Kontent qismiga oʻtish

Abbosiylar Samarrasi

Koordinatalari: 34°21′42″N 43°48′07″E / 34.36167°N 43.80194°E / 34.36167; 43.80194
Vikipediya, erkin ensiklopediya
Samarra
سامَرّاء

Samarra Katta masjidining spiral minorasi
Abbosiylar Samarrasi is located in Iraq
Abbosiylar Samarrasi
Shown within Iraq
Manzilgoh Samarra, Saladin muhofazoti, Iroq
Koordinatalar 34°21′42″N 43°48′07″E / 34.36167°N 43.80194°E / 34.36167; 43.80194
Turi Shahar
Tarix
Quruvchi Muʼtasim, Abbosiylar xalifaligi
Tashkil etilgan 836
Tashlab ketilgan tax. 892
Makon qaydlari
Vaziyat Vayron boʻlgan


Rasmiy nomi Samarra arxeologik shahri
Kriteriya Madaniy: II, III, IV
Manba 276
Kiritilgan vaqti 2007 (31- sessiya)
Xavf ostida qolgan vaqti 2007-
Maydon 15,058 ga (37,210 akr)
Bufer zonasi 31,414 ga (77,630 akr)

Samarra — markaziy Iroqdagi shahar boʻlib, 836—892-yillarda Abbosiylar xalifaligi poytaxti boʻlgan. Xalifa Muʼtasim tomonidan asos solingan Samarra qisqa vaqt ichida Dajlaning sharqiy qirgʻogʻi boʻylab oʻnlab kilometrlarga choʻzilgan yirik metropoliyaga aylangan. 9-asr ikkinchi yarmida, ayniqsa xalifalar Bagʻdodga qaytishi ortidan qarovsiz qoldirilgan.

Nisbatan qisqa muddat foydalanilgani tufayli Abbosiylar Samarrasining koʻplab xarobalari hozirga qadar saqlanib qolgan. Shahar rejasini hali ham aerofotosuratlar orqali koʻrish mumkin. Bunda aniq rejalashtirilgan koʻchalar, uylar, saroylar va masjidlarning keng tarmogʻi koʻzga tashlanadi. Arxeologik dalillarni musulmon tarixchilari tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlar bilan taqqoslagan tadqiqotlar natijasida sobiq shahardagi koʻplab toponimlar aniqlangan[1].

Samarra arxeologik yodgorligi 2007-yilda YuNESKO tomonidan Butunjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan va „qadimiy yirik shaharning eng yaxshi saqlanib qolgan rejasi“ deb atalgan[2]. Xuddi shu nomdagi zamonaviy shahar Abbosiylar xarobalari ichida ham joylashgan.

861—862-yillarda Surra Man Raaʼada zarb etilgan Muntasir dirhami

Samarra toponimi islomdan oldingi davrda ham mavjud boʻlgani maʼlum. Klassik mualliflar bu nomni turli shakllarda, jumladan, yunoncha Suma (Σουμᾶ), lotincha Sumere va suryoniycha Šumara nomlarida tilga olganlar.

Abbosiylar shahrining rasmiy nomi Surra Man Raʼa (arabcha: سُرَّ مَنْ رَأَى) bo‘lib, „ko‘rgan kishi quvonadi“ degan ma’noni anglatadi. Bu nom tangalarda yozilgan va baʼzi oʻrta asr yozuvchilari tomonidan ham yozib qoldirilgan. Boshqa zamonaviy manbalarda esa islomdan oldingi nom varianti sifatida Sāmarrā (سَامَرَّا) yoki Sāmarraʼ (سَامَرَّاء) ishlatilgan va oxirgi shakl oxir-oqibat standart nomga aylangan[3][4].

Abbosiylar shahri tarixi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Asos solinishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Samarraga sakkizinchi Abbosiy xalifa Muʼtasim (h. 833–842) davrida 836-yil asos solingan. Muʼtasimning bunday qarorga kelishiga yangi tashkil etilgan turkiy va boshqa armiya guruhlari uchun uy-joy qurish uchun joy topish zarurati sabab boʻlgan. Ilgari islom olamida faqat marginal rol oʻynagan guruhlardan tashkil topgan bu qoʻshinlar Bagʻdod aholisi orasida obroʻga ega emas edi. Shu sababli ham askarlar va Bagʻdodliklar oʻrtasida bir necha bor toʻqnashuvlar sodir boʻlgan. Shuning uchun Muʼtasim tax. 835-yilda 762-yildan beri Abbosiy xalifalarining doimiy qarorgohi boʻlgan Bagʻdodni tark etib[izoh 1], oʻzi tanlagan joyda yangi poytaxt yaratishga qaror qildi[5][6][7][8].

Muʼtasim bir muncha vaqt ideal joy izlagandan soʻng, Bagʻdoddan taxminan 130 km (81 mi) shimolda, Dajlaning sharqiy tomonida, Nahravon kanalining yuqori oqimiga yaqin joyda joylashgan hududni tanlagan[9][10]. Mahalliy mulklar, shu jumladan nasroniy monastirini sotib olish uchun odamlar yuborgandan soʻng, xalifa oʻz muhandislari bilan rivojlanish uchun eng mos joylarni oʻrganib chiqdi[11][12][13]. 836-yilga kelib bu yerda binolar qad rostlab, Muʼtasim yangi shaharga koʻchib oʻtgan[14].

Samarrada boshidanoq katta miqyosda qurilish olib borildi. Hudud kosmopolitan obyekt boʻlmay, yer koʻp va arzon, shu bilan birga shaharni kengaytirishga toʻsqinlik qiladigan eski qaholi manzilgohlari ham mavjud emas edi[15]. Muʼtasim yangi shahardagi turli yerlarni belgilab, bu joylarni qoʻshin va boshqaruv elitalariga ularning rivojlanishi uchun boʻlib bergan. Armiya boʻlinmalari uchun koʻplab kantonlar tashkil etilgan boʻlib, ular koʻp hollarda umumiy aholi turar joylaridan ataylab ajratilgan. Xalifa va boshqa taniqli shaxslar uchun bir qancha saroylar bilan birga xalq uchun bozorlar, masjidlar va hammomlar qurilgan. Qurilishga yordam berish uchun musulmon dunyosining turli burchaklaridan materiallar va ishchilar yuborilgan. Qurilishda temirchilar, duradgorlar, marmar haykaltaroshlar va hunarmandlar yordam bergan[16].

Yangi poytaxtni barpo etish yangi rejim oʻrnatilishi toʻgʻrisidagi ommaviy bayonot boʻlib, hukumatga „Bagʻdod aholisidan uzoqda, yangi shakllantirilgan qoʻriqchilar qoʻshini tomonidan himoyalangan joyda va yangi qirollik madaniyati sharoitida hamda keng saroy maydonlari, jamoat tomoshaxonalari bilan birgalikda tinimsiz izlanishda boʻlish imkonini berdi“ (T. El-Hibri). Yangi poytaxtning qurilishi Oleg Grabar tomonidan Louis XIVdan keyin Parij va Versal oʻrtasidagi munosabatlarga qiyoslangan[9][17]. Bundan tashqari, Muʼtasim ilgari aholi boʻlmagan hududda yangi shahar yaratish orqali oʻziga ergashgan manfaatli guruhlarni Bagʻdoddan farqli oʻlaroq, hech qanday xarajat va cheklovlarsiz yer hamda savdo imkoniyatlari bilan mukofotlashi mumkin edi. Darhaqiqat, yer sotish xazinaga katta foyda keltirgan koʻrinadi. Xyu Kennedi yozganidek, bu „hukumat va uning izdoshlari foyda olishi mumkin boʻlgan ulkan mulk spekulyatsiyasi“ edi[9].

Muʼtasimning vorislari davrida

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Mu'tasim vafotidan keyin xalifalik qila boshlagan vorisi Vosiq (h. 842–847) oʻz hukmronligini Samarrada amalga oshirgan. Yangi xalifaning qarori aholini yangi shahar doimiyligi va Vosiq hukmronligi davrida boshlangan qurilishning yangi bosqichiga ishontirdi. Vosiqning oʻzi Dajla qirgʻogʻida Horuniy (Vosiqning asl ismi Horun) saroyini qurdirib, oʻzining yangi qarorgohiga aylantirdi[18].

Mutavakkil (h. 847–861) jadallik bilan yangi qurilish ishlarini olib bordi. Uning davrida markaziy shahar sharqqa tomon choʻzildi. Samarra Katta masjidi, Balkuvara kantoniyasi va koʻplab saroylar qurdirdi. 858-yilda Damashqqa koʻchib oʻtgach[19], xalifa Iroqqa qaytib kelib, oʻzining eng ulugʻvor loyihasi — Samarra shimolidagi yangi Mutavakkiliya shahri qurilishini amalga oshirdi. Yangi hududda Jaʼfariy (Jaʼfar xalifaning asl ismi) saroyini qurib, 860-yilda shu saroyga koʻchib kelgan. Biroq xalifa keyingi yili oʻldirilgach, koʻp oʻtmay Mutavakkiliyya tark etildi[izoh 2].

Mutavakkilning oʻldirilishidan keyingi oʻn yil notinch davr boʻlib, Samarradagi anarxiya deb ham ataladi. Bu davrda poytaxtda tez-tez saroy toʻntarishlari va qoʻshinlarning tartibsizliklari kuzatilgan. Mutavakkilning oʻgʻli Muntasir (h. 861–862) Jaʼfariydan Javsaq saroyiga koʻchib oʻtgan. Bu saroy Muntasir vorislarining qarorgohi boʻlib qolgan. Mustain (h. 862–866) Samarra harbiy boʻlinmalarini nazorat qilish iloji yoʻqligini anglab, shaharni tark etdi. 865-yilda Bagʻdodda yakka hukmronligini oʻrnatmoqchi boʻldi. Turklar va boshqa qoʻshinlar bunga javoban xalifa agʻdarilganini eʼlon qilib, toki taxtdan voz kechishga rozi boʻlgunga qadar Bagʻdodni qamal holatida ushlab turishdi. Uning ikki vorisi Muʼtazz (h. 866–869) va Muhtadiy (h. 869–870) ham xuddi shu tarzda armiya tomonidan agʻdarildi[20][21].

Samarra is solitude now,
hugely abandoned to change:
ruins; a frog that calls;
dismemberment's muffled cry.
The city died, is dead
like an elephant being untusked.

—Samarrada tugʻilgan Abbosiy shahzodasi Abdulloh ibn al-Muʼtazzning shaharning tanazzuliga bagʻishlangan sheʼri[22].

Muʼtamid (h. 870–892) Samarrada hozirgacha maʼlum soʻnggi qurilish loyihalarini amalga oshirgan, ammo hukmronligining oxirgi davrlarida shaharda kamroq vaqt oʻtkazganga oʻxshaydi[23]. Muʼtamidning oʻlimidan soʻng Mutazid (h. 892–902) rasman Bagʻdodga qaytib keldi va shu tariqa Samarradagi hukmronlikka chek qoʻyildi[24]. Muktafiy (h. 902–908) Samarraga qaytib, Javsaq saroyida qarorgoh qurish haqida oʻylagan, ammo oxir-oqibat maslahatchilari rejaning katta xarajatlari haqida aytganidan soʻng, fikridan qaytgan[25].

Xalifa Bagʻdodga qaytgach, shahar aholisi ham shaharda qolishga ragʻbat bildirmadi. Buning asosiy sabablari suv taʼminoti muammoli ekani[9] hamda shaharda hayot boshqa joylardan keladigan taʼminotga bogʻliq boʻlib qolgani edi[26][27]. Xalifalar shahar uchun katta miqdorda pul tikishar ekan, u yashashda davom etgan. Xalifalar Bagʻdodga qaytishi bilan sarmoya ham tugadi va tez orada shaharning katta qismini aholi tark etdi[28]. Keyingi asrlarda xarobalar ichida bir necha alohida aholi punktlari saqlanib qolgan. Biroq aholi tez orada shaharning katta qismini tashlab, chiqib ketishgan[29].

Shaharning umumiy koʻrinishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Abbosiylar Samarrasining xaritasi

Samarraning maʼlum qoldiqlari, asosan, Dajlaning sharqiy tomonida, taxminan 58 km2 (22 kv mi) maydonni egallagan. Hududda roʻyxatga olingan 6314 ta binodan (1991-yil holatiga) faqat toʻqqiztasi hali ham sifatini yoʻqotmagan holatda saqlangan. Vayronalarning katta qismi binolarning koʻmilib ketgan tepaliklari va tarqoq vayronalardan iborat. Tuproq ostidagi qoldiqlar asosan sezilarli darajada emas. Kosmosdan qaraganda Abbosiylar shahrining toʻliq rejasi, binolari va koʻcha tuzilishi aniq koʻrinadi[30][31][32].

Markaziy Samarra

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Shaharning asosiy hududi Muʼtasim hukmronligi davrida qurilgan boʻlib, keyingi rivojlanishlar Votiq va Mutavakkil davrida amalga oshirilgan[33].

Hududning koʻcha qurilishi tartibida shimoldan janubga va shimoli-gʻarbdan janubi-sharqqa tomon choʻzilgan bir qator uzun, keng xiyobonlar ustunlik qilgan[34]. Bu xiyobonlarni musulmon tarixchisi va geografi Yaʼqubiy batafsil tasvirlab bergan. Muallif har bir koʻcha boʻylab joylashgan turli binolar va uchastkalarni sanab oʻtgan[35]. Xiyobonlar orasida koʻplab kichik koʻchalar, turar-joy binolari va bir nechta yirik binolar mavjud boʻlgan[36].

Shaharning bu qismida tinch aholi va harbiy xizmatchilar yashagan. Baʼzi hollarda qoʻshinlarning turar joylari boshqa aholidan aniq ajratilgan. Turklar, faragʻinlar, ushrusoniylar, magʻaribalar, ishtaxoniylar, jundlar, shokiriylar, arablar va xurosoniylar kabi koʻplab qoʻshin qoʻmondonlariga oʻz boʻlinmalari bilan birga yerlar ajratilgan. Bir qancha amaldorlar, Abbosiy shahzodalari va boshqa shaxslarning ham xiyobonlar boʻylab yerlari boʻlgan[6][37].

Bu hududda turar-joylardan tashqari yana bir qancha binolar, jumladan, davlat va shaxsiy otxonalar, Yer soligʻi idorasi (devon al-xaraj) va katta qamoqxona joylashgan edi. Muʼtasim tomonidan belgilab qoʻyilganidek, bozorlar keng qatorlarga ega boʻlib, har bir turdagi tovarlar alohida qismlarda sotilar edi. Bozorlar yaqinida qoʻzgʻolonchi Bobak Xurramdin osilgan dor joylashgan edi (xashabat Bobak) va bozorlar qatl qilinganlarni tomosha qilish joyi vazifasini ham bajargan[38]. Dajla boʻyida Mosul va boshqa shaharlardan oziq-ovqat keltiriladigan koʻp sonli pristanlar boʻlgan[6][39].

Muʼtasim qurdirgan masjid tez orada shahar aholisi uchun kichiklik qilgan. Shu sababli masjid Mutavakkil tomonidan buzib tashlangan va oʻrniga Hayr yaqinidagi Samarra Katta masjidi qurilgan[40][41]. Oʻsha paytda dunyodagi eng katta boʻlgan mazkur masjidning oʻlchami 239 m × 156 m (784 ft × 512 ft) boʻlib, namoz zalida 17 ta yoʻlak bor edi. Ibodat qiluvchilarni joylashtirish uchun devor ortida 443 m × 374 m (1,453 ft × 1,227 ft) oʻlchamdagi qoʻshimcha yopiq portiklar mavjud edi. Malviya nomi bilan ham tanilgan spiral minora balandligi 52 m (171 ft) boʻlib, hozirda ham masjidning orqa tomonida turibdi[42][43][44].

Al-Matira markaziy Samarra janubida joylashgan kanton. U shaharning dastlabki qurilgan oʻrnidan ikki farsah (12 km) janubda, avvaldan mavjud boʻlgan qishloq oʻrnida qurilgan[45].

Muʼtasim Al-Matirani dastlab osrushanalik lashkarboshisi al-Afshin, Ushrusoniylar va uning xizmatida boʻlgan boshqalar oʻrtasida taqsimlab bergan. Al-Afshin oʻzi uchun qarorgoh hamda xalifaning buyrugʻiga koʻra kichik bozor, masjid va hammomlar qurdirdi. 841-yilda Afshin qatl etilgandan so‘ng Vosiq al-Matirani turk sarkardasi Vosifga bergan. Mutavakkil davrida xalifaning o‘g‘li Muayyad shu qishloqda yashagan[46][47].

Al-Matirada xalifalar Samarrani tark etganidan keyin ham aholi yashashda davom etgan. Hudud kamida 13-asrgacha aholi manzilgohi boʻlgan[48].

Dar al-Xalifa

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Markaziy Samarraning shimoliy qismida Xalifa saroyi (dar al-xalifa) joylashgan. Bu joy Muʼtasim, Muntasir, Mustaʼin, Muʼtazz, Muhtadiy va Muʼtamidlar davrida hukumatning rasmiy qarorgohi boʻlgan[49].

Saroy majmuasi ikkita asosiy binodan iborat boʻlgan. Kattarogʻi Dar al-Omma (jamoat saroyi) boʻlib, u yerda xalifa saroy aʼyonlari bilan oʻtirar va rasmiy ishlarni olib borardi. Shuningdek, davlat xazinasi (baytulmol) ham joylashgan[50]. Saroyning gʻarbiy qismida Bob al-Omma (Jamoat darvozasi) joylashgan boʻlib, uning uch ayvoni haligacha saqlanib qolgan[51]. Bob al-Omma koʻpincha ommaviy qatl qilish va oʻldirilganlarning jasadlarini namoyish qilish joyi vazifasini bajargan[52][53].

Shimoldagi kichikroq bino xalifaning shaxsiy qarorgohi boʻlgan Javsaq al-Xoqoniy ekanligi aniqlangan. Muʼtasim Javsaq saroyi qurilishini turkiy xalqlardan boʻlgan al-Fath ibn Xoqon va Muzohim ibn Xoqonning otasi Xoqon Urtuj zimmasiga yuklagan[54]. Saroy devor bilan oʻrab olingan boʻlib, sharqiy tomonida Hayrdagi poyga maydoni boshlanadigan maydon boʻlgan[55][56]. Mutavakkil vafotidan keyingi zoʻravonlik davrida Javsaq saroyi taniqli shaxslar uchun qamoqxona boʻlgani haqida tez-tez tilga olingan. Muʼtazz, Muayyad, Muvaffaq, Muhtadiy va Muʼtamid shu saroyda turli davrlarda qamoqda saqlangan[57].

Xoqon Urtuj va Vaziriyya kantoni

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Samarradan topilgan 9–10-asrlarga oid Xitoyda ishlab chiqarilgan sankay sopol parchasi. Islom kulolchiligiga Xitoy taʼsirining namunasi.

Dar al-Xalifaning shimolida devor bilan oʻralgan kanton hududi boʻlgan. Bu joy Muʼtasim tomonidan Xoqon Urtuj va uning xizmatchilari uchun ajratilgan. Maʼlumotlarga koʻra, mazkur hudud umumiy aholidan ajratilgan hudud boʻlgan[54]. Bir paytlar kantonda xalifalik saroyida ishlagan xizmatkorlar joylashgan. Bu yerda kichikroq saroy (xoqon Urtuj qurdirgan Umariy saroyi boʻlishi mumkin) va omborxonalar joylashgan boʻlib, al-Hayr hududning sharqiy chegarasi boʻlgan[60].

Xoqon Urtuj kantonining shimolida olmos shaklidagi yana bir maydon bor edi. Bu kanton shartli ravishda Vaziriya deb nomlangan. Unda Abu al-Vazir qurdirgan Vaziriy saroyi joylashgan[54]. Xoqon Urtuj kantoni kabi bu joy ham xalifa xizmatkorlari uchun turar joy boʻlgan boʻlishi mumkin[61].

Al-Karx va al-Dur

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Al-Karx va al-Dur Samarradan bir necha kilometr shimolda joylashgan ikkita kanton. Muʼtasim davrida qurilgan bu ikkala hududda turk polklari joylashgan boʻlishi mumkin. Chunki ular tez-tez birga tilga olingan[62][63][64]. Al-Karx (manbalarda Karx Samarra deb atalgan) Shayx Valiy shaharchasi yaqinida qurilgan. Mazkur hudud begonalar (ya’ni turk bo‘lmaganlar) yashamasligi va u yerda yashovchilar arab madaniyati vakillari bilan muloqot qilmasliklari to‘g‘risidagi qat’iy buyruq bilan turk generali Ashinasga berilgan edi[45][65]. Ashinas ichida masjid boʻlgan saroy qurdi. Uning vafotidan keyin bino al-Fath ibn Xoqonga berilgan[66]. Al-Karx shimolidagi al-Dur manzilgohi tafsilotlari ma’lum emas, ammo bu hududda ham turklar yashagani aniq[67].

Yaʼqubiy al-Karx va ad-Durda masjidlar, hammomlar va bozorlar qurilishi haqida maʼlumot bergan[45]. Samarra tark etilgandan soʻng ikkala hududda ham aholi yashashda davom etgan va koʻrinishidan ushbu hududlar Samarraning chekkasi hisoblangan. Masalan, X asr geografi Muqaddasiy ikkala hududni ham Samarraga qaram deb maʼlumot bergan[68]. Ular kamida 13-asrgacha saqlanib qolgan[69].

Al-Hayr Samarra sharqidagi ov qilinadigan katta qoʻriqxona boʻlgan. Uning atrofi 114 km2 (44 kv mi) maydonda tuproqli devor bilan oʻralgan edi. Devorning markaziy shahar bilan chegaradosh gʻarbiy qismi qayta-qayta buzib tashlangan va yangi qurilish, jumladan, Katta masjid qurilishiga yoʻl ochish uchun qayta qurilgan[70][71]. Al-Hayrda har bir yoʻlning uzunligi bir necha kilometrga teng boʻlgan bir qator poyga maydonlari ham boʻlgan. Bu poyga maydonlarining joylashuvi turlicha boʻlgan[72][73].

Al-Horuniy Dajla boʻyida Horun al-Vosiq qurdirgan saroy. Vosiq oʻz hukmronligi davrida shu yerni qarorgoh qilgan. 859-yilda Jaʼfariyya qurilishiga qadar Mutavakkilning qarorgohi ham shu saroy boʻlib qolgan[18][74].

Balkuvara al-Matira janubida joylashgan kanton. Bu joyning asosiy xususiyati Mutavakkil xalifaligi davrida valiahd Muʼtazzning qarorgohi boʻlgani edi[75]. Al-Mutavakkil hukmronligi davrida qurilgan saroy Dajlaga qaragan va ikki devor bilan oʻralgan boʻlib, tashqi devori 1,165 m × 1,171 m (3,822 ft × 3,842 ft) va ichki devori oʻlchami 464 m × 575 m (1,522 ft × 1,886 ft) boʻlgan[76]. 20-asr boshlarida olib borilgan qazish ishlarida dekorativ gipsli devor parchalari, freskalar, rangli shisha derazalar va tokchalardan iborat dekorativ elementlar aniqlangan[77][78][79][80].

Al-Mutavakkiliyya va al-Jaʼfariy

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Abu Dulaf masjidining spiral minorasi

Al-Mutavakkiliyya xalifa Jaʼfar al-Mutavakkilning eng yirik qurilish loyihasi boʻlib, xalifa 859-yilda al-Durning shimoliy tomonida yangi shahar qurishni buyurgan. Al-Mahuza aholi punkti yaqinida qurilgan bu shahar xalifalar qarorgohi sifatida Samarra oʻrnini egallashi moʻljallangan edi[81][82].

Al-Mutavakkiliyya devorsiz hududdan iborat boʻlib, uning markazidan shimoldan janubga tomon xiyobon oʻtgan. Xiyobonning g‘arbiy tomonida Abu Dulaf masjidi joylashgan. Samarradagi Katta masjid singari, Abu Dulaf masjidida ham balandligi 34 m (112 ft) boʻlgan spiral minorani mavjud[83][84]. Xiyobon Mutavakkilning yangi qarorgohi boʻlgan Jaʼfariy saroyiga olib borgan. Saroy Mutavakkiliya shimolida joylashgan boʻlib, shahardan devor bilan ajratilgan. Yangi shaharni suv bilan taʼminlash uchun kanal ham qazilgan, ammo bu loyiha muvaffaqiyatsizlikka uchrab, kanal hech qachon toʻliq ishlamagan[85][82].

Mutavakkiliyya binosi Samarrani kengaytirishning eng yuqori nuqtasi edi. Yaʼqubiyning xabar berishicha, Jaʼfariy va Balkuvara oʻrtasida uzluksiz rivojlanish boʻlib, uzunligi yetti farsahga (42 km) choʻzilgan. Qurilishi uchun katta mablagʻ sarflanganiga qaramay, Mutavakkiliyyada juda qisqa muddat davomida foydalanishgan. Mutavakkil 860-yilda Jaʼfariyga koʻchib oʻtgach, hukumat idoralarini (devonlarini) Samarradan koʻchirgan. Biroq, 861-yil dekabrda xalifa oʻldirilganidan soʻng uning oʻgʻli va vorisi Muntasir Samarraga qaytishni buyurib, oʻzi Javsaq saroyida yashay boshladi[85][86].

Al-Musharrahat

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Al-Musharrahat Samarra janubida, Qodisiyya yaqinida joylashgan majmua. Shimol tomonida saroy, sharqiy va gʻarbiy tomonlarida turar-joy binolari boʻlgan. Majmuadan katta trapetsional devor bilan oʻralgan yoʻlak chiqib, shimolga bir necha kilometrga cho‘zilib, al-Hayrgacha borgan. Koʻrinib turibdiki, ov saroyi boʻlgan bu joy Mutavakkil davrida qurilgan boʻlishi mumkin[87].

Dajlaning gʻarbida

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Samarradagi qurilishning aksariyat qismi Dajlaning sharqiy tomonida joylashgan boʻlsa-da, gʻarbiy qirgʻogʻida ham bir nechta binolar qurilgan. Muʼtasim Dajla ustida koʻprik qurdirgan va gʻarbiy tomonda obodonchiliklar qilib, bogʻlar barpo etgan[88][89].

Al-Istablat Samarra janubida joylashgan devorli inshoot boʻlgan. Shimoliy qismi Dajlaga qaragan saroydan iborat boʻlsa, janubiy qismida bir qancha turar-joy binolari boʻlgan. Al-Istablat va uning atrofini oʻrab turgan uzun tashqi devor ham boʻlgan. Al-Istablat Mutavakkil tomonidan qurilgan saroylardan biri Arus ekanligi taxmin qilinadi[90].

Qasr al-Oshiq — al-Xoruniy va Dorul-Xalifa ro‘parasida joylashgan saroy. Bu Samarra saroylarining eng yaxshi saqlanib qolgani boʻlib, asosiy binosi 20-asr oxirida deyarli toʻliq tiklangan. Saroy rejasi Javsaq rejasiga asoslangan boʻlishi mumkin. Bu joy al-Maʼshuq bilan bogʻliq boʻlib, Muʼtamid tomonidan qurilgan va uning xalifaligi davrida xalifa qarorgohi boʻlgan[91][92][23][93].

Qubbat as-Sulaybiya — Qasr al-Oshiq janubida joylashgan sakkiz burchakli kichik bino. Gumbazli ichki sakkiz burchakli inshoot toʻrt tomondagi devorlarni qiya shaklda koʻtarish orqali qurilgan. 1970-yillardagi restavratsiya ishlari natijasida gumbaz qayta qurilgan[94][95][96]. Asl bino dastlab tax. 862-yilda qurilgan boʻlib, bu islom meʼmorchiligidagi hozirgacha saqlanib qolgan gumbazli qabrning eng qadimgi namunasidir[97][98].

Arxitekturaviy bezaklar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

20-asr nemis arxeologi Ernst Gersfeld 1911—1913-yillarda Samarradagi bosh xalifalik saroyida keng koʻlamli qazishma ishlari olib bordi[100]. Gersfeld oʻz izlanishlari natijasida gipsli devor parchalari, marmar, keramika bezak materiallari va boshqa materiallardan iborat buyumlar topdi. Gersfeld nashrlarida oʻyiq bezakning uch uslubini ajratgan[100]. Uchala uslubni Birinchi uslub (shuningdek, kesik uslub), Ikkinchi uslub va Uchinchi uslub kabi klassifikatsiya qilgan. Uning ushbu uslublar tasnifi keyingi avlod tadqiqotchilar tomonidan umumiy qabul qilingan boʻlsa-da, sohadagi tadqiqotlarda ushbu eʼlon qilingan uslublar manbasi va xronologiyasi borasida bahslar davom etmoqda[100].

Gersfeld kuzatgan birinchi naqsh zal majmuasidan olingan marmar parchalariga tushirilgan[100]. Ushbu naqsh qatorlarda takrorlanadigan taqa shaklidagi naqshlardan iborat. Keyingi ikkita naqsh marmar devorda joylashgan boʻlib, ular bedaga oʻxshash naqshlar va gulbarg shaklidagi belgilardan iborat. Gersfeld topgan oxirgi bezak palmettasi besh burchakli bargsimon naqshdan iborat boʻlgan. Meʼmoriy bezakdagi naqshlar oʻsimliklar, masalan, poya, bir-birining ustiga yopishgan yoki chigallashgan shoxlar, ikki-uchta barglar yoki palma barglari va mevalarga oʻxshash qilin ishlangan[101].

Zamonaviy tadqiqotlar va ishlanmalar

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Samarra 20-asr boshlarida

Samarra birinchi marta 20-asr boshlarida arxeologlar eʼtiborini tortgan va qazish ishlari Birinchi jahon urushigacha boʻlgan davrda Genri Viollet, Fridrix Sarre va Ernst Gersfeld tomonidan olib borilgan[102]. Aerofotosuratlar 1924-yildan 1961-yilgacha olingan boʻlib, ular hududning oʻsha paytdan beri yangi oʻzgarishlarga uchragan qismlarini saqlab qolgan. Iroq Qadimiy buyumlar bosh boshqarmasi 1936—1940-yillarda qazish ishlarini qayta boshlab, 1960—1970-yillarda davom ettirgan. 1980—1990-yillarda ham qazish va tiklash ishlari olib borilgan[103][104]. Taxminan bir vaqtning oʻzida Alastair Norsedj shaharning omon qolgan qismlarini oʻrganib chiqqan va shundan beri bu mavzu boʻyicha bir nechta asarlarni nashr etgan[105][106][59][107][108][109]. Shuncha loyihalarga qaramay, 21-asr boshlarida hududning taxminan 80% qismi hali qazilmagan edi[2].

20-asrdagi oʻzgarishlar, jumladan, 1950-yillarda Samarra toʻgʻonining tugallanishi va zamonaviy Samarra shahrining oʻsishi kabilar vayronalarning bir qismida yangi qurilish va dehqonchilik manzillari barpo etilishiga olib keldi[110]. Iroq urushi (2003–2011) ham hududga zarar yetkazgan. Jumladan 2005-yilda Katta masjid minorasi tepasida bomba portlatilgan[111]. Sur Ashinas saroy majmuasi 2015-yilda IShIDning Iroqdagi hujumi chog‘ida Iroq va Shom Islomiy Davlati hamda Iroq armiyasi va qabila jangarilari o‘rtasidagi janglar joyi bo‘lgan[112].

Samarra arxeologik shahri 2007-yilda YuNESKO tomonidan Jahon merosi obʼekti deb eʼlon qilingan[2]. Agentlik Samarrani asl rejasi, meʼmorchiligi va oʻymakorligi saqlanib qolgan yagona islom poytaxti deb biladi[2]. Hudud YuNESKOning roʻyxat uchun bir qancha mezonlariga javob bergan. Shahardagi tarixiy masjidlar, shaharsozlik, arxitektura bezaklari va kulolchilik sanoati yomon holatda saqlangan boʻlsa-da, Tunisdan Markaziy Osiyogacha boʻlgan Abbosiy xalifaligi davridagi alohida meʼmoriy bosqichning oʻziga xos vakili hisoblanadi (II va III mezon). Shaharning tarixiy masjidlari islom meʼmorchiligining oʻziga xos uslubini taqdim etadi. Bu holat masjidlarning katta oʻlchamlari va noyob minoralarida (IV mezon) namoyon boʻladi[113].

  1. Muʼtasimning Bagʻdoddan koʻchishi bejizga emas edi. Horun ar-Rashid (h. 786–809) ham Raqqaga koʻchib oʻtib, u yerda „ar-Rafiqa“ nomli yangi maʼmuriy majmua tashkil qilgan edi(Bearman et al. 2002, s.v. "al-Rakka")
  2. Al-Ya'qubi 1892, ss. 265–67; Yarshater 1985–2007, v. 38: pp. 154-56, 170, 190-91; Northedge 2008, pp. 195 ff. Ushbu manbalarda Mutavakkil oʻzining turli loyihalariga sarflagan mablagʻlari juda katta boʻlgani va xalifa oʻlimidan keyin ham oʻn yil davomida hukumat tez-tez moliyaviy inqirozlarga duch kelgani taʼkidlangan.
  1. Northedge 2008, ss. 32–33.
  2. 2,0 2,1 2,2 2,3 UNESCO.
  3. Northedge 2008, s. 97.
  4. Le Strange 1905, s. 53.
  5. Gordon 2001, ss. 15 ff., 50 ff..
  6. 6,0 6,1 6,2 Al-Ya'qubi 1892, ss. 255–56.
  7. Yarshater 1985–2007, v. 33: pp. 24-28.
  8. Al-Mas'udi 1873, ss. 118–19.
  9. 9,0 9,1 9,2 9,3 Kennedy 2004, s. 163.
  10. Le Strange 1905, ss. 53–57.
  11. Al-Ya'qubi 1892, ss. 256–58.
  12. Yarshater 1985–2007, v. 33: pp. 25-26.
  13. Al-Mas'udi 1873, ss. 119 ff..
  14. Yarshater 1985–2007, v. 33: p. 26.
  15. Kennedy 2004b, s. 219.
  16. Al-Ya'qubi 1892, ss. 258–64.
  17. El-Hibri 2010, ss. 296–297.
  18. 18,0 18,1 Al-Ya'qubi 1892, ss. 264–65.
  19. Yarshater 1985–2007, v. 34: pp. 149-52.
  20. Bearman et al. 2002, s. vv. "Al-Muntasir," "Al-Musta'in," "Al-Mu'tazz," "Al-Muhtadi".
  21. Al-Ya'qubi 1892, ss. 267–68.
  22. Tuetey 1985, p. 260 no. 145.
  23. 23,0 23,1 Al-Ya'qubi 1892, s. 268.
  24. Northedge 2008, ss. 239 ff..
  25. Yarshater 1985–2007, v. 38: pp. 120-21.
  26. Al-Ya'qubi 1892, s. 263.
  27. Yarshater 1985–2007, v. 35: p. 39.
  28. Kennedy 2004, s. 164.
  29. Le Strange 1905, ss. 55–56.
  30. Northedge 1991, s. 74.
  31. Northedge & Kennet 2015, s. 1.
  32. Kennedy 2004b, ss. 219–20.
  33. Northedge 2008, 97–100, 122 ff..
  34. Northedge 2008, s. 100.
  35. Al-Ya'qubi 1892, ss. 260–63.
  36. Northedge 2008, ss. 100 ff..
  37. Northedge 2008, ss. 100 ff., 183 ff..
  38. Yarshater 1985–2007, v. 33: pp. 87-88; v. 35, p. 122.
  39. Northedge 2008, ss. 98 ff..
  40. Al-Ya'qubi 1892, ss. 258, 260–61.
  41. Northedge 2008, ss. 114, 122–25.
  42. CEMML, 060. Samarra — Al-Mutawakkil Mosque & Minaret al-Malwiya.
  43. Leisten 2003, ss. 35–57.
  44. Northedge 2008, s. 123.
  45. 45,0 45,1 45,2 Al-Ya'qubi 1892, s. 259.
  46. Al-Ya'qubi 1892, ss. 259, 264–65.
  47. Northedge 2008, ss. 185–89.
  48. Northedge 2008, s. 242.
  49. Northedge 2008, ss. 133, 143.
  50. Al-Ya'qubi 1892, s. 255.
  51. CEMML, 059. Samarra — Bab al-'Amma, the Jawsaq al-Khaqani Palace Gate.
  52. Yarshater 1985–2007, v. 36: pp. 11, 90, 136.
  53. Northedge 2008, ss. 133–141.
  54. 54,0 54,1 54,2 Al-Ya'qubi 1892, s. 258.
  55. Northedge 2008, ss. 141–144.
  56. Northedge 1993, passim.
  57. Yarshater 1985–2007, v. 35: pp. 7, 35, 131; v. 36: pp. 98, 105.
  58. Ettinghausen, Grabar & Jenkins-Madina 2001, s. 55-56.
  59. 59,0 59,1 Northedge 1993.
  60. Northedge 2008, ss. 144–46.
  61. Northedge 2008, ss. 146–48.
  62. Gordon 2001, s. 199.
  63. Yarshater 1985–2007, v. 35: pp. 12, 30-31, 140, 152, 164; v. 36, pp. 76, 78, 85, 86, 87, 91. 95, 96, 99.
  64. Northedge 2008, ss. 173 ff..
  65. Al-Mas'udi 1873, s. 122.
  66. Al-Ya'qubi 1892, ss. 259, 266.
  67. Northedge 2008, s. 183.
  68. Al-Muqaddasi 2001, s. 55.
  69. Northedge 2008, ss. 183, 242.
  70. Al-Ya'qubi 1892, ss. 258, 263, 265.
  71. Northedge 2008, ss. 151–52.
  72. Northedge 2008, ss. 152 ff..
  73. Northedge 1990, passim.
  74. Northedge 2008, ss. 225–27.
  75. Al-Ya'qubi 1892, s. 265.
  76. Northedge 2008, s. 198.
  77. CEMML, 056. Samarra — Balkuwara Palace.
  78. Leisten 2003, ss. 69–71, 81–104.
  79. Northedge 2008, ss. 189–191, 198–200.
  80. Northedge 1991, s. 89.
  81. Al-Ya'qubi 1892, s. 266.
  82. 82,0 82,1 Northedge 2008, 211 ff..
  83. CEMML, 055. Samarra — Abu Dulaf Mosque and Minaret.
  84. Leisten 2003, ss. 58–68.
  85. 85,0 85,1 Al-Ya'qubi 1892, ss. 266–67.
  86. Northedge 2008, ss. 211, 220–23.
  87. Northedge 2008, ss. 204–07.
  88. Al-Ya'qubi 1892, ss. 263–64.
  89. Northedge 2008, ss. 227 ff..
  90. Northedge 2008, ss. 200–04.
  91. Leisten 2003, ss. 105–110.
  92. Northedge 2008, ss. 233–35.
  93. CEMML, 061. Samarra — Qasr al-Ashiq.
  94. CEMML, 063. Samarra — Sulaybiya Mausoleum.
  95. Leisten 2003, ss. 72–78.
  96. Northedge 2008, ss. 230–33.
  97. Petersen 2002, s. 240.
  98. 98,0 98,1 Bloom & Blair 2009, s. 342, Tomb.
  99. Bloom & Blair 2009, s. 81, Architecture.
  100. 100,0 100,1 100,2 100,3 Saba, Matthew D. (2015-08-27). "A Restricted Gaze: The Ornament of the Main Caliphal Palace of Samarra". Muqarnas Online 32 (1): 155–195. doi:10.1163/22118993-00321p09. ISSN 0732-2992. http://dx.doi.org/10.1163/22118993-00321p09. 
  101. Zahra, Fatima; Safrizal Bin Shahir (2022-06-07). "Spiritual Aesthetics of Islamic Ornamentation and the Aesthetic Value in Islamic Architecture". Journal of Islamic Thought and Civilization 12 (1): 164–175. doi:10.32350/jitc.121.08. ISSN 2520-0313. 
  102. Freer-Sackler.
  103. Shaw & King 1999, s. 505.
  104. Northedge 2006, s. 6.
  105. Northedge 1990.
  106. Northedge 1991.
  107. Northedge 2008.
  108. Northedge & Kennet 2015.
  109. Finster 2004, p. 241, credits Northedge and his work for ensuring that "Samarra was not consigned to oblivion.".
  110. Northedge & Kennet 2015, s. 49.
  111. BBC 2005.
  112. Reuters 2015.
  113. Centre, UNESCO World Heritage „Samarra Archaeological City“ (en). UNESCO World Heritage Centre. Qaraldi: 2023-yil 24-aprel.