Kontent qismiga oʻtish

Minorai Kalon

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Arslonxon minorasidan yoʻnaltirildi)
Minorai Kalon
Arslonxon minorasi
Muqobil nomlari Minorai Kalon
Arslonxon minorasi
Umumiy maʼlumot
Maqomi Tarixiy obida
Turi toq
Shahar Buxoro
Mamlakat Oʻzbekiston
Qurilishi boshlangan 1127-yil
Texnik holati
Material pishgan gʻisht, ganch
Minorai Kalon
Minorai Kalon.

Minorai Kalon (Katta minora), Arslonxon minorasi — Buxorodagi meʼmoriy yodgorlik. Poyi Kalon meʼmoriy ansamblining bir qismi. Eski Buxoroning eng baland inshooti, balandligi 47.5 metr. Mazkur inshoot meʼmor Usta Baqo loyihasi asosasida qoraxoniy hukmdor Arslonxon topshirigʻiga binoan 1127-yilda bunyod etilgan[1]. Hozirgi kunda minora Oʻzbekiston moddiy va madaniy meʼrosining koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan.Minorayi kalonda jami koʻtarilish uchun zinalar soni 105 ta boʻlgan


Minorai Kalon (1909-yil)
Minorai Kalon (1913-yil)

Mazkur minora oʻrnida avval ham minora boʻlgan. Eski minora qulab tushgach uning oʻrniga mustahkam qilib Arslonxon minorasi qurilgan[1]. Minoraning asosiy vazifalaridan biri musulmonlarni azon aytib namozga chaqirishdan iborat boʻlgan. Minoralar asosan biror masjid oldida yoki jome masjidi qarshisida bunyod etilgan. Minoraning yana bir vazifasi boʻlib, notinch va urush paytida dushmanni kuzatish uchun kerak boʻlgan. Oʻz vaqtida Minorai Kalon yuqoridan kuzatish va din ishlari, xususan, aholini Poyi Kalon masjidiga bayram namozlariga va juma namozlarga chaqirish uchun xizmat qilgan. Minora baʼzi shaharda quriladigan imoratlar uchun oʻlchov vazifasini ham bajargan[2]. Baʼzi manbalarda Buxoro amirligi davrida bu yer tomoshaviy qatl joyi boʻlgan degan farazlar ham uchraydi. Bu ulugʻ inshoot bilan bogʻliq koʻplab afsonalar keltirilgan. Ulardan birida aytilishicha, tuya suti va alebastr qorishmasidan minoraning poydevorini tiklagan usta-quruvchi birdan gʻoyib boʻlgan va ikki yildan keyin, poydevor pishiq va mustahkam boʻlgandan soʻng qaytib kelib, inshootni gʻishtdan koʻtarish ishlarini boshlagan. Muhandis va meʼmor Baqo loyihasi asosida Qoraxoniylar sulolasidan Arslonxon Muhammad 1127-yilda qurdirgan. Poydevori tosh va maxsus qir qorishmasidan terilgan. 1920-yil Frunze boshchiligidagi qizil armiya bosqini natijasida Minorai Kalon qattiq shikastlangan. Hozirgi kunda shikastlangan joylarining minorada izlari mavjud[3]. Minorai Kalon poydevori oʻlkashunos S. N. Yurenov tomonidan 1950-yillarda ochib oʻrganilgan ammo u sizot suv chiqayotganligi sababli shaharning qadimiy qatlamiga yetib bora olmagan[4]. 1976-yilgi Gazli zilzilasidan ham Minorai Kalon shikastlangan. Sharqshunos olim Gʻulom Karimiy oʻzining „Arslonxon minorasi“ nomli tarixiy kitobida mazkur inshootni Minorai Kalon emas, balki Arslonxon minorasi ekanligini isbotlab bergan[5]. Mazkur minora Poi Kalon majmuasida joylashgan. Majmuaga Masjidi Kalon, Minorai Kalon, Miri Arab va Amir Olimxon madrasasi kiradi. Tarixchi olim Qahramon Rajabov fikriga koʻra Minorai Kalon Turkiston mintaqasidagi eng baland va yirik minoralardan biri hisoblanadi.

Meʼmorchiligi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Minorai Kalon yer sathidan 10m chuqur, balandligi 47,5m, kursisi qirrador, tanasi gʻoʻlasimon, tepasi gumbazli davra qafasa-koʻshk bilan bogʻlangan. Minora yuqoriga ingichkalashib boradi va muqarnas bilan tugaydi. Qafasasidagi 16 ravoqli darchalar orqali atrofni kuzatish mumkin. Tepaga minora ichidagi 105 pillapoya aylanma zina orqali chiqiladi. Masjidi Kalon tomonidan minoraga oʻtiladigan koʻprikcha mavjud. Minorai Kalonning oʻzagi ham, bezagi ham chorsi gʻisht (27x27x4x5 sm) ganchxok loyida terilgan. Bezak gʻishti oʻrniga qarab turli shaklda, sirti silliq pardozlangan.Ustma-ust joylashgan turli xil handasaviy shakldagi bejirim bezakli halqalari gʻishtin dandanalar bilan hoshiyalangan.Minoradagi bezaklar orasida tarixiy va diniy mazmundagi kufiy yozuvlar uchraydi.Muqarnas ostidagi moviy rang sirkor halqalarning har biri turli xil handasaviy shaklda bezatilgan (keyinchalik toʻkilib ketgan). Minorai Kalon shu turdagi qadimiy inshootlar orasida alohida oʻrin tutadi. Shakllarning oʻzaro monandligi va mutanosibligi, handasaviy uygʻunlik, ajoyib koʻrk va mahobatlilik Minorai Kalonga chinakam goʻzallik bagʻishlaydi. Minora 900 yildan buyon oʻzining mustahkamligi bilan ajralib turadi. Minorai Kalon belboʻgʻida 20 dan ortiq naqshinkor xalqalar mavjud[2].

Yaqin oʻtmishda

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1924-yil Tanasi va muqarnaslari taʼmir etilgan. 1960-yil Yer ostidagi asosi (kursisi) usta Ochil Bobomurodov tomonidan ochib taʼmirlangan. 1997-yil Buxoroning 2500-yilligi munosabati bilan Minorai Kalonda taʼmirlash ishlari olib borildi. Minorai Kalon Buxoro shahrining noyob va koʻhna yodgorliklari qatoridan asosiy oʻrin egallagan[6].

  1. 1,0 1,1 Ражабов 2016, s. 162.
  2. 2,0 2,1 Бобожонов 2017, s. 58.
  3. Бобожонов 2017, s. 60.
  4. Бухоро шарқ дурдонаси 1997, s. 1=21.
  5. Ражабов 2016, s. 163.
  6. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil

Ilmiy adabiyotlar

[tahrir | manbasini tahrirlash]
  • Ражабов Қ, Иноятов С.. Бухоро тарихи. Tошкент: Тафаккур нашриёти, 2016 — 460-bet. ISBN 978-9943-24-119-0. 
  • Азизхўжаев А Масъул муҳаррир. Бухоро шарқ дурдонаси. Tошкент: Шарқ нашриёти, 1997 — 232-bet. 
  • Бобожонов Ш. Шариф шаҳар ёдгорликлари (Бухоро тарихий обидаларига саёҳат). Бухоро: Бухоро нашриёти, 2017 — 310-bet.