Kontent qismiga oʻtish

Mahmudbiy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Mahmud Qatagʻondan yoʻnaltirildi)
Mahmudbiy
(Mahmud Qatagʻon)
Tavalludi XVII asr 1-yarmi
Vafoti XVIII asr boshi
Balx
Faoliyat yillari 1683-yildan XVIII asr-boshigacha
Unvoni Otaliq

Mahmudbiy (Mahmud Qatagʻon) (XVII asr 1-yarmi — XVIII asr boshi) — ashtarxoniylar davridagi nufuzli amaldor, otaliq. Toxariston (1683-yildan), Balx va Badaxshon hokimi (1688-yildan). Mahmudbiy Movarounnahrning XVII asr 1-yarmidagi ijtimoiy-siyosiy hayotida muhim rol oʻynagan. Imomqulixon davrida (1611—1642) Qunduz Mahmudbiyning yurti va Toxaristonning Toliqon, Kishm kabi tumanlarini birlashtirgan mulk markaziga aylangan. Mahmudbiy otaliq davrida Ishkamish Qunduzga tobe ettirilgan. 1685-yil Mahmudbiy Bayot qoradan Toliqonni tortib olgan. 1686—1687-yillarda Anushaxon Xiva qoʻshini bilan Samarqand va Buxoroga hujum qilganda Subhonqulixon Mahmudbiydan yordam soʻragan. U bu paytda Toxariston xokimi (1683-yildan) edi, u xivaliklarni quvib yuborib, Xoʻjand va Hisordagi gʻalayonlarni bostirishda katta rol oʻynagan. 1688-yil avgustida Balx va Badaxshon Mahmudbiyga inʼom etilgan. Mahmudbiy Buxorodan mustaqil ravishda siyosat yurgiza boshlagan. 1691-yil Badaxshonda Yoriylar sulolasi asoschisi Mir Yorbekni magʻlubiyatga uchratgan. 1695-yil fevralda Mahmudbiy otaliqqa qarshi Balx atrofidagi quramalar isyon koʻtarganlar. Mahmudbiy Buxoroga, Subhonqulixonga odam yuborib shahzoda Muhammad Muqim sultonni yordamga soʻragan. Biroq xon buni rad etgan. Mahmudbiy Balx taxtiga mashhur soʻfiy Muhammad Porsoning avlodi Solihxoʻjani oʻtqazgan. Buxoro xoni Mahmudbiydan norozi boʻlib, maktub joʻnatgan. Mahmudbiy vaziyat taqozosi bilan shunday qilganini, agarda xon Muhammad Muqim sultonni joʻnatsa, Solihxoʻjani oʻrniga taxtga oʻtqazishini maʼlum qilgan. Yozishmalar 2,5 yil davom etgan. Subhonqulixon Mahmudbiyni Qunduzdagi isyonni bostirishga yuborgan va uning yoʻqligidan foydalanib, Balxga yurish qilgan. Solihxoʻja Qunduzdan Mahmudbiyni chaqirtirgan. Mahmudbiy Balx mudofaasiga kirishgan, qamal 20 kun davom etgan, nihoyat, oʻrtada sulh tuzilib xon orqaga qaytgan. Biroq Mahmudbiyni koʻchmanchi harbiy zodagonlar qoʻllab-quvvatlamagan. 1697-yil avgustda boshboshdoqlik kuchaygan va Mahmudbiy Subhonqulixonning talabiga koʻnishga majbur boʻlgan. Solihxoʻjani Hindistonga joʻnatib, Balxni Muhammad Muqim sultonga topshirgan. 1697-yil koʻchmanchi qabilalar boshliqlari (ming , saroy) oʻrtasida saroyda yuqori mavqega ega boʻlish uchun kurash boshlangan, unda Odilbiy va Shohniyozbiylar gʻalaba qilib, Mahmudbiyni otaliq mansabidan tushirganlar. Mahmudbiy Qunduzdan Balxga yurish qilgan. Muhammad Muqimxon uni yana otaliq etib tayinlagan. 1703-yil mayda Balx atrofiga Termiz qoʻngʻirotlari bosqin qilgan, ularga qarshi Mahmudbiy qoʻshin tortib gʻalaba qilgan, ulardan Qubodiyonni tortib olgan (noyabr). 1704—1706-yillarda Buxoro bilan Balx oʻrtasida Termiz uchun qattiq kurash ketgan. Unda dastlab Mahmudbiy ustun kelgan, 1704-yil sentabrda u Termizni egallagan. 1707-yil martda beklar fitnasi natijasida Mahmudbiy Muhammad Muqimxonni qatl ettirgan. Shu bahonada Ubaydullaxon II Balxga yurish qilgan (may), 1 oyga yaqin qamal qilib 27-mayda shaharni egallagan. Mahmudbiy Xiyobon darvozasi orqali qochgan. 1709-yil sentda Mahmudbiy Gʻur viloyatiga bosqin qilgan. Ubaydullaxon II unga qarshi chora koʻra olmagan, bunga xonliqdagi beklar oʻrtasidagi ichki nizolar yoʻl qoʻymagan. 1711-yil Mahmudbiy mashhur shoir Mashrabni qatl ettirgan.

  • Ахмедов Б. А. История Балха (XVI—первая половина XVIII в.) / Ганковский Ю. В.. — Ташкент : «ФАН» Узбекской ССР, 1982. — 295 с.
  • Faxriddin Hasanov.[1]
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil