Kontent qismiga oʻtish

Muhammad ibn Abdulmalik ibn Marvon

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Muhammad ibn Abdulmalik ibn Marvon
Misr hokimi
Oʻtmishdoshi Hanzala ibn Safvon al-Kalbiy
Vorisi Al-Hur ibn Yusuf
Shaxsiy maʼlumotlari
Vafoti 750
Falastin, Abbosiylar xalifaligi
Munosabatlari Umaviylar xalifaligi
Ota-onasi Abdulmalik ibn Marvon (otasi)

Muhammad ibn Abdulmalik ibn Marvon (arabcha: محمد بن عبد الملك بن مروان) (750-yilda vafot etgan) – Umaviy shahzoda, xalifa Abdulmalikning (h. 685–705) oʻgʻli. Umaviylar sulolasi ichki siyosatida, shu jumladan, Uchinchi musulmon fuqarolar urushida va xalifa Marvon II ning (h. 744–750) xalifalikka tayinlanishida rol oʻynagan. 747–748-yillarda Marvon II hukmronligi davrida Makka, Madina va Toif hokimi boʻlgan. 750-yilda Falastindagi Nahr Abu Futrusdagi Umaviylar qirgʻinida Abbosiylar tomonidan qatl etilgan.

Yoshlik yillari va faoliyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Muhammad ibn Abdulmalik Umaviylar xalifasi Abdulmalik va uning choʻri ayollaridan (ummu al-valad) birining oʻgʻli boʻlgan[1]. Hishom 724-yilning 6-mart kuni Muhammadni Misrning birinchi hokimi etib tayinlagan[2]. Xalifa bilan siyosatdagi kelishmovchiliklar tufayli isteʼfoga chiqqan va uning oʻrniga 724-yil 2-mayda boshqa bir Umaviylar vakili al-Hur ibn Yusuf tayinlangan[2].

Uchinchi fitnadagi roli

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Muhammad 744-yilda jiyani xalifa al-Volid II ning oʻldirilishi, undan soʻng Umaviylardan al-Volidning muxoliflari yetakchisi, boshqa bir jiyani Yazid III ning taxtga oʻtirilishi ortidan sodir boʻlgan Uchinchi musulmon fuqarolar urushida rol oʻynagan[3]. Volid II ning oʻldirilgani haqidagi xabar Jund Filastin (Falastin harbiy okrugi) qoʻshini harbiylariga yetib borgach, ular Muhammadning ukasi Said al-Xayrni lavozimidan chetlatib, uning oʻrniga Muhammad va Saidning ukasi, xalifa Sulaymonning (h. 715–717) oʻgʻli Yazid ibn Sulaymonni tayinladilar[4]. Shundan soʻng Balqayn qabilasidan boʻlgan Hubaysh ibn Duljaning nabiralari boshchiligidagi Jund al-Urdun qoʻshinlari Yazid III ga qarshi koʻtarilgan qoʻzgʻolonga qoʻshilib, Muhammadni oʻzlariga boshliq etib tayinladilar[4]. Yazid III isyonchilarga qarshi Muhammadning jiyani Sulaymon ibn Hishomni yubordi. Bir maʼlumotga koʻra, Yazid III ning elchilari Muhammadni xalifaga bayʼat qilishga koʻndirgan[5]. Yana bir maʼlumotga koʻra, xalifa qoʻshinlari Jund al-Urdun qishloqlariga kirib borib, Tiberiyaga bostirib kirishgan, u yerda Muhammadning qarorgohini talon-taroj qilishgan, qurollari, otlari va tuyalarini tortib olishgan. Jund al-Urdun qoʻshinlari Sinnabra yaqinida Yazid III ga oʻz sadoqatlarini bildirganlar[4]. Soʻngra Yazid III ukasi Ibrohim ibn al-Volidni Jund al-Urdunga hokim etib tayinlagan[5]. Ayrim maʼlumotlarga koʻra, Yazid III Ibrohimni hokim etib tayinlaganidan soʻng Jund al-Urdun qoʻshinlari Muhammadni qoʻllab-quvvatlagan va toki ularga moliyaviy imtiyozlar taklif qilinmaguncha Ibrohimning hokimiyatini tan olishdan bosh tortgan[6].

Keyingi hayoti va oʻlimi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Yazid III 744-yilda vafot etgan va uning oʻrniga Ibrohim bir necha oy davomida Umaviylar xalifasi boʻlgan. Oradan biroz vaqt oʻtib, oʻzining uzoq amakivachchasi Marvon II uchun taxtdan voz kechgan. 745-yilda Muhammad, akalari Said al-Xayr, Abu Bakr Bakkar, jiyanlarining oilalari, xalifalar Volid I (h. 705–715), Sulaymon, Yazid II (h. 720–724) va Hishomning oʻgʻillari Havrondagi Dayr Ayyubda Marvon II ga bay’at qilgan[7].

747–748-yillarda Marvon II Muhammadni Makka, Madina va Toifga hokim etib tayinlagan[7]. 748-yilning avgustida Muhammad Makkada haj ziyoratiga boshchilik qilgan[7]. Keyingi yili uning oʻrniga Volid ibn Urva as-Saʼdiy hokim etib tayinlangan[7]. Abbosiylar inqilobi natijasida 750-yilda Umaviyyalar xalifaligi agʻdarilgach, Muhammad Falastindagi Antipatris daryosi (Nahr Abi Futrus) boʻyidagi bir ziyofatda Abbosiylar tomonidan oʻldirilgan Umaviyalarning oʻnlab aʼzolari orasida bor edi[3].