Kontent qismiga oʻtish

Termiziy meʼmoriy majmui

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Termiziy majmui
Muqobil nomlari Hakim at-Termiziy majmui
Umumiy maʼlumot
Maqomi majmua
Shahar Termiz
Mamlakat Oʻzbekiston
Qurilishi boshlangan 9-15-asr
Binoning ichki maydoni 28.0x29.0 metr
Termiziy meʼmoriy majmui

Termiziy meʼmoriy majmui, Hakim Termiziy maqbarasi – Termizdagi meʼmoriy yodgorlik (915-asrlar). Musulmonlar uchun muqaddas boʻlgan Al Hakim at-Termiziy maqbarasi qadimgi Termiz shahrining chekkasida joylashgan. Maqbarada buyuk islom arbobi, turli falsafiy va diniy asarlar muallifi, darveshlar jamoasining yaratuvchisi Abu Abdulloh ibn Hasan ibn Bashir al-Hakimiy at-Termiziy maqbarada dafn etilgan. Majmua Abu Abdulloh Muhammad Hakim Termiziy (taxminan 750—760 Termiz – 869) nomi bilan bogʻliq. Bu maqbarada Termiziyning qabri joylashgan. Termiziy meʼmoriy majmui asrlar davomida bir necha bor qayta qurilgan. Bugugi kunda bu majmua vohaliklar va viloyat mehmonlari uchun asosoiy ziyorat manzilgohlaridan biri hisoblanadi.

At Termiziy majmuasi 1

Masjid, maqbara, xonaqoh, qorixona kabi binolardan iborat boʻlgan. Majmuaning umumiy maydoni 28.0x29.0 metr boʻlib, shundan maqbara 5.10x4.70 metrni tashkil etadi[1]. Rivoyat qilinishicha dastlab xom gʻishtdan xonaqoh (9-asr) bunyod etilib, Hakim Termiziy shu yerda yashab mudarrislik qilgan. Binodan keng hovlining bir qismi, qalin devor toʻsiq va shimoli-sharqiy burchagida uncha katta boʻlmagan yertoʻlasimon hujra saqlangan. Vaqtlar oʻtishi bilan qabr ustiga, xonaqohning janubi-gʻarbiy burchagida xom gʻishtdan janubga qaratib maqbara bunyod etilgan (9-asr). Termiziy maqbarasi xalq orasida ulugʻlanib avliyo qabri, muqaddas ziyoratgoh sifatida eʼzozlangan. Keyinchalik maqbaraning sharqiy devoriga tutashtirib kichik qorixona va oʻgʻli alHakim Abdulloh maqbarasi (10-asr), shim.da uncha katta boʻlmagan hovliga qaragan 3 gumbazli, ravokli yoʻlak koʻrinishidagi namozgoh masjidi (1112-asrlar) hamda bir qator qoʻshimcha xonalar qoʻshilgan.

At Termiziy majmuasi 2

At-Termiziy majmuasi hududida shuningdek, chillaxonalar ham joylashgan. Mazkur chillaxonalar milodiy V-X asrlarga oid tarixiy gʻor inshooti hisoblanadi[2]. Majmua xalq orasida Termiz-ota deb ham nomlanadi. Afsonaga koʻra, oʻn yoshida unga vahiy kelib, bir qariya unga bilim bergan. Vaqt oʻtishi bilan Termiziy shuhrat qozongan, lekin ota-onasining uyida kamtarona yashashni davom ettirgan. Hakim at-Termiziy shahid sifatida vafot etgan – qarilik chogʻida shaharga bostirib kirgan dushmanlar uni boshidan judo qilganlar (IX asr oxiri). Afsonaga koʻra, Chingizxon ushbu noyob durdonadan hayratda qolgan, oʻz qoʻshiniga yodgorlikka zarar bermaslikni buyurgan, chunki u bu binoni odamlar emas, balki xudolar yaratgan deb ishongan. Maqbara ustida gumbaz koʻtarilgan, bino ichida esa juda hashamatli bezaklar bor. Marmardan yasalgan va noyob naqshlar va arab yozuvlari bilan bezatilgan avliyoning qabr toshli diqqatni oʻziga tortadi. Ansamblning yonida sal keyinroq qurilgan jome masjidi joylashgan. At-Termiziy majmuasi hududida yana bir nechta qiziqarli diqqatga sazovor joylar mavjud: Chillaxonalar – milodiy V-X asrlarga oid qadimiy gʻor inshootlari, qadimgi Tarmita shaharchasining xarobalari (Eski Termiz), Termiz shahri va Termiz shahar muzeyi.

Hakim at-Termiziy mashhur soʻfiy shaxs hisoblanadi. Olimlarning aniqlashicha uning 400 dan ortiq asari mavjud boʻlib, shularning bor yoʻgʻi 60 tasi bizgacha yetib kelgan. Hakim at-Termiziy dushmanlari tomonidan oʻldirilib, boshi uzib tashlanadi. Soʻngra shu majmuada joylashgan maqbaraga dafn etiladi. Mazkur yodgorlik 4 boʻlma (xona)dan iborat yaxlit bino koʻrinishida tiklangan. Shimoliy-sharqiy tomonida ayvon qurilishi sababli xonalar soni 3 ta boʻlib qolgan. Xonaqoh yonidagi 3 ayvon gumbazli, qalqonsimon bagʻalli tarzda ishlangan. Xonaqoh gumbaz tomga ega, hamda oʻz mehrobi bor. Xonaqohning poli goʻrxonaga qaraganda ancha past hamda ularning oraligʻi rovoqlar bilan ajratib qoʻyilgan. Maqbara ganjkor bezaklar bilan bezatilgan. Tashqi devorlariga esa 6 gʻishtin ravoq ishlangan[3].

Hakim at-Termiziy maqbarasining kirish qismidago peshtoqiga arabiy yozuvlar bilan bir qator jumlalar bitilgan. Bu bitiklarda:"Alloh taolo zikr etadi: „Bu yerga tinchlik va omonlik bilan kiring“." soʻzlari yozilgan[4].

Termiziy maqbarasida taʼmirlash ishlari Amir Temur tavalludining 660-yilligi munosabati bilan 1996-yilda amalga oshirilgan.

Taʼmirlanishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Temuriylar hukmronligi davrida (15-asr) xonaqoh baland asos (balandligi 1,5 m) ustiga pishiq gʻishtdan qayta qurildi. Unga tutash boʻlgan xonalar taʼmirlandi. Xonaqohning shimoliy va janubiy tomonlariga peshtoq ishlandi. Oddiy va aniq qurilmali xona devorlari ravoq ustunlari „romb“ koʻrinishidagi poyustunga tayangan. Hakim Termiziy maqbarasi 9-asrda bunyod etilgan xonaqoh hujralaridan biri boʻlgan. Xonaqoh hovlisining gʻarbidagi 3 gumbazli masjid maqbaraga tutash, 3 ravogʻi hovliga qaragan. Masjidning gʻarbiy devor markazida keng hoshiyali mehrob bor. Undagi boʻrtma yozuv, sopol shakllar, oraliq zaminidagi oʻyma ganch bezaklar oʻziga xos. Masjid ustunlari gʻishtdan bezakli qilib terilgan. Masjiddan ravoq orqali maqbaraga oʻtiladi. Maqbara ichi ganch oʻymakorligida gilam nusxa bezakda serhasham pardozlangan. Gumbaz osti sharafasida kufiy xatida Qurʼonning 36surasi oʻyib yozilgan. Xonaqoh ichi ham yulduzsimon girih naqshlar bilan pardozlangan. Ravoklaridagi tobadonlariga panjaralar oʻrnatilgan. Maqbara ichidagi oq marmar sagʻana temuriylar davridagi tosh oʻymakorligi sanʼatining yuksak namunasidir. Sagʻana 3 pogʻonali, asosi islimiy naqsh va yozuvli hoshiyalar bilan, oʻrta qismidagi 3 mehrobiy tokchaning markaziy (oʻrta) qismi muqarnas kosachalar bilan, 2 yoni shamchiroq tasviri bilan bezatilgan. Sagʻanadagi yozuvlarda Termiziy hayoti va faoliyati tavsiflangan.

Kichik maqbarada ham taʼmirlash ishlari olib borilgan. Abdullaxon hukmronligi davri (16-asr)da hazira (hovli) hududida 9 gumbazli masjid (eski masjidni ham oʻz ichiga olgan) qurilgan. Oldida yengil ravoq ustunli ayvon joylashgan. 19-asrda 9 gumbazli masjid oʻrnida 4 gumbazli masjid bunyod etilgan. Janubdan kiraverishda yana bir maqbara (goʻrxona va ziyoratxonadan iborat) qurilib, ravoqli boʻlmalar orqali Termiziy maqbarasi va xonaqoh bilan oʻzaro bogʻlangan.

Termiziy meʼmoriy majmui 19551957-yillarda ilmiy oʻrganilib 14— 15-asrlardagi koʻrinishi qayta tiklandi. 19801981-yil va 20012002-yillarda maqbara va xonaqoh qayta pardozlandi[5]. Marmar qabrtosh oʻz joyidan Termiz muzeyiga qarashli qoʻriqxonaga koʻchirib oʻtkazilgan. Uning oʻrniga esa maqbara ustiga ustalar tomonidan ishlangan qabrtosh nusxasi olib kelib, oʻrnatilgan. Maqbara bir necha bora taʼmirlangan va qayta tashrif uchun ochilgan.

  1. Hakimov A.. Surxondaryo obidalari. Toshkent: Uzbekistan today, 2015-yil. ISBN 978-9943-4509-6-7. 
  2. „Hakim at-Termiziy maqbarasi“. uzbekistan.travel. Qaraldi: 08-2023.
  3. „Termiziy maqbarasi“. meros.uz. Qaraldi: 08-2023.
  4. „Surxondaryo: Hakim at-Termiziy maqbarasi peshtoqida nima yozilgan?“. woscu. Qaraldi: 08-2023.
  5. „Termiziy meʼmoriy majmui“ OʻzME. T-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil