Kontent qismiga oʻtish

Konstruksion materiallar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Konstruksion materiallar — kuch qabul qiladigan, nagroʻzka tushadigan, konstruksiya detallari tayyorlanadigan, fizik, mexanik va kimyoviy xossalari yaxshi boʻladigan materiallar. Metall, metallmas va kompozitsion, kuymabop xillari bor.

Metall konstruksion materiallar ichida poʻlat eng keng tarqalgan; bulardan tashqari choʻyan, alyuminiy qotishmalari, berilliy qotishmalari, volfram qotishmalari, magniy qotishmalari, titan qotishmalari, xrom qotishmalari va boshqa ham konstruksion materiallarga taalluqli.

Texnologik alomatlari boʻyicha, deformatsiyalab (prokatlab, presslab, shtamplab) olinadigan, quyib, payvandlab, pishirib, yelimlab tayyorlanadigan materiallarga; ishlatilish sharoitiga koʻra, normal, past va yuqori temperaturalarda ishlatiladigan (olovbardosh qotishmalar, olovbardosh beton) materiallarga; strukturasiga koʻra, ferritli, austenitli poʻlatlar; mustahkamlash turiga koʻra, toblanadigan, yaxshilanadigan, dispersli-mustahkamlanadigan (qiyin eriydigan dispers zarrali), eskirtiriladigan, mustahkamlik koʻrsatkichi boʻyicha (mustahkamligi yuqori poʻlat va choʻyanlar) turlarga boʻlinadi.

Konstruksion materiallarning mexanik xossalari (konstruksiyasi mustahkamligi, oʻtga chidamliligi, qovushoqligi, olovbardoshligi, korroziyaga chidamliligi va boshqalar) ularning sifat koʻrsatkichlarini belgilaydi. Metall konstruksion materiallarga termik ishlov berib, ularning plastikligi oshiriladi. Katta nagruzkada ishlaydigan detallar qayta eritilgan poʻlatlardan tayyorlanadi. Mashinasozlikda tirsakli val, tishli gʻildiraklar va 1200° gacha temperaturada ishlovchi detallar tayyorlashda choʻyan keng qoʻllanadi. Nikelli va kobaltli krtishmalar 1000-1100° gacha temperaturada mustahkamligini saqlaydi; ular aviatsiya va raketa dvigatellari tayyorlashda, alyuminiy qotishmalari (mustahkamligi 550-750 Mn/m2) samolyot, vertolyot, raketa korpuslarini tayyorlashda qoʻllanadi. Titan krtishmalarining mustahkamligi 1600 Mn/m2 dan ortiq boʻlib, kompressor, aviatsiya dvigatellari, tibbiyot asboblari yasashda ishlatiladi.

Metallmas konstruksion materiallarga beton, oʻtga chidamli materiallar, plastmassalar, shisha, sopol, rezina va yogʻoch materiallar kiradi. Ular samolyotsozlik, raketasozlik, mashinasozlik, radiotexnika va kemasozlikda qoʻllanadi.

Kompozitsiyey konstruksion materiallar: ip, sim, ipsimon kristallar, qiyin eriydigan birikma va boshqalar kiradi[1].

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil