Juma masjid (Xiva)
Juma masjid | |
---|---|
Xiva juma masjidi | |
Juma masjid va uning minorasi | |
Umumiy maʼlumot | |
Maqomi | Meʼmoriy yodgorlik |
Turi | Masjid |
Manzili | „Ichan-qalʼa“ MFY, Pahlavon Mahmud koʻchasi, 19-uy |
Shahar | Xiva shahri |
Mamlakat | O‘zbekiston |
Koordinatalar | 41°22′40″N 60°21′35″E / 41.37768118193957°N 60.35985720976329°E |
Qurilishi boshlangan | X asr |
Qurilishi tugagan | XVIII asr |
Egasi | Davlat mulkiga tegishli |
Balandligi | |
Balandligi | 42 m |
Texnik holati | |
Material | Pishiq gʻisht |
Qavatlar soni | 1 qavat |
Binoning ichki maydoni | 55×46 m |
Juma masjid (Xiva) |
Juma masjid, Xiva juma masjidi — Xorazm viloyatining Xiva shahridagi meʼmoriy yodgorlik Masjidning tarixi X asr—XVIII asrlarga borib taqaladi. Juma masjidi Ichan qalʼaning markaziy qismidagi Ota darvoza va Polvon darvozalarni birlashtiruvchi koʻchada joylashgan. Aniq manzili esa bugungi kunda „Ichan qalʼa“ mahallasi, Pahlavon Mahmud koʻchasi, 19-uyda joylashgan.
Meʼmoriy yodgorlik Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan 2019-yil 4-oktyabrda Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan va davlat muhofazasiga olingan. Hozirda „Ichan qalʼa“ davlat muzey-qoʻriqxonasi operativ boshqaruv huquqi asosida davlat mulkiga tegishli[1].
Tarixi va qurilish uslubi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Juma masjid oʻrta asrlarda Xiva shahrining mashhur binolaridan biri boʻlgan. Oʻziga xos qurilishi va hajmi bilan boshqa masjidlardan ajralib turgan. Masjidga uch tomondan kirish mumkin. Uning shimoli-gʻarbiy burchagi oldida Qozikalon madrasasi joylashgan boʻlib, u ilgari oʻrta maktab boʻlib xizmat qilgan.
Juma masjid haqidagi ilk maʼlumot X asrda Xorazmga kelgan arab sayyohlari al-Muqaddasiy (Maqdisiy) va al-Istaxriy yozmalarida uchraydi. Manbalarga koʻra, Juma masjidning dastlabki binosi buzilib ketgan va oʻrniga Abdurahmon Mehtar buyrugʻiga binoan 1788-yilda xuddi shu usulda kattaroq yangi masjid qurilgan. Masjid oʻziga xos tarhi va hajmi bilan ajralib turgan. Bir qavatli boʻlib, atrofi gʻishtin devor bilan oʻralgan. Uning boshqa masjidlardan farqi qadimiy arab meʼmorligiga xos uslubda (yopiq, koʻp ustunli hamda hovlisiz qilib) qurilganligidadir. Unda ayvonlar bilan oʻralgan hovli ham, ulkan peshtoq ham, gumbazli xonalar ham yoʻq. Xonaqoh ichi shipdagi ikki tuynuk orqali yoritiladi. Tomi yassi, toʻsinli, shipini 212 ta ustun koʻtarib turadi. Bu ustunlarning eng qadimiysi Xorazmning oʻrta asrdagi poytaxti Kyat shahridan olingan boʻlishi mumkin. Ustunlar 17 qatorli, oraligʻi 3,15×3,15 m qilib ishlangan. Mehrobi janubiy devor markazida joylashgan. Tashqi devorlari oddiy bezaksiz. Bosh tarzidagi eshik yogʻoch oʻymakorligida ishlangan noyob namuna hisoblanadi. Ichki bezaklari sodda ganch suvoq qilingan. Mehrob ravogʻida iroqi muqarnas va koʻk rangli boʻyama naqsh (XVIII asrga oid) saqlangan. Ustunlar masjid tuzilishining asosini tashkil etish bilan birga uning badiiy bezagi hamdir. Ular oʻziga xos mutanosiblik va koʻrinishga ega. 212 ta ustundan X—XIV asrlarga oid 25 ta ustun eng qadimiysi boʻlib, tuzilishida bir qancha uslub namunalari bor. X—XI asrlarga oid 4 ta ustun chuqur boʻrtma naqshli, kufiy xati islimiy naqsh bilan uygʻunlashgan. Unda faqih Abul Fadal Muhammad Laysi farmoni bilan qurilgani yozilgan. XI—XII asrlarga oid 17 ustun nisbatan sayoz oʻyilgan, undagi handasiy naqshlar oraligʻi uslublashtirilgan, nabotiy shakllar bilan toʻldirilgan, yozuvlari kufiy xatida bitilgan (yaxshi saqlanmagan) XV asrga oid 3 ta ustun islimiy, girih naqshlar va nasx xatida hoshiya qilib terilgan. Bu uslubdagi oʻymakorlik bezaklari mehrob yaqinidagi yogʻoch taxtachalarda va eshik tabaqalarida uchraydi. Nasx yozuvlar bitilgan ustunlar Bog‘bonli masjid ustunlari bilan bir xil. Ustunlarning birida milodiy 1510-yil yozuvi saqlangan. Ular mehrob yaqinidagi marmar taxtalar bilan bir vaqtda oʻrnatilgan boʻlishi mumkin. Kichik marmar taxtada 1666-yil, ikkinchi marmar taxta yozuvidagi vaqfnomada vazir Abdurahmon amri bilan Quyuqtom va Bekobod qishloqlarida masjidga vaqf yerlari ajratilganligi va daromadni xayr-ehsonga hamda masjid zaruriyatiga sarf qilish lozimligi yozilgan (1788—1789-yillar). Qolgan ustunlar Xorazmdagi turli binolardan yigʻib keltirilgan. Uzunlari masjid qurilishiga moslab qirqilgan, kaltaroqlari murabba shakldagi tosh poyustun ustiga koʻzagi va kallaklar ishlanib oʻrnatilgan. Hamma ustunlar muayyan mujassamot asosida joylashtirilgan. Masjid yonidagi minora XVII asrda qulab tushgan, XVIII asrda mayda pishiq gʻishtdan qayta tiklangan. Minora yuqoriga tomon ingichkalashib boradi. Tepasiga sharafa va gʻishtdan dandana xoshiya belbogʻlar ishlangan. Juma masjid bir necha bor taʼmirlangan. Shulardan biri boʻlgan taʼmiri 1990-yilda Xivaning 2500 yilligi arafasida bajarilgan.
Masjidda qadimgi naqshinkor ustunlardan 15 tasi saqlanib qolgan, 8 ta ustuni esa Toshkentda Oʻzbekiston xalqlari tarixi muzeyida saqlanmoqda.
Professor Yahyo Gʻulomovning fikricha, bu ustunlarning baʼzilari butun Oʻzbekistonda yogʻochga oʻyma naqsh solish sanʼatining eng qadimgi yodgorliklaridir. Bu nodir yodgorliklarni 1979-yili arxitektor Sonechkin loyihasi asosida taʼmirlash boshlanadi. Juma masjidning 108 ta ustuni 1983-yili aholidan sotib olingan. XVIII—XX asr boshlariga oid naqshinkor ustunlar bilan almashtirilgan. 1996—1997-yillarda Juma masjid taʼmirlandi va koʻpchilik ustunlar almashtirildi[2].
Umumiy oʻlchamlari: masjid — 55×46 m kenglikka ega, minora balandligi 42 m ni tashkil qiladi[3].
Galereya
[tahrir | manbasini tahrirlash]Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „MODDIY MADANIY MEROSNING KO‘CHMAS MULK OBYEKTLARI MILLIY RO‘YXATINI TASDIQLASH TO‘G‘RISIDA“. 2023-yil 13-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 16-oktyabr.
- ↑ „Juma masjidi“. Qaraldi: 2023-yil 20-oktyabr.
- ↑ OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Mankovskaya L., Bulatova V., Pamyatniki zodchestva Xorezma, T., 1978.