Daniya operatsiyasi
Daniya operatsiyasi | |||||||
---|---|---|---|---|---|---|---|
Ikkinchi Jahon urushi | |||||||
Daniya operatsiyasi rejasi | |||||||
| |||||||
Raqiblar | |||||||
Daniya | Uchinchi reyx | ||||||
Qoʻmondonlar | |||||||
Christian X Thorvald Stauning William Wain Prior Hjalmar Rechnitzer |
Hans Geisler Leonhard Kaupisch | ||||||
Kuchlar | |||||||
14 500—15 000 askarlar[1][2] 2 eskadrilya[1] Umumiy: 16 000 askarlar va ofitserlar |
31-korpus maxsus topshiriqlar boʻyicha qoʻmondonligi 10-aviatsiya korpusi Umumiy: 40000 askarlar va ofitserlar | ||||||
Yoʻqotishlar | |||||||
16 askar halok boʻlgan 20 yoki 23 kishi yaralangan |
2 askar halok boʻlgan 10 kishi yaralangan 12 zirhli mashina 4 tank 1 samolyot |
Daniya operatsiyasi (dancha: Invasionen af Danmark i 1940, nemischa: Die Besetzung von Dänemark) — Uchinchi reyxning Daniya qirolligiga qarshi amalga oshirgan harbiy operatsiyasi. U 1940-yil 9-aprelda boshlanib, atiga 6 soat davom etgan[3]. Vermaxtning ilk zarbasi Daniya aviatsiyasiga qaratilishi natijasida Daniya harbiy-havo kuchlari jiddiy yoʻqotishlarga uchragan va keyingi jangovar harakatlarda ishtirok etmagan[4]. Tonggi soat 5:15 da Vermaxtning 170-piyoda diviziyasi va 11-oʻqchi brigadasi Daniya–Germaniya chegarasini kesib oʻtib, hujum boshlagan. Shuningdek, ayni shu vaqtda nemis qoʻshinlari Kopengagenga kirib borgan. Daniya harbiy-dengiz floti dushmanga qarshilik koʻrsatmagan. Soat 7:20 da Daniya qiroli Christian X Daniya qurolli kuchlariga qarshilik koʻrsatishni toʻxtatishni buyurgan. 7:30 da Norvegiya operatsiyasi uchun strategik jihatdan muhim boʻlgan Olborg aeroporti qoʻlga kiritilgan. Taxminan ertalabki 10:00 da Daniya armiyasining demobilizatsiyasi boshlangan.
Kelib chiqishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Qrim urushi davridan boshlab Skandinaviya davlatlari tashqi siyosatda betaraflikka amal qilib kelgan[5]. Birinchi Jahon urushi boshlanishi arafasida Daniya, Shvetsiya va Norvegiya rahbarlari bir qator yuqori darajali uchrashuvlar oʻtkazib, betaraf qolishlarini taʼkidlaganlar[6]. Biroq, Antanta va Uchlar ittifoqi Skandinaviya hukumatlarini urushda bilvosita ishtirok etishga jalb qilgan. Shu yoʻsinda Germaniya imperiyasi Daniya qirolligini Katta Belt boʻgʻozini qisman minalashtirishga majbur qilgan[6]. Natijada, Birinchi Jahon urushida Germaniya magʻlub boʻlgach, Daniya 1864-yilda tortib olingan Shimoliy Schleswigni qaytarib olgan[7]
Operatsiyaga tayyorgarlik
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ikkinchi Jahon urushi arafasida Skandinaviya hukumatlari yana bir marta oʻzlarining betaraflik siyosatiga sodiq qolishlarini eʼlon qilganlar[7]. 1939-yil 31-mayda Daniya va Germaniya oʻrtasida hujum qilmaslik pakti imzolangan[8]. 1939-yil 14-dekabrda Vermaxt qoʻmondonligi Gitlerdan Norvegiyani egallash imkoniyatlarini oʻrganish topshirigʻini olgan[9]. Siyosiy jihatdan yana bir davlatning betarafligini buzish noxush holat boʻlsa-da, bu operatsiyaga Daniyani ham bosib olish rejasi kiritilgan. Chunki Norvegiyaga qarshi kurashuvchi desantlarni taʼminlash uchun Yutlandiya aerodromlari zarur edi. Shuningdek, Daniya boʻgʻozlari orqali dengiz transportining xavfsiz harakatini taʼminlash ham lozim edi. Daniyaga hujum uyushtirish uchun 170-, 198-, 69-, va 214-piyoda diviziyalari[4] hamda 11-oʻqchi brigada ajratilgan. Nemis qoʻmondonligi Olborg aerodromiga va Kopengagenga desant tushirishni, shuningdek, Yutlandiya yarimorolida hujum boshlashni rejalashtirgan. Shunda Daniyani imkon qadar tezroq ishgʻol qilish mumkin boʻlardi. Daniya hukumati boʻlajak hujumdan xabardor boʻlishiga qaramay, nemislarning ehtimoliy provokatsiyasiga uchib qolmaslik uchun mamlakat qurolli kuchlarini safarbarlikka chorlashdan voz kechgan[10].
Tomonlarning kuchlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Daniya
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ikkinchi Jahon urushi boshlanishi oldidan Daniya qurolli kuchlari modernizatsiya qilingan va qayta tashkil etilgan. 1937-yilda Daniya quruqlik va dengiz kuchlarining umumiy qoʻmondonligi tashkil etilgan. Shu davrda toʻrtta Daniya piyoda batalyoni velosiped va mototsikllar bilan taʼminlangan. 1939—1940-yilgi qishda Daniya qurolli kuchlari askarlari soni 6 600 kishidan 15 000 kishigacha oshirilgan. 1940-yil 8-aprel holatiga koʻra, Daniya quruqlik qurolli kuchlari 14 500 kishilik[4] (boshqa maʼlumotlarga koʻra 15 000[1]) 2 ta diviziyadan iborat edi, ularda 7 ta piyoda, 2 ta otliq va 1 ta artilleriya polki mavjud boʻlgan. Birinchi diviziya Zelandiyada, ikkinchisi esa Bornxolmda joylashgan. Daniya poytaxtida Qirollik soqchilari polki mavjud edi. Bu boʻlinmalar Krag–Jørgensen Gevær M. 1889 va Mauser 98k miltiqlari[11], Steyr-Solothurn S1-100 toʻpponcha-pulemyotlari, 20 mm Madsen maskinkanon avtomatik toʻplari, Madsen M.1924 va Madsen M.1929 (avvalgisining modernizatsiyalangan versiyasi) qoʻl pulemyotlari, shuningdek, Brandt Mle 27/31 minomyotlari bilan qurollangan edi[1].
Dala artilleriyasi 7.5 cm 03 L/30, 10½ cm M.1930 toʻplari, 15 cm M.1917[12], 15 cm M.1923[13] va 15 cm M.1929[14] gaubitsalari, shuningdek, 37 mm Bofors tankka qarshi moslama qurollariga ega edi.
Daniya harbiy-havo kuchlari Armiyaviy aviatsiya korpusidan iborat boʻlib, jami 94 ta samolyotga egalik qilgan. Samolyotlarning 13 tasi Angliyada ishlab chiqarilgan Gloster Gauntlet, va 7 tasi Fokker D.XXI boʻlgan. Ushbu 20 ta qiruvchi samolyot ikki eskadrilyaga boʻlingan. Bundan tashqari, Daniya harbiy-havo kuchlarida 28 ta razvedkachi samolyot va 19 ta bombardimonchi samolyot bor edi[1].
Daniya harbiy-dengiz kuchlari ikkita qirgʻoq mudofaasi bronenosetsini (Peder Skram va Niels Juel), toʻqqizta tralshchik kemani (Springeren, Storen, Soridderen, Sohunden, Havornen, Narhvalen, Soloven, Sobjornen, Soulven)[15], toʻrtta mina yotqizuvchi kemani (Lessen, Henrik Gerner, Kvintus, Sixtus), oltita minonosets (Dragen, Hvalen, Laxen, Glenten, Hogen, Urnen)[15] va oʻn bitta suv osti kemasini (Havmanden, Havfruen, Havkalen, Daphne, Dryaden, Bellona, Flora, Rota, Galathea, Ran, Triton)[15] oʻz ichiga olgan. Shu davrda Daniya harbiy-dengiz kuchlarida jami 1 500 dengizchi xizmat qilgan[1]. Bundan tashqari, Daniya harbiy-dengiz kuchlarining dengiz aviatsiyasi korpusiga kiritilgan 13 ta Heinkel HE 8 gidrosamolyoti va 8 ta Hawker Nimrod Mk. II qiruvchi samolyoti bor edi[1].
Daniya Qirolligi qurolli kuchlarining oliy bosh qoʻmondoni William Wain Prior edi[16].
Uchinchi reyx
[tahrir | manbasini tahrirlash]8-aprel kech paytida Daniya-Germaniya chegarasi boʻlmish Schleswigda 170-piyoda diviziyasi va 11-oʻqchi brigada[17], shuningdek, 70 ta Pz.Kpfw. I va Pz.Kpfw. II yengil tanklari[1] joylashtirilgan. Bu kuchlarni aviatsiya generali Leonhard Kaupisch boshqargan. Bundan tashqari, Daniya operatsiyasida general-leytenant Hans Geisler boshqaruvidagi 10-aviatsiya korpusi ham ishtirok etishi kerak boʻlgan[18], bu korpusda jami 240 ta samolyot mavjud edi[1].
Operatsiyaning boshlanishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]1940-yil 9-aprel, ertalabki soat 4:20 da Germaniya elchisi Cécil von Renthe-Fink Daniya tashqi ishlar vaziri Peter Rochegune Munchga memorandum topshirdi. Bu hujjatda Angliyaning Daniya va Norvegiya harbiy bazalarini bosib olish rejasi borligi va bunga yoʻl qoʻymaslik maqsadida Uchinchi reyx hukumati bu davlatlarni tinch yoʻl bilan egallashga majburligi haqida yozilgan edi. Shuningdek, memorandumda Daniya qirolligining hududiy yaxlitligi va siyosiy jihatdan mustaqilligi kafolatlanishi qayd etilgan[4].
10-nemis aviakorpusi 240 ta samolyotga, Daniya harbiy-havo kuchlari 51 ta samolyotga ega boʻlsa-da, Germaniya qoʻmondonligining birinchi navbatdagi vazifasi Daniya harbiy-havo kuchlarini yoʻq qilish boʻlgan. Soat 5:00 da kapitan Volfgang Falk boshchiligidagi I/ZG 1 guruhining nemis „Messershmitt“lari Daniya chegarasini kesib oʻtgan. Bu haqda Daniya harbiy-havo kuchlarining asosiy bazasi joylashgan Værløse aerodromiga darhol xabar berilgan. Havo hujumiga tayyorgarlik trevogasi eʼlon qilingan, ammo bu vaqtga kelib nemislar allaqachon aerodromga zarba bergan edi. Oqibatda Daniyaning asosiy harbiy-havo kuchlari jiddiy zararlangan. Nemislar esa faqat ikki harbiy samolyotni yoʻqotganlar[4].
Soat 5:25 da Daniya qurolli kuchlari Bosh shtabiga Uchinchi reyxning chegarani buzganligi haqida xabar kelgan. Soat 6:00 atrofida Daniya qurolli kuchlari bosh qoʻmondoni Kastellet qoʻrgʻoniga kelib, bosqinga qarshilik harakatini boshlamoqchi boʻlgan. Ammo u va Shtab boshligʻi Gerts frontdagi vaziyatdan toʻliq xabardor emas edilar[4].
Yutlandiya uchun janglar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Sharqiy front
[tahrir | manbasini tahrirlash]Soat 5:15 da vermaxt kuchlari Schleswig orqali Daniya chegarasini kesib oʻtib, Daniya qirolligiga qarshi jangovar harakatlarni boshlaganlar. Uchinchi Reyx va Daniya qoʻshinlari Lundtoftbjerg dalasida jang boshlaganlar. U yerda 20 mm pulemyotlar bilan qurollangan Daniya harbiylarining bir vzvodi front oldini nazorat qilib, nemislarga oldinga harakat qilishga toʻsqinlik qilgan. Biroz jang qilgandan soʻng, daniyaliklar chekinishgan, bitta askar halok boʻlgan va biri yaralangan; nemislardan esa ikkita broneavtomobil va ikkita mototsikl yoʻq qilingan[2]. Lundtoftbjergdan bir necha kilometr sharqda joylashgan Hokkerup shaharchasida nemis kolonnasi Daniya chegarachilariga duch kelgan. U yerda 34 nafar Daniya askari himoya holatida boʻlgan. Daniyaliklar uchta nemis broneavtomobilni yoʻq qilganlar va nemislarni ortga chekinishga majbur qilganlar. Nemis harbiylariga tez orada yordam kelib, ular bilan birga bitta 37 mm toʻp ham yetib kelgan. Natijada, daniyaliklarning pozitsiyalari qurshab olinib, ular tezda taslim boʻlganlar[2]. Ushbu jangda daniyaliklar ikki askarni yoʻqotganlar[19]. Shu payt Lundtoftbjergdan yetti kilometr shimolda, nemis kuchlari Daniyaning yana bir harbiy boʻlimi bilan toʻqnash kelganlar. Ushbu boʻlim ikkita 20 mm zambarak[20] bilan qurollangan va Bjerqskov qishlogʻi yaqinidagi nazorat punktini himoya qilgan. Dastlab nemislar tank bilan hujum qilganlar, keyinchalik ularga aviatsiya ham yordamga kelgan. Daniyaliklar ikki zambarakni yoʻqotib, mototsiklda qochishga uringanlar[20], lekin nemislar ularni qurshab olib, asirga olgan[21].
Markaziy front
[tahrir | manbasini tahrirlash]Bredevad qishlogʻidan 10 kilometr narida nemislarning toʻrtta zirhli avtomobildan tashkil topgan avangardi Daniya armiyasining kuchsiz qarshiligiga duch kelgan. Qarshilikning kuchsizligiga sabab — nemislar daniyaliklar ustiga kutilmaganda bostirib kelishgan. Daniyaliklar oʻzlarini himoya qilishga ulgurmaganlari uchun yaqinroqdagi bogʻga chekinib, u yerdan otishmalar olib borishgan[22]. Daniyaliklar ixtiyorida bitta pulemyot va 20 mm toʻp bor edi, ular uchta nemis zirhli avtomobilini ishdan chiqarishgan. Jang natijasiga koʻra, daniyaliklardan toʻrt nafari halok boʻlgan, qolgan askarlar oʻrab olinib asir tushgan[2]. Aabenraa va Syogor shaharlarida polkovnik Hintz boshchiligidagi 4-piyodalar batalyoni va 2-sapyorlar batalyoni himoya holatiga oʻtishgan[4]. Søgaardda joylashgan Daniya kuchlari Vejle shahriga chekinishga tayyorlanishardi, u yerda himoyani mustahkamlash rejalashtirilgan edi. Daniya kuchlarining aryergard qismi asosiy qoʻshinning chekinishini himoyaga olgan va nemis qoʻshinlarini Aabenraa shahri yaqinida ushlab turishgan[23]. Nemislarning 401-piyoda polki uchun Daniya kuchlarining hujumi kutilmagan hodisa boʻlgan. Jang davomida ikkala tomondan ham bir necha kishi halok boʻlgan. Bu orada podpolkovnik Elmgrenn boshchiligidagi 2-polk Haderslev shahridan 20 kilometr shimolda nemislarning zarbdor guruhini uchratishgan[4]. Shaharni bir nechta toʻp bilan qurollangan 255 askardan iborat garnizon himoya qilayotgan edi. Jang shahar janubida boshlangan, u yerda 37 mm toʻp bilan qurollangan daniyalik askarlar nemis tanklari hujumiga qarshi kurashishgan[23]. Jang natijasida nemislar daniyaliklarni chekinishga majbur qilishgan, biroq oʻzlarining ham ikki tanki zararlangan[2]. Toʻqnashuvlar nazorat-oʻtkazish punktida davom etib, u yerda 20 mm toʻp bilan qurollangan daniyaliklar nemislarning kuchli hujumlariga qarshilik koʻrsata olishgan[24]. Jang 10 daqiqa davom etgan, shundan soʻng nemislar Kopengagen egallanganligi va Daniya hukumati taslim boʻlgani haqida qoʻmondonlikdan xabar olishgan. Nemislar Haderslev shahriga kirib kela boshlasalar ham daniyaliklar hali taslim boʻlish buyrugʻini rasman olishmagan edi. Shahardagi jang davomida bir nemis mototsiklchisi halok boʻlgan, ikkita tankka zarar yetgan. Daniya tomonidan ikki askar va uch nafar tinch aholi vakili halok boʻlgan. Koʻp oʻtmay, daniyalik qoʻmondonlar Kopengagendan kapitulyatsiya buyrugʻini olishganidan soʻng Haderslev garnizoni taslim boʻlgan.
Gʻarbiy front
[tahrir | manbasini tahrirlash]Gʻarbiy Yutlandiyadagi Tønder shahar garnizoni birinchi boʻlib nemislarga qarshi jangga kirishgan. Kapitan-leytenant Lorsen qoʻmondonligi ostidagi daniyalik askarlar 11-nemis oʻqchi brigadasi qismlari bilan Abildda yuzma-yuz kelishgan va 20 mm tankka qarshi quroldan foydalanib, ikki nemis zirhli mashinasini ishdan chiqarishgan. Lorsenning kamsonli kuchlari bir soatdan ortiq vaqt davomida nemis askarlarini ushlab turishgan, keyin nemis qoʻshinlari ularni shunchaki aylanib oʻtishgan[4]. Daniya qoʻshinlari Sølsted shahriga boradigan yoʻlda mudofaa pozitsiyasini egallashgan. Nemis kuchlari ularning pozitsiyalariga yaqinlashganda, daniyaliklar 20 mm toʻpdan dushmanga qarata oʻq uzishgan. Bitta nemis zirhli mashinasi ishdan chiqarilgan, ikkinchisi chekinishga majbur boʻlgan. Shundan soʻng nemis piyoda askarlari ikki marta pozitsiyalarni aylanib oʻtishga uringan, ammo daniyaliklar ikkala hujumni ham qaytarishgan. Shunda nemis kuchlari qoʻmondoni 3 ta Henschel Hs 126 samolyotini yordamga chaqirgan, bu esa daniyaliklarni Bredebro shahriga chekinishga majbur qilgan. Bu yerda daniyaliklar Daniya hukumati taslim boʻlgani haqidagi xabarni olishgan va shu sababli qurollarini topshirishgan[2].
Desantlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Olborg aeroporti
[tahrir | manbasini tahrirlash]170-piyoda diviziyasi kichik toʻqnashuvlar bilan Yutlandiya ichkarisiga intilayotgan bir paytda Luftwaffe u yerdagi aerodromlarni bombardimon qilayotgan edi. Koʻp oʻtmay, bombardimon qilingan joylarga nemis parashyutchilari tushirilgan[17]. 11-oʻqchi brigadasi jadal yurish qilib Skagenga yetib borgan[17]. Soat 7:30 da 159-piyoda polkning 3-batalyoni Olborg hududiga desant qilingan va tezda ikkita aerodromni egallagan. Soat 8 da butun shahar nemis qoʻshinlari nazoratiga oʻtgan, nemis desantchilari Lim-ford boʻgʻozi ustidagi koʻprikni qoʻlga olishgan[4]. Bu vaqt ichida 11-oʻqchi brigadaning harbiy qismlari shaharga yetib kelishgan. Bu orada kapitan Falkning guruhi Olborg-West aerodromiga qoʻndirilgan va Germaniya hamda Norvegiya oʻrtasidagi havo yoʻlagini taʼminlash boʻyicha vazifalariga kirishishgan. Aerodromlar hududida strategik obyektlarni himoya qilish uchun moʻljallangan 1-divizionning 19-polkiga tegishli zenit artilleriya qurollari qoʻyilgan. Ular kunning ikkinchi yarmiga kelib oʻz pozitsiyalarini egalladilar. Shu vaqtga kelib KGzbV 1ning ikki guruhi aerodromlarga 150 tonna yoqilgʻi yetkazib kelgan, shundan soʻng aerodromlar zarba beruvchi samolyotlarni qabul qilishga tayyor holatga keltirilgan[4].
Dengiz desantlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]198-diviziya 9-aprel tunida Kiel shahridan VII guruhning transportlarida dengizga chiqqan[25]. 9-aprel tongida eskadra Katta Belt boʻgʻoziga kirib, bir necha qismga boʻlingan, yaʼni jangovar bronenosets „SMS Schleswig-Holstein“ ikki transport bilan Korsør portiga yoʻl olgan, „SMS Claus von Bevern“ mashgʻulot kemasi va ikki mina yotqizuvchi kema Fyun oroliga otlanishgan[4]. Aholisi koʻp boʻlgan Fyun oroli kapitan Kanzler qoʻmondonligidagi kichik nemis otryadi tomonidan egallangan. Korsør portidan Germaniyaning Warnemünde shahriga paromlar qatnaganligi sababli bu port shaharni egallash operatsiyasi puxta tayyorlangan. Operatsiyadan oldin portni egallashda ishtirok etadigan qismlar qoʻmondonlari Korsørga turist qiyofasida tashrif buyurib, shaharni oʻrganib chiqishgan[4]. Operatsiyadan bir kun oldin Korsørdan Warnemündega ketayotgan Daniya paromlaridan birining ekipaji unda ketayotgan bojxona xodimlari bilan birga hibsga olingan. Ertasi kuni, 9-aprelda doimiy ravishda shu liniyada harakatlanuvchi „Meklenburg“ va „Shverin“ nomli paromlar Korsørga kirib kelgan, sayyohlar oʻrniga ulardan vermaxt askarlari tushishgan. Oʻsha kunning ertasida shimol bilan bogʻlovchi telefon liniyasi nemis otryadi tomonidan uzilgan. Paromdan tushirilgan bronepoyezd Gerike rotasi tomonidan egallangan Storstrømmen koʻprigiga shoshilgan[4].
Havo-desant operatsiyasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]9-aprel kuni 05:30 da oʻn ikki nemis transport tashuvchi samolyoti 8./KGzbV 1 parashyutchilar bilan Uetersen aeroportidan koʻtarilgan. Kapitan Walter Herike boshchiligidagi desant rotasiga Gedser orqali Kopengagenga oʻtuvchi temir yoʻl va shosselarni, shuningdek, Masnedø oroldagi qirgʻoq mudofaa batareyasini egallash buyurilgan[4]. Soat 06:15 da orolga desant tushirish ishlari boshlab yuborilgan. Ularning hujumi kutilmagan boʻlib, garnizon asirga olingan. Oroldagi flagshtokda reyx bayrogʻi koʻtarilgan. Natijada koʻpriklar nemislar qoʻliga deyarli zararsiz oʻtgan. Nemis desantchilari yaqin atrofdagi uylarning barcha velosipedlarini musodara qilib, Vordingborgga yoʻl olishgan[4]. Parashyutchilar Falster bilan Zelandiyani bogʻlovchi koʻprikni egallab, dengiz orqali Korsørni ham qoʻlga kiritishgan[25]. Bu esa Zelandiyani tezda ishgʻol qilish imkonini bergan[25].
Kopengagen
[tahrir | manbasini tahrirlash]Daniyani deyarli jangsiz egallashda asosiy omil poytaxtni tezda qoʻlga olish boʻlgan[25]. Har qanday qarshilik istagini yoʻqqa chiqarish uchun bu operatsiyaga uzoq vaqt tayyorgarlik koʻrilgan[4]. 4-aprel oqshomida mayor Glein samolyotda Kopengagenga yetib kelgan, u yerda qayiqlar turadigan baza, port hududi va hujum qilinajak joylarini koʻzdan kechirgan. Keyingi kuni Glein harbiy kuchlarning shtabi joylashgan qoʻrgʻonga kirib borgan[4]. 8-aprel kuni general-mayor Kurt Himer va aviatatsiya attashesi polkovnik Petersen Kopengagendagi bandargoh hududida qoʻshimcha razvedka ishlarini olib borgan. Yuqorida aytilganidek, soat 04:20 da Cécil von Renthe-Fink Daniya tashqi ishlar vaziri Peter Rochegune Munchkaga Uchinchi reyx hukumati Daniya va Norvegiya hududlarini egallash niyati haqida memorandum topshirgan. 9-aprel tongida Kopengagen ustidan Luftwaffe samolyotlari uchib, shahar uzra varaqalar uloqtirgan. Shu vaqtda kriegsmarine qoʻmondoni Erich Raeder Daniya harbiy dengiz flotining qoʻmondoni vitse-admiral Hjalmar Rechnitzerga murojaat qilib, okkupatsiyaga qarshilik koʻrsatmaslikni soʻragan. Shundan soʻng soat 06:15 da Rechnitzer Amalienborg qirollik saroyiga borib, bosqinga qarshilik koʻrsatmaslikni soʻragan[4].
8-aprel soat 7:00 atrofida III rang kapitani Wilhelm Schreder boshchiligidagi „Hansestadt Danzig“ teploxodi mayor Gleyn qoʻl ostidagi 308-piyoda polkini kemaga olib, dengizga chiqqan. Undan oldinroq, „Stettin“ muzyorar kemasi va ikkita qoʻriqchi kema dengizga chiqqan edi[4]. Eskadra Kopengagen portiga vaqtida yetib kelgan. Qoʻriqchi kemalar portdan chiqishni toʻsish maqsadida portning kirish qismida qolganlar. Biroq portning oʻzida Daniyaning nemis kemalarini osonlik bilan yoʻq qila oladigan „HDMS Niels Juel“ bronenosetsi joylashgan edi.Middelgrundsfortet fortidan turib „Danzig“ kemasida nemis harbiy bayrogʻini koʻrishgan; komendant kemalarni toʻxtatish maqsadida ogohlantiruvchi oʻq uzishni buyurgan, biroq oʻq uzilmagan[26]. „HDMS Niels Juel“ kemasidan ham birorta oʻq uzilmagan. Natijada, 5:15 da „Stettin“ Kopengagen markazidagi Lange-lin pirsiga, qoʻrgʻondan 50 metr yaqinda toʻxtadi, bu yerda Daniya armiyasining shtabi joylashgan edi[26]. Germaniyaliklar kemadan tushib, bojxona va politsiya boʻlimini egallagach shahar tomon yoʻl oldilar. Nemislar qoʻqqisdan soqchilarga hujum qilib, telefon stansiyasini qoʻlga kiritganlar. Daniya harbiy xizmatchilarini qurolsizlantirib, fortning yertoʻlasiga qamab qoʻyganlar. asirlar orasida Daniya bosh shtabi boshligʻi, ichki ishlar vaziri va Britaniya savdo attashesi ham boʻlgan. Daniyaliklar qoʻrgʻon va Amalienborg qarorgohi yonida nemislar hujumini qaytarishga uringanlar, lekin nemislar himoyani yorib oʻtishgan[26]. Koʻp oʻtmay, Kopengagen toʻliq nemislar nazorati ostida qolgan[4].
Bu vaqtda „Stettin“ kemasi bandargoh kirishida toʻxtagan va Daniya kemalarining bandargohni tark etishiga toʻsqinlik qilgan. III rang kapitani Schrëder Daniyaning „HDMS Niels Juel“ bronenosetsining qoʻmondoniga maktub bilan yoʻl olgan. Xatda Germaniya armiyasi chegaradan oʻtganligi, Kopengagen porti bloklanganligi va Luftwaffe kuchlari har zamon zarba berishga tayyor ekanligi haqida yozilgan. Schrëder Daniya bronenosetsi qoʻmondoniga nemislarga qarshi oʻt ochmaslikni taklif etgan, ushbu taklif soat 7:15 da qabul qilingan. Bu shartni „HDMS Niels Juel“dan keyin bu taklifni „Urnen“, „Dragen“ torpedo kemalari, „Henrik Gerner“ suv osti kemalar bazasi va „Ingolf“ patrul kemasi qabul qilgan[4]. Soat 7 ga yaqin Himer Gamburgdagi nemis kuchlari shtabi bilan bogʻlanib, Daniya hukumatiga bosim oʻtkazish uchun Kopengagenga bombardimonchi eskadrilya yuborishni iltimos qilgan. Shu vaqtda, Germaniya elchisi Daniya hukumatiga qarshilik qilishni toʻxtatishmasa, poytaxtni bombardimon qilish xavfi borligini bildirgan. Samolyotlar hali shahar uzra koʻrinmay turib, soat 7:20 da Daniya qiroli Christian X qurolli kuchlarga qarshilikni toʻxtatishni buyurgan; germaniyalik va daniyalik qoʻmondonlar oʻzaro hurmat koʻrsatish maqsadida bir-birlarining shtablariga tashrif buyurganlar[4][26]. Soat 9 atrofida Kalundborgdagi hukumat radiosi orqali Daniya qiroli xalqqa qarshilik koʻrsatmaslik va tinchlikni saqlashni soʻrab murojaat qilgan. Soat 10 lar atrofida esa Daniya armiyasining demobilizatsiyasi boshlangan[4].
Operatsiyaning yakuni
[tahrir | manbasini tahrirlash]Taslim boʻlgandan soʻng, Daniya hukumati Germaniya kuchlariga shaharlar va aeroportlarni nazorat qilishga ruxsat bergan. 399-piyoda polkining 1-batalyoni Thyborønga tushirilgan. Soat 6:30 da piyoda batalyon Middelfart hududida qoʻnib, Kichik Belt boʻgʻozi orqali oʻtgan koʻprikni egallagan[4]. Esbjerg shahriga bir nechta mina yotqizuvchi kema ekipajlari tushishgan va portni egallashgan, bu voqea soat 12:00 ga yaqin sodir boʻlgan. Germaniyaliklar portda ikkita ingliz paroxodini oziq-ovqat mahsuloti bilan qoʻlga olib, ularni Gamburgga yuborishgan[4]. 10-aprel kuni „Hansestadt Danzig“ kemasi va qoʻriqchi kemalar Bornxolmgacha kelgan, u yerda mayor Kayzer boshchiligidagi 305-polkning 2-batalyoni desantlarini tushirgan[25][4]. Germaniya kuchlari bu qadar tez gʻalabaga erishishini oʻzlari ham kutishmagan. Daniyaga joʻnatilayotgan 198 va 214-piyoda diviziyalarning qismlari Shchetsin va Lübeckda kemaga chiqib ulgurgan edilar, biroq ular Norvegiyaga yoʻnaltirilgan. Germaniya Shvetsiya bilan ham urushayotganini hisobga olib, bir daniyalik polkovnik batalyonni Eresunn orqali Helsingborgga olib oʻtgan[26]. 9-apreldan boshlab, nemislar Daniya aerodromlari, shosse va temir yoʻllaridan Norvegiyadagi boʻlinmalarga taʼminot yetkazish uchun foydalanishgan[26].
Yakuniy natijalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Yoʻqotishlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Umuman olganda, Daniyaning bosib olinish operatsiyasi bir necha soat davom etgan, Germaniya armiyasidan ikki askar halok boʻlgan, oʻn kishi yaralangan[27], shuningdek, 12 ta zirhli mashina, 4 ta tank va bitta Heinkel He 111 bombardimonchi samolyoti ishdan chiqqan yoki yoʻq qilingan[1][3]. Daniyaliklardan 16 askar halok boʻlgan va 20 kishi yaralangan[2]. Boshqa maʼlumotlarga koʻra, Daniya armiyasidan 13 kishi halok boʻlgan va 23 kishi yaralangan[4]. Texnikalardan asosan Daniyaning qiruvchi samolyotlari yoʻq qilingan[4]. Operatsiyadan koʻp oʻtmay, Daniya hududiga vermaxtning boʻlinmalari joylashtirilgan[28]. 1943-yil avgustgacha Daniya qurolli kuchlari nemis bosqini sharoitida oʻz xodimlar tarkibini va qurollarini toʻliq saqlab qolgan[1]. 1943-yil 29-avgustda Daniya hukumati tarqatib yuborildi va nemis harbiylari Safari operatsiyasini oʻtkazib, Daniya armiyasi boʻlinmalarini qurolsizlantirganlar va askarlarini harakatsizlantirganlar[29].
Ichki siyosat
[tahrir | manbasini tahrirlash]9-aprel kuni reyxning Kopengagendagi matbuot attashesi Gustav Meisner vermaxt manfaatlariga taʼsir qiluvchi nashrlarni taqiqlashni talab qilgan[30]. Taqiq 16-apreldan kuchga kirgan. 10-aprel kuni Daniya qirolligi yangi milliy birlik koalitsion hukumatining shakllanishi boʻlib oʻtgan, bu hukumatga bir qator muxolif partiyalar vakillari ham qoʻshilgan[28]. Daniya qurolli kuchlari qisqartirilgan, tez orada Daniya armiyasining ogʻir qurollarini vermaxt foydasiga olib qoʻyish boshlangan[31]. 12-aprel kuni Daniyalik general-leytenant William Wain Prior oʻzining radiodagi nutqida Daniya armiyasining tajovuz paytidagi xatti-harakati uchun minnatdorchilik bildirgan[32]: „Armiyada hech kim qirol va vatanga boʻlgan burchini buzmagan“[16]. 22-aprel kuni vermaxt qoʻmondonligi havo hujumidan himoya kuchlarini, Kichik Belt koʻprigini qoʻriqlash uchun kemalarni va Læsø va Anholt orollarida, shuningdek, Skagen, Esbjerg va Helsingør shaharlarida mudofaa inshootlarini qurish vositalarini oʻz ixtiyoriga topshirishni talab qilgan[30]. Tez orada nemislar daniya kronasining nemis markasiga nisbatan kursini belgilaganlar – 208 krona 100 markaga teng etib belgilangan[33]. Daniya va Uchinchi reyxining savdo-iqtisodiy hamkorligi toʻgʻrisidagi bitimga binoan, Buyuk Britaniya bilan savdo taqiqlangan va iqtisodiyot Germaniyaga toʻliq yoʻnaltirilgan, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari va koʻmir yetkazib berilgan[34]. Bundan tashqari, Daniyalik banklar Germaniya iqtisodiyoti va vermaxtni subsidiyalash majburiyatini olgan[28]. 1940-yilning 8-iyul kuni Thorvald Stauning rahbarligida Daniyaning yangi hukumati tuzilgan. Yangi hukumatga Daniyaning sotsial-demokratik partiyasiga muxolif partiyalar vakillari kirganlar. 1940-yilning 25-noyabr kuni Daniya hukumati antikomintern paktini imzolagan[35], va 1941-yilning 25-iyun kuni SSSR bilan diplomatik aloqalarni uzgan[28].
1941-yilda Daniya koʻngillilar korpusi SS qoʻshinlariga yozila boshlagan. Daniya SS koʻngillilar korpusiga aʼzo boʻlgan dastlabki 480 koʻngilli sobiq harbiy xizmatchilar (shu jumladan ofitserlar) Daniya qirollik armiyasi safida xizmat qilganlardan iborat edi[36]. Daniya armiyasi ofitserlari SS qoʻshinlariga oʻtkazilayotganda, Daniya mudofaa vazirligining rasmiy qarori bilan ularning Daniya tomonidan berilgan unvonlar saqlab qolingan edi (SS qoʻshinlaridagi xizmat yillari Daniya armiyasidagi yillar bilan teng ravishda koʻrib chiqilishi va pensiya hisobiga qoʻshilishi vaʼda qilingan). Bundan tashqari, Daniya koʻngillilar korpusi Daniya milliy-sotsialistik partiyasi tomonidan emas, balki Daniya hukumati tomonidan rasmiy taʼminotga olingan edi. Daniya koʻngillilar korpusining jangchilari Daniya qirollik armiyasi omborlaridan kerakli qurol-yarogʻlarni hech qanday toʻsiqsiz olishgan[36].
Dengizorti hududlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]12-aprel kuni Birlashgan Qirollik qoʻshinlari Daniyaga tegishli boʻlgan Farer orollarini hech bir qarshiliksiz bosib olganlar. Natijada, Farer orollari parlamenti rasmiy bayonot bergan, unda orollarning okkupatsiyasi tan olingan edi. Ushbu bayonotga koʻra, Thorshavn va Argir shaharlari kechasi yoritilmagan, pochta va telegrafga senzura oʻrnatilgan va maxsus ruxsatnomasi boʻlmagan avtoulovlarning kechasi harakatlanishi qatʼiyan man etilgan[37].
10-may kuni Islandiyaga Birlashgan Qirollik desantlari qoʻndirildi va mamlakat parlamentining noroziligiga qaramay, orolni Uchinchi reyx qoʻshinlari bosib olishining oldini olish maqsadida ishgʻol qilgan. Ishgʻol paytida Britaniya qoʻshinlari hech qanday qarshilikka duch kelmagan. Islandiya parlamenti neytral davlatga bostirib kirganlik uchun kompensatsiya talab qilib, bir necha bayonotlar bergan. Britaniya hukumati nafaqat kompensatsiya, balki Islandiya uchun foydali boʻlgan turli shartnomalar tuzishni, mamlakatning ichki ishlariga aralashmaslikni va urush tugagandan keyin barcha qoʻshinlarni toʻliq chiqarib olishni vaʼda qilgan. 1944-yilda Islandiyada konstitutsiyaviy referendum oʻtkazilgan va 1944-yilning 17-iyunida Islandiya toʻliq mustaqillikka erishib, respublikaga aylangan[38].
Bu vaqtda Grenlandiya maʼmuriyati Daniya kollaboratsionistik hukumatining buyruqlariga boʻysunishdan bosh tortgan. Mahalliy hukumat ovchilar va baliqchilardan iborat „changʻichi patrullarini“ tashkil qilishgan[39]. Vermaxt orolning qirgʻoq chizigʻi boʻylab meteorologik stansiyalar zanjirini oʻrnatish maqsadida Grenlandiyani ishgʻol qilishni istardi. Bu ish Germaniya dengiz floti va aviatsiyasiga aniq ob-havo prognozlarini yetkazish va prognozlardan SSSR hamda uning ittifoqchilariga qarshi urushda qoʻllanish uchun lozim edi ammo Germaniya bu maqsadiga erisha olmagan[39]. 1941-yil 9-aprel kuni AQShdagi Daniya elchisi Henrik Kauffmann Daniyaning Uchinchi reyx tomonidan okkupatsiya qilinishini tan olishdan bosh tortib, AQSh va Kanada hukumatlari bilan bitim imzolagan, unga koʻra AQSh harbiy-havo kuchlari Grenlandiya hududidagi bazalardan foydalanish huquqiga ega boʻlgan. Oʻz navbatida AQSh, orolni taʼminlashni oʻz zimmasiga olgan. Bunga javoban Daniya hukumati Kauffmannni vazifasidan ozod qilgan[28].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ 1,00 1,01 1,02 1,03 1,04 1,05 1,06 1,07 1,08 1,09 1,10 „Вооружённые силы Дании 1939 – 1940 гг.“ (ruscha). runivers.ru. Qaraldi: 2024-yil 22-iyul.
- ↑ 2,0 2,1 2,2 2,3 2,4 2,5 2,6 „Ny bog om 9. april 1940“ (datcha). milhist.dk (2014-yil 29-noyabr). Qaraldi: 2024-yil 22-iyul.
- ↑ 3,0 3,1 Dildy, Douglas C. 2007, s. 34.
- ↑ 4,00 4,01 4,02 4,03 4,04 4,05 4,06 4,07 4,08 4,09 4,10 4,11 4,12 4,13 4,14 4,15 4,16 4,17 4,18 4,19 4,20 4,21 4,22 4,23 4,24 4,25 4,26 4,27 4,28 Патянин, С. В. Вторжение // Оккупация Дании / Под ред. М. Э. Морозова, 2004.
- ↑ Хубач, Вальтер, s. 8.
- ↑ 6,0 6,1 Хубач, Вальтер, s. 11.
- ↑ 7,0 7,1 Хубач, Вальтер, s. 13.
- ↑ Хубач, Вальтер, s. 14.
- ↑ Хубач, Вальтер, s. 29.
- ↑ Dildy, Douglas C. 2007, s. 35, 36.
- ↑ "Mauser Bolt Rifles by Ludwig Olsen, 3rd edition, F. Brownell and Son, Publisher, p. 126
- ↑ „Haubica polowa 15 cm 17 kaliber lange stålhaubits Model 1917“ (polyakcha). dws-xip.com. Qaraldi: 2024-yil 22-iyul.
- ↑ „Haubica polowa 15 cm felthaubits L/17 S.H. M. 1923“ (polyakcha). dws-xip.com. Qaraldi: 2024-yil 22-iyul.[sayt ishlamaydi]
- ↑ „Haubica polowa 15 cm 22 kaliber lange felthaubits Model 1929“ (polyakcha). dws-xip.com. Qaraldi: 2024-yil 22-iyul.
- ↑ 15,0 15,1 15,2 „ВМС Дании“ (ruscha). wunderwafe.ru. 2014-yil 2-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2024-yil 23-iyul.
- ↑ 16,0 16,1 „Биллем Вайн Приор (Prior)“ (ruscha). hrono.ru. Qaraldi: 2024-yil 23-iyul.
- ↑ 17,0 17,1 17,2 Хубач, Вальтер, s. 86.
- ↑ Хубач, Вальтер, s. 50.
- ↑ Lindeberg, Lars 1990, s. 47.
- ↑ 20,0 20,1 Lindeberg, Lars 1990, s. 48.
- ↑ Lindeberg, Lars 1990, s. 50.
- ↑ Lindeberg, Lars 1990, s. 52.
- ↑ 23,0 23,1 Lindeberg, Lars 1990, s. 42.
- ↑ Lindeberg, Lars 1990, s. 61.
- ↑ 25,0 25,1 25,2 25,3 25,4 Хубач, Вальтер, s. 88.
- ↑ 26,0 26,1 26,2 26,3 26,4 26,5 Хубач, Вальтер, s. 90.
- ↑ Дюпюи 1998, s. 110—112.
- ↑ 28,0 28,1 28,2 28,3 28,4 „Королевство Дания“ (ruscha). Руниверс. Qaraldi: 2024-yil 23-iyul.
- ↑ История Дании. XX век 1998, s. 136.
- ↑ 30,0 30,1 История Дании. XX век 1998, s. 119.
- ↑ Е. Н. Кульков 1988, s. 8.
- ↑ Вторжение немецко-фашистских войск в Данию и Норвегию // История второй мировой войны. 1939 - 1945.. Военное издательство, 1974.
- ↑ История Дании. XX век 1998, s. 120.
- ↑ Всемирная история 1965, s. 60.
- ↑ Османьчик, Эдмунд 2002, s. 104.
- ↑ 36,0 36,1 Залесский К. А.. Охранные отряды нацизма. Полная энциклопедия СС. М.: Вече, 2009. ISBN 978-5-9533-3471-6.
- ↑ www.faroestamps.fo. „Niels Juel Arge, Stríðsárini VI (The Years of War VI)“. 2007-yil 30-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2024-yil 27-iyun.
- ↑ Исландия // Энциклопедический словарь Брокгауза и Ефрона: в 86 т. (82 т. и 4 доп.). СПб, 1890—1907.
- ↑ 39,0 39,1 „Гренландия в годы Второй мировой войны. Гренландия и Гренландцы“ (ruscha). faroestamps.fo. 2007-yil 30-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2024-yil 23-iyul.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Dildy, Douglas C.. Denmark and Norway 1940: Hitler's boldest operation. Osprey Publishing Ltd., 2007. ISBN 978-1-84603-117-5.
- Hooton, E.R. Luftwaffe at War; Gathering Storm 1933-39. London: Chervron/Ian Allan, 2007. ISBN 978-1-903223-71-0.
- Hooton, E.R. Luftwaffe at War; Blitzkrieg in the West. Лондон: Chervron/Ian Allan, 2007. ISBN 978-1-85780-272-6.
- Lindeberg, Lars. 9. april; De så det ske. Sesam, 1990. ISBN 87-7258-504-8.
- Tveskov H. Peter. Conquered, not defeated. Growing up in Denmark during the German Occupation of World War II. Орегон: Hellgate Press, Central Point, 2003.
- Ziemke, Earl F. „The German Decision to Invade Norway and Denmark“, . Command Decisions. United States Army Center of Military History, 2000 (reissue from 1960). (Wayback Machine saytida 2007-12-30 sanasida arxivlangan)
- Encyclopedia of the United Nations and International Agreements. Taylor and Francis, 2002. ISBN 0-415-93921-6.
- Хубач, Вальтер.. Захват Дании и Норвегии. Операция «Учение Везер». 1940—1941.
- Р. Эрнест Дюпюи, Тревор Н. Дюпюи. Всемирная история войн, «Харперская энциклопедия военной истории». М.: «АСТ», «Полигон», 1998. ISBN 5-89173-020-0.
- История Дании. XX век. М: Наука, 1998.
- Всемирная история. М: Мысль, 1965.
- Е. Н. Кульков. Сопротивление: датские и норвежские патриоты в борьбе с фашистскими захватчиками. М: Прогресс, 1988.
- Османьчик, Эдмунд. Encyclopedia of the United Nations and International Agreements, Taylor and Francis, 2002. ISBN 0-415-93921-6.