Kontent qismiga oʻtish

Nazir Toʻraqulov

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(To'raqulov Nazir To'raqulovichdan yoʻnaltirildi)
Nazir Toʻraqulov
qozoqcha: Нәзір (Нәзім) Төреқұлұлы Төреқұлов
Tavalludi 1892-yil
Vafoti 1937-yil 3-oktabr
Moskva, SSSR
Fuqaroligi SSSR bayrogʻi SSSR
Kasbi diplomat, elchi,siyosatchi, tarjimon, muxbir
Partiyasi Sovet Ittifoqi Kommunistik Partiyasi
Bolalari Qizi: Anel Nazirovna Kokoshvili

Nazir Toʻraqulovich Toʻraqulov (qozoqcha: Nәzіr (Nәzіm) Tөreqұlұli Tөreqұlov; 1892-yil oktyabr, Qoʻqon — 1937-yil 3-noyabr)[1] — davlat va jamoat arbobi, diplomat, SSSRning Saudiya Arabistoni Podshohligidagi vakolatli elchisi (1928—1936), publitsist, filolog.

Tarjimai holi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Nazir Toʻraqulov 1892-yil oktyabrda Qo‘qon shahrida boy boʻlgan yirik savdogarlar oilasida tug‘ilgan[2]. Millati qozoq[3][4].

Nazir Toʻraqulov Boshlangʻich taʼlimni 1905-yildan Qoʻqondagi jadidlar madrasasi va 1913-yildan rus-tuzem maktabida olgan, sakkiz yillik Qoʻqon savdo bilim yurtini tamomlagan. 1914—1916-yillarda (shuningdek, 1922—1923-yillarda) Moskva savdo institutining (hozirgi Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universiteti) iqtisod fakultetida tahsil olgan.

18 yoshli Nazir To‘raqulov mardikorlikka olib ketiladi va Belorussiyaga yuboriladi.

Nazir Toʻraqulov 1916-yili birinchi jahon urushi yillarida Butun Rossiya Zemstvo ittifoqida (Minsk Gʻarbiy fronti qoʻmitasi va Baranovichi viloyati qoʻmitasi) yoʻriqchisi boʻlib ishlagan, shu yili Minskda inqilobiy fikrlovchilarni birlashtirgan, talabalar va oʻqituvchilardan iborat „Erkin dala“ yashirin tashkilotini tuzgan. 1918-yilda eserlar partiyasining aʼzosi boʻlgan.

1918-yil oktyabrda Rossiya bolsheviklar kommunistik partiyasiga aʼzo bo‘lgan va Qizil armiyaning otliq bo‘linmasi siyosiy boshqaruv boshlig‘i etib tayinlanadi.

1918—1919-yillarda Qoʻqondagi sovet idoralarida turli lavozimlarda ishladi. Keyinchalik Turkiston ASSR Maorif xalq komissari (1920), Turkiston ASSR MIK raisi (1920-yil sentyabr — 1921-yil avgust), Turkiston KP MK masʼul kotibi (1921—1922) boʻlgan.

Nazir Toʻraqulov Qo‘qon deputatlari kengashining bosma organi „Xalq gazetasi“ni tashkil etishda faol qatnashgan, Turkiston kommunistik partiyasining Markaziy Komitet organi „Inqilob“ jurnalining birinchi sonining nashr etilishini tashkil qilgan. „Maorif va kommunistik madaniyat xabarnomasi“, „Haqiqat“, „Bilimlar markazi“, „Turkman xalqi“ jurnallarini nashr etish va tahrirlashda qatnashgan. Ushbu jurnallar Turkistondan tashqarida — Qashqarda, Gʻuljada, Volgaboʻyida, Buxoroda, Xivada tarqatilgan. „Qozoq muni“[5] va „Aq jol“[6], „Maorif va kommunistik madaniyat xabarnomasi“[7] gazetalariga muharrir boʻlib ishlagan.

Nazir Toʻraqulov Turkiston MIK huzuridagi Qirgʻiz (qozoq) boʻlimi raisi (1921—1922), Turkiston „Qoʻshchi“ uyushmasining tashkilotchilaridan biri boʻlib faoliyat yuritgan. Nazir Toʻraqulov bu lavozimlarda ishlash jarayonida sovet hokimiyati va bolsheviklar partiyasiga sadoqatini namoyish qilgan. Turkiston muxtoriyati hukumati va Fargʻona vodiysidagi istiqlolchilik harakatiga toʻgʻri baho bera olmagan va ularni yoʻqotish tarafdori boʻlgan[8]. Nazir Toʻraqulov respublikaning turli viloyatlariga tez-tez safar qilib, yangi hukumat oldidan yuzaga kelgan muammolar mohiyatini tushunishga harakat qilardi; turli qurultoylarda soʻzga chiqqan, yigʻilish va mitinglarda ishchilar, sovet armiya askarlari, dehqonlar bilan uchrashuvlar oʻtkazgan[7].

Nazir Toʻraqulov Moskvaga chaqirib olingach 1922-yildan diplomatiya ishida ishlagan. Moskva va Leningrad shahrlaridagi Sharq xalqlari instituti ilmiy xodimi va prorektori (1936—1937) boʻlib xizmat koʻrsatgan.

Toʻraqulov oʻzini pedagog, noshir, muharrir va tilshunos sifatida namoyon etgan. Uning rahbarligida 50 dan ortiq millat tillarida oʻquv, ilmiy-ommabop, siyosiy, badiiy, publitsistik va koʻrgazmali qoʻllanmalarning deyarli 60 million nusxasi nashr etilgan. 1928-yilda Centrizdat 12 tilda 21 ta davriy nashriyot nashr ettirdi.

Nazir Toʻraqulov oʻqituvchilarning 1-Umuittifoq qurultoyi aʼzosi (1925) bo‘lgan. Qurultoydagi nutqida milliy madaniy-maʼrifiy muassasalarni rivojlantirish, hududlarda milliy maktablar qurish, xotin-qizlar taʼlimini rivojlantirish, maxsus kasb-hunar va qishloq xo‘jaligi bilim yurtlarini tashkil etish masalalarini ko‘targan. Bu takliflarni delegatlar maʼqullagan holda qurultoy qaroriga kiritilgan.

O‘sha davrda aksariyat mahalliy kommunist mas’ullar bolsheviklar safiga o‘tgach diniy eʼtiqodidan voz kechib, davlat siyosatiga hamohang tarzda ateizmni targ‘ib qilardi.

Nazir Toʻraqulov Sovet hokimiyati oʻrnatilgandan soʻng, dinga jiddiy qaragan koʻpchilik rahbarlardan farqli oʻlaroq, islomning insoniyat tarixiga taʼsiri haqida oʻylagan. Yillari davomida TurkCEK raisi boʻlgan Nazir Toʻraqulov yangi hukumat va din oʻrtasidagi munosabatlarda oqilona murosaga kelishga harakat qilgan. Dam olish kunini yakshanbadan juma kuniga o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorni imzolaganining o‘zi uning fuqarolik jasoratidan dalolat beruvchi chora boʻlgan. Shuningdek, 1920-yillarning boshlarida Nazir Toʻraqulov musulmonlarning hurmatli bayrami boʻlgan Qurbon hayitining uch kunini dam olish kuni deb eʼlon qilish toʻgʻrisida farmon chiqargan[9].

Nazir Toʻraqulov yangi turkiy alifbo boʻyicha Butunittifoq komissiyasining raisi sifatida turkiy yozuvni arab alifbosidan lotin alifbosiga oʻtkazishda katta hissa qoʻshgan. U turkiy yozuvlarni lotinlashtirish muammosi bilan shugʻullangan, yangi turkiy alifbo (1923—1928) loyihasi muallifi boʻlgan[10].

Nazir To‘raqulov birinchilardan bo‘lib ruscha-o‘zbekcha iqtisodiy-siyosiy lug‘atini tuzgan va 1922-yilda chop ettirgan. 1922-yilda uning „Turkiston tarixi“ asari, 1923-yilda „Turkiston Muxtor Respublikasi“ asari kitob holida nashrdan chiqqan.

Nazir To‘raqulov 1937-yil 15-iyunda qamoqqa olingan va otishga hukm qilingan (1937-yil 3-noyabr), ammo, 1958-yilda oqlangan.

Diplomatik faoliyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Shahzoda Faysal bin Abdul Aziz Al Saud va Nazir Toʻraqulov. Jidda, 1929-yil.

1927-yil Tashqi ishlar vazirligi xalq komissari (tashqi ishlar vaziri o‘sha paytda shunday atalgan) o‘rinbosari Lev Karaxan Stalinga tayyorlagan hisobotida Nazir To‘raqulovni „Musulmon dunyosini yaxshi biladigan, SSSRning arab dunyosida, jumladan Hijozda talab qilinadigan murakkab va nozik siyosatini amalga oshirishda munosib kadr“ ekanligini bildiradi[11].

Partiya Markaziy Qoʻmitasi Siyosiy byurosining majlisida nomzodlik maʼqullangandan soʻng, SSSR Markaziy Ijroiya Qoʻmitasi Prezidiumining 1927-yil 15-dekabrdagi farmoni bilan Toʻraqulov SSSRning Saudiya Arabistonidagi vakolatli vakili etib tayinlangan.

1928-yil 3-oktabrda Odessadan Jiddaga deyarli 2 oylik dengiz safari yakunida Toʻraqulov podsho Abdul Aziz as-Saudning o‘g‘li shahzoda Faysalga ishonch yorliqlarini topshirdi.

1928-yilda u atigi 36 yoshda edi. O‘sha yillardagi diplomatik amaliyotda yoshligida bunday mas’uliyatli lavozimga tayinlanish kamdan-kam uchraydi.

Saudiyadagi faoliyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Bir guruh diplomatlar orasida shahzoda Faysal bin Abdel Aziz Al Saud ham bor. Jidda shahri

XX asrning 20-30-yillarida Arabiston yarimorolida asosan inglizlar yetakchi mavqeda boʻlgan. Ana shunday sharoitda Nazir To‘raqulovning saʼy-harakatlari bilan Saudiya Arabistoni va SSSR o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatiladi.

Toʻraqulovning o‘zi ham qirollik oilasining yaqin do‘sti maqomiga erishadi. Bunda Nazir To‘raqulovning Islom arkonlarini yaxshi bilishi va boshqa hamkasblaridan farqli o‘laroq diniy eʼtiqodidan voz kechmagani ham muhim rol o‘ynaydi.

Ana shunday holatda Saudiya qiroli va qirollik oilasi aʼzolari mansabni deb o‘z diniy eʼtiqodidan kechmagan Nazir To‘raqulovni qattiq hurmat qilishadi. Toʻraqulov saʼy-harakatlari natijasida SSSR bilan savdo-iqtisodiy aloqalar ancha yaxshilanadi.

Sovet vakolatli vakilining obroʻsi va taʼsiri arab monarxining saroyida akkreditatsiya qilingan xorijiy diplomatlar orasida ham tarqaldi; 1930-yilda Toʻraqulov Jiddadagi diplomatik korpusning raisi boʻldi.

1930-yil 16-aprel kuni Nazir To‘raqulov tashqi ishlar xalq komissari Maksim Litvinovga yozib yuborgan xatida Saudiyada uni ayricha hurmat qilishayotganini aytgan.

Saudiya Arabistoni qiroli tomonidan o‘tkazilayotgan rasmiy tadbirlarda Toʻraqulov SSSR elchisi sifatida safning eng old qatoridan joy olgan. Ingliz elchisi Rian ikkinchi, Fransiya elchisi Megre uchinchi, Eron elchisi Ainol-Molk to‘rtinchi bo‘lib joylashgan[9].

Nazir To‘raqulovning saʼy-harakatlari bilan 1932-yil may oyida Saudiya shahzodasi Faysal ibn Abdulaziz Ol-Saud SSSRga ikki kunlik tashrif bilan keladi (keyinchalik, 1964-yildan 1975-yil vafotigacha Faysal ibn Abdulazil Saudiya Arabistoni qiroli bo‘lgan).

1932-yilda Toʻraqulov „benzin shartnomasi“ ni imzolatishga erishadi. Bu sovetlar tarixida Saudiya Arabistoniga 100 000 quti benzin va kerosin yetkazib berish boʻyicha birinchi shartnoma boʻlgan. Sovet neft sindikati kuchli Angliya-Gollandiya „Shell“ va Amerikaning „Standard Oil of California“ ni raqobatbardosh kurashda magʻlub etdi.

Bir yil oʻtgach, 1933-yilda Toʻraqulov Arabistondagi barcha sovet savdosi boʻysunadigan qattiq proteksionistik „istisno rejim“ ni bekor qilishga erishdi; ikki tomonlama hamkorlik sogʻliqni saqlash, madaniyat, fanni qamrab oldi. Vakolatli vakilning muvaffaqiyati, shuningdek, 1935-yilda Sovet savdo kompaniyasi „Vostgostorg“ va Saudiya Arabistoni Moliya vazirligi oʻrtasida imzolangan shartnoma boʻlib, u Hijozning SSSRga neft mahsulotlarini yetkazib berish boʻyicha qarzi boʻyicha uzoq yillik kelishmovchilikni hal qildi.

Qatagʻon qilinishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1936-yilda Nazir To‘raqulov Moskvaga chaqirib olishadi va o‘rniga Karim Hakimovni SSSRning Saudiyadagi elchisi etib tayinlandi. 1936-yildan Moskva Sharq xalqlari til va yozuv institutida (SSSR Markaziy Ijroiya Qoʻmitasi Millatlar Kengashi huzuridagi Til va yozuv instituti) bir yilga yaqin ishladi.

Ana shu davrda NKVD boshlig‘i Nikolay Yejov tomonidan SSSRda Qizil terror boshlab yuboriladi. Har kuni ittifoq bo‘ylab ko‘plab odamlar hibsga olinib, uzoq yillarga qamalar yoki otib tashlangan.

1937-yil 15-iyul kuni u hibsga olinadi. Nazir To‘raqulov panislomizm, panturkizm va vatanga xiyonat qilishda ayblanadi. Qamoqqa olinganidan 3 oy o‘tib Nazir To‘raqulov SSSR oliy sudi harbiy kollegiyasi hukmi bilan RSFSR Jinoyat kodeksining 58-moddasi 1, 8 va 11-qismlari bilan aybdor deb topilib, otib tashlanadi. Otuvga hukm qilingan paytda u 45 yoshda edi[12].

Saudiya bilan diplomatik munosabatlarning uzilishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Nazir To‘raqulovning oʻldirilgani haqidagi ayanchli xabar Saudiya Arabistoni qiroli Abdulaziz Al Saudni larzaga keltirdi, u Nazir Toʻraqulovni juda hurmat qilgan.

Qirol SSSRning Saudiyadagi elchisi Karim Hakimovga o‘z mamlakatida Sovet hukumatining boshqa vakolatli vakillarni ko‘rishni istamasligini tushuntirdi. Shundan soʻng ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlar toʻxtadi[13].

1938-yil mart oyida Saudiya Arabistonida XX—XXI asrlarda qirollikning gullab-yashnashiga asos boʻlgan ulkan neft konlari topildi. Shundan so‘ng sovet hukumati nima qilib bo‘lsa ham bu davlat bilan avvalgi do‘stona aloqalarni tiklashga urinadi.

1938-yil 13-aprelda Ibn Saud Stalindan kelgan boshqa elchini qabul qilishdan bosh tortgani uchun SSSR Jiddadagi missiyani bekor qildi. 1938-yil 11-sentyabrda SSSR missiyasi aʼzolari Saudiya Arabistonini tark etishdi.

Nazir Toʻraqulov tavalludining 125 yilligi sharafiga Qozogʻistonda chiqarilgan pochta markasi

1953-yil Stalin vafotidan so‘ng uning davrida nohaq qatag‘on bo‘lganlarni oqlash ishlari boshlanadi. Ko‘plab begunoh jazolanganlar qatori, 1958-yil 28-yanvar kuni Nazir To‘raqulov ham oqlanadi.

1990-yilda Nazir To‘raqulovning qabri Moskva viloyatidagi „Kommunarka“ deb atalgan maxsus qabristonda ekani aniqlandi[14]. „Kommunarka“ maxsus ob’ekti Moskva viloyatida, Kaluga shossesining 24-kilometrida joylashgan 6,5 ming qatl etilgan siyosiy qatagʻon qurbonlari qabristonidir. Bu joy 1999-yilgacha sir saqlangan.

1990-yil 17-yanvarda Rossiya va Saudiya Arabistoni oʻrtasida diplomatik munosabatlar tiklandi.

Nazir Toʻraqulov qozoq, o‘zbek, tatar, turk, shuningdek, rus, arab, fors, fransuz, nemis kabi turkiy tillarni bilgan.

2006-yilda Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri Saud al-Faysal tashabbusi bilan T.Mansurovning Toʻraqulov haqidagi biografik kitobi arab tiliga tarjima qilinib, Saudiya Arabistonida 10 ming nusxada nashr etildi.

  1. „Справочник по истории Коммунистической партии и Советского Союза 1898—1991. Тюрякулов Назир“. 2010-yil 21-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2010-yil 9-noyabr.
  2. „Справочник по истории Коммунистической партии и Советского Союза 1898—1991. Тюрякулов Назир“. 2010-yil 21-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2010-yil 9-noyabr.
  3. „Нәзір Төреқұлов — Ұлағат порталы“. ulagat.com. Qaraldi: 2021-yil 19-mart.
  4. „Ташкент: қазақ мәдени орталығының ыдырауы | Qazaq Әdebietі — QazaqAdebieti“ (ru-RU). 2021-yil 21-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2021-yil 19-mart.
  5. „Қазақ мұңы“, Қазақ әдебиеті. Энциклопедиялық анықтамалық. Алматы: Аруна Ltd., 2010. ISBN 9965-26-096-6. Andoza:Ref-kk
  6. „Назир Тюрякулов — выдающийся государственный деятель, дипломат и журналист“. 2019-yil 1-aprelda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2020-yil 3-may.
  7. 7,0 7,1 „Қазақ мұңы“, Қазақ әдебиеті. Энциклопедиялық анықтамалық. Алматы: Аруна Ltd., 2010. ISBN 9965-26-096-6. Andoza:Ref-kk
  8. „Руководители Узбекистана ([[узбекский язык|na uzbekskom yazike]])“. 2011-yil 9-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2010-yil 22-iyun.
  9. 9,0 9,1 „Назир Тюрякулов — выдающийся государственный деятель, дипломат и журналист“. 2019-yil 1-aprelda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2020-yil 3-may.
  10. „Люди и судьбы. Библиографический словарь востоковедов — жертв политического террора в советский период (1917—1991)“. 2012-yil 21-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2010-yil 19-mart.
  11. „Советский дипломат Н. Т. Тюрякулов.“ (deadlink). 2016-yil 19-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2020-yil 18-aprel.
  12. „Жертвы политического террора в СССР“. 2011-yil 1-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2010-yil 9-noyabr.
  13. Красные паши саудовского короля // Коммерсантъ. Архивировано 12 oktyabr 2019 года.
  14. „Найдены захоронения Т. Рыскулова, С. Кожанова и Н. Турекулова“. 2016-yil 11-aprelda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2020-yil 3-may.
  • Oʻzbekistonning yangi tarixi, 2kitob [Oʻzbekiston sovet mustamlakachiligi davrida], T., 2000; Raja b o v K,., Haydarov M., Turkiston tarixi (19171924-yil), T., 2002.