Kontent qismiga oʻtish

Ohu Muslim

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Ohu Muslim
arabcha: عبد الله بن عبيد الله الحسيني
Abu Muhammad Abdulloh ibn Ubaydulloh al-Husayniy
Kasbi Husayniy sharifi, Ixshidiylarning Flastindagi hokimi
Turmush oʻrtogʻi Sufiya
Otasi Ubaydulloh
Qarindoshlari Abu Jaʼfar Muslim (akasi)
Abulhusayn Iso (akasi)
Al-Hasan (amakisi)

Abu Muhammad Abdulloh ibn Ubaydulloh al-Husayniy (Ohu Muslim yaʼni „Musulmonning ukasi“) nomi bilan mashhur boʻlgan, Husayniy sharifi va ixshidiylarning Falastindagi hokimi boʻlgan. U viloyatning al-Hasan ibn Ubaydulloh ibn Tugʻj tomonidan bosib olinishiga qarshi chiqqan va Qarmatiylarga qoʻshilib, ular bilan birga Fotimiylarga qarshi 974-yilgacha kurash olib borgan. Oʻsha yili Misrda ikkinchi qarmatiylar bosqini bartaraf etilgach, Ohu Muslim Fotimiy malaylari tomonidan taʼqib ostiga olingan, shu sababli ham u keyinchalik Arabistonga qochib ketgan. Oxir-oqibat, qarmatiy ittifoqchilari Abu Muhammad Abdullohga xiyonat qilishgan va Basra yaqinida uni zaharlab oʻldirishgan.

Oilasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ohu Muslim Karbalo jangidagi Husaynning vafotidan keyin Husayn ibn Alining[lower-alpha 1] Madinaga joylashgan avlodi Ali Zayn al-Obidin avlodidan boʻlgan. U yerda Husayniylar eng koʻzga koʻringan mahalliy oilaga aylangan, keyinchalik X asr boshlarida ularning bir qismi Misrga koʻchib ketgan[2].

Ohu Muslimning otasi Ubaydulloh va amakisi al-Hasan Falastinning bosh shahri Ramlaga joylashadilar[3]. Ohu Muslimning oʻz davrining yetakchi alilaridan boʻlgan Abu Jaʼfar Muslim hamda Abulhusayn Iso ismli ikki nafar akasi boʻlgan[4][3]. Ohu Muslim Makka amiri Jaʼfar ibn Muhammad al-Hasaniyning singlisi Sufiyaga uylangan[4].

Ixshidiylar davrida[tahrir | manbasini tahrirlash]

Zamonaviy tarixchilar tomonidan berilgan maʼlumotlar Ohu Muslimni magʻrur va takabbur odam sifatida tasvirlaydi[4]. Bundan tashqari, harbiy jihatdan ham yuqori salohiyatga ega shaxslardan biri boʻlganligi bois unga ixshidiylar hukmdori Abulmisk Kafur tomonidan 965-yilgi Haj ziyoratini Suriyadagi Banu Sulaym qabilasining badaviylar boʻlimi hujumlaridan himoya qilish uchun yuborilgan qoʻshin qoʻmondonligi ishonib topshirilgan[4]. Garchi unga yuklatilgan missiya toʻliq bajarilmagan boʻlsa-da, 968-yilning aprelida oʻlimidan bir necha oy oldin Kafur Ohu Muslimni Falastin gubernatori lavozimiga tayinlagan[4][4].

Kafurning vafotidan keyin ixshidiylar shahzodasi al-Hasan ibn Ubaydulloh ibn Tugʻj Suriya va Falastinga hokim etib tayinlangan. U oʻz lavozimini egallash uchun Ramla shahriga kelganida Ohu Muslim uning ushbu lavozimni egallashiga norozilik bildiradi. Banu Uqayl ahlidan boʻlgan mahalliy badaviylar yetakchisi Timal al-Xafajiy bilan ittifoq tuzgan Ohu Muslim Ramla yaqinida al-Hasanga hujum qiladi, ammo ularga qarshi kechgan jangda magʻlubiyatga uchrashadi[4][3]. Shunday boʻlsa-da, u maqsadidan voz kechmaydi, Alilar merosiga va Mahdiy unvoniga daʼvo qiladi hamda oʻzini xalifa deb eʼlon qiladi, shuningdek[4][3]. Qarmatiylar Suriyaga bostirib kirib, 968-yilning oktyabr oyida Ramlada al-Hasanga hujum qilganida Ohu Muslim ularga qoʻshiladi[3][4]. Oʻrtada kechgan jangda Ixshidiy shahzodasi magʻlubiyatga uchraydi va Qarmatiylarga soliq toʻlashga majbur boʻladi, jangda oʻzini koʻrsatgan Ohu Muslimga esa Qarmatiylar qoʻshiniga qoʻmondonlik qilish topshiriladi[4].

Qarmatiylar safida[tahrir | manbasini tahrirlash]

XV asr tarixchisi Idris Imod al-Dinning yozishicha, Ohu Muslim 970-yilda Aleksandretta jangidagi magʻlubiyatdan soʻng tark etilgan Vizantiya qoʻshinidagi Antioxiyaga qarshi Fotimiylar ekspeditsiyasini boshqargan. Biroq berilgan ushbu maʼlumot aslida xato hisoblanib, Ohu Muslim Fotimiylarga qattiq qarshilik koʻrsatgan va oʻsha paytda ularga qarshi Qarmatiylar bilan ittifoq tuzgan edi[3]. 971-yilning avgust—sentyabr oylarida al-Hasan al-Asom boshchiligidagi Qarmatiylar Fotimiylar generali Jaʼfar ibn Fallohni magʻlub etib, Damashqni, keyin yana qayta Ramlani egallashadi. Saodat ibn Hayyon boshchiligida Ibn Falloh qoʻshinini kuchaytirish uchun yuborilgan Fotimiylar qoʻshini Yaffaga chekinadi va Ohu Muslim Qarmatiy Abul-Munaja Abdulloh ibn Ali va Uqayliy boshligʻi Zalim ibn Mavhub bilan birga ularni qamal etish mas’uliyatini boʻyniga oladi. Al-Asom esa oʻz qoʻshinlarining asosiy qismini Misrga olib kiradi[3][4].

Bosqin dekabr oyida Fustat tomon yurishdan oldin magʻlubiyat bilan yakunlanadi va qarmatiylar yana qayta toʻplanish maqsadida Falastinga chekinadilar[4]. Fotimiylar 972-yilda qarshi hujumga kirishadilar va Yaffa qamalini buzishga muvaffaq boʻlishadi. Ohu Muslim Fotimiylarga qarshi ittifoqchi qarmatiy-badaviy qoʻshini rahbari boʻlgan, ammo ittifoq 973-yilda Qarmatiylar va Badaviylar oʻrtasidagi oʻzaro toʻqnashuvlar tufayli parchalanib ketgan hamda Fotimiylarga Falastin va janubiy Suriya ustidan nazoratni yana qoʻlga kiritishga imkon bergan[3][4]. Biroq Suriya ustidan hukmdorlik uzoq davom etmagan, chunki Qarmatiylar yana toʻplanib, 973-yilda Fotimiylarni bu hududdan quvib chiqarganlar[3].

974-yilning bahorida Qarmatiylar Misrga ikkinchi bosqinni ham amalga oshiradilar. Fotimiylarning ogʻir soliqlaridan charchagan mahalliy aholi ularni qoʻllab-quvvatlaydi[3][4]. Al-Asom qoʻl ostidagi asosiy Qarmatiya qoʻshini Nil deltasini egallab olgan boʻlsa, Ohu Muslim janub tomon kichikroq qoʻshin tortib, Fotimiylar poytaxti Qohirani chetlab oʻtgan holda Asyut va Ahmim oʻrtasida qarorgoh tuzadi. U yerdan Fotimiy soliq amaldorlarini quvib chiqaradi va oʻz hisobiga xoraj soligʻini oshiradi[4]. Ohu Muslimning Misrda paydo boʻlishi Fotimiylar sulolasi va ashraflar oilalari oʻrtasidagi shu paytgacha boʻlgan doʻstona munosabatlarning buzilishiga sabab boʻladi, chunki bir qancha ashraflar uning bayrogʻi ostida toʻplana boshlaydilar. Unga qoʻshilgan va u bilan birgalikda harakat qilganlar orasida akasining oʻgʻli Jaʼfar ibn Muslim, Damashq boshligʻi, Husayniylar sharifining oʻgʻli va nabirasi Abulqosim Ahmad ibn al-Husayn al-Aqiqiyning ukasi va Fustat hukmdori Hasaniy sharifi Abu Ismoil Ibrohim ar-Rassiyning oʻgʻli ham bor edi[4]. Xalifa al-Muiz Lidinulloh ham Fotimiylar istilosidan oldin Ohu Muslim bilan doʻstlashgan Fotimiylarning bosh missioneri Abu Jaʼfar Nasr ham xavotirga tushib, unga xat yozadilar va uni Qarmatiylar ishidan voz kechishga koʻndirishga harakat qilishadi, biroq ularning harakatlari samarasiz yakunlanadi[4].

Aprel boshida Ohu Muslim Ahmimga qarshi yuborilgan Fotimiylar qoʻshinini magʻlub etadi. Biroq oy oxirida al-Muizning oʻgʻli Abdulloh boshchiligidagi Fotimiylar Ayn Shams yaqinida asosiy Qarmatiylar qoʻshinini yoʻq qilishga muvaffaq boʻlishadi[4]. Shundan keyin Fotimiylar Ohu Muslimni oʻldirish maqsadida janub tomon burilib ketishadi. Xat tashuvchi kaptar tomonidan dushmanning yaqinlashib kelayotgani haqida ogohlantirilgan Ohu Muslim oʻzining kichik qoʻshini bilan ularga qarshi tura olishiga koʻzi yetmaydi. U oʻz odamlarini tarqatib yuboradi va bir badaviy bilan birga qochib ketadi[4]. Al-Maqriziy tomonidan keltirilgan batafsil maʼlumotlarga koʻra mashaqqatli urinishlardan soʻng Ohu Muslim Misrni kesib oʻtishga muvaffaq boʻladi va Hijoz tomon yoʻl oladi[4].

Arabistonga safari va oʻlimi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ohu Muslim Aynuna hududiga yetib kelganida Fotimiylar tomonidan qoʻlga olinishiga bir bahya qoladi[4]. Uni hisbga olish toʻgʻrisidagi buyruq Madina boʻylab eʼlon qilinmagunga qadar bir muddat Al-Masjid an-Nabaviyga joylashadi. Shundan keyin u Qarmatiya davlatining Bahrayn poytaxti al-Ahso shahriga yoʻl oladi[4].

Qarmatiylar uni juda yaxshi kutib olishadi va qoʻllab-quvvatlashadi. Ohu Muslim yana Bagʻdoddagi Buvayhiylardan yordam soʻrashga qaror qiladi, biroq uning sobiq ittifoqchilari unga xiyonat qiladilar, Buvayhiylar tomonidan tahdid qilingan Qarmatiylar Fotimiylar bilan muzokara boshlaydilar va ular bilan bitim tuzishga erishish maqsadida Ohu Muslimni yoʻq qilish uchun harakat qiladilar va uning sutiga zahar qoʻshib qoʻyadilar. Ogʻir azob-uqubatlardan soʻng Ohu Muslim zaharlangan kunining ertasi kuni ertalab Basra yaqinida vafot etadi[4].

Eslatmalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Uning toʻliq nasabi Al-Maqriziy „Abdullah ibn Ubaydulloh ibn Tohir ibn Yahyo ibn al-Hasan ibn Jaʼfar ibn Ubaydullah ibn al-Husayn al-Asgʻar ibn Ali Zayn al-Obidin ibn al-Husayn ibn Ali“ deb koʻrsatilgan[1].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Bianquis, Thierry (1972). "La prise de pouvoir par les Fatimides en Égypte (357‑363/968‑974) [The Seizure of Power by the Fatimids in Egypt (357–363/968–974)]" (French). Annales islamologiques XI: 49–108. ISSN 0570-1716. 
  • Gil, Moshe. A History of Palestine, 634–1099. Cambridge: Cambridge University Press, 1997. ISBN 0-521-59984-9. 
  • Mortel, Richard T. (1991). "The Origins and Early History of the Husaynid Amirate of Madīna to the End of the Ayyūbid Period". Studia Islamica 74: 63–78. doi:10.2307/1595897.