Kontent qismiga oʻtish

Xolid al-Qasriy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Xolid al-Qasriy
Tavalludi Damashq
Vafoti 743
Fuqaroligi Damashq xalifaligi
Kasbi Umaviylar xalifaligining Makka va Iroqdagi hokimi
Faoliyat yillari 702/705/707–743
Bolalari
Otasi Abdulloh ibn Asad al-Qasriy

Xolid ibn Abdulloh al-Qasriy (arabcha: خالد بن عبد الله القسري) (743-yilda vafot etgan) arab millatiga mansub boʻlib, VIII asrda Umaviylar xalifaligining Makkadagi hokimi, 724–738-yillarda Iroq hokimi boʻlib xizmat qilgan. Iroqdagi faoliyati davomida butun sharqiy xalifalik ustidan nazorat olib borgan va bu narsa uni xalifa Hishom ibn Abdulmalik hukmronligi davridagi eng muhim amaldorlardan biriga aylantirgan. Lavozimidan ozod etilganidan soʻng ikki marotaba qamoqqa tashlangan. 734-yilda uning oʻrniga tayinlangan Yusuf ibn Umar as-Saqafiy tomonidan qiynoqqa solingan[1].

Yoshlik yillari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Xolid al-Qasriy Damashqda tugʻilgan[2]. Bajila qabilasining Qasr urugʻining aʼzosi edi. Baʼzi rivoyatlarga koʻra, bobosi Asad ibn Kurz al-Qasriy Muhammadning sahobalaridan boʻlib, ushbu qabila boshligʻi hisoblangan. Biroq ushbu maʼlumotni inkor etuvchi boshqa manbalar Asad ibn Kurzni yahudiy qul boʻlgan deya maʼlumot beradi. Xolidning bobosi Yazid ibn Asad al-Qasriy birinchi fitnada Umaviylarning koʻzga koʻringan tarafdorlaridan boʻlgan. Xolidning otasi Abdulloh ibn Yazid al-Qasriy esa ikkinchi fitnada Ibn al-Zubayr tarafida edi, biroq oxir-oqibat xalifa Abdulmalik (h. 685–705) tomonidan avf etilgan. Xolidning onasi esa nasroniy edi[3][4].

Xolid 702-yilda Ray hokimi boʻlib xizmat qilgan boʻlishi mumkin, bundan oldin esa Makka hokimi boʻlgan[5]. Xolidning aynan qaysi yili Makka hokimligiga tayinlanganligi maʼlum emas, tarixchi Tabariy uning ushbu lavozimga 707/708 va 709/710-yillarda al-Volid I (h. 705–715) hukmronligi davrida tayinlangan deya maʼlumot bergan. Biroq boshqa maʼlumotlarga koʻra, 705-yilda xalifa Abdulmalik davrida bu lavozimni egallaganligi keltirib oʻtilgan. Shuningdek, baʼzi manbalar Xolidning Makkadagi hukmronlik davri 715-yilda Sulaymon ibn Abdulmalikning taxtga kelishi bilan yakun topgan deyilsa, tarixchi al-Azraqiy uning Sulaymon hukmronligi davrida ham Makkani boshqarishda davom etganini taʼkidlagan[6].

Xolid Makkada xalifaning buyrugʻi bilan ziyoratchilar uchun favvora qurdirgan. Shuningdek, agar xalifa buyruq bergan taqdirda sulolaga sodiqligining isboti sifatida Kaʼbani buzib, Quddusga olib borishga tayyorligini ham bildirgan[6][7].

Iroq hokimligi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

724-yilda Hishom ibn Abdulmalik (h. 724–743) taxtga oʻtirgach, Umar ibn Hubayraning oʻrniga Xolid Iroq hokimi etib tayinlangan. Iroq hokimiyatidan mustaqil boʻlgan Xurosondan tashqari Xolid butun sharqiy xalifalikni oʻz nazorati ostiga olgan[8]. Xuroson uning ixtiyorida boʻlgan vaqtda ukasi Asad ibn Abdullohni hokimlikka tayinlagan (725—727 va 734—738)[9][10].

Ishdan boʻshatilishi va oʻlimi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

738-yilda Xolid lavozimidan ozod etilgan, biroq buning sabablari noaniq. Uning oʻrniga Yusuf ibn Umar Iroq hokimi etib tayinlangan va bu narsa Xolidni nihoyatda hayratda qoldirgan. Yusuf darhol Xolid va uning oʻgʻillarini qamoqqa tashlagan, boyliklarini tortib olish maqsadida uni qiynoqqa solgan. Oʻsha paytda yangi tayinlangan hokimlar oʻzidan oldin hukmronlik qilgan hokimlarga nisbatan shunday munosabatda boʻlar edi. Oradan oʻn sakkiz oy oʻtgach, Xolid ozod qilingan va poytaxt Rusofaga, soʻngra oʻz vatani Damashqqa yoʻl olgan. Hishom 743-yil boshida vafot etgach, uning vorisi al-Volid II (h. 743–744) Yusuf ibn Umarga Xolidni 50 million dirhamga sotgan. Xolid vafot etgunga qadar Yusuf uni yana qiynoqqa solgan, bu esa Qays–Yaman adovatining yanada kuchayishiga sabab boʻlgan va Volid II ning hokimiyatdan qulashiga olib kelgan[11][12][13][1].

Xolidning oʻgʻillaridan Yazid uchinchi fitna paytida Yazid III ning tarafdorlaridan boʻlgan va shu sababli Marvon II (h. 744–750) tomonidan qatl etilgan. Oʻgʻli Muhammad esa Abbosiylar xalifaligi qoʻshinlari tarkibiga qoʻshilgan hamda Makka va Madina hokimi boʻlib xizmat qilgan[14].

  1. 1,0 1,1 Hawting (2000).
  2. Crone (1980), p. 44
  3. Crone (1980), p. 102
  4. Hawting (1978), pp. 925–927
  5. Crone (1980), p. 102
  6. 6,0 6,1 Hawting (1978), pp. 925–927
  7. Hawting (2000), p. 82
  8. Hawting (2000), p. 81
  9. Crone (1980), p. 102
  10. Hawting (1978), pp. 925–927
  11. Crone (1980), p. 102
  12. Hawting (1978), pp. 925–927
  13. Blankinship (1994), p. 223
  14. Crone (1980), pp. 102–103
Oʻtmishdoshi:
Umar ibn Hubayra
Iroq hokimi
724–738
Vorisi:
Yusuf ibn Umar as-Saqofiy