Koʻkcha Shayx Zayniddin qabristoni
Shayx Zayniddin qabristoni | |
---|---|
Joylashuv | Shayxontohur tumani, Toshkent |
Turi | Qabriston |
Ochilish sanasi | XI-XII asrlar |
Xarita | |
Koʻkcha qabristoni yoki Shayx Zayniddin qabristoni — Toshkent shahrining Shayxontohur tumanidagi Koʻkcha mahallasida joylashgan qabriston[1].
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Qabriston xalq orasida „Koʻkcha qabristoni“ nomi mashxur boʻlib, XI-XII asrlarda tashkil topgan[1]. Professor Omonulla Fayzullaevning Shayx Zayniddinning tarixini oʻrganish boʻyicha xulosasiga koʻra, u kishining toʻliq ismi Shayx Zayniddin Koʻyi Orifoni Toshkandiy ibn Shayx Shahobiddin Abu Hafs Umar Suhravardiy boʻlgan. U kishi 1164-yilda tugʻilgan. Otasi Shayx Shahobiddin Abu Hafs Umar Suxravardiy 25 yil davomida Iroqning Xorazmshoh davlatidagi elchisi boʻlgan. Shayx Zayniddin oʻsha vaqtlarda Xorazmdan Toshkentga kelib qoladi. Shayx Zayniddin Toshkentga yaqinlashganida, shaharning Koʻkcha darvozasidan bir necha chaqirim uzoqlikda tuya toʻxtab choʻkadi. Ushbu joy, keyinchalik, Koʻkcha dahasiga aylanadi va bu yerda Orifon qishlogʻi paydo boʻladi. Hazrati Shayx Zayniddin 1259-yilda 95 yoshida vafot etib bu yerda dafn etiladi va bu joy „Shayx Zayniddin“ qabristoniga aylanadi. Bu qabriston 19-asrda shahardagi eng katta qabristonlardan biri boʻlgan. Oʻsha davrda u yerda faqat chillaxona va hujralar, keyinchalik esa masjid qurilgan. Shayxning oʻlimidan 132 yil oʻtgach Amir Temurning Shayx Zayniddin qabri oʻrnida maqbara qurdirgan. Maqbara shu kungacha bir necha bor taʼmirlangan. Maqbaraning orqa tomonida „Chillaxona“ — sakkiz tomonli, gumbazli bino qad koʻtarib turibdi[2]. Salohiddin ibn Aloiddin Toshkandiy qalamiga mansub „Temurnoma“ kitobida quyidagilar yozilgan:
Amir Sohibqiron Turkiston ichra qabri shariflarga marqad koʻtarib, imorati oliy qurib, qancha erlarni vaqf qilib, andin keyin yana Hazrat Zayniddin Koʻyi Orifonga Kaykovus suvidan nahri azim chiqarib, qul-choʻri birla nazr etib, qabrlari uzra gumbaz koʻtarib, andin keyin Zangi otani muborak qabrlarini bino qildilar.
— Temurnoma kitobi, in
„Sirli olam“ jurnalining 1998-yil avgust sonida Qahramon Nazarov qalamiga mansub „Shayx Zayniddin Koʻyi Orifon hazratlari“ va „Toshkent oqshomi“ gazetasining 1998-yil sentabr oyidagi sonida Professor Omonulla Fayzullaev qalamiga mansub „Shayx Zayniddin Toshkandiy haqida“ maqolalarida Shayx Zayniddinning tariqat murshidi, falakiyot ilmining bilimdoni va yer osti yoʻli qurilishining muhandisi ekanligi haqida ham maʼlumotlar mavjud. „Shayx Zayniddin“ maqbarasi yonida joylashgan Oʻzbekiston Musulmonlari Idorasiga qarashli „Shayx Zayniddin“ jomeʼ masjidi 1943-yilda ochilgandan to hozirga qadar shu nom bilan atalib kelinadi. Xalq tilida „Koʻkcha“, jomeʼ „Shayx Zayniddin“ nomlari bilan ham ataladi[2].
Joylashuvi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Qabriston Toshkentning gʻarbiy qismida, Mannon Uygʻur koʻchasi 378-uyda, „Koʻkcha“ mahallasi hududidadir joylashgan boʻlib, maydoni 8,20 gektarni tashkil qiladi[1]. Qabriston yonida „Koʻkcha“ masjidi, 40-oʻrta maktab, 53- va 46-avtobuslarning „Koʻkcha“ bekati joylashgan.
Obodonlashtirish
[tahrir | manbasini tahrirlash]O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 14-dekabrdagi 1014-sonli qarori asosida Shayxontohur tumanidagi ushbu qabriston hamda „Zax qabristoni“ va „Kamolon qabristoni“ning 2018—2020-yillarda sanitariya holatini yaxshilash, obodonlashtirish, aholi ziyorat qilishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish va qabristonning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida 144,0 mln. soʻm mablagʻ ajratilgan[1].
Yana qarang
[tahrir | manbasini tahrirlash]Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ 1,0 1,1 1,2 1,3 „TOSHKENT SHAHRIDAGI QABRISTONLARNING SANITARIYA HOLATINI YAXSHILASH VA MODDIY-TEXNIKA BAZASINI MUSTAHKAMLASH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA“. lex.uz. Qaraldi: 28-noyabr.
- ↑ 2,0 2,1 „ШАЙХ ЗАЙНИДДИН ЖОМЕ МАСЖИДИ“ (uz). Qaraldi: 28-noyabr.