Katta Langar Qurʼoni
Mamlakat | Oʻzbekiston, Rossiya , Fransiya, AQSh, Quvayt |
---|---|
Til | arab tili |
Sahifalar soni | 190-200, shundan 98 varagʻi saqlanib qolgan |
Katta Langar Qur’oni – VIII asrda buzoq terisiga koʻchirilgan Qur’onning qadimiy nusxalaridan biri[1]. Topilgan joyi Qamashi tumanidagi Katta Langar qishlogʻi nomidan Katta Langar Qur’oni deb ataladi. Hozir Oʻzbekistonda 17 varagʻi bor[1].
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Rossiyaning Kunstkamera muzeyi direktori oʻrinbosari, islomshunos, Y.Rezvan hamda yevropalik manbashunoslarning fikriga koʻra, kitob Arabistondan IX asrda olib kelingan[2].
Asar asrlar davomida Ishqiya tariqati shayxlari tomonidan saqlab kelingan[3].
Kitob 1917-yillarda mahalliy Asrorxoʻja, 1930-yillarda uning oʻgʻli usta Abdullo, keyin Yoqub bobo tomonidan asrab kelibgan. Yoqubddan Qulfi momoga oʻtgan va momo uni 1957-yilgacha saqlagan. Undan keyin Toʻxta Rajabovga oʻtgan[3].
XX asrning 80-yillari boshida qoʻlyozmaning katta qismi yoʻq qilingan yoki yashirilgan. 1984-yilda davlat tashkiloti tomonidan 67 sahifasi olib qoʻyilgan. Biroq Toʻxta Rajabov asarning 12 varagʻini saqlab qolgan[3].
Akademik Krachkovskiyning „Arab qoʻlyozmalari ustida“ kitobida keltirilishicha, qoʻlyozmaning Sankt-Peterburgda saqlanayotgan nusxasini 1936-yilda Sharq qoʻlyozmalari instituti notanish keksa ayoldan sotib olgan[4].
1998-yilda rossiyalik islomshunos Y.Rezvan Sankt-Peterburgdagi sahifalar haqida „The Qur’an and its World“ (oʻzbekcha: Qurʼon va uning dunyosi) maqolasini chop etadi. Ushbu maqola bilan tanishgan fransuz sharqshunosi Fransua Derosh Fransiyada saqlanayotgan Qur’on nusxasi Katta Langar Qur’onining bir qismi ekanligidan xabar topadi. Keyinchalik ushbu kitobning Toshkent va Buxoroda saqlanayotgan sahifalari ham borligi maʼlum boʻladi[3].
2000-yilning may oyida qoʻlyozma namunalari Niderlandiyaning Izotop tadqiqotlar markazida radiokarbon analizdan oʻtkaziladi va nusxaning 775—995-yillarda koʻchirilgani haqida xulosa beriladi[3].
Xattot Habibulloh Solih 2004-yilda Qur’onning 12 sahifasini qayta koʻchirib yozgan va bu nusxa Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida saqlab kelinadi[3].
Tavsifi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Qoʻlyozmaning asl varianti 190-200 varaq boʻlgan, shu vaqtgacha 98 sahifasi saqlanib qolgan. Bugungi kunda Oʻzbekistonda 17 varagʻi saqlanadi. Mus’hafning charm muqovasi 14-asrda yaratilgan va XVII asr oʻrtalarida taʼmirlangan[3]. Charm muqovada muqavosozning ismi – Muhammad Nosir hamda 1255 (milodiy 1839—1840-yillar) sanasi yozilgan[3].
Buzoq terisiga ishlangan sahifalarning oʻrtacha hajmi – 53x35 sm. Dastlab ushbu Qur’on kiyik terisiga yozilgan deb oʻylangan[1]. Qur’on arab tilida kufiy-hijoziy xatda bitilgan[3]. Dasxatiga qarab ikki xattot tomonidan koʻchirilgani taxmin qilinadi[5].
Asrlar mobaynida ayrim sahifalar zarar koʻrgan va yamoq solingan. Qadimda restavratsiya qilingan qismlar nasx xatida bitilgan[3].
Oʻziga xos xususiyatlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Langar Mus’hafining bir betiga Madina Qur’onining bir yarim betidagi oyatlar yozilgan. Madina Mus’hafida Moida surasi 120 oyatdan iborat deyilsa, Langar Mus’hafida 122 oyat deb koʻrsatilgan. Anʼom surasi 165 oyat deyilgan boʻlsa, Langar Mus’hafida 167 oyat deyilgan[3].
Faksimilesi
[tahrir | manbasini tahrirlash]2018-yilda Qur’onning toʻliq faksimilesi O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy uyushmasi tomonidan yaratildi[2].
Restavratsiya qilinishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Kitob Luvr muzeyining katta restavratorlari boshchiligida 1,5 yil davomida fransuz mutaxassislar bilan birgalikda restavratsiya qilingan. Asar taʼmirlanish jarayonida karbon analizdan oʻtkazilgan[1]. Restavratsiya 2019, 2020, 2021-yillarda uch bosqichda amalga oshirilgan[6].
Saqlanishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Qur’onning 81 varagʻi Sankt-Peterburgdagi Kunstkamera muzeyida, 1 varagʻi Toshkentdagi Sharqshunoslik institutida, 2 varagʻi Buxoro viloyatida, 13 varagʻi Oʻzbekiston musulmonlari idorasida saqlanadi[1]. Qisman AQSh, Fransiya, Quvayt muzeylarida ham turibdi[2].
Sankt-Peterburgda saqlanayotgan nusxada 44 ta sura oyatlari, shundan 22 ta sura toʻliq holda koʻchirilgan[5].
OʻzFA Sharqshunoslik institutida 11604 raqami ostida saqlanayotgan sahifada Baqara surasining 26—61-oyatlari bitilgan[3]. Maskur sahifa Buxoroning soʻnggi qozikaloni Sadri Ziyo kutubxonasida saqlangan[5].
Buxoroda esa Ibn Sino nomidagi viloyat kutubxonasi hamda Buxoro davlat muzey-qoʻriqxonasi Ark qoʻlyozmalar muzeyida saqlanmoqda. Ark muzeyidagi varaqda Mujodala surasining 11-oyatidan Hashr surasining 3-oyatigacha boʻlgan qism bitilgan[3]. Buxoro viloyat kutubxonasidagi sahifada Qasos surasining 35—81-oyatlari yozilgan, u Muhammad Siddiq toʻra (1878-1902, Amir Muzaffarning oʻgʻli) kutubxonasida boʻlgan[5].
Musulmonlar idorasida saqlanayotgan 12 sahifa 2003-yil 11-dekabrda Qamashi tumanidagi Langarota masjididan olib kelingan, 1 sahifa esa avvalda idorada boʻlgan. Dastlabki bir sahifada Baqara surasining 126—150-oyatlari, keyin keltirilgan 12 sahifada Niso surasining 136-oyatining yarmidan boshlab, Moida surasi toʻliq va Anʼom surasining 82-oyatigacha boʻlgan qismi bitilgan[3].
Qoʻlyozmaning Toshkentdagi qismi xona harorati 18-20 C, namlik 50-55%, yorugʻlik 50 lyuks boʻlgan sharoitda saqlanadi[1].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 1,5 „“Nodir qo‘lozma sirlari”: O‘zbekistonda saqlanayotgan Katta Langar Qur’oni haqida“. sputniknews.uz. Sputnik (2023-yil 17-aprel). Qaraldi: 2-aprel 2024-yil.
- ↑ 2,0 2,1 2,2 „Katta Langar qishlog`i turistik hududga aylantiriladi“. Darakchi.uz (2018-yil 18-dekabr). Qaraldi: 2-aprel 2024-yil.[sayt ishlamaydi]
- ↑ 3,00 3,01 3,02 3,03 3,04 3,05 3,06 3,07 3,08 3,09 3,10 3,11 3,12 3,13 „Лангар Қуръони ҳақида қизиқарли ва ноёб маълумотлар“. fitrat.uz. Qaraldi: 2-aprel 2024-yil.
- ↑ „3. Куфический Коран и „бабушка-арабка“ (1936)“ (ru). wikireading.ru. Qaraldi: 2-aprel 2024-yil.
- ↑ 5,0 5,1 5,2 5,3 „Qur’oni Karimning “Katta Langar” nusxasi qayerda?“. Zamon.uz. Zamon.uz (2022-yil 9-iyul).
- ↑ Nuriddin Xoliqnazarov. „Katta Langar Qur’oni — Islom olamining noyob qo‘lyozmasi“. Xabar.uz. Xabar.uz (2022-yil 23-oktyabr). Qaraldi: 2-aprel 2024-yil.