ film-esse yaratgan. Qoʻshiqchi Yevropa, Osiyo mamlakatlarida gastrolda boʻlgan.

Joʻrayev 1990-yildan 1995-yilgacha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi aʼzosi boʻlgan. U „Sherali va Oybarchin“ filmiga ssenariy yozgan va filmda bosh rolni oʻynagan. 1998-yil „Bola yerning sultoni“ (ruscha: Ребенок — султан Земли) deb nomlanuvchi kitob yozgan[11].

Joʻrayev eng taniqli oʻzbek qoʻshiqchilaridan biri boʻlishiga qaramay, Oʻzbekiston hukumati 2002–2016-yillarda uning ijodini barcha oʻzbek telekanallarida namoyish qilishni man etib, qoʻshiqchining katta sahnaga chiqishiga yoʻl qoʻymay kelgan[12][13][3]. Oʻzbekiston prezidenti Islom Karimovga Joʻrayevning tanqidiy qoʻshiqlari maʼqul kelmagan, degan fikr keng tarqalgan. Qoʻshiqchining oʻzi esa bu haqida ochiqcha gapirishni istamagan[14]. Ijodi man qilingan davrda Joʻrayev boshqa mamlakatlarda va toʻy-marosimlarda qoʻshiq kuylab turgan. 2016-yil Karimov vafotidan soʻng unga qoʻyilgan norasmiy taqiq olib tashlangani haqidagi xabarlar ortidan 2017-yildan boshlab Joʻrayev televideniye va sahnalarda koʻrinish bera boshlagan[3].

2021-yilda xastalikka uchrash sababli yana sanʼatdan vaqtinchalik ketgan.

Sherali Joʻrayevga Oʻzbekiston Yozuvchilari Uyushmasiga aʼzolik guvohnomasining topshirilishi.

Sherali Joʻrayev nafaqat qoʻshiqlar uchun kuy bastalagan, balki sheʼrlar ham yozgan. 2023-yilda uning „Bir qoʻshiq kuylayki…“ nomli sheʼriy toʻplami nashr etilgan. Kitobga uning qalamiga mansub sheʼr va gʻazallar, shuningdek, „Ishq“ dostoni kiritilgan. Shu yilning 4-may kuni Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida ushbu kitobning taqdimoti boʻlib oʻtgan[15]. Oʻsha kuni Joʻrayevga uyushma raisi Sirojiddin Sayyid tomonidan Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasiga aʼzolik guvohnomasi topshirilgan[16].

2023-yil 4-sentyabr kuni kechasi Sherali Joʻrayev vafot etgani haqidagi xabarlar dastlab ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Xabarning rost ekanligi bir necha rasmiy saytlar tomonidan oʻsha kuniyoq tasdiqlangan[17]. 2023-yil 5-sentyabr kuni marhum Sherali Joʻrayevning janozasi Koʻkcha masjidida peshin namozidan soʻng oʻqilishi maʼlum qilingan[18]. Marhumning vafoti munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev oʻz hamdardligini bildirgan[19][20].

Diskografiyasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Albomlari
  • „Uzbekskiye narodniye pesni“ (1971)
  • „Yor-yor“ (1980)
  • „Oq qayin“ (1982)
  • „Karvon“ (1986)
  • „Kuy sehri“ (1987)
Yil Nomi Shoir Bastakor
Keldi bahor (Chin yor qani?) Nizomiy Ganjaviy[21]
Ayo, soqiy Hofiz Sheroziy[21]
Istangiz Alisher Navoiy[21]
Oshiq oʻldum Alisher Navoiy[21]

Filmografiyasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Aktyor sifatida
Yil Film Rol
1989 Sherali va Oybarchin Sherali
Ssenariy muallifi sifatida
Yil Film
1989 Sherali va Oybarchin
  1. 1,0 1,1 „O‘zbekiston xalq hofizi Sherali Jo‘rayev vafot etdi“. Kun.uz (4-sentyabr 2023-yil). Qaraldi: 4-sentyabr 2023-yil.
  2. 2,0 2,1 „O‘zbekiston xalq artisti Sherali Jo‘rayev vafot etdi“. Daryo.uz (4-sentyabr 2023-yil). Qaraldi: 4-sentyabr 2023-yil.
  3. 3,0 3,1 3,2 3,3 „Xalq hofizi Sherali Jo‘rayev vafot etdi“. Ozodlik radiosi (4-sentyabr 2023-yil). Qaraldi: 4-sentyabr 2023-yil.
  4. „Скончался народный артист Узбекистана Шерали Джураев“. rus.ozodlik.org. Qaraldi: 4-dekabr 2023-yil.
  5. „Sherali Joʻrayev: „Biz toʻxtab qolmadik. Biz hali bormiz““. Bi-Bi-Si (2007-yil 13-aprel). Qaraldi: 2012-yil 12-iyun.
  6. Toshpoʻlatova, Feruza „Oʻzbekiston xalq artisti Sherali Joʻrayev yosh qoʻshiqchi bilan qarindoshligi haqidagi mish-mishlardan gʻazabda“ (ruscha). Ferghana News (2007-yil 28-noyabr). Qaraldi: 2012-yil 12-iyun.
  7. „Prezident Sherali Jo‘rayevni mukofotladi“. Qalampir.uz (12-aprel 2022-yil). Qaraldi: 4-sentyabr 2023-yil.
  8. „Sherali Joʻrayev 64 yoshda“. Ozodlik radiosi (2011-yil 13-aprel). Qaraldi: 2012-yil 12-iyun.
  9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
  10. „Sherali konsert berdi“. Ozodlik radiosi (2008-yil 30-dekabr). Qaraldi: 2012-yil 30-yanvar.
  11. „„Bola yerning sultoni”“ (ruscha). Biblus. 2012-yil 15-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2012-yil 12-iyun.
  12. „Propaganda sanʼati“ (ruscha). EurasiaNet (2009-yil 7-oktyabr). Qaraldi: 2012-yil 12-iyun.
  13. „Oʻzbekiston: Milliy qoʻshiqchi Sherali Joʻrayev oltmish yoshga toʻldi. Uning konsertlari — rasmiylar tomonidan man etiladi“ (ruscha). Ferghana News (2007-yil 26-aprel). Qaraldi: 2012-yil 12-iyun.
  14. „Sherali Joʻrayev oʻgʻillarining oʻz yoʻlini istaydi“. BBC (2009-yil 25-avgust). Qaraldi: 2012-yil 12-iyun.
  15. „"Бир қўшиқ куйлайки..."“. uza.uz. Qaraldi: 4-dekabr 2023-yil.
  16. „Sherali Jo‘rayev O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga a'zo bo‘ldi“. daryo.uz. Qaraldi: 4-dekabr 2023-yil.
  17. „Ўзбекистон халқ артисти Шерали Жўраев вафот этди“ (uz-Cyrl). Газета.uz (2023-yil 4-sentyabr). Qaraldi: 2023-yil 5-sentyabr.
  18. „OYINA.UZ“. Telegram. Qaraldi: 2023-yil 5-sentyabr.
  19. „Ўзбекистон халқ артисти Шерали Жўраев вафоти муносабати билан ҳамдардлик“ (uz). president.uz. Qaraldi: 2023-yil 5-sentyabr.
  20. „Shavkat Mirziyoyev Sherali Jo‘rayev vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi“ (uz-Latn). Газета.uz (2023-yil 5-sentyabr). Qaraldi: 2023-yil 5-sentyabr.
  21. 21,0 21,1 21,2 21,3 Ergash Ochilov. Umrboqiy qoʻshiqlar, 1-jild, Toshkent: „Sharq“ nashriyoti, 2013-yil — 456-bet. ISBN 978-9943-00-878-6. 
Ushbu maqolani tinglang (6 daqiqa)
noicon
Spoken Wikipedia icon
Bu audiofayl ushbu maqolaning 17-aprel, 2023-yil(2023-04-17) sanasidagi versiyasi asosida yaratilgan boʻlib, shu sanadan keyin amalga oshirilgan tahrirlarni aks ettirmaydi.