Kontent qismiga oʻtish

Uchinchi fitna

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Uchinchi fitna
Ilk musulmon fuqarolar urushlari va Qays–Yaman urushining bir qismi
Sanalar 744–747
Urush yeri Bilod ash-Shom, Iroq, Eron, Xuroson, Arabiston
Natija Umaviylar oʻrtasidagi fuqarolar urushida Marvon II va Qays tarafdorlari gʻalaba qozongan. Umaviylar hokimiyati zaiflashib, Abbosiylar inqilobida ag'darib yuborilgan
Qoʻmondonlar
Al-Volid II 
Marvon II
Abu al-Vard
Yazid ibn Umar ibn Hubayra
Nasr ibn Sayyor
Yazid III
Sulaymon ibn Hishom
Yazid ibn Xolid al-Qasriy

Uchinchi fitna (arabcha: الفتنة الثاﻟﺜـة) – Umaviylar xalifaligiga qarshi kechgan bir qator ichki urushlar va qoʻzgʻolonlar. 744-yilda xalifa al-Volid II ga qarshi qoʻzgʻolon bilan boshlanib, 747-yilda Marvon II gʻolib boʻlguniga qadar davom etgan. Urush ichki ziddiyatlarni, ayniqsa, Qays–Yaman urushini kuchaytirib yuborgan, Umaviylar hokimiyatining vaqtinchalikka qulashi Xorijiylar va boshqa Umaviylarga qarshi qoʻzgʻolonlarga yoʻl ochgan. Ularning oxirgisi va eng muvaffaqiyatlisi 747-yilda Xurosonda boshlanib, 750-yilda Umaviylar xalifaligining agʻdarilishi va Abbosiylar xalifaligining barpo etilishi bilan yakunlangan Abbosiylar inqilobi hisoblanadi[1].

Fuqarolar urushi 744-yilda amakisi Hishom ibn Abdulmalikdan (h. 724–743) keyin xalifalikka tayinlangan Volid II ning (h. 743–744) hokimiyatdan agʻdarilishi bilan boshlandi. Hishom xalifalikka akasi Yazid II (h. 720–724) tomonidan tayinlangan, biroq Yazid II bundan oldin allaqachon oʼgʻli al-Volid II ni oʻzidan keyingi merosxoʻr sifatida belgilab qoʻygan edi. Dastlab Hishomning xalifalikda mashhurlikka ega boʻlmaganligi va armiya maoshini oshirish borasidagi qarorlari tufayli al-Volid II ning taxtga oʻtirishi xalq tomonidan yaxshi qabul qilindi, ammo bunga boʻlgan munosabat tezda oʻzgarib ketdi. Al-Volid II dindan koʻra dunyoviy lazzatlarga koʻproq qiziqar, buni uning hukmronligi davrida qurilgan Qusayr Amra va Xirbat al-Mafjar qal’alari bilan ham tasdiqlash mumkin[1]. Uning hokimiyat tepasiga kelishi Umaviylar oilasining baʼzi aʼzolarining noroziliklariga sabab boʻldi. Al-Volid II ning voyaga yetmagan ikki oʻgʻlini merosxoʻr qilib belgilashi, amakivachchasi Sulaymon ibn Hishomni kaltaklab, qamoqqa tashlashi bu dushmanlikni yanada keskinlashtirdi[1]. Al-Volid Qadariyya mazhabini taʼqib qilib kelishi[1] hamda shimoliy (Qaysiy/Mudoriy) va janubiy (Kalbiy/Yamaniy) qabilalar oʻrtasidagi doimiy raqobatda ishtirok etishi unga nisbatan navbatdagi qarshiliklarni keltirib chiqardi. Yusuf ibn Umar as-Saqafiy Iroq hokimi etib tayinlanganidan soʻng, oʻzidan oldingi yamaniy Xolid al-Qasriyni qiynoqlar bilan oʻldirganidan keyin al-Volid II ham otasi kabi qaysiylar tarafdori sifatida koʻrilgan. Shuni taʼkidlash kerakki, kishilar har doim ham aniq bir tomonga sodiq boʻlmagan, shuningdek, baʼzilar ikki tomon oʻrtasida harakat qilib yurgan[1].

Yazid III ning Damashqni bosib olishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

744-yil aprelda Volid I ning oʻgʻli Yazid III (h. 705–715) Damashqqa kirib bordi. Uning tarafdorlari atrofdagi koʻplab kalbiylar tomonidan qoʻllab-quvvatlanib, shaharni egallab olishdi va Yazid III ni xalifa deb eʼlon qilishdi. Choʻl qal’alaridan birida boʻlgan al-Volid II Palmira yaqinidagi al-Bahraga qochib ketdi. Himsdan mahalliy Kalbiy va Qaysiylarning oz sonli qoʻshinini toʻplashga muvaffaq boʻldi, biroq Abdulaziz ibn al-Hajjoj ibn Abdulmalik boshchiligidagi Yazid III ning ancha katta qoʻshini yetib kelgach, uning tarafdorlarining koʻpchiligi qochib ketdi. Al-Volid II oʻldirildi va uning kesilgan boshi Damashqqa yuborildi[1]. Abu Muhammad as-Sufyoniy davrida Himsda Qaysiy tarafdorlari tomonidan qoʻzgʻolon uyushtirildi, biroq ushbu qoʻzgʻolon Damashqda qamoqdan chiqqan Sulaymon tomonidan keskin bostirildi. Abu Muhammad al-Volid II va uning oʻgʻillari birgalikda Damashqda qamoqqa tashlandi[1].

Qisqa hukmronligi davrida Yazid III taqvodor Umar ibn Abdulazizdan (h. 717–720) qiyos olgan hukmdor edi. U Qadariyyaga nisbatan yaxshi munosabatda boʻlgan va oʻzidan oldingi Umaviylar ustidan aytiladigan avtokratik boshqaruvni tez-tez tanqid qilishdan oʻzini ongli ravishda toʻxtatishga harakat qilgan. Yazid III oʻz vakolatini suiisteʼmol qilishdan, asosan, ogʻir soliqlar solishdan, Umaviylar va ularning tarafdorlarining boylik toʻplashlari, xalifalikning boshqa hududlariga nisbatan Suriyaga koʻrsatilayotgan xayrixohlik va askarlarning uzoq harbiy yurishlar sabab uzoq muddat davomida oilasi bilan boʻlolmasligi kabi masalalarda oʻz hokimiyatini suiisteʼmol qilmaslikka vaʼda bergan. U nafaqat jamoat tomonidan, balki majlis (shūrā) tomonidan ham tanlanganligini taʼkidlagan. Agar Yazid II oʻz vazifalarini bajara olmasa yoki ularga rahbarlik qilish uchun munosibroq odam topilgan taqdirda, jamoa uni lavozimidan chetlatish huquqiga ega edi[1]. Shu bilan birga, uning hukmronligi davomida Yaman yangidan yuksaldi, Yusuf ibn Umar Iroqdagi Qaysiylarni qoʻzgʻolon boshlashga undaganidan soʻng, lavozimidan boʻshatilib, qamoqqa tashlandi. Yusufning Iroq va Sharqdagi vorisi kalbiy Mansur ibn Jumhur edi, biroq tez orada uning oʻrniga Umar II ning oʻgʻli Abdulloh ibn Umar ibn Abdulaziz keldi. Mansur qisqa muddatda Xuroson hokimi Nasr ibn Sayyorni ishdan boʻshatishga harakat qildi, ammo Nasr oʻz lavozimini saqlab qolishga muvaffaq boʻldi[1]. Yazid III 6 oylik hukmronlikdan soʻng 744-yilning sentyabrida vafot etdi. Qadariylarning maslahati bilan u akasi Ibrohim ibn al-Volidni oʻziga voris etib tayinlagan edi, biroq Ibrohimning hokimiyat tepasiga kelishini koʻpchilik qoʻllab-quvvatlamadi va Marvon I ning nabirasi (h. 684–685), al-Jazira (Yuqori Mesopotamiya) hokimi Marvon II ning (h. 744–750) qoʻzgʻoloniga duch keldi.

Marvon II ning hokimiyatga koʻtarilishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Marvon II davrida zarb qilingan kumush dirham

Maʼlumotlarga koʻra, bir necha yil davomida xalifalikning shimoli-gʻarbiy chegaralarida vizantiyaliklar va xazarlarga qarshi yurishlarni boshqargan Marvon II al-Volid II ning vafotidan soʻng xalifalikka daʼvo qilish haqida oʻylab koʻrgan, biroq Kalbiylar qoʻzgʻoloni uni kutishga majbur qilgan. Yazid III uni Yuqori Mesopotamiyaga hokim etib tayinlagan va u Qayslar hukmron boʻlgan Harran shahrida istiqomat qilgan[1].

Ilk islom davrida Suriyaning yirik shaharlari va maʼmuriy boʻlinmalari (jund) xaritasi

744-yilda Yazid III vafot etgach, Marvon al-Volid II ning qamoqdagi ikki oʻgʻliga taxtni qaytarish maqsadida ekanligini daʼvo qilib, Suriyaga yurish qildi[1]. Shimoldagi Qinnasrin va Hims tumanlarining mahalliy qaysiylari uning bayrogʻi ostida toʻplanishdi. Qachonlardir Baʼalabakdan Damashqqa olib boruvchi yoʻlda Volid II tomonidan qamchilanib, qamoqqa tashlangan Sulaymon Marvon II bilan toʻqnash keldi. Sulaymon Marvon II bilan Suriya janubidagi Kalbiylar va Dakvoniyyaning 5000 kishilik shaxsiy qoʻshinini oʻz mablagʻlari va mulklari hisobidan taʼminlagan. Shuningdek, armiyaga asosan, mavoliylarni (arab boʻlmagan musulmonlar) yollagan[2]. Marvon II Damashqqa qochib ketgan Sulaymonni magʻlubiyatga uchratdi[1]. Marvon II jangdan keyin olgan asirlarni Volid II ning oʻgʻillariga bayʼat qilishga majbur qildi. shundan soʻng Sulaymonning buyrugʻiga koʻra al-Volid II ning oʻgʻillari Yusuf as-Saqafiy bilan birga Yazid ibn Xolid al-Qasriy tomonidan oʻldirildi[1]. Sulaymon va uning tarafdorlari, jumladan, xalifa etib tayinlangan Ibrohim ham Palmiraga qochib ketdi[1]. Marvon II noyabr yoki dekabr oyining oxirida Damashqqa tinch yoʻl bilan kirib keldi va xalifa deb eʼlon qilindi[3]. Marvon kishilarga qattiq jazo chorasini koʻrishdan oʻzini tiydi, buning oʻrniga kelishuv siyosatini amalga oshirgan holda ularga Suriya tumanlariga (jund) oʻz hokimlarini tanlash imkonini berdi. Tez orada Sulaymon va Ibrohim Damashqqa kelib, Marvon II ga boʻysundilar[1].

Marvon II ning xalifalik ustidan nazorati barqarorlashib borayotgandek boʻlsa-da, poytaxtni Damashqdan Harron harbiy shahriga koʻchirish qarori Suriyaga xiyonat sifatida qabul qilindi. Bu qaror koʻpchilikning, ayniqsa, magʻlubiyatga uchragan Kalbiylarning gʻazabini keltirdi[1]. Natijada, 745-yilning yozida Falastindagi Kalbiylar mahalliy hokim Sobit ibn Nuaym boshchiligida qoʻzgʻolon koʻtardilar. Qoʻzgʻolon Suriya boʻylab tezlik bilan tarqalib, hatto Hims kabi Qaysiy hududlariga ham tarqaldi. Marvon II Suriyaga qaytib, qoʻzgʻolonni shaharma-shahar bostirishga majbur boʻldi. Himsni taslim boʻlishga majburlagandan soʻng, Damashqni Yazid ibn Xolid al-Qasriy qamalidan ozod qildi, Qasriyning oʻzi esa oʻldirildi. Shundan keyin Sobit tomonidan qamal qilingan Tiberiyani qutqarishga muvaffaq boʻldi. Sobitning oʻzi qochib ketdi, uning qoʻshinlari esa tarqalib ketdi, biroq Sobitning uch oʻgʻli Nu’aym, Bakr va Imron qoʻlga olinib, qatl qilindi. Keyinchalik, Sobit boshqa oʻgʻli Rifoʻa bilan birga ushlanib, ular ham qatl etildi[3]. Marvon II Kalbiy qabilasining asosiy tayanchi boʻlgan Palmiraga hujum qilganidan soʻng, ularning boshligʻi Abrash al-Kalbiy ham oxir-oqibat Marvon II ga taslim boʻldi[1].

Suriya yana oʻz qoʻliga oʻtganidan soʻng Marvon II Umaviylar oilasi aʼzolariga uning atrofiga toʻplanishni buyurdi va ikki oʻgʻlini oʻziga merosxoʻr qilib qoʻydi. Shundan keyin butun eʼtiborini Iroqqa qaratdi, u yerda Yazid ibn Umar ibn Hubayra boshchiligidagi qoʻshin uning uchun viloyat ustidan nazoratni qoʻlga kiritishga urinayotgan edi. Marvon II yangi qoʻshin yigʻib, uni Ibn Hubayraga yordam berish uchun yubordi. Ayni paytda Suriya shimolida ilgari magʻlubiyatga uchragan Sulaymon boshchiligida yana bir isyon koʻtarildi[3]. Rusofada Marvon II qoʻshini Sulaymon tomoniga oʻtib ketdi. Keyin Qinnasrinni qoʻlga oldi, Marvon II dan norozi boʻlgan koʻplab suriyaliklar ham ularga kelib qoʻshildi. Marvon II oʻz qoʻshinlarining asosiy qismini Iroqdan olib kelib, Qinnasrin yaqinida Sulaymon boshchiligidagi qoʻzgʻolonchilarni magʻlub etdi. Sulaymon dastlab Palmiraga, u yerdan Kufaga qochib ketdi. Tirik qolgan askarlarining aksariyati uning ukasi Said qoʻmondonligida Himsga chekindi va tez orada Marvon II qoʻshinlari tomonidan qamal qilindi. Qamal 745–746-yillarning qishiga qadar davom etdi, ammo oxir-oqibat Hims ham taslim boʻldi[1]. Suriyaning qayta-qayta qoʻzgʻolonlaridan gʻazablangan Marvon II 746-yilning yozida Suriyaning eng muhim shaharlari, jumladan, Hims, Damashq va katta ehtimol bilan Quddus shahri devorlarini buzib, boshqa qarshiliklarning oldini olishga harakat qildi[1].

Abdulloh ibn Muoviya davrida tax. 746/747-yilda Isfahonda zarb qilingan kumush dirham (tanga)

Marvon va Qaysiylariga boʻlgan qarshilik Misrda ham yaqqol namoyon boʻldi. U yerda hokim, anʼanaviy ravishda hukmron boʻlgan mahalliy arab koʻchmanchilar jamoasining aʼzosi Hafs ibn al-Volid ibn Yusuf al-Hadramiy fuqarolar urushi tartibsizliklaridan foydalanib, oʻzining oldingi mavqeini tiklashga harakat qildi. Hafs suriyaliklarni poytaxt Fustatdan majburan chiqarib yubordi va mahalliy arab boʻlmagan musulmonlar (maqamisa va mawālī) orasidan 30 000 kishilik armiya tuzishga kirishdi va ushbu qoʻshinni oʻzining sharafiga Hafsiya deb atadi. Marvon Hafsning oʻrniga Hasan ibn Atahiyani tayinlash uchun uni Misrga yubordi va Hafsiya qoʻshini tarqatib yuborishni buyurdi. Biroq Hafs buyruqni qabul qilishdan bosh tortdi va isyon koʻtardi. Yangi hokimni oʻz qarorgohida qamal qildi, natijada u va sohib ash-shurta Misrni tark etishga majbur boʻldi. Hafs, garchi uning oʻzi buni xohlamasa ham, qoʻzgʻolonchilar tomonidan hokim sifatida tiklandi. Keyingi yili, 745-yilda Marvon Suriya qoʻshiniga boshchilik qilish uchun yangi hokim Havtara ibn Suhayl al-Bahiliyni yubordi. Uning tarafdorlari yangi hokimga qarshilik koʻrsatishga intilishlariga qaramay, Hafs taslim boʻlishga tayyorligini isbotladi. Havtara Fustatni qarshiliksiz qoʻlga oldi, Misrda darhol „tozalash“ ishlarini boshladi, Hafs va bir qancha Hafsiya rahbarlari qurbon qilindi[4].

Bu orada 744-yilning oktyabrida Iroqda Marvon qoʻzgʻoloni Kufadagi Abdulloh ibn Muoviya boshchiligidagi Aliylar qoʻzgʻoloni bilan bir vaqtga toʻgʻri keldi. Tez orada qoʻzgʻolon Yazid III ning hokimi Abdulloh ibn Umar va uning suriyalik qoʻshinlari tomonidan bostirildi, biroq Ibn Muoviya Jibalga qochishga muvaffaq boʻldi. U yerda Umaviylar rejimiga qarshi boʻlgan koʻngillilar Ibn Muoviyaning bayrogʻi ostida toʻplanishda davom etishdi va Eronning katta qismi, jumladan, Jibal, Ahvoz, Fors va Kirmonning katta qismi ustidan oʻz nazoratini kengaytirishga muvaffaq boʻldi. Uning qarorgohi avval Isfahonda, keyin esa Istahrda qurildi[1]. Marvon II oʻzining tarafdori, qaysiy Nadr ibn Said al-Haroshiyni Iroq hokimi etib tayinladi, biroq Abdulloh ibn Umar Suriya qoʻshinlari tarkibidagi koʻpchilik Kalbiylarning oʻziga boʻlgan sodiqligini saqlab qoldi. Bir necha oy davomida ikki raqib hokim va ularning qoʻshinlari al-Hira atrofida toʻqnash keldi[1]. Bu toʻqnashuv Yuqori Mesopotamiyadagi Banu Rabiʼa qabilalari oʻrtasida boshlangan xorijiylar qoʻzgʻoloni bilan bir vaqtda tugadi. Banu Rab’ia va, ayniqsa, Banu Shaybon qabilasi Mudar va Qaysiylarning dushmani boʻlib, Marvon II ning hokimiyatni egallab olishiga qarshi edi[1].

Qoʻzgʻolonga dastlab Said ibn Bahdal boshchilik qildi, biroq u tez orada vabodan vafot etdi. Uning oʻrniga Dahhok ibn Qays ash-Shayboniy keldi. 745-yilning boshida ular Iroqqa bostirib kirishdi va 745-yilning aprel-may oylarida Umaviy hokimlarini magʻlub etishdi. Nadr Marvonga qoʻshilish maqsadida Suriyaga qaytib ketdi, biroq Ibn Umar va uning izdoshlari Vositga chekindilar. 745-yilning avgustida Ibn Umar va uning tarafdorlari taslim boʻlib, xorijiylikni qabul qilishga rozi boʻldilar. Hatto Muhammadning Quraysh qabilasidan boʻlmagan, xorijiy Dahhokni xalifa sifatida qabul qildilar. Ibn Umar Dahhok tomonidan Vosit, Sharqiy Iroq va Gʻarbiy Eronga hokim etib tayinlandi, Dahhokning oʻzi esa Kufadan turib gʻarbiy Iroqni boshqardi[1]. Suriyaning Marvonga qarshi qoʻzgʻolonidan foydalanib, katta ehtimol bilan 746-yilning bahorida Dahhok Yuqori Mesopotamiyaga qaytib keldi va Marvon Hims qamalida boʻlgan vaqtida Mosulni egallab oldi. Baʼzilar Marvonga qarshi boʻlganligi uchun, yana boshqalar Dahhokning tarafdorlari uchun yuqori maosh taklif qilingani sabablimi koʻpchilik uning bayrogʻi ostida yigʻildi. Shuningdek, oʻsha vaqtda Dahhokning armiyasi 120 000 kishiga yetganligi aytiladi. Marvon oʻgʻli Abdullohni Dahhokka qarshi turish uchun yubordi, ammo Xorijiylar rahbari uni Nisibisda qamal qilishga muvaffaq boʻldi. Hims qulaganidan keyin Marvonning oʻzi Dahhokka qarshi yurish qildi va 746-yilning avgust-sentyabr oylarida Kafartutadagi al-Gʻazda boʻlib oʻtgan jangda Dahhok oʻldirildi va Xorijiylar Yuqori Mesopotamiyani tark etishga majbur boʻldi[1]. Shundan keyin Xorijiylar Abu Dulafni oʻzlariga boshliq etib sayladilar va Sulaymon ibn Hishomning maslahati bilan Dajlaning sharqiy sohiliga chekindilar. Marvon Xorijiylarga qarshi harakat qilish maqsadida tobora koʻproq qoʻshin toʻplashga muvaffaq boʻldi, biroq Xorijiylar sharqqa chekinishga majbur boʻldi. 747-yilning yoziga borib, Marvon Iroq ustidan nazorat oʻrnatish uchun Yazid ibn Umar ibn Hubayrani yubordi. Kufadagi Xorijiylar hokimini magʻlub etib, shaharni egalladi. Soʻngra Ibn Hubayra Vositga yurish qildi va u yerda Abdulloh ibn Umarni asir oldi[1].

Marvon Iroqni qoʻlga kiritgach, Abdulloh ibn Muoviya Umaviylar xalifasiga qarshi turadigan yagona yirik rahbar boʻlib qoldi. Uning Gʻarbiy Erondagi mulki Iroqning magʻlubiyatga uchragan Xorijiylari, Marvonga qarshi chiqqan boshqa raqiblari, jumladan, Umaviylar oilasining aʼzolari (ayniqsa, Sulaymon ibn Hishom) va hatto baʼzi Abbosiylar uchun ham boshpana boʻldi. Shunga qaramay, qisqa vaqt ichida Ibn Muoviya qoʻshinlari Ibn Hubayraning sarkardalaridan biri tomonidan keskin magʻlubiyatga uchratildi. Ibn Muoviya Xurosonga qochib ketdi, u yerda Abbosiylar inqilobi rahbari Abu Muslim uni qatl qildi, Sulaymon ibn Hishom va Mansur ibn Jumhur esa Hindistonga qochib ketdi va oʻlimiga qadar oʻsha yerda qoldi[1].

Yamanda (Arabistonning janubi-gʻarbiy qismida joylashgan) Umaviylar hokimiyatining zaiflashuvi mamlakatda Umaviylar hukmronligi davrida yuzaga kelgan eng jiddiy isyonning boshlanishiga olib keldi. Bu isyonga 745-yilda oʻzini xalifa deb eʼlon qilgan, Hadramavtda Umaviylarning sobiq qozisi boʻlgan Tolib al-Haqq boshchilik qilgan. Ummodagi Ibodiy Xorijiylari koʻmagida Tolib al-Haqq mintaqa poytaxti Sano shahriga hujum qildi, shu bilan birga uning armiyasi Makka va Madinani egallab oldi. Hatto Iroq janubidagi Basra ham bir muddat unga bay’at qildi[5]. Shu bilan birga himyoriylardan boʻlgan Yahyo ibn Karib va Yahyo ibn Abdulloh as-Sabboq kichik qabilaviy bosqinlarga boshchilik qildi[5]. Bu qoʻzgʻolonlar oxir-oqibat 747-yilda Marvonning sarkardasi Abdulmalik ibn Atiyya tomonidan bostirildi, ammo u Hajga bosh boʻlish maqsadida tezda ortiga qaytarildi, shu sababli tinchlik evaziga Abdulmalik baʼzi qoʻzgʻolonchilar bilan shartnoma tuzishga majbur boʻldi[5].

Xuroson va Abbosiylar inqilobi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Xalifalikning eng shimoli-sharqiy viloyati boʻlgan Xuroson ham fuqarolar urushi paytidagi notinchliklardan qutulib qolmagan edi. Yazid III ning taxtga koʻtarilishi uzoq yillik hokim Nasr ibn Sayyor uchun xavf tugʻdirdi, chunki Xurosondagi koʻp sonli yamanliklar uning oʻrniga Juday al-Kirmoniyni tayinlashga harakat qilishar edi. Nasr al-Kirmoniyni Azd qabilasi rahbarligidan chetlatish, shuningdek, Azd va Rabi’a boshliqlarini oʻziga jalb etishga urinish orqali oʻz mavqeini taʼminlashga harakat qildi, biroq uning saʼy-harakatlari al-Kirmoniy boshchiligidagi ushbu qabilalarning umumiy qoʻzgʻoloniga olib keldi. Bu isyonning 720-yilda qoʻzgʻolon koʻtarib, qirgʻin qilingan Azdiylar oilasi – Muhallabiylar nomidan boshlangani keyingi Umaviylar davridagi qabilalararo adovatning davom etayotganini koʻrsatar edi. Muhallabiylarning qirgʻin qilinishi Umaviylar va ularning shimoliy arablar tomonidan boshqarilayotgan rejimiga nisbatan yamanliklarning noroziligi ramziga aylangan edi[6]. Nasr al-Kirmoniyni viloyat markazi Marvda qamoqqa tashladi, ammo u 744-yilning yozida qamoqdan qochishga muvaffaq boʻldi. Nasrning Yazid tomonidan qaytadan hokim etib tasdiqlanishiga qaramay, isyon Xuroson arablari orasida keng tarqaldi va Nasr surgun qilingan isyonchi Horis ibn Surayjga murojaat qilishga majbur boʻldi. Al-Kirmoniy bir necha yillar avval Ibn Surayjning magʻlubiyatida muhim rol oʻynagan edi. Ibn Surayjning kelib-chiqishi shimoliy arablardan (Tamimiy) boʻlganligi bois tabiiy ravishda yamanliklarning dushmaniga aylangan edi. Biroq Ibn Surayj boshqa maqsadlarni koʻzlagan edi. U Tamimiylar va viloyatdagi norozilik bildirgan boshqa arablarni oʻz atrofiga toʻplab, 746-yilning mart oyida Marvga hujum boshladi. Bu hujum muvaffaqiyatsizlikka uchragach, al-Kirmoniy bilan ittifoq tuzishga qaror qildi[6].

Marvon II haligacha Suriya va Mesopotamiyada oʻz mavqeini mustahkamlashga urinayotgan, Gʻarbiy Eron esa Ibn Muoviya boshchiligidagi Xorijiylar tomonidan nazorat ostida boʻlgan bir paytda Nasr yordam kuchlaridan umidini uzgan edi. Ibn Surayj va al-Kirmoniyning ittifoqchi qoʻshinlari yil oxirida uni Marvdan quvib chiqardi va Nasr Qaysiy qoʻrgʻoni Nishopurga chekinishga majbur boʻldi[1]. Bir necha kun ichida al-Kirmoniy va Ibn Surayj oʻzaro kelisha olmay qoldilar va bir-birlariga qarshi chiqdilar. Kelishmovchilik natijasida Ibn Surayj halok boʻldi. Soʻngra al-Kirmoniy Marvdagi Tamimiylarning turar-joy hududlarini vayron qildi, bu esa arab madaniyatida gʻayrioddiy va dahshatli harakat edi, chunki turar-joylar urushlardan himoyalangan yaʼni urush vaqtida ularga zarar yetkazilmas edi. Natijada, shu paytga qadar Nasrga qoʻshilishga ikkilanib yurgan Mudariy qabilalari endi uning tarafiga oʻtdilar. Ayniqsa, Nishopur Qaysiylari tomonidan qoʻllab-quvvatlangan Nasr poytaxtni qaytarib olishga qaror qildi. 747-yilning yozida Nasr va al-Kirmoniy qoʻshinlari Marv devorlari oldida bir-birlariga qarshi yuzma-yuz kelishdi. Ular ikkita mustahkam qarorgohni egallab, bir necha oy davomida kichik toʻqnashuvlar olib bordilar. Abu Muslim qoʻmondonligidagi Hoshimiylar qoʻzgʻoloni boshlangani haqidagi xabar kelgandagina ular oʻrtasidagi jang toʻxtadi. Oʻrtada muzokaralar boshlandi, biroq Nasrning atrofdagilaridan biri, Ibn Surayjning gʻazabga toʻlgan oʻgʻli al-Kirmoniyga hujum qilib, uni oʻldirdi. Shundan keyin ikki tomon oʻzaro kelishmovchilikni hal qilishga muvaffaq boʻldi va Nasr Marvdagi oʻrnini qayta egalladi[1].

Abbosiylarning gʻalabasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Hoshimiylar harakatining aniq kelib chiqishi va mohiyati olimlar oʻrtasida bahs-munozaralarga sabab boʻlib keladi. Ushbu harakat 740-yillarga kelib keng tarqalgan edi. Hoshimiylar harakati Umaviylarni agʻdarib, ularning oʻrniga „Muhammadning oilasidan tanlangan“ kishining hokimiyatga kelishini qoʻllab-quvvatlagan. Bu gʻoya Xurosondagi arablar orasida yeng yoyilgan edi. 746 yoki 747-yillarda Abu Muslim Abbosiylar imomi Ibrohim tomonidan Abu Muslim Xurosonga u yerdagi harakat rahbarini qoʻlga olish, shuningdek, katta ehtimol bilan harakatni Abbosiylar nazorati ostiga olish uchun yuborildi. Qisqa vaqt ichida Abu Muslim xurosonlik Hoshimiylar ustidan oʻz nazoratini oʻrnatdi. 747-yilning yozida Sikadanjning Yamano qishlogʻida qora bayroqlar koʻtarildi, Abbosiylar imomi nomiga duo oʻqildi va Abbosiylar inqilobi boshlandi[1]. Abu Muslim yaqindagina oʻz nihoyasiga yetgan Mudariy–Yamaniylarning bir-biriga boʻlgan oʻzaro adovatidan foydalandi. Al-Kirmoniyning oʻgʻli va vorisi Alini Nasr uning otasining oʻldirilishiga aloqador ekanligiga ishontirdi. Natijada, Ali al-Kirmoniy ham, Nasr ham bir-birlariga qarshi turishda yordam soʻrab Abu Muslimga murojaat qildi. Shu tariqa Abu Muslim mintaqadagi kuchlar muvozanatini oʻz nazoratiga oldi. Nasr oxir-oqibat Yamanni qoʻllab-quvvatlashga qaror qildi, 748-yilning 14-fevralida Abu Muslim qoʻshini Marvni egallab oldi[1]. Nasr ibn Sayyor yana Nishopurga qochib ketdi, Abu Muslim esa Qahtaba ibn Shabib at-Toiy boshchiligidagi Hoshimiyya qoʻshinlarini uni taʼqib qilish uchun yubordi. Oʻgʻli Tamim Tusda magʻlubiyatga uchragach, Nasr ham Nishopurni tashlab, Xurosonning gʻarbiy chegarasida joylashgan Qumis hududiga chekinishga majbur boʻldi. Bu vaqtda xalifadan uzoq kutilgan qoʻshimcha kuchlar yetib keldi, lekin ularning sarkardasi va Nasr harakatlarini muvofiqlashtira olmadilar. Natijada, Qahtaba 748-yilning avgustida Gurganda xalifalik qoʻshinini magʻlub etib, Rayni qoʻlga kiritdi[1]. Nishopur qoʻlga kiritilgach, Abu Muslim Ali ibn Juday al-Kirmoniy va uning ukasi Usmonni oʻldirish orqali Xurosondagi oʻrnini mustahkamladi[1].

Qahtabaning oʻgʻli al-Hasan ibn Qahtaba Nihovandni qoʻriqlash ishlariga boshchilik qildi, u yerda xalifa qoʻshinlaridagi qolgan askarlar va Nasr ibn Sayyorning tarafdorlari oxirgi bor qarshilik koʻrsatishdi. 749-yil mart oyida Qahtaba Isfahon yaqinida yana bir kattaroq xalifa qoʻshinini magʻlub etdi. Yordam olish umididan mahrum boʻlgan Nihovand ikki-uch oydan keyin taslim boʻldi va Iroqqa yoʻl oldi[1]. Qahtaba oʻz qoʻshinlarini Kufa tomon boshlab bordi, lekin yoʻlda ularga Marvon II hokimi Yazid ibn Umar ibn Hubayra bilan duch keldi. 749-yil 27-avgustda Qahtaba kutilmagan tungi hujum natijasida oʻldirildi, soʻngra Ibn Hubayra Vositga chekinishga majbur boʻldi. 2-sentyabr kuni al-Hasan ibn Qahtaba oʻz qoʻshinini Kufaga boshlab keldi[6]. Imom Ibrohim Marvon II tomonidan qamoqqa tashlanib, qatl etilganidan keyin uning oʻrniga ukasi as-Saffohni (h. 749–754) armiya boshliqlari 28-noyabr kuni xalifa deb eʼlon qildi[1]. 750-yil yanvarda Buyuk Zab jangida Abbosiylar qoʻshini Marvon II boshchiligidagi Umaviylar qoʻshiniga qarshi hal qiluvchi yakkama-yakka jangda gʻolib keldi. Abbosiylar taʼqibiga uchragan Marvon Suriyaga, soʻngra Misrga qochishga majbur boʻldi. Oxir-oqibat, 750-yil avgustida Misrda asirga olindi va qatl etildi. Shu tariqa Umaviylar xalifaligiga chek qoʻyildi[1]. As-Saffoh Kufani xalifalik poytaxti etib belgiladi va Damashqning Islom siyosiy olamidagi hukmronligiga barham berdi[7].