Kontent qismiga oʻtish

Vatikan

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Syudad han Vaticanodan yoʻnaltirildi)
Muqaddas Shahar
Status Civitatis Vaticanae
Stato della Città del Vaticano
ShiorY'o`q
Madhiya: Inno e Marcia Pontificale
(Hymn and Pontifical March)
Location of Vatikan
Poytaxt Vatikan Shahri
Rasmiy til(lar) Italyancha
Hukumat Teokratiya (Sancta Sedes)
Папа Франcис
Pietro Parolin
Mustaqillik (Italiyadan)
• Sana
11-fevral 1929
Maydon
• Butun
0.44 km2 (237-oʻrin)
• Suv (%)
ahamiyatsiz
Aholi
• 2022-yilgi roʻyxat
860 (233-oʻrin)
• Zichlik 2093/km2
YIM (XQT) 2005-yil roʻyxati
• Butun
AQSh$ mil.
• Jon boshiga
AQSh$0
Pul birligi Yevro (EUR)
Vaqt mintaqasi UTC+1
• Yoz (DST)
UTC+2
Qisqartma VT
Telefon prefiksi 379, +39
Internet domeni .va

Vatikan shahri, rasmiy nomi Vatikan shahar-davlati (italyancha: Stato della Città del Vatikano; lotincha: Status Civitatis Vatikanae[1][2]) — Italiya poytaxti Rimning gʻarbiy qismidagi Monte-Vatikan tepaligida joylashgan mustaqil shahar-davlat[3][4]. Katolik cherkovining siyosiy, maʼmuriy va mafkuraviy markazi, uning boshligʻi — Rim papasi qarorgohi. Qariyb hamma tomoni tosh devor bilan oʻralgan. Maydoni — 0,44 km2. Aholisi — 806 kishi (2022)[5]. Rasmiy tillari — lotin va italyan tillari.

Davlat tuzumi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Vatikan — cheklanmagan teokratik monarxiya. Konstitutsion hujjatlari 1929-yilda qabul qilingan. Davlat boshligʻi — Rim papasi. 1996-yil fevralda papa Ioan Pavel II tomonidan chiqarilgan yangi Konstitutsiyaga muvofiq, u, odatda, kardinallar orasidan yashirin ovoz berish orqali ovozlarning uchdan ikki qismiga ega boʻlgan taqdirda kardinallar hayʼati tomonidan umrbod saylanadi. Oliy qonun chiqaruvchi, ijrochi va sud hokimiyati papa qoʻlida. Ayni vaqtda u Rim katolik cherkovining ham boshligʻi hisoblanadi. Papa huzuridagi maslahat organi — kardinallar hayʼati cherkovning eng muhim ishlarini muhokama qilish va papani saylash uchun yigʻilib turadi. Rim papasi Ioann Pavel II (264-papa) 1978-yil 16-oktabrda saylangan. Bu kun Vatikanda milliy bayram sifatida nishonlanadi.

Italiyapoytaxti Rim xududida joylashgan Vatikan eng kichik davlat boʻlishi bilan birgalikda, BMT va dunyo xamjamiyati tomonidan tan olingan xolda, BMT ga aʼzo boʻlmagan yagona davlatdir. Rim katolik cherkovining markazi boʻlgan bu davlat, Rimning ichida joylashganiga qaramay xuquqiy jixatdan mutlaqo mustaqildir. Xatto, Italiyaga xam boʻysinmaydi. Lekin shunga qaramay, Italiyaning 300 mingga yaqin qoʻshini va 50 ming nafar dengiz piyoda askarlaridan iborat armiyasi zimmasiga Vatikanni xam ximoya qilish vazifasi yuklatilgan.

Ilk oʻrta asr davrida Vatikan Rim papalarining turar joyi, 1377-yildan boshlab esa doimiy qarorgohi. 8-asrdan cherkov davlati sifatida mavjud. 1870-yilda Italiya birlashishi munosabati bilan Italiya qirolligi tarkibiga qoʻshib olingan. 1929-yilda papa bilan Italiya xukumati oʻrtasidagi Lateran bitimi natijasida Vatikan davlati qayta tiklandi va 1929-yil 11-fevralda mustaqil davlat sifatida tan olindi. Katolik cherkovining xalkaro markazi sifatida Vatikan dunyoning koʻpgina mamlakatlaridagi ijtimoiy turmushga taʼsir oʻtkazadi. Oʻzbekiston Respublikasi bilan diplomatiya munosabatlari 1992-yil 17-oktabrda oʻrnatilgan.

Iqtisodiyoti. Davlat iqtisodiy negizini kapital mablagʻlardan tushadigan daromadlar, milliy katolik cherkovlarning badallari, dindorlarning ehsonlari tashkil qiladi. Vatikan— dunyoning yirik sanoat-moliya monopoliyalaridan biri (uning oltin va valyuta bisoti 12 mlrd. AQSH dollaridan ortiq deb taxmin qilinadi). Oʻzining moliyaviy, iqtisodiy operatsiyalari va ishonchli vakillari orqali qudratli xalqaro korporatsiyalar, banklar bilan uzviy bogʻlangan. Vatikan bir qancha kompaniya va banklar aksiyasiga ega. Italiya, Buyuk Britaniya, Shveysariya, Fransiya, Ispaniya, shuningdek AQSH va Lotin Amerikasi mamlakatlaridagi sanoat tarmoqlari korxonalariga qoʻyilgan sarmoyadan katta foyda olib turadi. Italiya, Germaniya, Ispaniya va boshqa mamlakatlarda katta yer maydonlariga ega. Xorijiy sayyohlik va pochta markalari chiqarish, suvenirlar sotish ham koʻp daromad keltiradi. Pul birligi — italyan lirasi; numizmatlar uchun Vatikan lirasi ham zarb etiladi.

Matbuoti. Vatikanning rasmiy nashrlari: „Akta apostolike sedis“ („Havoriy arsh hujjatlari“, oylik byulleten, 1909-yildan), „Annuario Pontifichio“ („Papa yilnomasi“, yillik maʼlumotnoma), „Osservatore della domenika“ („Yakshanbalik sharh“, katoliklar uchun haftanoma), „Osservatore romano“ („Rim sharhlovchisi“, kundalik gazeta, 1861-yildan). Shuningdek italyan, fransuz, ispan, portugal, nemis, ingliz tillarida haftalik nashrlari mavjud. „Adjensia Internatsionale Fides“ Vatikan agentligi 1926-yilda tashkil etilgan. Vatikan radiosiga 1931-yil 12-fevralda asos solingan, 1957-yilda qayta tashkil etilgan. „Chentro Televizivo Vatikane“ — Vatikan televizion markazi 1983-yilda barpo etilgan.

Ilk oʻrta asrlarda vujudga kela boshlagan Vatikan maʼmuriy majmuasiga 15— 16-asrlarda yaratilgan koʻpdan-koʻp inshootlarni oʻz ichiga oluvchi Vatikan saroy ansambli (mayd. 55 ming m2) kiradi. Oʻz navbatida ansambl devorlari B. Mikelanjelo, P. Perujino, S. Bottichelli, D. Girlandayo ishlagan rasmlar bilan bezatilgan Sikstin kapellasi, Beato Anjeliko ishlagan rasmlar bilan bezatilgan Nikolay V kapellasi, Rafael moʻyqalami sayqal bergan peshayvonlar va zallar, Uygʻonish davri uslubidagi ichki hovlilar (meʼmor D. Bramante), barokko uslubidagi darvozaxona (meʼmor L. Bernini), shuningdek koʻzni qamashtiradigan kutubxona, badiiy muzeylar va boshqadan iborat. Vatikan bogʻlarida Piy IV kazinosi, Vatikan pinakotekasi (17-asrgacha boʻlgan italyan rassomlari asarlari toʻplami) binosi va boshqa bor. Vatikan majmuasiga Avliyo Pyotr sobori (meʼmorlar D. Bramante, Mikelanjelo, K. Maderna va boshqa), Navon maydonidagi qator kolonnalar (meʼmor L. Bernnni) qoʻshilib ketgan[6].

  1. „STATO DELLA CITTÀ DEL VATICANO“. 2020-yil 19-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2019-yil 30-noyabr.
  2. „La Santa Sede“. Vatican.va. 2021-yil 8-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2021-yil 7-dekabr.
  3. „Vatican City“. Encyclopedia Britannica. Encyclopedia Britannica. 2015-yil 18-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2021-yil 18-may.
  4. „Vatican country profile“ (en). BBC News (2018). 2018-yil 25-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2018-yil 24-avgust.
  5. „Population“ (it). Vatican City State (2019-yil 1-fevral). 2020-yil 17-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2020-yil 11-aprel.
  6. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil