Ahmadbekhoji mehmonxonasi
Ahmadbekhoji mehmonxonasi | |
---|---|
Umumiy maʼlumot | |
Manzili | Alisher Navoiy nomidagi Andijon shahar madaniyat va istirohat bog‘i |
Shahar | Andijon |
Mamlakat | Oʻzbekiston |
Qurilishi boshlangan | 1905-yil |
Qurilishi tugagan | 1907-yil |
Dizayn va konstruksiya | |
Meʼmor |
|
Ahmadbekhoji mehmonxonasi — Andijondagi meʼmoriy yodgorlik (1905-07). Andijonlik paxta zavodi egasi Ahmadbekhoji Temurbek oʻgʻli qurdirgan. Ahmadbekhoji oʻz davrida yirik savdogar, boy boʻlgan. Uning mehmonxonasi qurilishida mahalliy ustalardan Yu. Musayev, Usta Toshxon, Usta Yahyo va ularning shogirdlari, bezagida S. Norqoʻziyev qatnashgan.
Qurilish tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ahmadbekhoji mehmonxonasi Alisher Navoiy nomidagi Andijon shahar madaniyat va istirohat bog‘ining sharqiy tomonida joylashgan. Ushbu meʼmoriy yodgorlik 1905-1907-yillarda andijonlik yirik boy, paxta zavodi egasi Ahmadbekhoji Temurbek o‘g‘li buyurtmasi bilan mehmonxona va ish yuritish joyi sifatida barpo etilgan. Bino qurilishida O‘zbekiston xalq meʼmori, Respublika Fanlar Akademiyasining faxriy aʼzosi Yusufali Musayev (1869-1947), usta Toshxon, usta Yahyo hamda ularning shogirdlari hissa qoʻshgan. Meʼmoriy obida O‘zbekiston xalq rassomi, usta Saidmahmud Norqo‘ziyev tomonidan xalq amaliy bezak sanʼatining sir naqqoshlik va ganch o‘ymakorligi turlari bilan yasatilgan. Mehmonxonaning pishiq g‘ishtdan hashamdor qilib urilgan bir dahliz va katta zaldan iborat mehrob hamda tokchali xonasi o‘sha davrga xos „eklektika“ uslubida ganchkorlik sanʼati bilan bezatilgan[1].
Tuzilishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Bino tarhi P shaklida, ochiqtomoni Gʻarbga qaratib solingan. Shimoliy tomoni ikki qavatli. Shimoliy qanot chekkasida hammom bor. Bino pishiq va xom gʻishtdan, sinch asosida qurilgan. Xonalar 16 ta boʻlib, ularning oldi ayvonli. Ayvonlarning yassi tomini qator yogʻoch ustunlari koʻtarib turadi. Ayvon va boloxona shiftlari vassa juft uslubida yopilib, sir naqqoshligi bilan bezatilgan. Hamma darvoza va eshiklar an’anaviy holda hovli tomonga qaragan. Uy tarzi yalang devordan iborat. Idora vazifasini oʻtaydigan Shimoliy qismi Yev-ropacha uslubda pardozlangan. Shifti naqshinkor ganch bilan bezatilgan katta xonalarga pechlar qurilib, koshinlar bilan sirlangan. Devorlar moyboʻyoq bilan pardozlangan. Ayvon eshiklarining orasiga koʻk rangda islimiy va girih naqshlar ishlangan. Yogʻoch karniz jimjimador qilib oʻyilgan. Ahmadbekhoji mehmonxonasi hovlisi va bogʻi oʻrnida hozirgi Alisher Navoiy nomidagi madaniyat va istirohat bogʻi bunyod etilgan. Ahmadbekhoji mehmonxonasi istirohat bogʻining tashqarisida qolgan, boyning yozgi dam olish xonasi — shiyponi esa bogʻ markazida yangi qurilgan „amfiteatr“ mujassamotiga uygʻunlashtirilgan holda saqlanib qolingan. Shiyponning ichki bezagida sir naqqoshligidan foydalanilgan. Ahmadbekhoji mehmonxonasi bir necha bor taʼmirlangan (soʻnggi taʼmir 1999-2000-yillarda bajarilgan). Mehmonxonada Andijon viloyat adabiyot va sanat muzeyining ma’muriyati va san’at boʻlimi joylashgan.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „Andijonning sayohatbop 7 maskani (fotojamlanma)“ (2020-yil 21-may). Qaraldi: 7-iyun 2023-yil.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |