Kontent qismiga oʻtish

Al-Mutazid

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Muʼtaziddan yoʻnaltirildi)
al-Mutazid billoh
المعتضد بالله
Xalifa
Moʻminlar amiri

Al-Muʼtadidning oltin dinori. Hijriy 285-yil (milodiy 892/3-y.y.)
Abbosiylar xalifaligining 16-xalifasi
Saltanat 892-yil 15-oktabr — 902-yil 15-aprel
Oʻtmishdoshi Al-Muʼtamid
Davomchisi Al-Muktafiy
Tugʻilishi tax. 857
Abbosiylar Samarrasi, Abbosiylar xalifaligi
Vafoti 902-yil 5-aprel
Bagʻdod, Abbosiylar xalifaligi
Dafn etilgan joy
Bagʻdod
Turmush oʻrtogʻi Qatr al-Nada
Farzandlari
Sulola Abbosiylar
Otasi Al-Muvaffaq
Onasi Dirar
Dini Sunniy islom

Al-Mutazid (toʻliq ismi: Abul Abbos Ahmad ibn Talha al-Muvaffaq, qisqartirib Abul Abbos deyilgan; arabcha: أبو العباس أحمد بن طلحة الموفق; 857 — 902-yil 5-aprel)[1]Abbosiylar xalifaligi xalifasi. 892-yildan 902-yilgacha (vafotiga qadar) xalifalik qilgan.

Al-Mutazid xalifa al-Muʼtamid davrida Abbosiylar davlatining regenti va boshqaruvchisi boʻlgan al-Muvaffaqning oʻgʻlidir. Al-Mutazid yoshlik chogʻlarida turli harbiy yurishlarda, xususan, Zanjilar qoʻzgʻolonini bostirilishida otasining xizmatida boʻlgani uning kelajagida muhim rol oʻynagan. 891-yil iyun oyida al-Muvaffaq vafot etgach, al-Mutazid regent etib tayinlangan. 892-yil oktyabr oyida al-Muʼtamid vafot etgach, al-Mutazid amakivachchasi va merosxoʻr al-Muvaffidni chetlab oʻtib, taxtga oʻtirgan. Otasi kabi al-Mutazidning qudrati bevosita qoʻshin bilan munosabatlariga bogʻliq boʻlgan. Munosabatlar dastlab Zanjga qarshi harbiy yurish davrida soxtalashtirilsa-da, lekin shaxsan xalifaning oʻzi boshqargan keyingi harbiy harakatlarda yanada mustahkamlangan. Al-Mutazid Abbosiy xalifalar ichida eng faol harbiy yurishlar qilgan xalifa hisoblanadi. Xalifa oʻz kuch-gʻayrati va qobiliyati bilan Abbosiylar davlati bir necha oʻn yilliklarda davom etgan notinchliklar sabab yoʻqotgan qudrati va hududning bir qismini qayta tiklashga muvaffaq boʻlgan.

Bir qator yurishlarda Jazira, Tugʻur va Jibal viloyatlarini qoʻlga kiritib, sharqda Safforiylar, gʻarbda Tuluniylar bilan yaqinlashgan. Ushbu muvafaqqiyatlar xalifalik hukmronligini nominal boʻlsa-da tan olinishini taʼminlagan. Davlat iqtisodining asosiy qismini qoʻshinni saqlash uchun yoʻnaltirish evaziga harbiy muvaffaqqiyatlarga erishgan. Bu esa markaziy fiskal byurokratiyaning kengayishiga va hokimiyat tepasiga qadar koʻtarilishiga olib kelib, xalifaning obroʻsiga doimiy hissa qoʻshgan.

Al-Mutazid jinoyatchilarni jazolashda shafqatsizligi bilan mashhur boʻlgan. Keyingi yilnomachilar uning qiynoqlardan keng va mohirona foydalanganini qayd etganlar. Mutazid hukmronligi davrida poytaxt Bagʻdodga koʻchirilib, shaharda doimiy ravishda yirik qurilish ishlari amalga oshirilgan. U anʼanaviy sunniylikning qatʼiy tarafdori boʻlsa-da, Alilar bilan ham yaxshi munosabatlarni saqlab qola olgan. Tabiiy fanlarga qiziqish bildirib, olimlarga xalifa homiyligini tiklagan.

Muvaffaqiyatlarga qaramay, al-Mutazidning hukmronligi oxir-oqibat xalifalik taqdirini yaxshi tomonga oʻzgartirish uchun juda qisqalik qilgan. U boshchilik qilgan tiklanish jarayoni davlat boshqaruvida qobiliyatli shaxslarning mavjudligiga ham bogʻliq edi. Xalifaning qobiliyatsiz oʻgʻli va merosxoʻri al-Muktafiyning qisqa muddatli hukmronligi davrida ham baʼzi katta yutuqlarga erishilgan. Xususan, Tuluniylar mulki qoʻshib olingan, ammo keyingi vorislari davrida mamlakat zaiflashib, qarmatiyaliklar kabi yangi dushmanlar paydo boʻlgan. Bundan tashqari, al-Mutazid hukmronligining keyingi yillarida yaqqol namoyon boʻlgan byurokratiya ichidagi firqachilik abbosiylar hukumatini bir necha oʻn yillar davomida zaiflashtirib, oxir-oqibat xalifalikning bir qator harbiy kuchlar oʻrtasida taqsimlanishiga olib kelgan. Tarqoqliklar natijasida 946-yilda Buvayhiylar Bagʻdodni bosib olishgan.

Tarjimai holi

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Family tree, with the caliphs marked in green
9-asr oʻrtalari va oxirlarida Abbosiylar sulolasining shajarasi

Al-Mutazid Abbosiylar xalifasi al-Mutavakkil (847—861) va Dirar ismli yunon qulining farzandi. Tugʻilgan sanasi aniq emas. Chunki hokimiyatga kelgan vaqtda oʻttiz sakkiz yoki oʻttiz bir yoshda boʻlganligi sababli 854 yoki 861-yillarda tugʻilgan deb taxmin qilinadi[2][3][4]. 861-yilda al-Mutavakkil toʻngʻich oʻgʻli al-Muntasir (861—862) bilan til biriktirgan turk qoʻriqchilari tomonidan oʻldirilgan. Bu fitna xalifalik poytaxtida „Samarradagi anarxiya“ deb nomlanuvchi ichki tartibsizliklar davrini boshlab berdi. Anarxiya davri 870-yilda Ahmadning amakisi al-Muʼtamidning (870—892) hokimiyatga kelishi bilan yakunlandi. Biroq, haqiqiy hokimiyat elita turk qul askarlari (gʻilmon) va Ahmadning otasi Talhaga tegishli edi. Talha xalifalikning bosh harbiy qoʻmondoni sifatida hukumat va turklar oʻrtasida bosh vositachi edi. Xalifalik anʼanasiga binoan al-Muvaffaq nomini olgan Talha tez orada xalifalikning rasmiy hukmdori boʻldi. Talhaning lavozimi 882-yilda al-Muʼtamidning Misrga qochishga boʻlgan muvaffaqiyatsiz urinishidan soʻng uy qamogʻiga olinishiga sabab boʻlgach, yanada mustahkamlandi[5][6].

Viloyatlardagi xalifa hokimiyati „Samarradagi anarxiya“ davrida quladi. Natijada 870-yillarga kelib markaziy hukumat Iroq poytaxti hududidan tashqaridagi xalifalikning katta qismi ustidan nazoratni yoʻqotdi. Gʻarbda Misr turk qul askari Ahmad ibn Tulunning nazorati ostiga oʻtdi. Ahmad ham Suriyani nazorat qilish masalasida al-Muvaffaq bilan kurash olib bordi. Xuroson va Islom Sharqining katta qismi Fors sulolasi boʻlgan Safforiylar tomonidan bosib olingan edi. Safforiylar abbosiylarning sodiq noiblari Tohiriylar oʻrnini egallagan edi. Arabiston yarim orolining katta qismi xuddi shunday mahalliy hukmdorlar qoʻl ostida boʻlsa, Tabaristonda radikal Zaydiy shia sulolasi hokimiyatni qoʻlga oldi. Hatto Iroqda ham Quyi Iroq plantatsiyalarida ishlash uchun olib kelingan afrikalik qullar Zanj qoʻzgʻolonini boshlashgan. Ushbu qoʻzgʻolon Bagʻdodning oʻziga ham tahdid solgan. Janubda esa qarmatiyaliklar tahdid sifatida paydo boʻlgan edi[7][8][9]. Al-Muvaffaqning hukmronligi shu tariqa barbod boʻlayotgan xalifalikni qulashdan saqlab qolish uchun davomli kurashlarda oʻtdi[10]. Xalifaning Misr va Suriya ustidan nazoratni Ibn Tulundan qaytarib olishga urinishlari muvafaqqiyatsiz boʻldi. Ibn Tulun hatto oʻz hududini kengaytirib, merosxoʻr hukmdor sifatida tan olindi[11][12]. Shunday boʻlsa-da, al-Mutazid xalifalikning oʻzagini saqlab qolishga muvaffaq boʻlgan. U Iroqda Bagʻdodni egallashga harakat qilgan Safforiylar bosqinini qaytarib, uzoq kurashlardan soʻng Zanjni boʻysundirishga ham erishgan[6][13].

Zanj va tuluniylarga qarshi yurishlar

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Geophysical map with regions and major cities
9-10-asrlarda Iroq mintaqasining xaritasi

Boʻlajak al-Mutazid (bu vaqtda kunyasi Abul Abbos deb atalgan) oʻzining dastlabki harbiy tajribasini orttirish va hukmronligi bilan bogʻliq boʻlgan harbiy aloqalarni oʻrnatish maqsadida Zanjga qarshi kurashda ishtirok etdi. Al-Muvaffaq oʻgʻliga yoshligidan harbiy tarbiya bergan. Yosh shahzoda zoʻr chavandoz va tirishqoq sarkarda boʻlib, askarlari hamda otlarining holatiga shaxsan eʼtibor qaratgan[2][14].

869-yilda qoʻzgʻolon boshlanganidan keyin oʻn yil ichida zanjlar Iroqning quyi qismida katta hududni, jumladan Basra va Vosit shaharlarini egallab oldilar va Xuzistonga yurish boshladilar[6][15]. 879-yilda Safforiylar davlatining asoschisi Yaʼqub as-Safforning vafoti Abbosiylarga butun eʼtiborini Zanj qoʻzgʻoloniga qaratish imkonini berdi[6]. Abul Abbosning 879-yil dekabrida 10 000 qoʻshin qoʻmondonligiga tayinlanishi urushning burilish nuqtasi boʻldi[16]. Mesopotamiya botqoqlarida suv va quruqlikdagi harbiy operatsiyalar orqali kechgan uzoq va mashaqqatli kurashda Abul Abbos va xalifaning eng mashhur gʻilmoni, uzoq vaqt xizmat qilgan Zirak at-Turkiy katta rol oʻynadi. Abbosiylar qoʻshinlari oxir-oqibat qoʻshimcha kuchlar, koʻngillilar va Zanj qoʻshinlari bilan toʻldirilgan boʻlsa-da, qoʻshin asosini Abul Abbosning shaxsiy qoʻmondonligi ostidagi askarlar boʻlinmasi tashkil etgan. Ushbu qoʻshin asosini va qoʻshindagi yetakchilik lavozimlarini kam sonli gʻilmonlar tashkil etgan[17]. Yillar davomida Zanj qoʻzgʻolonchilari joylashgan hudud qurshab olindi. 883-yil avgustda abbosiy qoʻshinlari qoʻzgʻolonchilar poytaxti al-Muxtaraga bostirib kirib, qoʻzgʻolonni toʻxtatdilar[18][19]. At-Tabariyning asarida sobiq zanj isyonchisining urush haqidagi maʼlumotlari saqlanib qolgan. Mazkur maʼlumotlarda al-Muvaffaq va Abul-Abbosning oʻz kuchlarini himoya qilishdagi qahramonliklari taʼkidlangan. Muvaffaqiyatli kurash xalifaning xalifalik hokimiyatini amalda qoʻlga kiritishini qonuniylashtirishga qaratilgan tashviqot harakatlarida asosiy vositaga aylangan[20].

884-yil may oyida Ibn Tulun vafotidan soʻng xalifaning ikki sarkardasi: Isʼhoq ibn Kundoj va Ibn Abuʼl-Saj vaziyatdan foydalanib, Suriyadagi Tuluniylar hududiga hujum qilishdi. Biroq ularning dastlabki muvafaqqiyatlari uzoqqa choʻzilmadi. 885-yil bahorida Abul Abbos kurashga rahbarlik qilish uchun safarbar qilingan. U tez orada Tuluniylarni magʻlub etib, ularni Falastinga chekinishga majbur qilgan, ammo Ibn Kundoj va Ibn Abuʼl-Saj bilan janjaldan soʻng, bu ikki sarkarda yurishni tashlab, qoʻshinlarini olib ketishgan. 6-aprel kuni Tavohin jangida Abul Abbos Ibn Tulunning oʻgʻli va merosxoʻri Xumaravayh bilan shaxsan toʻqnashdi. Abbosiy shahzodasi dastlab gʻalaba qozonib, Xumaravayhni qochishga majbur qildi. Keyinroq magʻlubiyatga uchrab, jang maydonidan qochib ketishi natijasida qoʻshinining katta qismi asirga olindi[21][22]. Bu gʻalabadan soʻng Tuluniylar Vizantiya imperiyasi bilan chegaradagi Jazira va chegara hududlari (Tugʻur) ustidan nazoratni kengaytirdilar. 886-yilda tinchlik shartnomasi tuzildi. Unga koʻra al-Muvaffaq Xumaravayhni har yillik oʻlpon evaziga 30 yillik muddatda Misr va Suriyaning merosxoʻr hokimi sifatida tan olishga majbur boʻldi[11][12]. Keyingi bir necha yil ichida Abul Abbos otasining Forsni Safforiylar nazoratidan tortib olishga urinishlarida ishtirok etdi[23].

Qamalishi va taxtga chiqishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bu davrda Abul Abbos va otasi oʻrtasidagi munosabatlar nomaʼlum sabab tufayli yomonlashdi. 884-yildayoq Abul Abbosning gʻilmoni Bagʻdodda al-Muvaffaqning vaziri Said ibn Maxlad qoʻzgʻolon koʻtardi. Qoʻzgʻolon katta ehtimol bilan toʻlanmagan maosh uchun boʻlgan[2][24]. Oxir-oqibat, 889-yilda Abul Abbos otasining buyrugʻi bilan hibsga olinib, qamoqqa tashlangan. Unga sodiq boʻlgan gʻilmonlar namoyishlariga qaramay, Abul Abbos qamoqdan chiqarilmagan. Taxminan, 891-yil mayigacha hibsda qolib, al-Muvaffaq Jibalda ikki yil yashaganidan soʻng Bagʻdodga qaytarilgan[2][24].

Al-Muvaffaq, podagra bilan kasallangan[1], oʻlimga yaqin edi. Vazir Ismoil ibn Bulbul va Bagʻdod shahar qoʻmondoni Abul-Saqr al-Moʻtamid va uning oʻgʻillarini, jumladan, nominal valiahd al-Mufavvadni ham shaharga chaqirib, vaziyatdan oʻz manfaatlari yoʻlida foydalanmoqchi boʻldilar. Abul Abbosni chetlashtirishga uringanlar Abul Abbosning askarlar va oddiy xalq orasida mashhurligi tufayli muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Abul Abbos otasini oʻlim oldidan ziyorat qilishi uchun ozod qilindi. Al Muvaffaq 2-iyunda vafot etgach, darhol hokimiyatni egallashga muvaffaq boʻldi. Bagʻdod xalqi yangi xalifa raqiblarining uylarini talon-taroj qilishdi. Ibn Bulbul ishdan boʻshatilib, qamoqqa tashlangan va qamoqda bir necha oydan keyin qiynoqlardan vafot etgan. Abul Abbosning xizmatkorlari qoʻliga tushgan Ibn Bulbul tarafdorlarining har birini shunday taqdir kutardi[25][26].

Endi „eng qudratli“[25] Abul Abbos barcha mansablarda otasining oʻrnini egalladi. Yangi xalifa al-Muʼtadid billoh unvoni, xalifa al-Muʼtamid va al-Mufavvaddan keyin merosxoʻr lavozimini egalladi[2][27]. 892-yil 30-aprelda Al-Mutazid amakivachchasini merosxoʻrlikdan butunlay chetlatdi[2][28]. Shunday qilib, al-Muʼtamid 892-yil 14-oktyabrda vafot etgach[29], al-Mutazid xalifa hokimiyatini egalladi[2][30].

Blank map of the Middle East, with the Abbasid Caliphate in green and dark green and the major regions and provinces marked
Al-Mutazid hukmronligining boshida parchalanib ketgan Abbosiylar imperiyasining xaritasi.Abbosiylar markaziy hukumatining bevosita nazorati ostidagi hududlar (toʻq yashil) va Abbosiylar hukmronligiga sodiq qolgan avtonom hukmdorlar (ochiq yashil) ostidagi hududlar.

Sharqshunos Harold Bowen al-Mutazidning taxtga chiqishini quyidagicha taʼriflagan[4]:

tashqi koʻrinishi tik va nozik; boshida oq xol bor edi, oq xollarga xayrixoh boʻlmagani uchun qora rangga boʻyalgan. Takabbur koʻrinar edi. Xulq-atvorda jasur edi. Xanjar bilan sher oʻldirgani haqida hikoya qilishadi. […] otasining barcha kuch-gʻayratini meros qilib oldi va tezkor harakatlari bilan obroʻ-eʼtibor qozondi.

Otasi singari al-Mutazidning ham qudrati uning harbiylar bilan yaqin munosabatlariga tayangan. Tarixchi Hugh Kennedy yozganidek, u „taxtga, mohiyatan, hech qanday qonuniy huquq bilan emas, balki xalifa boʻlishini taʼminlagan gʻilmon koʻmagi tufayli […] chiqdi“. Shuningdek, harbiy xizmatdagi raqiblari kamsitilgan va tarqatib yuborilgan[31]. Shunday qilib, harbiy harakatlar uning asosiy qiziqishi ekanligi ajablanarli emas. Odatda oʻz qoʻshinini harbiy yurishlarda shaxsan boshqargan. Bu ishi Mutazidning jangchi xalifa va islomiy gʻoziy sifatidagi obroʻsini mustahkamladi. Tarixchi Michael Bonner taʼkidlaganidek, "Horun ar-Rashid yaratgan va al-Mutasim obroʻsini oshirgan „gʻoziy xalifa“ roli al-Mutazidning tinimsiz harbiy yurishlari davrida oʻzining eng yuqori darajasiga koʻtarila oldi"[30][32].

Yangi xalifa oʻz hukmronligining boshidanoq Abbosiylar xalifaligining zaiflashishini[2] toʻxtatishni maqsad qilgan. Oʻz maqsadi sari bor kuch va diplomatiyasi bilan ishlagan. Kennedyning soʻzlariga koʻra, faol va gʻayratli harbiy boʻlish bilan birga al-Mutazid, shuningdek, „mahoratli diplomat, har doim gʻalaba uchun juda kuchli boʻlganlar bilan murosa qilishga tayyor edi“[32].

Tuluniylar bilan munosabatlar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bu siyosat yangi xalifaning eng qudratli vassal Tuluniylar tuzumiga nisbatan murosaviy munosabatida darhol namoyon boʻldi. 893-yil bahorida al-Mutazid Xumaravayhni Misr va Suriyadagi avtonom amir sifatida tan oldi va tasdiqladi. Buning evaziga har yili 300,000 dinor oʻlponga qoʻshimcha yana 200,000 dinor oʻlpon toʻlash, shuningdek, Jaziraning ikki viloyati Diyar Rabi'a va Diyor Mudarni xalifalik boshqaruviga qaytarish kerak edi[33]. Shartnomani imzolash evaziga Xumaravayh oʻz qizi Qatr an-Nadani („Shudring tomchisi“) xalifaning oʻgʻillaridan biriga kelinlikka berishni taklif qilgan, biroq al-Mutazidning oʻzi unga uylanishni maʼqul koʻradi. Tuluniy malikasi oʻzi bilan „Oʻrta asr arab tarixidagi eng dabdabali toʻy sovgʻasi“ (Tyerri Bianquis) hisoblangan bir million dinor olib keldi[21][34]. Malikaning Bagʻdodga kelishi malika mulozimlarining hashamatli hayoti va isrofgarchiliklari bilan ajralib turardi. Turmush sharoitlari qashshoq xalifa saroyidan keskin farq qilardi. Bir rivoyatda aytilishicha, al-Mutazidning bosh amaldori sinchkovlik bilan qidirib, saroyni bezash uchun atigi beshta bezakli kumush va oltin shamdon topgan, malikada esa har biri shunday shamdon koʻtargan 150 nafar xizmatkor hamroh boʻlgan. Shunda al-Mutazid: „Kelinglar, borib berkinaylik, yoʻqsilligimiz koʻrinmasin“, degan ekan[21].

Boshqa tomondan, ushbu ish al-Mutazid tomonidan ataylab „moliyaviy tuzoq“ sifatida amalga oshirilgan boʻlishi mumkin. Chunki ulkan mahr Tuluniylar xazinasini deyarli bankrot qildi[35]. Tuluniylar ushbu nikohdan xalifalik sulolasi bilan bogʻlanish sharafidan tashqari[36] unchalik koʻp narsa olmadilar. Qatr an-Nada toʻydan soʻng koʻp oʻtmay vafot etdi. 896-yilda Xumaravayhning oʻldirilishi Tuluniylar davlatini voyaga yetmagan oʻgʻillarining beqaror qoʻllarida qoldirdi. Al-Mutazid bundan tezda foydalanib, 897-yilda Tugʻurning chegara amirliklari ustidan nazoratni kengaytirdi. Michael Bonnerning soʻzlariga koʻra, „[u] uzoq tanaffusdan soʻng yillik yozgi harbiy ekspeditsiya va Vizantiya imperiyasiga qarshi mudofaani tashkil qilishda eski xalifaning qoʻmondonlik huquqini oʻz zimmasiga oldi.“ Tuluniylarning yangi hukmdori Horun ibn Xumaravayh (896—904) oʻz mavqeini xalifalik tan olishini taʼminlash uchun qoʻshimcha imtiyozlar berishga majbur boʻldi. Jumladan, Homs shimolidagi butun Suriya hududini qaytarib berdi va yillik soliqni 450.000 dinorgacha oshirdi[37][32]. Keyingi bir necha yil ichida qolgan Tuluniy hududlarida ichki tartibsizliklarning kuchayishi va Qarmatiylar hujumlarining ortib borishi koʻplab Tuluniy tarafdorlarining qayta tiklangan Xalifalik tomoniga oʻtishga undadi[37].

Jazira, Kavkazorti va Vizantiya fronti

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Geophysical map with regions and major cities, al-Jazira is highlighted in red
Jazira (Yuqori Mesopotamiya) xaritasi. Viloyatlari bilan. Oʻrta asrlar va zamonaviy chegaralar koʻrsatilgan.

Jazirada yangi xalifa turli muxoliflarga qarshi kurashdi. Jumladan, qariyb oʻttiz yillik xorijiylar qoʻzgʻoloni bilan bir qatorda turli xil avtonom mahalliy hukmdorlar, asosan, Amid va Diyorning shayboniy hukmdori Bakr, Ahmad ibn Iso ash-Shayboniy, Tagʻlibiy rahbar Hamdon ibn Hamdun va boshqalar ham bor edi. 893-yilda xorijiylar ichki mojarolarga chalgʻigan bir paytda al-Mutazid Mosulni Shaybondan tortib oladi. 895-yilda Hamdan ibn Hamdun oʻz qoʻrgʻonlaridan quvib chiqarilib, asirga olinadi. Nihoyat, xorijiylar sardori Horun ibn Abdullohning oʻzi 896-yilda Hamdanning oʻgʻli Husayndanmagʻlubiyatga uchrab, qoʻlga olingach, Bagʻdodga joʻnatilib, u yerda xochga mixlangan. Bu harakat Husayn ibn Hamdonning xalifalik qoʻshinlaridagi shonli martabasini, Jazirada Hamdoniylar oilasining bosqichma-bosqich hokimiyat tepasiga kelishini taʼminladi[2][38][3]. Ahmad ash-Shayboniy 898-yil vafotigacha Amidni qoʻlida saqlab qoldi. Vafot etgach, oʻrniga oʻgʻli Muhammad keldi. Keyingi yili al-Mutazid Jaziraga yurish qilib, Muhammadni Amiddan quvib chiqardi va oʻzining toʻngʻich oʻgʻli hamda merosxoʻri Ali al-Muktafiyni gubernator etib tayinlash orqali butun viloyatni markaziy hukumat nazorati ostida birlashtirdi[2][39].

Al-Mutazid deyarli mustaqil mahalliy sulolalar qoʻlida qolgan Kavkazortidagi Armaniston va Ozarbayjonda, Jazira shimolida, samarali xalifalik boshqaruvini tiklay olmadi[39]. Ozarbayjonning xalifalik tayinlagan hokimi boʻlgan Ibn Abuʼl-Saj 898-yilda oʻzini mustaqil deb eʼlon qildi. Biroq, nasroniy arman knyazlari bilan boʻlgan toʻqnashuvlari tufayli tez orada xalifaning hukmronligini qayta tan olgan. 901-yilda vafot etgach, oʻrniga oʻgʻli Devdad oʻtirdi. Bu holat mintaqada yarim mustaqil Sojiylar sulolasining mustahkamlanishini anglatgan[40]. 900-yilda Ibn Abuʼl-Saj Tarsus zodagonlari bilan hamkorlikda Diyor Mudar viloyatini egallash uchun fitna uyushtirganlikda gumon qilingan. Shundan soʻng qasoskor xalifa uni hibsga olish va shahar flotini yoqib yuborishni buyurgan[3][41]. Ushbu qaror Vizantiyaga qarshi koʻp asrlik urushda oʻz-oʻziga zarar yetkazish edi. Chunki soʻnggi oʻn yilliklarda tarslar va ularning floti Vizantiya chegara viloyatlariga qarshi bosqinlarda katta rol oʻynagan edi[42]. Islomni qabul qilgan vizantiyalik Tarsuslik Damian qoʻl ostidagi Suriya floti 900-yil atroflarida Demetriya portini talon-taroj qilgan va keyingi yigirma yil ichida arab flotlari Egey dengizida muvafaqqiyatsizlikka uchragan boʻlsa, Vizantiya qoʻshinlari Melias kabi arman qochqinlarining oqimi yordamida quruqlikda mustahkamlandi. Vizantiyaliklar chegara hududlari ustidan nazoratni kengaytira boshladilar. Qator gʻalabalarni qoʻlga kiritdilar va ikki imperiya oʻrtasidagi egasiz va odam yashamaydigan yerlarda yangi viloyatlar (mavzelar) tashkil etishdi[43].

Sharq va Safforiylar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Islom Sharqida xalifa Safforiylar hukmronligini tan olishga majbur boʻldi va ular bilan modus vivendi oʻrnatdi. Kennedyning soʻzlariga koʻra, xalifalik yangi sulolalardan ham Tohiriylar bilan oldingi oʻn yilliklarda boʻlgan hamkorlikka oʻxshash hamkorlikda foydalanishga umid qilgan. Binobarin, Safforiylar hukmdori Amr ibn al-Lays Xuroson va Sharqiy Fors hamda Forsni oʻz tasarrufida deb eʼlon qildi. Abbosiylar esa Gʻarbiy Fors, yaʼni Jibal, Ray va Isfahonni bevosita nazorat qilishlari kerak edi[2][37]. Mazkur siyosat xalifaga Isfaxon va Nihovandda joylashgan yana bir yarim mustaqil mahalliy sulola boʻlgan Dulafidlar hududlarini qaytarib olish imkonini berdi. Dulafid Ahmad ibn Abd al-Aziz ibn Abu Dulaf 893-yilda vafot etishi bilan al-Mutazid oʻgʻli al-Muktafiyni Ray, Qazvin, Qum va Hamadonga hokim qilib tayinlash uchun harakat boshladi. Karaj va Isfahon atrofidagi hududlar bilan chegralangan dulafiylar 896-yilda taxtdan agʻdarilgan. Shunga qaramay, Abbosiylarning bu yerlar ustidan hukmronligi, ayniqsa, Tabaristonda Zaydiy amirligining mavjudligi tufayli qaltisligicha qoldi. 897-yilda Ray Safforiylar qoʻliga oʻtdi[37][44].

Erondagi Abbosiy-Safforiylar hamkorligi Ray shahrida joylashib, mintaqadagi ham xalifalik, ham Safforiylar manfaatlariga tahdid solayotgan general Rofe ibn Xarsamaga qarshi birgalikdagi harakatlarida yaqqol namoyon boʻldi. Al-Mutazid Ahmad ibn Abdulazizni Rayni qoʻlga olish uchun yubordi. Rafiy qochib, Xurosonni Safforiylardan tortib olish uchun Tabaristondagi Zaydiylar bilan hamkorlikda harakat qila boshladi. Biroq Amr xalqning Aliylarga qarshi kayfiyatini Rafiyga qarshi safarbar qilgani va Zaydiylardan kutilgan yordam amalga oshmaganligi sababli Rafiy 896-yilda Xorazmda magʻlubiyatga uchradi va oʻldirildi. Qudratining choʻqqisiga chiqqan Amr magʻlubiyatga uchragan qoʻzgʻolonchining boshini Bagʻdodga joʻnatadi va 897-yilda xalifa Ray boshqaruvini Amrga topshiradi[45]. Mutazid 898-yilda Amrni raqiblari Somoniylar boshqarayotgan Movarounnahrga ham hokim etib tayinlaganidan soʻng hamkorlik barbod boʻldi. Al-Muʼtamid Amrni ataylab somoniylar bilan toʻqnash kelishga undagan. Amr 900-yildagi jangda Somoniylardan qattiq magʻlubiyatga uchrab, asirga olingan. Somoniylar hukmdori Ismoil ibn Ahmad uni zanjirband qilib Bagʻdodga joʻnatadi. 902-yilda al-Mutazid oʻlimidan soʻng qatl etiladi. Al-Mutazid oʻz navbatida Ismoil ibn Ahmadga Amrning unvonlari va hokimliklarini berdi. Xalifa Fors va Kirmonni qaytarib olish uchun harakat qildi. Biroq Amrning nabirasi Tohir boshchiligidagi Safforiylar vorislari Abbosiylarning bir necha yil davomida bu viloyatlarni bosib olishga urinishlariga barham berish uchun yetarlicha kuchli edi. Faqat 910-yilga kelib Abbosiylar Fors viloyatini qaytarib olishga muvaffaq boʻlishdi[2][46][47].

Chekka hududlarda sektachilik va parchalanishning kuchayishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

9-asr davomida shia taʼlimotlariga asoslangan bir qator yangi oqimlar paydo boʻldi. Ular xorijiylik oʻrnida oʻrnatilgan tuzumlarga qarshilik koʻrsatishning asosiy yoʻnalishi sifatida yuzaga keldi. Ular Abbosiylar saltanatining chekka hududlarida oʻzlarining birinchi muvaffaqiyatlariga ham erishdilar. Tabaristondagi Zaydiylarning hujumlari 897-yilda Yamanda takrorlandi. Al-Mutazid davrida xalifalikning metropoliyalariga yaqinroq hududlarda yangi, xavf Qarmatiylar paydo boʻldi[48]. 874-yil Kufada asos solingan radikal ismoiliylik sektasi boʻlgan qarmatiylar dastlab Savadda (Quyi Iroqda) juda kam va mayda xavf boʻlgan. Ularning kuchi 897-yildan keyin juda tez oʻsib, dahshatli darajaga yetdi. Abu Said al-Jannabiy boshchiligidagi qarmatiylar 899-yilda Bahraynni egallab olishdi. Keyingi yili Abbos ibn Amr al-Gʻanaviy boshchiligidagi xalifalik qoʻshinini magʻlub etishdi[49][50]. Al-Mutazid vafotidan keyingi yillarda qarmatiylar „abbosiylar Zanj davridan beri duch kelgan eng xavfli dushman ekanliklarini isbotlashgan edi“ (Kennedy)[2]. Shu bilan birga, kufanlik ismoiliy missioner Abu Abdulloh ash-Shiiy Makkaga haj safari chogʻida Kutama berberlari bilan aloqa oʻrnatgan. Uning prozelitizm saʼy-harakatlari berberlar orasida tez surʼatlar bilan rivojlandi. 902-yilda u Abbosiylar hududlari boʻlgan Aglobid amirligi Ifriqiyaga hujum boshladi. Uning zabt etilishi 909-yilda yakunlanib, Fotimiylar xalifaligiga asos solingan[51].

Ichki siyosat

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Fiskal siyosat

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Blank map of the Middle East, with green shaded areas for the Abbasid Caliphate, and the major regions and provinces marked
Al-Mutazidning markazlashtirish yurishlari natijalarini koʻrsatadigan xarita. tax. 900: toʻgʻridan-toʻgʻri Abbosiylar nazorati ostidagi hududlar toʻq yashil rangda, Abbosiylar hukmronligi ostidagi avtonom gubernatorlar boshqaradigan hududlar och yashil rangda.

Abbosiylar qoʻshini al-Moʻtasim islohotlaridan soʻng oʻtmishdagi xalifalik qoʻshinlariga qaraganda kichikroq va professionalroq jangovar kuch edi. Garchi harbiy jihatdan samarali boʻlgan boʻlsa-da, Abbosiylar rejimi barqarorligiga potentsial xavf tugʻdirdi. Xalifalikning chekka chegaralari, undan tashqaridagi turklar va boshqa xalqlardan tortib, xalifalik oʻlkalari jamiyatidan uzoqlashtirildi. Natijada askarlar „nafaqat naqd pul uchun, balki omon qolish uchun ham davlatga toʻliq tayangan“ (Kennedy). Natijada, markaziy hukumatning maoshlarni taʼminlay olmay qolishi harbiy qoʻzgʻolon va siyosiy inqirozga olib keldi. Bu holat Samarradagi anarxiya davrida bir necha bor namoyon boʻlgan edi[52]. Binobarin, armiyaga muntazam haq toʻlashni taʼminlash davlatning asosiy vazifasiga aylandi. Kennedyga al-Mutazid taxtga oʻtirgan paytdagi gʻazna hujjatiga asoslanib, quyidagicha xulosa qilgan:

Kuniga 7915 dinorlik umumiy xarajatlarning 5121 tasi toʻliq harbiy, 1943 tasi harbiy va noharbiy xizmat koʻrsatgan hududlarda (otlar va otxonalar uchun) va faqatgina 851 tasi byurokratiya va haram kabi sohalarga sarflangan. Bu holatda ham byurokratlarning asosiy maqsadi armiyaga haq toʻlashni tashkil qilish boʻlganga oʻxshaydi. Qayd etilgan hukumat xarajatlarining 80 foizdan ortigʻi armiyani saqlashga sarflangan degan xulosaga kelish oʻrinli koʻrinadi[53].

Shu bilan birga, koʻplab soliq toʻlovchi viloyatlar markaziy hukumat nazoratidan chiqib ketganidan soʻng xalifalikning moliyaviy asoslari ham keskin qisqardi[54]. Xalifalik hukumati endi Savad va Quyi Iroqning boshqa hududlari daromadlariga tobora koʻproq tayanib qoldi. Shuningdek, fuqarolar urushlarining oqibatlari va sugʻorish tarmogʻining eʼtiborsiz qolishi natijasida qishloq xoʻjaligi hosildorligining tez pasayishi ham kuzatildi. Horun ar-Rashid (786—809) davrida Savadning yillik daromadi 102 500 000 dirham boʻlgan. Bu miqdor Misr daromadidan ikki baravar va Suriyadan uch barobar koʻp edi. 10-asr boshlariga kelib ushbu koʻrsatkichning uchdan biridan ham kamini taʼminlagan[55][56]. Qolgan viloyatlarda yarim avtonom gubernatorlar, muqāṭaʼa va sulola aʼzolari anarxik latifundiyalar oʻrnatishga muvaffaq boʻlganligi sababli vaziyat yanada ogʻirlashdi. Ular koʻpincha toʻlamagan qatʼiy oʻlpon evaziga dehqonchilik soliqlari joriy etishgan[55][57]. Abbosiylar qoʻl ostlarida qolgan hududdan oʻz daromadlarini maksimal darajada oshirish uchun markaziy byurokratiyaning huquqlarini kengaytirib, viloyatlarni kichikroq soliq tumanlariga boʻlishdi. Shuningdek, fiskal boʻlimlar (dīwān) sonini ham koʻpaytirdilar. Bu siyosat ham daromadlarni yigʻish, ham mansabdor shaxslarning faoliyatini yaqindan nazorat qilish imkonini berdi[58].

Moliyaviy inqirozga qarshi kurashish uchun xalifa koʻpincha daromadlarni nazorat qilish bilan shugʻullanar edi. F. Malti-Duglasning soʻzlariga koʻra, „xoʻjalik ruhi, ochkoʻzlik“ uchun obroʻga ega boʻlar edi. Xalifa „oddiy odamlar eʼtiborga olishdan ham nafratlanadigan mayda-chuyda hisoblarni tekshirardi“ (Harold Bowen)[4][59]. Uning hukmronligi davrida jarimalar va musodaralar soni koʻpayib bordi. Natijada olingan daromadlar toj mulkidan tushadigan daromadlar va hatto viloyat soliqlarining bir qismi xalifaning shaxsiy hamyoniga (bayt al-māl al-khāṣṣa) oqib keldi. Ikkinchidan fiskal boʻlimlar orasida ham xalifa yetakchi oʻrinni egalladi va koʻpincha davlat gʻaznasidan (bayt al-māl al-ʿāmma) ham koʻproq pulga ega boʻldi[60][61]. Al-Mutazid hukmronligining oxiriga kelib, bir vaqtlar boʻsh boʻlgan shaxsiy hamyonda oʻn million dinor bor edi[4]. Boshqa tomondan, dehqonlarning soliq yukini yengillashtirish maqsadida 895-yilda xalifa soliq yilining boshlanishini martdagi Fors Yangi yilidan 11-iyunga oʻzgartirdi. Bu oʻzgarish Nayrūz al-Muʿtaḍid nomi bilan mashhur boʻldi. Nayrūz al-Muʿtaḍid — „al-Mutazidning yangi yili“ maʼnosini anglatadi. Yer soligʻi (kharāj) endi odatda ishonchsiz hisob-kitoblar oʻrniga oʻrim-yigʻimdan keyin yigʻib olinadigan boʻldi[32][62].

Byurokratiyaning kuchayishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

9-asrda Abbosiylarning maʼmuriy tizimi professionallashib bordi. Viloyat maʼmuriyati sinchiklab oʻrganiladigan obʼyektga aylandi. Ibn Xurdodbeh kabilar geografik asarlarida xalifalik viloyatlari va ularning yoʻl tarmoqlari haqida batafsil maʼlumotlar berilgan. Ibn Qutayba kabi shaxslar mirzolik sanʼatini yuksak darajada rivojlangan tizimga aylantira olgan[63]. Al-Mutazidning moliyaviy siyosati fuqarolik byurokratiyasining mavqeini yanada mustahkamladi. Bu davrda byurokratiya oʻz taʼsirining eng yuqori choʻqqisiga chiqdi. Ayniqsa, vazir, hatto qoʻshin ham xalifa soʻzchisi sifatida hurmatga sazovor boʻldi[13]. Al-Mutazid, shuningdek, seshanba va juma kunlarini davlat xizmatchilari uchun dam olish kunlari deb eʼlon qilgan[64].

Kadrlar jihatidan al-Mutazid hukmronligi davlatning yuqori rahbariyati orasida davomiylik bilan ajralib turardi. Ubayd Alloh ibn Sulaymon ibn Vahb saltanatning boshidan to 901-yilda vafotiga qadar vazir boʻlib qoldi. Uning oʻrniga oʻgʻli al-Qosim keldi. Al-Muvaffaq qoʻl ostida xizmat qilgan va qizi xalifaning oʻgʻliga turmushga chiqqan faxriy, ozod qilingan Badr qoʻshin qoʻmondoni boʻldi. Moliya boʻlimlarini, xususan, Savadni birinchi boʻlib aka-uka Banuʻl-Furot qabilasidan Ahmad va Alilar, 899-yildan keyin esa Muhammad ibn Dovud va uning jiyani Ali ibn Iso boshchiligidagi Banuʼl-Jarrolar boshqargan[65][66][67]. Dastlabki maʼmuriy jamoa shu qadar samarali va uygʻun boʻlganki, XI asr tarixchisi Hilol as-Sabiyga koʻra, keyingi avlodlar davrida „hech qachon Mutazid, Ubayd Alloh, Badr va Ahmad ibn al-Furot kabi xalifa, devon amiri va boshligʻi, vazirlardan iborat bunday toʻrtlik boʻlmagan“[68].

Boshqa tomondan, Mishel Bonner taʼkidlaganidek, al-Mutazid hukmronligi „byurokratiya ichida fraksiyachilikning kuchayishi bilan kechdi. Bu holat armiyada va shahar fuqarolik xizmati hayotida ham kuzatilgan boʻlishi mumkin“[66]. Banuʼl-Furot va Banuʼl-Jarro kabi ikki byurokratik sulola oʻrtasidagi shiddatli raqobat, ularning keng quloch yoygan tarmogʻi oʻsha paytda boshlangan edi. Garchi kuchli xalifa va vazir bu qarama-qarshilikni jilovlay olgan boʻlsa-da, keyingi oʻn yilliklarda ushbu oilalar Abbosiylar hukumatida hukmronlik qiladi, fraktsiyalar oʻzaro oʻrin almashib, koʻpincha oʻz oʻtmishdoshlarini muṣādara deb nomlanuvchi yaxshi shakllangan amaliyotga koʻra pul undirish uchun jarimaga tortar va qiynoqlarga solar edi[13][69][70]. Bundan tashqari, al-Qosim ibn Ubayd Alloh otasidan butunlay boshqacha xarakterga ega edi. Vazirlikka tayinlanganidan koʻp oʻtmay, al-Qosim al-Mutazidni oʻldirishga qasd qildi va Badrni oʻz hiylasiga jalb qilmoqchi boʻldi. General berilgan takliflarni gʻazab bilan rad etdi. Al-Qosim xalifaning toʻsatdan vafot etishi tufayli jazo va qatldan qutulib qoldi. Keyin vazir al-Muktafiy ustidan ham hukmronlik qilishga urindi. Badrni qoralash va qatl etish uchun harakat qildi, Banuʼl-Furotga qarshi yana koʻplab fitnalarga ham aralashdi[71].

Poytaxtning Bagʻdodga qaytishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Al-Mutazid, shuningdek, otasining asosiy operatsiyalar bazasi boʻlib xizmat qilgan poytaxtni Samarradan Bagʻdodga qaytarishni ham yakunladi. Biroq, shahar markazi al-Mansur (754—775) bir asr oldin qurdirgan Dajlaning sharqiy qirgʻogʻida saqlanib qolgan[72][73]. 10-asr tarixchisi al-Masʼudiy yozganidek, xalifaning ikkita asosiy ishtiyoqi „ayollar va qurilish“ („al-nisāʿ waʿl-banāʿ“) edi[4]. Shunga koʻra u asosiy ishlar bilan shugʻullangan. Foydalanmay yotgan al-Mansur masjidini qayta tikladi va kengaytirdi[74], Hasaniy saroyini kengaytirdi, Turayya („Pleiades“) va Firdus („Jannat“) nomli yangi saroylar qurdi va al-Muktafiy davrida qurib bitkazilgan Toj saroyida ish boshladi[75][76]. Bu saroy 1258-yilgacha Abbosiy xalifalari qarorgohi boʻlib qolgan va Dorul-Xilafa deb nomlangan yangi xalifalik saroy majmuasining yaratilishini boshlab berdi[77][78]. Loy bosgan Dujayl kanalini tozalash orqali shaharning sugʻorish tarmogʻini tiklab, qurilish uchun kanaldan foyda koʻrayotgan yer egalarining pullari orqali toʻlov qildi[72].

Ilohiy taʼlimotlar va ilm-fanni targʻib qilish

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Al-Mutazid oʻz hukmronligining boshidanoq anʼanaviy ortodoks sunniylar tarafida boʻlib, ilohiyot ishlarini taqiqlagan va hanbaliylarning huquqiy fikriga koʻra, noqonuniy deb hisoblagan mulk uchun javobgar boʻlgan fiskal boʻlimni bekor qilgan[79]. Shu bilan birga, Ali tarafdorlari bilan yaxshi munosabatlarni saqlab qolishga harakat qildi. Shuning uchun ham Umaviylar xalifaligi asoschisi va Alining asosiy raqibi Muoviyani rasman laʼnatlashga buyruq berish masalasini jiddiy oʻylab koʻrdi. Bunday xatti-harakat kutilmagan oqibatlarga olib kelishi mumkinligidan choʻchigan maslahatchilari xalifani soʻnggi daqiqada fikridan qaytarishdi. Al-Mutazid Tabaristonning boʻlginchi Zaydiy imomlari bilan ham yaxshi aloqada boʻlgan. Xalifaning Aliylar tarafdori sifatidagi pozitsiyasi 901-yil Yamanda ikkinchi Zaydiy davlatining barpo etilishiga toʻsqinlik qila olmadi[79].

Al-Mutazid, shuningdek, IX asr boshlarida oʻzidan oldingi al-Maʼmun (813—832), al-Muʼtasim, al-Vosiq (842—847) va Al-Mutavakkil hukmronligi davrida ortodoks sunniylikka qaytish va ilmiy izlanishlardan nafratlanish bilan ifodalangan, uning vorislari davrida esa intellektual faoliyat bilan shugʻullanish uchun qoʻllov yoʻq edi. „Tabiiy fanlarga juda qiziqqan“ va yunoncha soʻzlasha oladigan al-Mutazid oʻsha davr yunon matnlarining buyuk tarjimonlari va matematiklaridan biri Sobit ibn Qurra hamda grammatika olimlari Ibn Durayd va al- Zajjoj, xalifaning bolalariga tarbiyachisi, kabilarni qoʻllab-quvvatlagan[80]. Oʻsha paytda Abbosiylar saroyi bilan bogʻlangan va qoʻllab-quvvatlagan boshqa taniqli shaxslar xalifaning maslahatchisi boʻlib ishlagan va al-Muktafiyga murabbiy etib tayinlangan diniy olim Ibn Abu al-Dunyo, tarjimon Isʼhoq ibn Hunayn, Bagʻdodda yangi tashkil etilgan al-Mutazidiy kasalxonasi direktori etib tayinlangan shifokor Abu Bakr ar-Roziy, matematik va astronom al-Battaniy kabilar ilmiy faoliyat bilan shugʻullanishdi[81].

Oʻsha davrning yetakchi ziyolilaridan biri al-Mutazidning ustozi, buyuk faylasuf al-Kindiyning shogirdi Ahmad ibn at-Toyib as-Saraxsiy edi. As-Saraxsiy xalifaning yaqin hamrohi boʻlib, Bagʻdodning bozor noziri lavozimiga tayinlangan, biroq xalifani gʻazablantirgandan keyin 896-yilda qatl etilgan. Bir rivoyatga koʻra, al-Mutazid saroyi latifalarida koʻpincha yovuz odam sifatida tasvirlangan al-Qosim ibn Ubayd Alloh qatl qilinishi kerak boʻlgan isyonchilar roʻyxatiga as-Saraxsiyning ismini kiritgan. Xalifa roʻyxatga imzo chekadi va xatosini ustozi qatl etilgandan keyingina biladi[82].

Al-Mutazid davrida adolat va jazo

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Xalifa adolatni oʻrnatishda Malti-Duglas „sadizm bilan chegaradosh jiddiylik“ deb taʼriflagan holat bilan ajralib turardi. Xatolarga toqat qilib, hissiyot va muloyimlik namoyon boʻlmasa-da, gʻazabi qoʻzgʻalganda, eng mohirona qiynoqlarni qoʻllagan va oʻz saroyi ostida maxsus qiynoq kameralari qurdirgan. Al-Masʼudiy va Mamluk tarixchisi as-Safodiy kabi yilnomachilar xalifaning mahbuslarga nisbatan qiynoqlarini, shuningdek, Bagʻdodda omma oldida namoyish etish orqali ularni namuna qilib koʻrsatish amaliyotini batafsil bayon qilishgan. Shunday qilib, xalifa oʻz mahbuslarini qiynash uchun koʻrgichdan foydalangani yoki ularni chuqurlarga teskari koʻmganligi haqida xabar berilgan. Shu bilan birga, tarixchilar xalifaning qiynoqlarini davlat manfaatlaridan kelib chiqib, qonuniy deb oqlaydilar. Malti-Duglasning taʼkidlashicha, as-Safodiy al-Mutazidni Abbosiylar davlatining asoschisi bilan taqqoslab, uni „ikkinchi as-Saffoh“ deb ataganida, bu nafaqat uning xalifalik boyligini tiklaganini taʼkidlash, balki toʻgʻridan-toʻgʻri as-Saffaoh ismining maʼnosiga, „Qon toʻkuvchi“, ham ishora ekanligini aytib oʻtgan[4][83].

Vafoti va merosi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Al-Mutazid 902-yil 5-aprelda 40 yoki 47 yoshida Hasaniy saroyida[84] vafot etdi[3]. Uning zaharlangani haqida mish-mishlar tarqaldi, ammo harbiy yurishlarining ayovsizligi mashaqqatli hayoti bilan birgalikda sogʻligʻini jiddiy ravishda zaiflashtirganligi ehtimoli ham bor. Oxirgi xastalik chogʻida tabiblarining maslahatiga amal qilmagan. Hatto ulardan birini oʻlar holatiga qadar tepib yuborgan[3][84]. Oʻzidan keyin toʻrt oʻgʻil va bir necha qizlari qoldi[84]. Oʻgʻillaridan uchtasi — al-Muktafiy, al-Muqtadir va al-Qohir navbatma-navbat xalifa boʻlib hukmronlik qiladi va faqat bitta farzandi Horun xalifa boʻlolmaydi[85]. Al-Mutazid Bagʻdod shahrida dafn etilgan birinchi Abbosiy xalifasi edi. Oʻzidan keyingi oʻgʻillari singari u ham shaharning gʻarbiy qismidagi sobiq Tohiriylar saroyiga dafn etilgan. Bu vaqtda xalifalar ushbu saroydan ikkinchi darajali qarorgoh sifatida foydalanayotgan edi[86].

Xalifalik Muʼtadidga oʻtgach, nifoq toʻxtadi. Viloyatlar yana itoatkor boʻldi, urushlar toʻxtadi, narxlar pasaydi, gʻalayonlar avj oldi. Qoʻzgʻolonchilar yangi xalifaga boʻysundilar, uning qudrati gʻalaba bilan tasdiqlandi. Sharq va gʻarb uni tan oldi, ko'pchilik dushmanlari va hokimiyat uchun kurashayotganlar uning hokimiyatiga hurmat koʻrsatdilar.

Sharqshunos Karl Vilhelm Zettersteenning yozishicha, al-Mutazid „hukmdor sifatida otasining inʼomlarini meros qilib olgan, iqtisodiy va harbiy qobiliyati bilan ajralib turardi“, „qatʼiyligi va qattiqqoʻlligi va shafqatsizligiga qaramay, Abbosiylarning eng buyuk xalifalaridan biriga aylandi“[3]. Al-Mutazidning qobiliyatli hukmronligi Abbosiylar xalifaligining tanazzulini bir muncha vaqt ortga surganligi bilan izohlanadi, ammo uning muvaffaqiyatlari juda kuchli hukmdorning boshqaruvi va qatʼiy hukmronligiga ham bogʻliq edi. Oxir-oqibat uning hukmronligi „uzoq muddatli tendensiyalarni bekor qilish va Abbosiylar qudratini uzoq muddatli asosda qayta tiklash uchun juda qisqalik qildi“ (Kennedy)[2].

Al-Mutazid oʻz oʻgʻli va vorisi al-Muktafiyni Ray va Jaziraga hokim qilib tayinlab, uning xalifalikka tayyorlash uchun harakat qilgan edi[2][88]. Garchi al-Muktafiy otasining siyosatiga amal qilishga uringan boʻlsa-da, otasi kabi kuchli emasdi. Al-Muvaffaq va al-Mutazidning kuchli harbiylashtirilgan tizimi xalifaning yurishlarida faol ishtirok etishini, shaxsiy namuna koʻrsatishini, hukmdor va askarlar oʻrtasida homiylik orqali mustahkamlangan sodiqlik rishtalarini shakllantirishni talab qilardi. Al-Muktafiy esa „oʻz feʼl-atvori va muloyimligi bilan […] oʻtroq odam boʻlib, askarlarda ilhom u yoqda tursin, hatto sadoqat ham uygʻota olmagan“ (Michael Bonner)[89]. Xalifalik keyingi bir necha yil ichida katta muvaffaqiyatlarga erisha oldi. Jumladan 904-yilda Tuluniylar mulkini qayta tiklash va qarmatiylar ustidan gʻalaba qozonish kabi. 908-yilda al-Muktafiyning oʻlimi bilan „Abbosiylarning qayta tiklanishi“ deb ataladigan davr yuqori nuqtasidan oʻtib, mamlakatda yangi inqiroz davri boshlandi[90][91][92].

Endi hokimiyat zaif va yumshoq tabiatli al-Muqtadirni taxtga olib kelgan yirik mansabdor shaxslar tomonidan boshqarila boshlagan. Keyingi oʻn yilliklarda saroyning ham, armiyaning ham xarajatlari oshib bordi. Noʻnoq boshqaruv hamda harbiy va byurokratik guruhlar oʻrtasidagi nizolar kuchayib bordi. 932-yilga kelib, al-Muqtadir oʻldirilgach, xalifalik amalda bankrot boʻldi. Tez orada hokimiyat xalifani nazorat qilish va amīr al-umarāʾ unvoni uchun kurash boshlagan bir qator kuchli harbiy shaxslarga oʻtdi. Bu jarayon 946-yilda Bagʻdodning Buvayhiylar bosib olishi bilan yakunlandi. Ushbu sulola xalifalik mustaqilligiga hatto nomi bilan ham chek qoʻydilar. Shundan keyin xalifalar ramziy boshqaruvchilar boʻlib qolishsa-da, har qanday harbiy yoki siyosiy hokimiyatdan yoki mustaqil moliyaviy resurslardan mahrum boʻlishdi[93][94][95].

  1. 1,0 1,1 Bowen 1928, s. 25.
  2. 2,00 2,01 2,02 2,03 2,04 2,05 2,06 2,07 2,08 2,09 2,10 2,11 2,12 2,13 2,14 Kennedy 1993, ss. 759–760.
  3. 3,0 3,1 3,2 3,3 3,4 3,5 Zetterstéen 1987, s. 777.
  4. 4,0 4,1 4,2 4,3 4,4 4,5 Bowen 1928, s. 26.
  5. Kennedy 2001, ss. 148–150.
  6. 6,0 6,1 6,2 6,3 Bonner 2010, ss. 323–324.
  7. Mottahedeh 1975, ss. 77–78.
  8. Bonner 2010, ss. 313–327.
  9. Kennedy 2001, s. 148.
  10. Bonner 2010, s. 314.
  11. 11,0 11,1 Kennedy 2004a, s. 177.
  12. 12,0 12,1 Bonner 2010, s. 335.
  13. 13,0 13,1 13,2 Mottahedeh 1975, s. 79.
  14. Kennedy 2001, ss. 151, 156.
  15. Kennedy 2004a, ss. 177–179.
  16. Kennedy 2001, ss. 153–154.
  17. Kennedy 2001, ss. 151, 153–156.
  18. Bonner 2010, s. 324.
  19. Kennedy 2004a, s. 179.
  20. Kennedy 2003, ss. 26–35.
  21. 21,0 21,1 21,2 Sobernheim 1987, s. 973.
  22. Bianquis 1998, ss. 104–105.
  23. Bosworth 1975, ss. 119–120.
  24. 24,0 24,1 Kennedy 2001, s. 152.
  25. 25,0 25,1 Bowen 1928, s. 27.
  26. Kennedy 2001, ss. 152–153.
  27. Fields 1987, s. 168.
  28. Fields 1987, s. 176.
  29. Fields 1987, s. 178.
  30. 30,0 30,1 Bonner 2010, s. 332.
  31. Kennedy 2003, s. 34.
  32. 32,0 32,1 32,2 32,3 Kennedy 2004a, s. 181.
  33. Bianquis 1998, ss. 105–106.
  34. Bianquis 1998, s. 106.
  35. El-Hibri 2021, ss. 154–155.
  36. El-Hibri 2021, s. 154.
  37. 37,0 37,1 37,2 37,3 Bonner 2010, s. 336.
  38. Kennedy 2004a, ss. 181–182, 266.
  39. 39,0 39,1 Kennedy 2004a, s. 182.
  40. Madelung 1975, ss. 228–229.
  41. Madelung 1975, s. 229.
  42. Treadgold 1997, ss. 461–466.
  43. Treadgold 1997, ss. 466ff.
  44. Kennedy 2004a, ss. 182–183.
  45. Bosworth 1975, s. 120.
  46. Bosworth 1975, ss. 121–122.
  47. Bonner 2010, ss. 336–337.
  48. Bonner 2010, ss. 324–328.
  49. Bianquis 1998, ss. 106–107.
  50. Bonner 2010, ss. 327–328.
  51. Bonner 2010, ss. 328–330.
  52. Kennedy 2004b, ss. 10–15.
  53. Kennedy 2001, s. 156.
  54. Mottahedeh 1975, s. 80.
  55. 55,0 55,1 Kennedy 2004a, s. 187.
  56. Kennedy 2004b, ss. 11–13.
  57. Mottahedeh 1975, s. 87.
  58. Mottahedeh 1975, ss. 79–80, 87.
  59. Malti-Douglas 1999, s. 327.
  60. Bonner 2010, s. 334.
  61. Finer 1999, ss. 706–707.
  62. Talbi 1998, s. 456 (note 313).
  63. El-Hibri 2021, ss. 158–160.
  64. El-Hibri 2021, s. 158.
  65. Kennedy 2004a, ss. 179–180.
  66. 66,0 66,1 Bonner 2010, s. 333.
  67. Bowen 1928, ss. 28–31, 43–45.
  68. Bowen 1928, s. 44.
  69. Bonner 2010, ss. 333–334.
  70. Kennedy 2004a, s. 180.
  71. Bowen 1928, ss. 57ff.
  72. 72,0 72,1 Kennedy 2004a, ss. 180–181.
  73. El-Hibri 2021, ss. 160–161.
  74. Le Strange 1900, ss. 34–36.
  75. Le Strange 1900, ss. xxx, 250–252.
  76. Bowen 1928, s. 59.
  77. El-Hibri 2021, s. 161.
  78. Le Strange 1900, s. 243.
  79. 79,0 79,1 Sourdel 1970, s. 132.
  80. Kennedy 2006, ss. 243–245.
  81. El-Hibri 2021, ss. 161–162.
  82. Kennedy 2006, ss. 245–246.
  83. Malti-Douglas 1999, ss. 327–334.
  84. 84,0 84,1 84,2 Bowen 1928, s. 58.
  85. Rosenthal 1951, s. 139 (note 25).
  86. Le Strange 1900, ss. 120, 194–195 (note 2).
  87. Masudi 2010, s. 329.
  88. Bonner 2010, s. 337.
  89. Bonner 2010, ss. 332, 335, 337.
  90. Bonner 2010, ss. 337–339.
  91. Kennedy 2004a, ss. 184–185.
  92. Sourdel 1970, ss. 132–134.
  93. Kennedy 2004a, ss. 185–197.
  94. Donner 1999, s. 30.
  95. Sourdel 1970, ss. 134–139.
al Muʼtadid
Tavalludi: tax. 854/861 Vafoti: 902-yil 5-aprel
Sunniylik unvonlari
Oldingisi Abbosiylar xalifaligi xalifasi
892-yil 15-oktabr – 902-yil 5-aprel
Keyingisi