Kontent qismiga oʻtish

Soʻx tumani

Koordinatalari: 39°57′0″N 71°7′12″E / 39.95000°N 71.12000°E / 39.95000; 71.12000
Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(So'xdan yoʻnaltirildi)
Soʻx tumani
tuman
Tarkibida Fargʻona viloyati
Maʼmuriy markazi Ravon (qishloq)
Hokim Sayidbahrom Sayidmusayev [1]
Rasmiy tillar Oʻzbek
Vaqt mintaqasi UTC+5
Xaritada
Soʻx tumani xaritada
39°57′0″N 71°7′12″E / 39.95000°N 71.12000°E / 39.95000; 71.12000

Qirgʻizistondagi Oʻzbekistonga qarashli anklav hudud.

Soʻx tumani — Oʻzbekiston Respublikasining Fargʻona viloyatidagi tuman. Tuman 1942-yil iyulda tashkil etilgan. 1959-yil 7-martda Rishton tumaniga qoʻshib yuboriladi, 1990-yil 27-fevralda esa qaytadan tuziladi. Qirgʻiziston bilan chegaradosh tuman. Maydoni 0,22 ming km². Aholisi 80 mingga yaqin (2016). Tumanda 27 ta mahalla fuqarolari yigʻini (Ravon, Hushyor, Soʻx, Qizilqiyoq, Sarikanda, Saribozorcha, Demirsad, Qal’a, Devayron, Navobod, Gʻaznov, Tul, Chumoqcha, Devayron, Lenburg, Hazrati Ali, Sharqobod, Qizilqiyoq, Chashma) mavjud. Tuman mararkazi — Ravon qishlogʻi.

Taniqli shaxslar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Hakimjon Soʻfiyev (Hakim Soʻfiy) — Soʻx tumanining atoqli shaxslaridan biri. Oʻzbekiston xalq taʼlimi aʼlochisi. „Anfigue WORLD“ xalqaro ilmiy akademiyasi laureati va faxriy dotsenti. Bir qancha kitoblar muallifi.

Teshaboy Odilov — Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, mergan, urush davomida 114 nafar fashistlarni yoʻq qilgani tasdiqlangan.

Amirali Saidbekov — Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, Sovet Ittifoqi Qahramoni.

Savror Ernazarov — „Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan xalq taʼlimi xodimi“ unvoni sohibi, respublika olimpiadalariga koʻplab shogirdlar chiqargan fidoyi oʻqituvchi.

Nodir Nodiri — shoir, koʻplab nashriyotlarda sheʼrlari bosilib chiqqan. Ayniqsa, „Jiloi axtaroni Soʻx“ majmuasidagi misralari sheʼriyat shinavandalariga maʼlum va mashhur. Shoir 2013-yilda vafot etgan.

Mas’ud Mirzo (Mirzoyev) — shoir, jurnalist. Koʻplab sheʼrlari turli matbuotlarda bosilgan. Hozirda Tojik milliy madaniy markazining Fargʻona viloyati boʻlimi rahbari, Fargʻona teleradiokompaniyasining tojik tilidagi koʻrsatuvlar muharriri.

Tuman hududi Fargʻona viloyati janubida, Soʻx daryosi vodiysida joylashgan. Foydali qazilmalardan neft, gaz, shagʻal mavjud. Iqlimi keskin kontinental. Yanvar oyidagi oʻrtacha temperatura — 6—7°, eng past temperatura — 27°, iyul oyida oʻrtacha —23,6°, eng yuqori koʻrsatkich — 42°. Yillik yogʻin miqdori —180 mm. Tuproqlari boʻz tuproq va oʻtloqi tuproqlardan iborat.

Yovvoyi hayvonlardan tulki, boʻri, toʻngʻiz, quyon, togʻ echkisi, parrandalardan kaklik, bedana, zagʻcha, qargʻa, toʻrgʻay, kaptar, chumchuq, qaldirgʻoch, kemiruvchilardan kalamush va boshqa koʻplab turlar uchraydi. Shuningdek, daryo va koʻllarida turli xildagi baliqlar bor.

Togʻ sharoitida naʼmatak, rovoch, kiyikoʻt, zira, yalpiz, shuvoq va shunga oʻxshash dorivor oʻsimliklar oʻsadi.

Aholisi, asosan, tojiklar, shuningdek, oʻzbek va qirgʻiz millati vakillari ham istiqomat qiladi. Aholining oʻrtacha zichligi 1 km²ga 300 kishi. Aholinning barchasi istiqomat qiladi.

Asosiy daromadi qishloq xoʻjaligiga ixtisoslashgan. Tumanda kichikroq korxonalar, jumladan, 50 ta xususiy korxona, shirkat, dehqon, fermer xoʻjaliklari faoliyat koʻrsatadi. Qishloq xoʻjaligida foydalaniladigan yerlarga don, sabzavot, urugʻlik kartoshka, yem-xashak ekinlari ekiladi. Tumanda bogʻdorchilik ham rivojlangan. Xususan, „Safedak“, „Qandak“ kabi oʻrik va „Pistapoʻchoq“, „Chaspak“ singari yongʻoq navlari aynan shu hududda yetishtiriladi.

Tumanning jamoa va xususiy xoʻjaliklarida qoramol, qoʻy, echki va parranda boqiladi.

Tumanda 30 ta umumiy oʻrta taʼlim maktabi, 1 ta kasb-hunar kolleji, 3 ta IDUM, 1 ta aerodrom, 1 ta dehqon bozori,1 ta madaniyat markazi, „Doʻstlik“ istirohat bogʻi, 1 ta bolalar oromgohi,1 ta markaziy stadion va 1 ta markaziy kasalxona mavjud. Tuman hududida dam olish va xushmanzara joylar ham bor. Markazda, shuningdek, „Soʻx“ telestudiyasi hamda „Sadoi Soʻx“ gazetasi oʻz faoliyatini olib boradi.

Soʻx tumani Oʻzbekistonning tarixiy maskanlaridan biri hisoblanadi. Soʻx havzasida joylashgan Selungur gʻoridan paleolit davriga mansub ashyolar topilgan. Soʻx tumani Soʻx — Haydarkon konchilik hududini ham tashkil qiladi. XI asrdan Buyuk Ipak yoʻlining janubiy tarmogʻi Soʻx tumanidan oʻtgan. 1890-yil Soʻx qishlogʻi hududidan ilon shakli boʻrttirib tushirilgan tosh tumor topilgan boʻlib, uning ustki qismida ravoqsimon ushlagich bor, quyi qismi esa toʻrtburchak quti shaklida boʻlgan. Arxeologlarning aniqlashicha, bu tumor miloddan avvalgi uch ming yillik oxiri — ikki ming yillik boshlariga mansub hisoblanadi.

Shuningdek, Zahiriddin Muhammad Bobur Hindiston sari yurishidan avval bir yil Soʻxda turganligi toʻgʻrisida maʼlumotlar „Boburnoma“ asarida ham keltirilgan.

Soʻx — Soʻx daryosini oʻz ichiga olgan holda 350 kv km ni tashkil etuvchi Oʻzbekistonning eksklavidir. Bu hudud toʻlaligicha Qirgʻizistonning Botken viloyati tomonidan oʻrab olingan.

Eksklav 1955-yilda siyosiy xaritada paydo boʻlgan. Uning paydo boʻlish sababi borasida aniq maʼlumot mavjud emas. Baʼzi manbalarga koʻra hudud qirgʻiz va oʻzbek Kommunistik Partiyasi rasmiylari oʻrtasidagi qimor oʻyinida qirgʻiz rasmiysi tomonidan yutqazib qoʻyilgan deyiladi. Boshqa manbalarga koʻra esa kommunistlarning bu hududni oʻzbeklarga berish sababi quyidagicha: hududning asosiy yoʻllari Qirgʻizistonda joylashganiga qaramay, Oʻzbekiston bilan bogʻlangan, chunki qirgʻizlar hududidagi qismi, asosan, togʻlardan iborat boʻlgan[2].

Soʻx ziddiyati Sovet davridan soʻng ham davom etadi. 1991-yilda davlatlar mustaqillikka erishganidan koʻp oʻtmay, Oʻzbekiston va Qirgʻiziston davlatlari oʻrtasida Oʻzbekiston eksklaviga qirgʻiz hududidan oʻtuvchi yoʻllar orqali borishga ruxsat etuvchi kelishuv imzolanadi.

1999-yilda oʻzbek hukumati Oʻzbekiston Islomiy Harakati terroristik guruhi oʻzining har ikki davlatga qarshi operatsiyalarida Soʻx hududidan baza sifatida foydalanayotgani daʼvosi bilan eksklavdagi harbiy mavjudligini keskin oshirib, chegaralarni minalay boshlaydi. Shundan beri Qirgʻiziston oʻz hududiga minalar oʻrnatilgani va buning natijasida oʻzbek askarlari vaqti-vaqti bilan mahalliy aholiga zugʻum oʻtkazishidan arz qiladi.

2001-yil yanvarida Oʻzbekistondagi quvurlar zararlangani vaji bilan Qirgʻizistonga gaz uzatishni toʻxtatib qoʻyadi. Bishkek shahri rasmiylari esa ushbu vaziyatga Soʻx tumanini Oʻzbekiston bilan bevosita bogʻlash imkonini beruvchi 20 kvadrat kilometrlik hududlar ustida kechayotgan muzokaralarda ijobiy natijaga erishish maqsadida qilingan bosim deya baholaydi.

2001-yil fevralida davlatlar Soʻx chegaralarini aniqlashtirib beruvchi va Soʻxni Oʻzbekiston bilan bogʻlovchi hudud toʻgʻrisidagi memorandumga imzo chekishadi. Toshkent shahri rasmiylari ushbu hudud oʻrniga qirgʻizlarga boshqa bir hududni berishni taklif qiladi, biroq keyinchalik kelishuv Qirgʻizistondagi omma eʼtiboriga havola etilganidan soʻng, qirgʻizlar orasida „qirgʻiz yerini Oʻzbekistonga qoʻshqoʻllab topshirish milliy manfaatlarga nisbatan xoinlikdir“ mazmunidagi noroziliklar avj olib ketadi. Shu sababli Bishkek kelishuvni rad etishga majbur boʻladi va natijada ushbu muzokaralar hozirgi kunga qadar davom etib kelmoqda.

Shundan beri soʻxliklar eksklavga kirib-chiqish uchun har ikki mamlakatning bir qancha chegara punktlaridan oʻtishga majbur hisoblanishadi. Oʻz navbatida qirgʻiz fuqarolari ham mamlakatning sharqiy va gʻarbiy qismlariga oʻtish uchun minalangan hududlarni bosib oʻtishlariga toʻgʻri keladi.

Xudoyorxon qal’asi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

XVIII asr oʻrtalarida qoʻzgʻolonchi qirgʻizlarni tinchlantirish va Qorateginga boradigan karvon yoʻli ustidan nazorat oʻrnatish maqsadida Qoʻqon hukmdori Xudoyorxon ushbu hududda bir qalʼa qurdiradi. Terassaning butun perimetri boʻylab tosh-gil devor koʻrinib turadi. Bino qoya ustiga osilib turgan holda juda chiroyli manzara hosil qiladi. Bir paytlar bu yerda qilich va nayza bilan qurollangan zanjirli jangchilar istiqomat qilgan. Qalʼa strukturasining ikkala qismi tutashgan joyda konussimon ikkita minora qad koʻtargan. Aynan ular qal’aga qoʻrgʻon koʻrinishini beradi. Uning hududida hayvonlar va tuya chavandozlari tasvirlangan qadimiy tosh plitalar ham mavjud. Chizmalar, albatta, qal’a devorlaridan ancha eski boʻlib, ularning qal’aga hech qanday aloqasi yoʻq.

Arxiv maʼlumotlariga koʻra, 1909-yilda Soʻx volosti Konibodom uchastkasi tarkibiga kirgan boʻlib, bu yerdagi 2594 xonadonda 12 144 nafar aholi istiqomat qilgan, shundan 8853 nafari tojiklar, 3291 nafari qirgʻizlar boʻlgan[3].

Hozirda tuman 19 ta aholi punktidan iborat. Aholisi 74,1 ming kishi, shu jumladan, shahar aholisi 38,8 ming kishini (65,9%) va qishloq aholisi esa 20,1 ming kishini (34,1%) tashkil etadi. Millatiga koʻra tojiklar 99,2% ni, qirgʻizlar 0,7% ni, oʻzbeklar 0,1% ni tashkil etadi[4].

So‘xning tojik aholisi tojik tilining turli shevalarida so‘zlashishadi, ular qabul qilingan tasnifga ko‘ra „Janubiy Farg‘ona“ guruhiga mansub hisoblanishadi.

Koʻpgina eksklav aholisi anʼanaviy ravishda uch yoki undan ortiq tilda (tojik, oʻzbek, rus, qirgʻiz) gaplashadi, ammo deyarli barcha aholisining ona tili tojik tili hisoblanadi. Mahalliy ommaviy axborot vositalari, xususan, haftalik „Sadoi sux“ („So‘x ovozi“) gazetasi ham aynan tojik tilida nashr etiladi. Oʻzbekistonda tojik tilidavlat tili maqomiga ega boʻlmasa-da, Soʻx qishloqlarida oʻttizdan ortiq oʻrta umumtaʼlim va maxsus taʼlim muassasalarida taʼlim ushbu tilda olib boriladi. SSSR parchalanganidan keyin eksklav tojiklari bilan Tojikistonning tojik aholisi oʻrtasidagi taʼlim va madaniy aloqalar toʻxtatilgan[5].

Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasida koʻplab ziddiyatlarga sabab boʻladigan bu tumanda 80,000 ga yaqin aholi istiqomat qiladi. Aholisining aksariyati, 95 % dan ziyodrogʻi tojik millatiga mansub.

Tumanda ishsizlik darajasi yuqori boʻlib, aholi, asosan, qishloq xoʻjaligi bilan shugʻullanadi. 2021-yil may oyiga qadar Soʻx tumanining Novobod mahallasi hududidan 4,5 gektar yer ajratilib, u yerda samolyot va vertolyotlar uchun aerodrom qurilishi rejalashtirilgan[6]. Aerodrom qurilishi bitkazilganidan soʻng, u yerdan Fargʻona va Qoʻqon yoʻnalishlarida aviaqatnovlar yoʻlga qoʻyiladi[7]. 2021-yilning aprel oyida Oʻzbekiston va Qirgʻiziston davlatlari oʻrtasidagi kelishuvga asosan Soʻx tumanini Rishton tumani bilan bogʻlovchi avtomobil yoʻli ochilgan[8].

  1. Сўх тумани ҳокими ва ўринбосарлари ҳақида маълумот
  2. Anklavlar, Eksklavlar — Markaziy Osiyoning „Olovli Nuqtalar“i (mi?)
  3. .  ( at elib.shpl.ru Error: unknown archive URL 20181202230545 sanasida arxivlangan) Sostavlen po uezdam, vnutri — po uchastkam.
  4. „Анклав Сох. Поиски выхода из тупиковой ситуации. «Старый навигатор» (Интернет-газета). Казахстан“. 2013-yil 23-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2010-yil 3-iyul.
  5. „Узбекский анклав Сох в Кыргызстане, населённый таджиками“. 2013-yil 3-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2013-yil 26-yanvar.
  6. „So'x tumanida aerodrom qurilishi boshlandi“. Bugun.uz. Qaraldi: 2021-yil 8-fevral.[sayt ishlamaydi]
  7. „So'x tumaniga qo'yiladigan aviaqatnovlar yo'nalishi ma'lum qilindi“. Bugun.uz. Qaraldi: 2021-yil 13-fevral.[sayt ishlamaydi]
  8. „Farg'onadagi Rishton–So'x yo'li qayta ochildi“. Bugun.uz. 9-iyul 2021-yilda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2021-yil 1-aprel. (Wayback Machine saytida 9-iyul 2021-yil sanasida arxivlangan)

5. https://kitobxon.com/uz/kitob/soh-tumori