Kontent qismiga oʻtish

Jahon banki guruhi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Vashingtondagi Jahon banki guruhi binosi
Turi Hukumatlararo tashkilot
Maqomi Shartnomaviy
Maqsadi Iqtisodiy rivojlanish, qashshoqlikni bartaraf etish
Ishga tushgan sanasi 4-iyul, 1944-yil (80 yil avval) (1944-07-04)
Joylashuvi 1818 H Street Northwest,
Vashington, AQSh[1]
Prezident Ajay Banga[2]
MD & CFO Anshula Kant[3]
Bosh mahkamasi Direktorlar kengashi[4]
Aʼzolari 189 ta mamlakat (188 BMT mamlakatlari va Kosovo)[5]
Vebsayti worldbank.org
Hamkor tashkilotlari  Birlashgan Millatlar Tashkiloti
World Bank Group.png

Jahon banki guruhi (WBG) rivojlanayotgan mamlakatlarga leveraj kreditlarini beradigan beshta xalqaro tashkilotning umumiy oilasidir. U dunyodagi eng yirik hamda eng mashhur taraqqiyot banki va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish guruhida kuzatuvchi hisoblanadi[6]. Bankning bosh qarorgohi AQShning Vashington shahrida joylashgan. U 2021-moliya yilida „rivojlanayotgan“ va rivojlanish bosqichiga oʻtish davrida boʻlgan mamlakatlarga qariyb 98,83 milliard dollarlik kredit hamda yordam koʻrsatdi[7]. Bankning vazifasi oʻta qashshoqlikka barham berish va umumiy farovonlikni taʼminlash boʻyicha mushtarak maqsadlarga erishishdir[8]. 2015-yil holatiga koʻra, soʻnggi 10 yil davomida bank tomonidan „Rivojlanish siyosatini“ moliyalashtirishga qaratilgan umumiy kreditlash miqdori taxminan 117 milliard dollarni tashkil etdi[9]. Uning ichiga beshta tashkilot Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki (IBRD), Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi (IDA), Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC), Koʻp tomonlama investitsiyalarni kafolatlash agentligi (MIGA) va Investitsiya nizolarini hal qilish boʻyicha xalqaro markaz (ICSID) kiradi. Ulardan birinchi ikkitasi (IBRD va IDA) baʼzan birgalikda Jahon banki deb ataladi.

Jahon bankining (IBRD va IDA) faoliyati rivojlanayotgan mamlakatlardagi inson rivojlanishi (masalan, taʼlim, sogʻliqni saqlash), qishloq xoʻjaligi va qishloqlarni rivojlantirish (masalan, irrigatsiya va qishloq xizmatlari), atrof-muhitni muhofaza qilish (masalan, ifloslanishni kamaytirish, qoidalar ishlab chiqish va qoʻllash), infratuzilma (masalan, yoʻllar, shaharni qayta tiklash va elektr energiyasi), yirik sanoat qurilish loyihalari va boshqaruv (masalan, korrupsiyaga qarshi kurash, huquqiy institutlarni rivojlantirish) kabi sohalarga qaratilgan. IBRD va IDA Jahon bankiga aʼzo mamlakatlarga imtiyozli stavkalarda kreditlar, shuningdek, eng kambagʻal mamlakatlarga grantlar beradi. Muayyan loyihalar uchun kreditlar va grantlar koʻpincha sektor yoki mamlakatning umumiy iqtisodiyotidagi olib borilayotgan kattaroq siyosat oʻzgarishlari bilan bogʻliq holda ajratiladi. Masalan, qirgʻoq atrof-muhitini boshqarishni yaxshilash uchun ajratiladigan kredit milliy hamda mahalliy darajada yangi ekologik institutlarni rivojlantirishga va ifloslanishni cheklash uchun yangi meʼyorlarning joriy etilishi bilan bogʻliq harakatlarni amalga oshirishga imkon beradi[10].

Tashkil etilishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Jahon banki guruhi rasman 1946-yil 27-dekabrda Brettonvuds bitimining xalqaro ratifikatsiyasidan soʻng tashkil topdi. Bu bitim Birlashgan Millatlar Tashkilotining Pul-kredit va moliya konferensiyasi (1944-yil 1–22-iyul) natijasida yuzaga kelgan edi. Shuningdek, u 1951-yilda Jahon taraqqiyoti hisobotini tayyorlash va baholash uchun masʼul boʻlgan Osiander qoʻmitasining yaratilishiga ham asos boʻlgan. 1946-yil 25-iyunda oʻz faoliyatini boshlagan holda, Jahon banki guruhi 1947-yil 9-mayda birinchi kreditini berganini tasdiqladi (urushdan keyingi rekonstruksiya uchun Fransiyaga 250 million dollar ajratgan, bu real koʻrinishda bank bugungi kungacha bergan eng yirik kredit hisoblanadi).

Jahon banki guruhi:

BMTning 188 ta aʼzosi va Jahon banki guruhi aʼzosi boʻlgan Kosovo eng kamida IBRDga aʼzo mamlakat boʻlishi kerak. 2016-yil may holatiga koʻra, ularning barchasi boshqa toʻrtta tashkilotda ham (IDA, IFC, MIGA va ICSID) ishtirokka ega.

Ishtirok etadigan tashkilotlari soni boʻyicha WBG aʼzolari:

  1. Faqat IBRDda: Yoʻq
  2. IBRD va boshqa tashkilot: San Marino, Nauru, Tuvalu, Bruney
  3. IBRD va boshqa ikkita tashkilot: Antigua va Barbuda, Surinam, Venesuela, Namibiya, Marshall orollari, Kiribati
  4. IBRD va boshqa uchta tashkilot: Hindiston, Meksika, Beliz, Yamayka, Dominikan Respublikasi, Braziliya, Boliviya, Urugvay, Ekvador, Dominika, Sent Vinsent va Grenadin orollari, Gvineya-Bisau, Ekvatorial Gvineya, Angola, Janubiy Afrika, Seyshel orollari, Liviya, Somali, Efiopiya, Eritreya, Jibuti, Bahrayn, Qatar, Eron, Malta, Bolgariya, Polsha, Rossiya, Belarusiya, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston, Tailand, Laos, Vyetnam, Palau, Tonga, Vanuatu, Maldiv orollari, Butan, Myanma
  5. Jahon bankining barcha beshta tashkiloti: WBGning qolgan 138 ta aʼzosi

Jahon banki guruhiga aʼzo boʻlmagan mamlakatlar Andorra, Kuba, Lixtenshteyn, Monako, Falastin, Vatikan shahri, Tayvan va Shimoliy Koreya boʻlib, ulardan Andorra IMFga aʼzo boʻlgan lekin WBGga qoʻshilmagan yagona davlatdir.

Xitoy Respublikasi Jahon bankiga 1945-yil 27-dekabrda aʼzo boʻldi[11]. Xitoy fuqarolar urushidan soʻng, hukumat Tayvanga qochib ketdi va 1980-yil 16-aprelgacha Xitoy Xalq Respublikasi ROC oʻrnini egallagunga qadar WBGga aʼzoligini davom ettirdi. Oʻshandan beri u „Tayvan, Xitoy“ nomini ishlatadi[12].

Aʼzolar roʻyxatidan quyidagi de-fakto davlatlar chiqarib tashlangan: Abxaziya, Artsax, Shimoliy Kipr, Sahroi Arab Demokratik Respublikasi, Somalilend, Janubiy Osetiya va Dnestrboʻyi.

Tashkiliy tuzilmasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Vashingtondagi Jahon banki guruhi binosi
Binodagi Jahon banki guruhi yozuvi

IBRD 1957-yildan 1988-yilgacha tuzilgan toʻrtta filiali bilan birgalikda Jahon banki guruhining bir qismini tashkil etadi. Guruhning shtab-kvartirasi Vashingtonda joylashgan. Bu xalqaro tashkilot unga aʼzo hukumatlarga tegishli va mamlakatlarga foyda keltirsa-da, oingan daromadlar qashshoqlikni qisqartirish boʻyicha davomli saʼy-harakatlarni qoʻllab-quvvatlash uchun ishlatilib kelinadi[13].

Texnik jihatdan Jahon banki Birlashgan Millatlar Tashkiloti tizimining bir qismidir[14], lekin uning boshqaruv tuzilmasi boshqacha: Jahon banki guruhidagi har bir muassasaga uning aʼzo davlatlari tomonidan egalik qilinadi, bu davlatlar muassasaning asosiy aksiyadorlik kapitaliga obuna boʻlishadi va ovozlar aksiyalarga mutanosib ravishda taqsimlanadi. Aʼzolik barcha mamlakatlar uchun bir xil boʻlgan maʼlum ovoz berish huquqlarini beradi, ammo mamlakatlar tashkilotga qoʻshgan moliyaviy hissalariga bogʻliq holda qoʻshimcha ovozlarga ham ega boʻlishi mumkin. Jahon banki prezidenti Amerika Qoʻshma Shtatlari prezidenti tomonidan taklif etiladi va bankning Boshqaruvchilar kengashi tomonidan saylanadi[15]. 2009-yil 15-noyabr holatiga koʻra, Qoʻshma Shtatlar umumiy ovozlarning 16,4%, Yaponiya 7,9%, Germaniya 4,5%, Buyuk Britaniya 4,3% va Fransiya 4,3% qismiga egalik qiladi. AQSH bankning boshqaruv tizimidagi har qanday muhim oʻzgarishlarni toʻxtatib qoʻyish imkoniyatiga ega[16]. AQSh bankka rasmiy va norasmiy taʼsir koʻrsatadi, chunki ovozlar ulushi, prezidentlik ustidan nazorat va bankning Vashingtonda joylashgan shtab-kvartirasi sababli AQSh doʻstlari hamda ittifoqchilariga nisbatan yumshoqroq shartlar bilan koʻproq loyihalar uchun yordam bera oladi[17].

Jahon banki guruhi agentliklari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Jahon banki guruhi quyidagilardan iborat:

  • 1944-yilda tashkil etilgan Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki (IBRD); u suveren kafolatlar asosida qarzni moliyalashtirishni taʼminlaydi;
  • 1956-yilda tashkil etilgan Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC); u suveren kafolatlarsiz, birinchi navbatda, xususiy sektorni moliyalashtirishning turli shakllarini taqdim etadi;
  • 1960-yilda tashkil etilgan, odatda suveren kafolatlar bilan imtiyozli moliyalashtirishni (foizsiz kreditlar yoki grantlar) taʼminlaydigan Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi (IDA);
  • 1965-yilda tashkil etilgan Investitsiya nizolarini hal qilish boʻyicha xalqaro markaz (ICSID); u investitsiya riskini kamaytirish uchun hukumatlar bilan hamkorlik qiladi;
  • 1988-yilda tashkil etilgan Koʻp tomonlama investitsiyalarni kafolatlash agentligi (MIGA); u birinchi navbatda xususiy sektor uchun xavflarning ayrim turlaridan, shu jumladan siyosiy risklardan sugʻurtalashni taʼminlaydi.

„Jahon banki“ atamasi odatda faqat IBRD va IDAga ishora qiladi, „Jahon banki guruhi“ yoki „WBG“ atamasi esa barcha beshta institutga umumiy murojaat qilish uchun ishlatiladi[15].

Jahon banki instituti Jahon bankining salohiyatni rivojlantirish boʻlimi boʻlib, unga aʼzo mamlakatlarga taʼlim va boshqa yoʻnalishlarda salohiyatni oshirish dasturlarini taqdim etadi.

IBRDga 189 ta hukumat aʼzodir, boshqa institutlarda esa 153 tadan 184 tagacha aʼzolar bor. Jahon banki guruhining barcha institutlari har yili bir marta yigʻiladigan Boshqaruvchilar kengashi tomonidan boshqariladi[15]. Jahon banki guruhini 25 nafar ijrochi direktorlar kengashi boshqaradi. Har bir direktor bir mamlakatga (eng yirik davlatlar uchun) yoki bir guruh mamlakatlarga maʼsul etib tayinlangan. Ijrochi direktorlar tegishli hukumatlar tomonidan yoki saylov okruglari orqali tayinlanadi[15].

Jahon bankining har bir agentligi Bitim moddalari asosida boshqariladi. Bu bitim ularning barcha faoliyati uchun huquqiy va institutsional poydevor vazifasini bajaradi[15].

IFC va MIGAning faoliyat doirasi xususiy sektorga beriladigan investitsiyalar va sugʻurta taʼminotini oʻz ichiga oladi.

Anʼanaga koʻra, bank prezidenti lavozimiga bankning eng yirik aksiyadori boʻlgan Amerika Qoʻshma Shtatlari prezidenti tomonidan AQSh fuqarosi boʻlgan nomzod koʻrsatiladi. Bu nomzod ijrochi direktorlari tomonidan tasdiqlangandan soʻng, besh yillik muddatga tayinlanadi va bu muddat yangilanishi mumkin[15].

Hozirgi prezident

[tahrir | manbasini tahrirlash]

2023-yil 3-mayda Ajay Banga Jahon banki guruhining 14-prezidenti etib saylandi. Uning vakolati 2023-yil 2-iyundan boshlangan.

Boshqaruvchi direktor

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Jahon bankining boshqaruvchi direktori tashkiliy strategiya uchun javobgardir. Bular qatoriga byudjet va strategik rejalashtirish, axborot texnologiyalari, alohida xizmatlar, korporativ xaridlar, umumiy xizmatlar va korporativ xavfsizlik, sanksiyalar tizimi, nizolarni hal qilish va ichki adolat tizimi kiradi. 2019-yil 7-oktyabrdan beri Jahon banki guruhining boshqaruvchi direktori va bosh moliyaviy direktori Anshula Kant hisoblanadi[18].

Ekstraktiv tarmoqlar sharhi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Fuqarolik jamiyatining bankning neft, gaz va togʻ-kon sanoatidagi ishtiroki haqidagi uzoq muddatli tanqidlaridan soʻng, 2001-yil iyul oyida Jahon banki Ekstraktiv tarmoqlar sharhi (EIR) deb nomlangan mustaqil tahlilni boshladi. Bu mustaqil tahlilni „taniqli shaxs“, Emil Salim (Indoneziyaning sobiq atrof-muhit vaziri) boshqargan. Salim 2002— va 2003-yillarda manfaatdor tomonlarning keng doirasi bilan muzokaralar oʻtkazdi. EIR tavsiyalari 2004-yil yanvar oyida „Yaxshiroq muvozanatga erishish“ nomi yakuniy hisobotda nashr etilgan[19]. Hisobotda qazib olinadigan yoqilgʻi hamda togʻ-kon loyihalariga ajratiladigan kreditlar qashshoqlikni yengillashtirmaydi, degan xulosaga kelindi va Jahon bankining 2008-yilga borib bu sohalardagi ishtirokini qayta tiklanadigan energiya hamda toza energiyaga qilinadigan investitsiyalar bilan almashtirishni tavsiya qildi. Jahon banki 2004-yil sentyabr oyida direktorlar kengashi bilan keng koʻlamli muhokamalardan soʻng, EIRga nisbatan rahbariyatning javobini eʼlon qildi[20]. Boshqaruvning javobi EIR hisobotining koʻpgina xulosalarini qabul qilmadi, biroq Jahon bankining yaqinda eʼlon qilgan navbatdagi hisobotida EIR Jahon bankining neft, gaz va togʻ-kon sanoati boʻyicha siyosatini oʻzgartirishga xizmat qilgani keltirilgan. Ayniqsa, munozarali sohalardan biri boʻlgan mahalliy xalqlarning huquqlari bilan bogʻliq loyihalarga eʼtibor qaratilgan edi[21]. EIR jarayonidan soʻng, Jahon banki mahalliy xalqlar toʻgʻrisidagi siyosatini qayta koʻrib chiqib, uning yangilangan variantini eʼlon qildi[22].

Indoneziyaning Jakarta shahridagi Jahon bankiga qarshi norozilik harakatlarining yosh namoyishchisi
Jahon banki/XVJ namoyishchilari tomonidan sindirilgan Vashingtonning Logan Circle mahallasida joylashgan PNC Bank filialining derazalar

Jahon banki uzoq vaqtdan beri bir qator nodavlat tashkilotlar va akademiyalar, xususan sobiq bosh iqtisodchisi Joseph Stiglitz tomonidan tanqid qilingan, u Xalqaro valyuta jamgʻarmasi, AQSh gʻaznachilik departamenti, AQSh va boshqa rivojlangan mamlakatlar savdosini ham teng darajada tanqid qiladi[23]. Tanqidchilar bank koʻp hollarda qoʻllab-quvvatlaydigan erkin bozor islohoti deb ataladigan siyosat amalda yomon, juda tez („shok terapiyasi“), notoʻgʻri ketma-ketlikda yoki juda zaif tarzda amalga oshirilsa, koʻpincha iqtisodiy rivojlanishga zarar olib kelishi mumkin ekanligini taʼkidlaydi[23]. Jahon bankining kredit shartnomalari ham raqobatbardosh, erkin bozor siyosatidagidek boʻlmagan narxlarda tovar va xizmatlarni xarid qilishga majbur qilishi mumkin[24]. John Perkins kabi boshqa tanqidchi yozuvchilar xalqaro moliya institutlarini „noqonuniy va moliyaviy terrorizmni amalga oshirishga majburlovchi Amerika diplomatiyasining bir qismi“ deb atashadi[25].

Catherine Caufield Masters of Illusion: The World Bank and the Poverty of Nations (1996) nomli asarida Jahon bankining faraz va tuzilmalari rivojlanayotgan mamlakatlarga yordam oʻrniga zarar keltirishi haqida fikr yuritadi. Caufield dastlab Bankning „taraqqiyot“ tushunchasiga nisbatan gʻoyat bir xil va gʻarbcha yondashuvda ekanligini tanqid qiladi. Jahon banki uchun turli mamlakatlar va mintaqalar oʻrtasida farq yoʻq boʻlib, ular „taraqqiyotning yagona usuli“ni qabul qilishga tayyor turadilar. Bu farazning xavfi shundaki, mamlakatlar hatto ozgina muvaffaqiyatga erishish uchun ham gʻarbcha hayot tarzini qabul qilib, anʼanaviy iqtisodiy tuzilmalar va qadriyatlardan voz kechishlariga toʻgʻri keladi. Ikkinchi faraz shundaki, kambagʻal mamlakatlar turmush tarzini xorijdan olinadigan pul va maslahatlarsiz modernizatsiya qila olmaydi.

Jahon banki himoyachilarining taʼkidlashicha, hech bir davlat qarzga pul olishga majbur emas. Bank kreditlar ham, grantlar ham beradi. Hatto kreditlar ham imtiyozli hisoblanadi, chunki ular xalqaro kapital bozorlariga chiqish imkoni boʻlmagan mamlakatlarga beriladi. Bundan tashqari, kambagʻal va oʻrtacha daromadli mamlakatlarga beriladigan kreditlar foizi bozor qiymatidan pastroqdir. Jahon bankining taʼkidlashicha, u grantlardan koʻra koʻproq kreditlar orqali rivojlanishga yordam berishi mumkin, chunki kreditlardan qaytgan pul keyinchalik boshqa loyihalar uchun qarzga berilishi mumkin.

Shu bilan bir qatorda, IFC, MIGA va ular amalga oshirayotgan loyihalarining ijtimoiy va atrof-muhitga taʼsirini baholash usullari tanqid qilindi. Tanqidchilar taʼkidlashicha, XMK va MIGA Jahon Bankiga nisbatan koʻproq standartlarga ega boʻlsa-da, ular asosan bu standartlarning bajarilishini nazorat qilishni xususiy sektor mijozlariga ishonib topshiradilar va bu jarayonda mustaqil monitoring tashkiloti mavjud emasligini eʼtibordan chetda qoldiradilar. Shu sababli, ushbu tashkilotlarning ijtimoiy va ekologik standartlarni amalga oshirish strategiyasini har tomonlama qayta koʻrib chiqish talab etilmoqda[26].

Korrupsiyaga oid daʼvolar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Jahon Bankining integratsiyalashgan vitse-prezidentligi (INT) ichki firibgarlik va korrupsiya, jumladan, shikoyatlarni qabul qilish, tekshirish va tergov hisobotlarini tekshirish bilan shugʻullanadi[27].

Investitsiyalar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Jahon banki guruhi inson huquqlariga oid loyihalarga sarmoya kiritgani uchun tanqid qilingan[28].

Muvofiqlik boʻyicha maslahatchi/ombudsman (CAO) 2009-yilda Gondurasdagi davlat toʻntarishidan keyin bankning palma yogʻi ishlab chiqaruvchi Dinant kompaniyasiga bergan kreditini tanqid qildi. Dinant faoliyat yuritgan mintaqada koʻplab fermerlarning oʻldirilish holatlari sodir boʻlgan[29].

Boshqa shu kabi muzokarali investitsiyalar qatoriga harbiy diktatura davrida Chixoy gidroelektr toʻgʻonini qurish uchun Gvatemalaga berilgan va Goldcorpga (oʻsha paytda Glamis Gold) Marlin konini qurish uchun berilgan kreditlar kiradi.

2019-yilda Xitoy kongress-ijroiya komissiyasi Jahon bankini Shinjonga (Xitoy) berilgan kredit boʻyicha soʻroq qildi, u yuqori darajadagi xavfsizlik vositalarini, jumladan, kuzatuv uskunalarini sotib olish uchun ishlatilgan[30][31]. Ushbu daʼvoga javoban bank ichki tekshiruv boshladi. 2020-yil avgust oyida AQSh qonunchilari kreditni toʻlash davom etayotganini shubha ostiga olishdi[32].

Prezidentlari roʻyxati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bosh iqtisodchilari roʻyxati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Jahon bankining baholash boʻyicha bosh direktorlari roʻyxati

[tahrir | manbasini tahrirlash]
  • Christopher Willoughby — ketma-ket boʻlim boshligʻi, diviziya boshligʻi va operatsiyalarni baholash departamenti direktori (1970—1976)
  • Mervyn L. Weiner — operatsiyalarni baholash boʻyicha direktor va birinchi umumiy bosh direktor (1975—1984)
  • Yves Rovani — umumiy bosh direktor, operatsiyalarni baholash boʻyicha bosh direktor (1986—1992)
  • Robert Picciotto — umumiy bosh direktor, operatsiyalarni baholash boʻyicha bosh direktor (1992—2002)
  • Gregory K. Ingram — umumiy bosh direktor, operatsiyalarni baholash boʻyicha bosh direktor (2002—2005)
  • Vinod Thomas — umumiy bosh direktor, baholash boʻyicha bosh direktor (2005—2011)
  • Caroline Heider — umumiy bosh direktor, baholash boʻyicha bosh direktor (2011-yildan hozirgi kungacha)
  1. „About the World Bank“. worldbank.org.
  2. „U.S. Businessman Ajay Banga Approved to Lead World Bank“. scroll.in. Qaraldi: 2023-yil 19-iyun.
  3. „SBI MD Anshula Kant appointed as MD, CFO of World Bank Group“. antopedia.org. Qaraldi: 2019-yil 13-iyul.
  4. „Board of Directors“. Web.worldbank.org. Qaraldi: 2010-yil 31-may.
  5. „Member Countries“. World Bank Group. Qaraldi: 2016-yil 3-iyun.
  6. „RDSI Sign Gold“. United Nations Development Group. Qaraldi: 2012-yil 27-may.[sayt ishlamaydi]
  7. „Fiscal year data“. World Bank. Qaraldi: 2021-yil 7-dekabr.
  8. The World Bank, Press release: „World Bank Group Commitments Rise Sharply in FY14 Amid Organizational Change“, July 1 2014, http://www.worldbank.org/en/news/press-release/2014/07/01/world-bank-group-commitments-rise-sharply-in-fy14-amid-organizational-change
  9. „2015 Development Policy Financing Retrospective – Results and Sustainability“. worldbank.org.
  10. World bank – structured financial products. Washington: World bank, 5 April 2016. Qaraldi: 2018-yil 5-noyabr. 
  11. „Member Countries“ (en). World Bank. Qaraldi: 2019-yil 10-dekabr.
  12. „Taiwan, China | Data“.
  13. FAQ-About The World Bank, Worldbank.org.
  14. The United Nations system: Principal Organs (Wayback Machine saytida 2016-03-03 sanasida arxivlangan), Colorado.edu.
  15. 15,0 15,1 15,2 15,3 15,4 15,5 „About Us“, wordbank.org, accessed 30 May 2007.
  16. US Blocks Stronger African Voice At World Bank Retrieved 7 August 2007.
  17. Clark Richard and Lindsay Dolan.
  18. „Anshula Kant“.
  19. „Striking a Better Balance“, worldbank.org, January 2004, accessed 30 May 2007.
  20. „Striking a Better Balance“, (Wayback Machine saytida 2005-11-13 sanasida arxivlangan), „World Bank Group Management Response“ to „The World Bank Group and Extractive Industries: The Final Report of the Extractive Industries Review: World Bank Group Management Response“,17 September 2004, accessed 30 May 2007.
  21. „The Energy Tug of War“ (Wayback Machine saytida 2007-09-30 sanasida arxivlangan), The New Internationalist, No. 373 (November 2004), accessed 30 May 2007.
  22. „World Bank Operational Manual: Operational Policies: Indigenous Peoples“ (Op 4.10), worldbank.org, July 2005, accessed 30 May 2007.
  23. 23,0 23,1 See Joseph Stiglitz, The Roaring Nineties, Globalization and Its Discontents, and Making Globalization Work.
  24. „Microsoft Word - IFI Watch Bangladesh_Vol_1 No_1.doc“. 2004-yil 8-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2010-yil 31-may.
  25. Perkins, John. Confessions of an Economic Hit Man, 2004 — 259-bet. ISBN 0-452-28708-1. 
  26. Korinna Horta. „Most relevant review“. dandc.eu (2013-yil fevral).
  27. „Integrity Vice Presidency - The Investigative Process“. Web.world bank.org. Qaraldi: 2012-yil 27-may.
  28. Mychalejko. „Beyond Reform: It's Time to Shut Down the World Bank“. Upside Down World (2014-yil 23-yanvar). Qaraldi: 2014-yil 5-aprel.
  29. Malkin, Elisabeth. „World Bank Is Criticized for Honduran Loan“. The New York Times (2014-yil 10-yanvar). Qaraldi: 2014-yil 5-aprel.
  30. Allen-Ebrahimian. „The World Bank Was Warned About Funding Repression in Xinjiang“. Foreign Policy (2019-yil 27-avgust). Qaraldi: 2019-yil 28-avgust.
  31. Allen-Ebrahimian, Bethany. „Scoop: China tried to get World Bank to fund surveillance in Xinjiang“. Axios (2019-yil 11-dekabr). Qaraldi: 2020-yil 14-avgust.
  32. Allen-Ebrahimian, Bethany. „Lawmakers demand answers from World Bank on Xinjiang loan“. Axios (2020-yil 14-avgust). Qaraldi: 2020-yil 14-avgust.