Kontent qismiga oʻtish

Meningit

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Meningit
Umumiy maʼlumotlar
Qoʻzgʻatuvchisi Meningokokk
 
Klassifikatsiyasi va tashqi linklar
Ixtisos nevrologiya, infectious diseases[*]
DiseasesDB 22543
MedlinePlus 000680
eMedicine med/2613/{{{eMedicineTopic}}}
Patient UK Meningit
MeSH D008581

Meningit (qadimgi yunoncha: μῆνιγξlotincha: meninx , qaratqich k. lotincha: meningis „meninges“ + qoʻshimchasi -itis " yalligʻlanish ") – miya va orqa miya membranalarining yalligʻlanishi[1]. Mustaqil kasallik sifatida paydo boʻladigan birlamchi va asoratlar tufayli yoki infeksiya yuqishi, masalan, oʻrta quloq, burun yondosh boʻshliqlarining yalligʻlanishi, gripp, qizamiq, tepki, sil, zaxm oqibatida kelib chiqadigan ikkilamchi meningit farqlanadi. Meningit qoʻzgʻatuvchilariga (virusli, bakterial, zamburugʻli; sil, zaxm meningiti va boshqalar), kechishiga (oʻtkir, oʻrtacha oʻtkir va surunkali meningit), orqa miya suyuqligininh (likvorning) oʻzgarishiga qarab (yiringli va seroz meningit) ajratiladi. Chivin va kanalar yuqtiradigan infeksion kasalliklarda (ensefalitda, meningoenefalitda) ham meningit kuzatiladi. Infeksiya meningit bilan ogʻrigan bemor yoki bakteriya tashib yuradigan „sogʻlom“ kishilardan (ular bilan soʻzlashganda, oʻpishganda, bemor aksirganda, yoʻtalganda), aksari yuqori nafas yoʻllari yalligʻlangan bemorlardan yuqadi. Kattalarga nisbatan yosh bolalar koʻproq kasallanadi. Aksariyat kech kuz, qish va erta bahorda uchraydi. Kasalllk toʻsatdan boshlanadi, harorat 38—40°ga koʻtariladi, badan uvishadi, bemor tez-tez qayt qiladi (ovqat yesa-yemasa ham), bezovtalanadi. Meningitning shakliga qarab klinik belgilari xilma-xil boʻladi, lekin ularning barchasiga xos ayrim alomatlar mavjud; qattiq bosh ogʻrigʻi, bosh va boʻyin muskullarining tortishishi natijasida bemornig boshi orqaga engashgan boʻlib, oldinga ega olmaydi, oyoqlari bukilib qoladi. Baʼzan bemor alahlaydi, talvasa tutishi ham mumkin, tashqi taʼsirotlarga (kuchli yorugʻlik, qattiq tovush va hokazolarga) taʼsirchan boʻladi[2].

Yalligʻlanish jarayoniga va orqa miya suyuqligining tarkibiga qarab yiringli va seroz meningitlarga boʻlinadi. Hamma meningitlarda quyidagi meningial belgilar kuzatiladi:

1. Bosh ogʻriq – bu miya pardalaridagi sezuvchi retseptorlarning taʼsirlanishidan kelib chiqadi. Bosh ogʻriq hamma vaqt boshning barcha tomonida, koʻproq

ensa va peshona qismida boʻladi. Bosh ogʻriq V—X juft kbm nervlarining toksik yoki mexanik taʼsirlanishi (bosh miya bosimining oshishi) dan keyin paydo boʻladi. 2. Qusish – markaziy xarakterga ega boʻlib qusish ovqat yeyishga bogʻliq boʻlmaydi.

3. Giperesteziya – bemorlar yorugʻlikni, tovushni, shovqinni juda yomon his qiladi.

4. Ensa mushagining tarangligi – boʻyin mushaklarining tarang tortilib qolishi. Bu narsa orqa miya ildizlarining taʼsirlanishi natijasida kelib chiqadi.

5. Kernig va Brudzinskiy (yuqori, oʻrta, pastki) belgilari.

6. Yangi tugʻilgan chaqaloqlarda katta liqildoq tarangligi.

7.Lessaj (osiltirish) belgisi – bolani qoʻltigʻidan koʻtarganda oyoqlarini bukib tizzasini qorniga tekkizadi.

8. Uch oyoq belgisi – bemor qoʻlini orqasiga qilib oʻtirgan vaqtda oyoqlarini tizzasidan bukib oladi[3]

Meningitning hamma xilida bemorni darhol vrachga koʻrsatib, albatta, kasalxonaga yotqizish kerak. Davo oʻz vaqtida boshlansa bemor batamom sogʻayib ketadi. Kasallik qoʻzgʻatuvchisini tashib yuruvchilar topilsa, jamoadan ajratiladi va davolanadi.

Oldini olish uchun quloq, tomoq va burun boʻshligʻining yalligʻlanish va yiringli kasalliklarini oʻz vaqtida davolash lozim[2].

Tarixiy maʼlumot

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Obuxov kasalxonasi
Meningokokk meningitining butun dunyo boʻylab tarqalishi (2009 yil holatiga koʻra)) meningit kamari epidemiya zonalari sporadik holatlar

Baʼzi olimlar Gippokrat meningit mavjudligidan xabardor boʻlgan deb hisoblashadi. Uygʻonish davrigacha boʻlgan boshqa shifokorlar, masalan, Avitsenna, bu kasallikdan xabardor edilar[4] . 1768 yilda Shotlandiya shifokori Robert Whytt tomonidan sil kasalligi bilan kasallangan meningit qayd etilgan. Robert Whytt tamonodan bemorning oʻlimini tasvirlashda meningit, sil va uning qoʻzgʻatuvchisi oʻrtasidagi munosabatlar aniqlanmagan[5]. (19-asrda aniqlandi) . Epidemik meningit nisbatan yaqinda paydo boʻlgan hodisadir[6] . Birinchi hujjatlashtirilgan epidemiya 1805 yilda Jenevada sodir boʻlgan[6][7] . Keyingi yillarda Yevropa va Qoʻshma Shtatlarda bir nechta epidemiyalar paydo boʻldi, birinchi marta 1840 yilda Afrikada. Afrika epidemiyalari XX asrda tez-tez takrorlangan, 1905-1908 yillardagi Nigeriya va Ganadagi epidemiyalardan boshlangan. Meningitning sababi sifatida bakterial infektsiya haqida birinchi maqola avstriyalik bakteriolog Anton Vayxselbaum (nemischa: Anton Weichselbaum 1887 yilda meningokokkni tasvirlab bergan Anton Vayxselbaum[8] . XIX asrning oxirida meningitning koʻplab klinik belgilari ham tasvirlangan. Rossiyada kasallikning eng ishonchli belgisi 1884 yilda Obuxov kasalxonasi shifokori V. M. Kernig tomonidan tasvirlangan. Uning taʼkidlashicha, „tizza boʻgʻimlari kontrakturasining alomati“ meninges yalligʻlanishining dastlabki belgisidir. 1899 yilda Vladimir Mixaylovich Bexterev qobiqning zigomatik alomatini (zigomatik kamarga bolgʻa bilan urganda ogʻriqli burishish) tasvirlangan. Keyinchalik, polshalik shifokor Jozef Brudzinski toʻrtta meningeal simptomlarni tasvirlab berdi[9]. Virusli meningitning birinchi shakllaridan biri limfotsitik xoriomeningitdir . Armstrong va Lilli 1934 yilda maymunlar ustida oʻtkazgan tajribada meningitning bu shakli avtonom filtr virusidan kelib chiqqanligini koʻrsatdi. Tez orada Armstrong va Lilli virusi ham bemorlarning miya suyuqligidan ajratildi[10]. 1953 yilda S. N. Davidenkov kana keltirib chiqaradigan ikki toʻlqinli seroz meningitni tasvirlab berdi. Kana bilan yuqadigan ensefalit virusi bilan kasallangan oʻtkir seroz meningit sindromi kasallikning kashfiyotchisi A. G. Panov tomonidan 1935 yilda bahor-yoz tayga ensefalitini tasvirlab bergan[11] . XX asrga qadar meningitdan oʻlim 90 % ga etdi. 1906 yilda otlarni immunizatsiya qilish orqali meningit patogenlariga qarshi antitanalar olindi, amerikalik olim Saymon Fleksner (Simon Flexner) tomonidan immunizatsiya gʻoyasining rivojlanishi meningitdan oʻlimni sezilarli darajada kamaytirdi[12][13] . 1944 yilda penitsillin bu kasallikni davolash uchun ishlatilishi mumkinligi koʻrsatildi[14] . XX asrning oxirida Haemophilus influenzae ga qarshi vaktsinalardan foydalanish ushbu patogen bilan bogʻliq kasalliklar sonining kamayishiga olib keldi. 2002 yilda bakterial meningitda kasallikning borishini yaxshilash uchun steroidlardan foydalanish taklif qilindi.

Yiringli meningit

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qoʻzgʻatuvchilari meningakokk, pnevmakokk, stafilakokk, streptakokk, salmonellalar, ichak tayoqchalaridir. Bolalarda koʻproq uchraydi, sababi gematoensefal barer toʻliq yetilmagan boʻladi. Bu meningitlarning qoʻzgʻatuvchilari yuqori nafas yoʻllari orqali organizmga kirib, u yerda koʻpayadi va yuqori nafas yoʻllarining yalligʻlanish belgilarini namoyon qiladi. Keyinchalik limfa tugunlarida koʻpayib, qon orqali bosh miya pardalariga boradi. Meningit boshqa surunkali kasalliklar (otit, zotiljam, abssess, sepsis) dan keyin ham paydo boʻladi. Kasallikning yashirin davri 3—5 kun davom etadi.

Klinik manzarasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Kasallik toʻsatdan, oʻtkir boshlanib tana haroratini 39 – 40 °C gacha koʻtarilishi, qusish, titrash, yosh bolalarda sababsiz baqirib yigʻlash paydo boʻladi, katta yoshdagilar kuchli bosh ogʻriqdan shikoyat qiladilar. Bemorning hushi karaxt, ruhiy bezovtalik, alahsirash va ogʻir hollarda hushning yoʻqolish holatlari boʻladi. Agar yalligʻlanish miyaning tepa qismida (konveksital) boʻlsa, qaltirash belgilari meningial belgilar bilan kechadi. Qaltirash belgilari koʻproq yosh bolalarda uchraydi. Kasallikning 2—3 kunidan boshlab meningial belgilar paydo boʻladi (ensa mushagi tarangligi, Kernig, Brudzinskiy belgilari). Bemor boshni orqaga tashlab,

oyoqlarini qorin boʻshligʻiga yaqinlashtirib yotadi. Yosh bolalarda katta liqildoq taranglashgan boʻladi. Giperesteziya, pay reflekslari oshgan, III— IV—VII—VIII—XII juft kalla bosh miya nervlarining zararlanishi kuzatiladi. Agar yalligʻlanish miyaning asosida boʻlsa, unda bemorlarda gʻilaylik, koʻzga narsalarning, ikkita boʻlib koʻrinishi, yuqori qovoqning osilib qolishi, yuz mushaklarida asimmetriya kuzatiladi. Bu mahalliy miya belgilari faqat miya shishgan vaqtlarda paydo boʻladi. Bemorning rangi oqargan, ogʻiz atrofi koʻkargan, nafas olishi va tomir urishi tezlashgan, qon bosimi biroz koʻtarilgan, ishtahasi yoʻqolgan boʻladi. Baʼzi bemorlarning oshqozon-ichak yoʻllarida buzilish boʻlib, jigar va taloq kattalashadi, siydikda oqsil va silindrlar koʻp miqdorda ajralib chiqadi. Yosh bolalarda sababsiz bezovtalik, qichqirib yigʻlash, tana haroratini koʻtarilishi, ich qotish meningitning asosiy belgilari hisoblanadi. Qon tarkibida leykotsitoz neytrofillar hisobiga koʻpaygan, ECHT tezlashgan boʻladi. Orqa miya suyuqligida bosim oshgan, rangi loyqa, sariq-koʻk rangda, oqsil 0,66 dan 6 g/l gacha va undan ham yuqori boʻladi. Pandi, NonneApelt reaksiyasi musbat, sitoz 1000—10000 gacha 1 mm3, shundan neytrofillar 80—100 % ni tashkil etadi[3].

Bemorni tezda shifoxonaga yotqizib davolash zarur. Birinchi kundan boshlab penitsillinni bolalarga 400—500 tb/kg har 3—4 soatda mushak orasiga, kattalarga 18—24 mln tb dan kuniga har 4 soatda mushak orasiga, 5—7 kungacha qilinadi. Levomitsitin suksinat 100 mg/kg kuniga 4 mahal 7—10 kun, seporin 1 g dan har 6 soatda mushak orasiga qilinadi. Sulfamonometoksin birinchi kuni 2 ta tabletkadan 2 mahal, ikkinchi kundan boshlab 2 ta tabletkadan 1 mahal 5—9 kungacha beriladi. Bosh miyadagi shishlarni olish uchun mannit, plazma, laziks, furatsemid, magneziy sulfat, diakarb, gidrokortizon 7—12 mg/kg, tutqanoqqa qarshi fenobarbital, benzonal, geksamedin, difenin, depakin, finlepsin buyuriladi. Toksikozga qarshi natriy xlor 0,9 %, glukoza 5—10 %, gemodez, reopoligukin, kokarboksilaza, kavinton 0,5 mg/kg t/i har kuni 10 kungacha, solkoseril, aminazin, gammaglobulin va burun orqali kislorod berib turish zarur.

Bemorlarning yoshiga qarab penitsillinning kunlik dozalari[15]
Yoshi, oylari Oʻrtacha vazn, g Mushak ichiga 6 doza, birlik Yoshi, yillari Oʻrtacha vazn, kg
yangi tugʻilgan chaqaloqlar 3200 1 200 000 1 10
1 4000 1 200 000 2 12
2 4800 1 200 000 3 14
3 5500 1 200 000 4 16
4 6500 1 500 000 5 17
5 7000 1 500 000 6 21
6 7500 2 000 000 7-9 27
7-10 8500 6 000 000 10-12 45
11-15 9500 9 000 000 16 -
17 va undan katta -

Parvarish qilish

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qatʼiy toʻshak tartibi, tez-tez yengil ovqatlantirib turish, meningitlarda bosh miyada gipertenziya belgilari boʻladi. Bunda bemor shovqin, yorugʻlikni yoqtirmaydi. Shuning uchun bemorlarni alohida tinch, unchalik yorugʻ boʻlmagan xonaga yotqizish, xona havosini toza havo bilan taʼminlash, yumshoq yostiq boʻlishi, koʻrpa-toʻshaklari ozoda boʻlishi kerak.

Sil meningiti

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Sil meningiti barcha yoshda, koʻproq bolalar va oʻsmirlarda uchraydi. Kasallikning paydo boʻlishidan oldin boshqa aʼzolarda sil jarayoni (o‘pka sili, bronxial bezlar yoki boshqa aʼzolar sili) bilan ogʻrib oʻtgan boʻlishlari kerak.

Klinik manzarasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Sil meningiti koʻpincha asta-sekin avj olib boradi. Kasallikning dastlabki belgilari oʻtkinchi bosh ogʻriq, umumiy holsizlik, lanjlik, darmonsizlik, tajanglik, ishtaha yoʻqolishi, oʻqish saviyasining yomonlashishi, doimiy boʻlmagan tana haroratning 37,2 – 37,8 °C gacha koʻtarilishi. Keyinchalik bosh ogʻriq kuchayib boradi. Uyqu buzilishi, nafas tutilishi, yorugʻlikdan qoʻrqish, kichik yoshdagi bolalarda ich ketish va behushlik, yuqori tana harorati, teri rangi oqarib, bemorning koʻngli aynib,

qayt qilib turishidir, katta yoshdagilarda toliqish, ish qobiliyatining keskin kamayishi yoki yoʻqolishi, asabiylashish, tajanglik kuzatiladi. Mana shu alomatlarning hammasi 1—2 hafta davom etib, keyin meningial belgilar kuchayib boradi. Bunda bemorlarda umumiy lohaslik belgilari kuchayadi, ozish, doimiy yuqori boʻlgan tana harorati, parishonlik yoki hushsizlik, anglash va soʻzlash qobiliyatining buzilishi, uyquchanlik, savollarga xohishsiz javob qaytarish, kuchaygan davomli bosh ogʻriq, sababsiz koʻngil aynish yoki qusish, alahsirash, tirishish, umumiy ogʻriqni sezish va turli xildagi gallutsinatsiyalar kuzatiladi. Bemorni tekshirganda meningial belgilar: ensa mushagining tarangligi, Kernig va Brudzinskiy belgilari, pay reflekslarining kuchayishi yoki yoʻqolishi, Babinskiy, Oppengeym, Gordon,

Rossolimo patologik reflekslarining borligi, miya asosidan chiquvchi 12 juft kbm nervlarida oʻzgarishlar kuzatiladi. II juft koʻruv kbm nervizararlanganda koʻrishni pasayishi, koʻz tubida oʻzgarishlar kuzatiladi; III juft koʻzni harakatlantiruvchi kbm nervi zararlanganda yuqori qovoqning osilib qolishi, tashqariga qarab qolgan gʻilaylik, koʻz qorachigʻining kengayishi, koʻz olmasining oʻynoqiligi va narsalarning ikkita boʻlib koʻrinishi; VI juft koʻzni tashqariga harakatlantiruvchi kbm nervi

zararlanganda ichkariga qaragan gʻilaylik, doimiy boʻlgan diplopiya; VII juft yuz kbm nervi zararlanganda yuz mushaklarining falaji, ogʻiz burchagi pastga tushgan, burun-lab burmasi silliqlashgan, peshona burmalari silliqlanishi natijasida koʻz tirqishi bekilmaydi (logoftalm); XII juft til osti kbm nervi zararlanganda til ogʻiz boʻshligʻidan chiqarilganda zararlangan tomonga qiyshaygan boʻladi. Vegetativ oʻzgarishlar ham kuzatiladi: yurak urishini sekinlashishi, yuz rangini vaqti-vaqti bilan qizarishi yoki oqarishi, kech paydo boʻladigan turgʻun qizil, yoyilgan dermografizm.

Sil meningiti 3 ta klinik shakldan iborat:

1. Sil meningitining bazillar shaklida meningial belgilar bilan barcha 12 juft kbm nervlarining zararlanish alomatlari kuzatiladi.

2. Meningoensefalit shaklida meningial belgilar bilan bir qatorda bosh miya toʻqimasining oʻchoqli jarohatlanishi (afaziya – nutq buzilishi, afoniya – ovozning boʻgʻilishi, afagiya – ovqatni yuta olmaslik yoki qalqib ketish, qoʻl-oyoqlarda gemiparez alomatlari kuzatiladi.

3. Serebro-spinal shaklida, miya toʻqimasining, pardalarining zararlanish belgilari bilan birga orqa miya ildizlarida periferik asab falajligi belgilari va chanoq aʼzolari faoliyatida ham oʻzgarishlar kuzatiladi. Sil meningitida orqa miya suyuqligini olish uchun maxsus xonada aseptik va antiseptik qoidalarga rioya qilgan holda punksiyani bajarish zarur. Punksiyani bajaruvchi shifokor qoʻllarini zararsizlantirilgan choʻtka va sovun bilan yuvib tozalaydi, soʻngra zararsizlantirilgan salfetka bilan artib quritadi va spirt-yod-spirt bilan tozalaydi, ayniqsa barmoqlarni. Boshini koʻkrak qafasiga va oyoqlarini qorin tarafga eggan, gorizontal holatda yotgan

bemorning bel umurtqa sohasini spirt-yod-spirt bilan artiladi. III—IV—V umurtqa pogʻonasi oraligʻini (asosan, III—IV) maxsus mandrenli igna bilan

punksiya qilinadi (bolalarda oddiy qontomirga dori yuboradigan ignani ishlatish mumkin). Orqa miya suyuqligi 3 ta shisha idishga 3 ml dan kam boʻlmagan miqdorda olinadi. 1 va 2 shisha idishlar umumiy tahlil—oqsil, hujayralar, qand, xloridlar miqdorini aniqlash uchun va bakterioskopik tekshirish uchun laboratoriyaga yuboriladi, 3 chi shisha idish esa oʻrgimchak inisimon pardaning hosil boʻlishini kuzatish uchun (12 soat) xonada qoldiriladi. Agarda parda hosil boʻlsa, uni darhol, chayqatmasdan bakterioskopik usul bilan tekshirishga yuboriladi. Bemor punksiyadan keyin 2 soat davomida tepaga qarab yotishi kerak va hech qanday ovqat hamda dori vositalari buyurilmaydi. Orqa miya suyuqligi tiniq, sargʻish, sal tovlanib turadigan boʻladi. Suyuqlik tarkibida oqsil va limfasitlar koʻp miqdorda uchraydi. Orqa miya suyuqligida 24—28 soatdan keyin yupqa parda paydo boʻlib, shu pardadan sil tayoqchalari topilishi mumkin. Mana shu davrda

bemorning tana harorati 38—39°C ga koʻtariladi. Es-hushi vaqti-vaqti bilan karaxt boʻlib turadi.

Sil meningiti boʻlgan bemorlar darhol shifoxonaga yotqizilishi kerak. Shifoxonada oʻrtacha turli xil shakliga qarab 6 oydan 1 yilgacha davolanadilar. Shifoxonada davolanish vaqti tugagandan soʻng, bemorlar sil sihatgohida toʻliq davolanishni davom ettiradilar. Bu joydan davolanib chiqqandan keyin bemorlar yashash joydagi silga qarshi kurashish dispanseri nazoratida kuzatiladi va keyingi oʻtkaziladigan davolash, oldini olish choralari olib boriladi. Hamma sogʻaytirilib uyga chiqarilgan bemorlar dispanser shifokori tomonidan, kasallikning qaytalanmasligi maqsadida, 5yildan kam boʻlmagan nazorat kuzatuvida boʻladilar.

Bemorlarga tarkibida oqsillar, yogʻlar va vitaminlarga boy boʻlgan yuqori kaloriyali oziq-ovqatlar berish kerak. Antibakterial dorilar: rifampitsin (tibinil R) (0,15 g) 3—4 dona kapsulasi katta kishilarga och qoringa 1 mahaldan 3—4 oygacha, streptomitsin 0,5—1,0 g 3—4 oygacha, tubazid (izoniazid) 10 % 5,0 ml dan tomir ichiga, bundan 15 daqiqa oldin vitamin B6 5 % 2,0 ml qilish tavsiya etiladi yoki izoniazid 0,6—0,9 g kuniga 1 mahal ichishga beriladi; pirazinamid 0,5 g dan 3 mahal kuniga, ftivazid 1,5—2,0 g, etambutal 0,4 g dan 2 mahal ichishga beriladi; siydik haydovchi dorilardan magniy sulfat 25 % 7—10 ml 2,0 ml 0,5 % novokain bilan mushak orasiga yuboriladi 10—15 kun, furotsemid yoki laziks, mannit 15 % 200,0 ml tomir ichiga 4—6 kun; tutqanoqqa qarshi dorilar benzonal, fenobarbital

buyuriladi. Falaj boʻlgan holatlarda dibazol kuniga 0,05 g 3—4 hafta, galantamin 0,5 % 1,0 ml dan 30 kun, prozerin 0,05 % 1,0 ml kuniga 2 marta 20 kun (dibazol va prozerinni bir vaqtning oʻzida ishlatish mumkin emas). Ogʻir holatlarda antibakterial davoni 3—4 kundan boshlab, yalligʻlanishga qarshi prednizolon kattalarga 7,5 mg (1,5 tabl) 2 mahal 7 kun beriladi. Agar ogʻriq boʻlsa, ogʻriq qoldiruvchi dorilar—analgin, baralgin, agar falajlik kuzatilsa, qoʻl-oyoqlarni fiziologik vaziyatga keltirib, kontrakturalarning oldini olish uchun boʻgʻimlarga yumshoq shakldagi yostiqchalar qoʻyilishi kerak. Ogʻriq kamaygandan soʻng yengil uqalash, bu

toʻqimalarda qon aylanishni yaxshilash, shishlarni kamaytirish va yotoq yaralarningoldini olish uchun tavsiya etiladi.

Zaxm meningiti

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Zaxm kasalligi bilan ogʻrib yurgan bemorlarda zaxm meningiti kelib chiqishi mumkin. Kasallik meningial belgilar bilan boshlanadi. Bunda bosh ogʻriq, bosh aylanish, koʻngil aynishi, qusish va haroratning koʻtarilish belgilari asta-sekin kuchayib boradi. Zaxm meningitida miya asosining pardasi koʻproq zararlangani uchun II—III—VI juft kbm nervlarining zararlanish belgilari kuzatiladi. Bosh ogʻriq kechalari bilan zoʻrayadi, qoʻloyoq mushaklari zaiflashib boradi, pay reflekslari oʻzgaradi, patologik reflekslari paydo boʻladi. Tashxis qoʻyishda qon va likvor tahlil qilinadi. Vasserman reaksiyasi musbat boʻlsa, tashxis toʻgʻri qoʻyilgan boʻladi.

Zaxmga qarshi dorilar qoʻllanadi.

  1. Бондаренко Е.С., Фрейдков В.И., Гордеева Л.М., Ковалев В.В, Костров Н.И., Фомина-Косолапова В.П., Несветов А.М.. Большая медицинская энциклопедия. Москва : Советская энциклопедия, 1981.. 
  2. 2,0 2,1 OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  3. 3,0 3,1 X. Q. Shodmonov, X. Sh. Eshmurodov O. T. Tursunova. ASAB VA RUHIY KASALLIKLAR. «Bilim» nashriyoti, 2004. 
  4. Arthur Earl Walker, Edward R. Laws, George B. Udvarhelyi „Infections and inflammatory involvement of the CNS“, . The Genesis of Neuroscience. Thieme, 1998 — 219—221-bet. ISBN 1-879-28462-6. 
  5. Whytt R.. Observations on the Dropsy in the Brain. Edinburgh: J. Balfour, 1768. 
  6. 6,0 6,1 {{{заглавие}}}.[sayt ishlamaydi]
  7. {{{заглавие}}}.
  8. {{{заглавие}}}.
  9. В. С. Лобзин.. Менингиты и арахноидиты. «Медицина», 1983. 
  10. В. С. Лобзин.. Менингиты и арахноидиты. «Медицина», 1983. 
  11. В. С. Лобзин.. Менингиты и арахноидиты. «Медицина», 1983. 
  12. The results of the serum treatment in thirteen hundred cases of epidemic meningitis // Andoza:Нп3. — DOI:10.1084/jem.17.5.553.
  13. Swartz M.N. Bacterial meningitis--a view of the past 90 years(ingl.) // The New England Journal of Medicine. — 2004. — Vol. 351. — P. 1826—1828. — DOI:10.1056/NEJMp048246.
  14. Rosenberg D.H., Arling P.A. Penicillin in the treatment of meningitis(ingl.) // JAMA. — 1944. — Vol. 125. — P. 1011—1017. reproduced in Rosenberg D.H., Arling P.A. Penicillin in the treatment of meningitis(ingl.) // JAMA. — 1984. — Vol. 251. — P. 1870—1876. — DOI:10.1001/jama.251.14.1870.
  15. В. С. Лобзин.. Менингиты и арахноидиты. «Медицина», 1983.