Kontent qismiga oʻtish

Muhtadiy

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Muhtadiy
المهتدي
Xalifa
Moʻminlar amiri

869-yil Vositda zarb etilgan Muhtadiy dirhami
Abbosiylar xalifaligining 14-xalifasi
Saltanat 869-yil 21/22-iyul — 870-yil 21-iyun
Oʻtmishdoshi Muʼtazz
Davomchisi Muʼtamid
Tugʻilishi tax. 833-yil
Bagʻdod, Abbosiylar xalifaligi
Vafoti 870-yil 21-iyun (tax. 37 yoshda)
Samarra, Abbosiylar xalifaligi
Dafn etilgan joy
Samarra
Farzandlari Abu Bakr
Toʻliq nomi
Abu Isʼhoq Muhammad ibn Horun al-Vosiq al-Muhtadiy billoh
Sulola Abbosiy
Otasi Vosiq
Onasi Qurb
Dini Islom (Sunniylik)

Abū Isʼḥoq Muḥammad ibn al-Vosiq (arabcha: أبو إسحاق محمد بن هارون الواثق‎; tax. 833 – 870-yil 21-iyun), hukmdorlik nomi Muhtadiy billoh (المهتدي بالله, „Xudo tomonidan boshqariladigan“) bilan mashhur, „Samarradagi anarxiya“ davrida 869-yil iyuldan 870-yil iyungacha hukmronlik qilgan Abbosiylar xalifaligining xalifasi.

Yoshlik davri

[tahrir | manbasini tahrirlash]
9-asr Abbosiy xalifalarning shajara daraxti

Muhtadiy Abbosiylar xalifasi Vosiqning o‘g‘li. 833-yilda tugʻilgan. Muhtadiyning onasi yunon qul Qurb boʻlgan[1]. 847-yil avgustda otasi, xalifa Vosiq (h. 842–847) vafotidan keyin Muhtadiyning xalifalikka saylanishini xohlovchi bir qancha tarafdorlar boʻlishiga qaramay, yakunda amakisi Mutavakkil (h. 847–861) xalifa sifatida tanlangan[2].

Xalifa Muʼtazz erishgan muvaffaqiyatlariga qaramay, davrning asosiy muammosi, yaʼni qoʻshinlarga maosh toʻlash uchun daromad yetishmasligini bartaraf eta olmagan. Xalifalikning moliyaviy qiyinchiliklari Muʼtazzning taxtga chiqish marosimi bilan ham ayon boʻlgan edi. Qoʻshinlarning oʻn oylik toʻlovi uchun mablagʻ yetishmasligi sababli marosim xarajatlari ikki barobarga kamaytirilishi kerak edi. Ayni shu sabab Bagʻdoddagi Mustaʼin rejimining qulashiga ham yordam bergan edi[3]. Fuqarolar urushi va undan keyingi umumiy anarxiya vaziyatni yanada ogʻirlashtirgan. Chunki chekkaroq viloyatlar u yoqda tursin, hatto Bagʻdod atrofidan ham keladigan daromadlar toʻxtab qolgan[4]. Natijada, Muʼtazz Bagʻdodda Ibn Tohir bilan kelishuvni bajarishdan bosh tortib, uni oʻz tarafdorlarini taʼminlashga majbur qilgan. Bu holat shaharda tartibsizliklar va Tohiriylar oilasining tezda tanazzulga uchrashiga olib kelgan[5]. Bagʻdoddagi gʻalayon Muʼtazz taʼsiri tufayli yanada kuchaydi. Xalifa 869-yilda Ibn Tohirning ukasi va vorisi Ubaydallohni lavozimidan boʻshatib, uning oʻrniga ancha qobiliyatli ukasi Sulaymonni tayinlagan[6]. Bu holat faqatgina xalifani Samarra askarlariga qarshi boʻlgan foydali tarafdorlardan mahrum qilishga xizmat qilib, turklarga avvalgi kuchlarini qayta tiklab olish imkonini bergan[7].

Xalifalikka kirishishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

869-yilga kelib turkiy rahbarlar Solih ibn Vosif va Baykbak yana ustunlikka erishgan va Ahmad ibn Isroilning chetlatilishini taʼminlagan[6]. Nihoyat, turkiy qoʻshinlarning moliyaviy talablarini qondira olmagan Muʼtazz iyul oʻrtalarida saroy toʻntarishi natijasida taxtdan agʻdarilgan. U qamoqqa tashlanib, shu qadar yomon munosabatda qolganki, uch kundan keyin, 869-yil 16-iyulda vafot etgan[6]. Taxtga amakisi Muhtadiy chiqqan[6].

869-yil 15-iyulda amakivachchasi Muʼtazzning (h. 866–869) agʻdarilishi va oʻldirilishidan soʻng, turkiy qoʻriqchilar rahbarlari 21/22-iyulda Muhtadiyni yangi xalifa etib saylagan[2]. Muhtadiy hukmdor sifatida umaviylar xalifasi Umar ibn Abdulazizga taqlid qilishga intilgan[2]. Umar ibn Abdulaziz eng mashhur islom hukmdori hisoblanadi[8]. Shuning uchun qattiqqoʻl va taqvodor hayot kechirgan. Xususan, barcha cholgʻu asboblarini saroydan chiqarib tashlagan va shikoyat (mazalim) sudlariga shaxsan raislik qilishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻyib, shu bilan oddiy xalqning qoʻllab-quvvatlashiga erishgan[2][9]. Muhtadiy „kuch va qobiliyat“ni birlashtirib, turk sarkardalarining janjallari tufayli davom etayotgan „Samarradagi anarxiya“ davrida yoʻqotilgan xalifaning obroʻ-e’tibori va qudratini tiklashga qaror qilgan[2][10].

Muhtadiy viloyatlarda Aliy qoʻzgʻoloniga duch kelsa-da, uning hokimiyatiga asosiy tahdid turk qoʻmondonlari boʻlib qolgan[2]. Hukmronligining birinchi oylarida amaldagi hukmron shaxs Solih ibn Vosif boʻlib, u ham qoʻshinlarni taʼminlash uchun yetarli mablagʻ topa olmagan. Sobiq vazir Ahmad ibn Isroilni qatl qilib, uning kotiblarini (kuttab) tovlamachilikda ayblagan bo‘lsa-da, uning qudrati pasayib boravergan[9]. Uning asosiy raqibi Muso ibn Bug‘a fursatdan foydalanib, Hamadondagi surgundan qaytib, 869-yil dekabrda Samarraga yetib kelgan. U poytaxtga kelgach, Muhtadiyni Solih Muʼtazzning onasi Qabiha xazinalarini oʻgʻrilagani uchun Solihni jazolash qasamini ichishga majbur qilgan. Solih yashiringan. Shundan so‘ng, turklar qo‘zg‘olon ko‘tarib, Muhtadiyni taxtdan ag‘darishiga sal qolgan. Xalifa Solihni afv etishni vaʼda qilgandan keyingina askarlar tavba qilishgan, ammo Solih qaytmaganidan keyin uning askarlari Samarrani talon-taroj qila boshlagan. Talon-tarojlar to Muso va uning qoʻshinlari isyonni tarqatib yuborguncha davom etgan. Koʻp oʻtmay, Mosuning odamlari Solihni topib, qatl qilgan. Shu tariqa Muso hukumatning yetakchi amaldori, Sulaymon ibn Vahb esa uning bosh kotibi mavqesiga erishgan[2]. Tarixchi Xatibning taʼkidlashicha, u rahbarlikka chiqish kunidan boshlab, oʻldirilishigacha doimiy roʻza tutgan.

Agʻdarilishi va oʻlimi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Muso xorijiylarga qarshi yurish uchun ketganida, Muhtadiy fursatdan foydalanib, xalqni unga va uning ukasi Muhammadga qarshi qo‘zg‘atgan. Muhammad mablagʻlarni oʻzlashtirishda ayblanib, sudga tortilgan va hukm qilingan. Muhtadiy afv etishni vaʼda qilgan boʻlsa-da, Muhammad qatl etilgan. Bu Muso bilan kelishmovchilikni avj oldirgan. Muso oʻz qoʻshini bilan poytaxtga yurish qilib, xalifaga sodiq qoʻshinlarni magʻlub etgan. Xalifa taxtdan voz kechishdan bosh tortib, oʻzining diniy mavqei va xalqning qoʻllab-quvvatlashiga umid qilib, oʻz hayoti va lavozimini saqlab qolishga harakat qilgan. Shunga qaramay, 870-yil 21-iyunda oʻldirilgan va oʻrniga amakivachchasi Muʼtamid (h. 870–892) tayinlangan[2].

Xalifa Muhtadiyning janozasida Ja’far ibn Abdulvohid ibn Ja’far imomlik qilgan[11][12].

  1. Kennedy 2006, s. 173.
  2. 2,0 2,1 2,2 2,3 2,4 2,5 2,6 2,7 Zetterstéen & Bosworth 1993, ss. 476–477.
  3. Kennedy 2001, ss. 138–139.
  4. Kennedy 2001, s. 138.
  5. Kennedy 2001, s. 139.
  6. 6,0 6,1 6,2 6,3 Bosworth 1993, s. 794.
  7. Kennedy 2004, s. 172.
  8. Cobb 2000, ss. 821–822.
  9. 9,0 9,1 Kennedy 2004, s. 173.
  10. Kennedy 2004, ss. 169–173.
  11. Waines 1992, ss. 99, 105.
  12. Melchert 1996, s. 331.
Muhtadiy
Tavalludi: 833 Vafoti: 870-yil iyun
Sunniylik unvonlari
Oldingisi Abbosiylar xalifaligi xalifasi
869-yil 21/22-iyul — 870-yil 21-iyun
Keyingisi