Abu Avona al-Isfaroyiniy
Ya’qub ibn Ishoq ibn Ibrohim ibn Yazid Abu Avona an-Naysoburiy al-Isfaroyiniy | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Tavalludi | milodiy 7845-yil (hijriy 230=yil) |
Vafoti |
milodiy 928-yil (hijriy 316-yil) |
Dini | Islom |
Tanilgan sohasi | muhaddis, hofiz, javvol |
Abu Avona al-Isfaroyiniy (arabcha: أبو عوانة الإسفراييني — Yaʼqub ibn Ishoq ibn Ibrohim ibn Yazid Abu Avona an-Naysoburiy al-Isfaroyiniy) — muhaddis, hofiz, javvol.
Kunyasi bilan mashhur bo‘lgan. Olimning Isfaroyinda tug‘ilgani aytilgan bo‘lsa-da, tug‘ilgan yili haqida aniq maʼlumotlar uchramaydi. Biroq Imom az-Zahabiy uni milodiy 845-yil (hijriy 230-yil)dan keyin tug‘ilgan, degan fikrni aytgan.
Olimning yoshlik yillari haqida batafsil maʼlumot yo‘q. Otasi Rasulullohning hadislarini yodlash va tarqatishni o‘zi uchun asosiy vazifa qilib olgan. Manbalarda hadis va fiqh talabida Shom, Misr, Yaman, Iroq, Xurosonga safar qilgani aytiladi.
Hadislari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Abu Avona al-Isfaroyiniy shofeʼiy mazhabini Isfaroyinga olib kirgan. Uning o‘zi Jurjonga 864-yil (hijriy 250-yil)da borganini aytib o‘tgan. Bundan tashqari muhaddis ilmiy markazlar hisoblangan Ray, Hirot, Balx, Marv, Nishopur, Buxoro, Samarqandga safar qilgan. Mosul, Somarro, Damashq, Qaysariya, Ramla, Asqalon, San’o, Makka, Madina, Sag‘ur, al-Jazira, Fors, Isfahonda hadis tinglagan.
Muhaddis Isfaroyinda Masrur ibn Nuh Zuhaliy, Muhammad ibn Yahyo Hayyuvayhdan, Nishopurda Muhammad ibn Yahyo Zuhliy, Ahmad ibn Azhar ibn Muni’, Ali ibn Hasan Darobajirdiydan, Jurjonda Abu Abdulloh Ishoq ibn Ibrohim Suxtiyoniydan, Marvda Saʼid ibn Mas’ud al-Marvaziy, Muhammad ibn Abdulloh ibn Qahzaddan, Termizda Ishoq ibn Bojuvayh at-Termiziy, Rayda Abu Zur’a Ubaydulloh ibn Abdulkarim, Abu Xotam Muhammad ibn Idris, Fazl ibn Abbos, Muhammad ibn Muslim ibn Varot Roziyin, Sulaymon Qazzoz, Hamadonda Ibrohim ibn Mas’ud ibn Abdulhamid al-Qurashiy al-Maxzumiydan, Isfahonda Yunus ibn Habibdan, Basrada Ahmad ibn Muhammad Ayliy, Muhammad ibn Hiyon al-Moziniy, Umar ibn Shabbat an-Numayriy, Ahmad ibn Muhammad al-Maqdisiydan, Vositda Bishr ibn Matar, Ahmad ibn Sinon al-Qattondan hadis eshitgan. Bundan tashqari Hasan ibn Muhammad ibn Sabboh Zaʼfaroniy, Muslim ibn Hajjoj al-Qushayriy, Ismoil ibn Yahyo Muzniy, Yunus ibn Abdulaʼlo Sadafiy, Ali ibn Harb Toiy, Abbos ibn Muhammad Davriy al-Bag‘dodiy, Hilol ibn Aʼlo ibn Hilol al-Bohiliy kabi ustozlardan taʼlim olgan. 42 nafar ustozining nomi „Al-Musnad as-sahӣh al-maxraj ’alā Sahӣh Muslim“ asarining kirish qismida keltirib o‘tilgan.
Muhaddisning Ibrohim ibn Ishoq ibn Yusuf, Abu Hasan Muhammad ibn Muhammad, Abu Valid Hison ibn Muhammad ibn Ahmad, Yahyo ibn Mansur, Sulaymon ibn Ahmad at-Tabaroniy, Abu Ahmad Abdulloh ibn Adiy, Ahmad ibn Ali ar-Roziy, Abu Ahmad Muhammad ibn Ahmad Gʻitrifiy kabi shogirdlari bo‘lgan. Shuningdek, Abu Avona al-Isfaroyiniydan shogirdlari hofiz Abu Ali an-Naysoburiy, Abu Bakr Ismoiliy, o‘g‘li Abu Mus’ab Muhammad ibn Abu Avona, Abu Nuaym Abdulmalik ibn Hasan al-Azhariylar rivoyat keltirishgan.
Iqtiboslar
[tahrir | manbasini tahrirlash]— Imom az-Zahabiy:
Imom, hofiz, javvol, ko‘p safarlarda bo‘lgan. Hadis ilmida shuhrat qozongan. Yaqinlaridan bu ilm sohasida oldinga chiqqan
, degan.
— Shuningdek,
Hofiz, siqa darajasidagi olim
, deb aytgan. „Tazkira al-huffāz“ asarida hofizlarning o‘n birinchi tabaqasida keltirgan.
— Muhaddis Abu Abdulloh Hokim u haqda ushbu fikrni bildiradi:
Abu Avona hadis olimlaridan biri, ularning ishonchlisi. Hadis talabida turli joylarga safar qilgan.
— Imom as-Sam’oniy:
Mashhur muhaddislardan biri. Dunyo hofizi, hadis talabida safarlarda bo‘lgan. Hadisni to‘plash va yozish bilan shug‘ullangan. Zohid, taqvodor kishi
— Tarixchi Ibn Xallikon:
Abu Avona hofiz, javvol, ko‘p hadis rivoyat qilgan kishilardandir.
— Imom as-Subkiy u haqda:
Katta hofiz, buyuk inson
, deb aytgan.
Asarlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Muhaddis asarlarining nomlari borasida deyarli maʼlumot yo‘q.
- „Musnad Abӣ Avāna“ yoki „Mustaxraj Abӣ Avāna“;
- „Al-Musnad as-sahӣh al-maxraj ’alā Sahӣh Muslim“ asarlari maʼlum.
Abu Avona al-Isfaroyiniy o‘zi rivoyat qilgan hadislarning rivoyat qilinishi uchun ijozat bergan, shuningdek, rivoyatga eʼtibor qaratgan deyiladi[1].
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Abu Avona. Musnad Abӣ Avāna. — Bayrut: Dor al-maʼrifa, 1998. 584;
- As-Sam’oniy Abu Saʼd Abdulkarim ibn Muhammad. Al-Ansāb. — Bayrut: Dor al-fikr, 1998. I, 95;
- Az-Zahabiy. Siyar. — Bayrut: Dor al-fikr. 1997. XIV, 417;
- Az-Zahabiy. Tazkira al-huffāz. — Haydarobod: Doira al-maʼorif al-Usmoniyya, 1958. III, 5;
- Jaloluddin as-Suyutiy. Tabaqāt al-huffāz. — Bayrut: Dor al-kutub al-’ilmiyya, 1983. 150;
- Az-Zahabiy. Al-Mu’ӣn fӣ tabaqāt al-muhaddisӣn. — Bayrut: Dor al-kutub al-’ilmiyya, 1998. 162.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.
Ushbu maqolada Islom ensiklopediyasi (2020) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |