Nodirbek Abdusattorov
Nodirbek Fazliddin oʻgʻli Abdusattorov | |
Abdusattorov Tata Steel Chess 2023 turnirida | |
Tugʻilgan sanasi: | 18-sentyabr 2004-yil |
Tugʻilgan joyi: | Toshkent, Oʻzbekiston |
Unvoni: | Grossmeyster |
Maksimal reytingi: | 2765 (2024-yil, aprel) |
Hozirgi reytingi : | 2765 (2024, aprel) |
Mukofotlari: |
Nodirbek Fazliddin oʻgʻli Abdusattorov (2004-yil 18-sentyabrda tugʻilgan) – oʻzbekistonlik shaxmatchi, xalqaro toifadagi grossmeyster. Tezkor yoʻnalishdagi shaxmat boʻyicha jahon chempioni. Shaxmat tarixidagi beshinchi eng yosh grossmeyster[1][2][3][4]. Hindistonning Chennay shahrida oʻtkazilgan 44-shaxmat Olimpiadasi gʻolibi. Oʻzbekiston iftixori medali sohibi.
Hayoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Boʻlajak grossmeyster 2004-yil 18-sentyabr kuni Toshkent shahrida tugʻilgan. Bolaligi Toshkent shahrida oʻtgan. Akasi va opasining shaxmat oʻynashiga qiziqib mustaqil ravishda shaxmatni oʻrgana boshlagan. 8 yoshidan beri musobaqalarda ishtirok etib keladi. 2021-yilda shaxmatning rapid yoʻnalishi boʻyicha chempionga aylanib, ushbu natijani qayt etgan eng yosh shaxmatchiga aylandi. 2022-yilda oʻtkazilgan 44-shaxmat Olimpiadasida Oʻzbekiston sharafini himoya qilib jamoasi bilan birgalikda Oʻzbekistonga dastlabki Olimpiada chempionligini olib keldi. Shaxmatda erishgan yutuqlari inobatga olinib, Yosh shaxmatchiga Oʻzbekiston iftixori medali topshirildi.
Faoliyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]2012-yilda Sloveniyaning Maribor shahrida 8 yoshgacha boʻlgan oʻsmirlar oʻrtasida shaxmat boʻyicha Jahon kubogini qoʻlga kiritdi. 2014-yilda 9 yoshli Nodirbek Toshkentda Georgiy Aʼzamov xotirasiga bagʻishlangan shaxmat turnirida ikki grossmeysterni magʻlubiyatga uchratdi. 2015-yil noyabr oyida Yunonistonning Porto-Karas shahrida boʻlib oʻtgan shaxmat boʻyicha oʻsmirlar oʻrtasidagi jahon chempionatida toʻrtinchi oʻrinni egalladi. 2017-yilning 29-oktyabrida Chigorin memoriali musobaqasida uchinchi oʻrinni egalladi. Ushbu turnir davomida 13 yoshli Nodirbek oʻz reytingini 2500 balldan yuqori koʻtarib, grossmeyster unvoniga sazovor boʻldi. 2021-yil sentyabr oyida Abdusattorov Rossiya shaxmat federatsiyasi tomonidan „Yasnaya Polyana“ muzey-mulkida tashkil etilgan Lev Tolstoy nomidagi turnirida ikkinchi oʻrinni egalladi. 2021-yil 26-29-dekabr kunlari Polshaning Varshava shahrida boʻlib oʻtgan tezkor shaxmat boʻyicha jahon chempionatida amaldagi jahon chempionlari – Yan Nepomnyashchiy va Magnus Carlsenni magʻlubiyatga uchratdi[5]. 2023-yilda Chigorin ramziy klubiga aʼzo boʻlib, klassik oʻyinda Magnus Carlsenni ortda qoldirdi.
2024-yilda u Chexiyada oʻtkazilgan Praga Xalqaro Shaxmat Festivalida 9 imkoniyatdan 6,5 ochko toʻplab musobaqa soʻnggi turidan oldin turnir gʻolibiga aylandi.
Eʼtirof
[tahrir | manbasini tahrirlash]2022-yilda oʻtkazilgan 44-butunjahon olimpiadasining 10-turida Oʻzbekiston terma jamoasi Hindiston 2 terma jamoasiga qarshi bahs olib bordi. Juda ogʻir kechgan oʻyinda hindlarning qoʻli baland kelishiga hech kim shubha qilmayotgan edi. Nodirbek Yoqubboyev va Jahongir Vohidov raqiblari bilan durang oʻynagan, Javohir Sindorov esa magʻlubiyatga uchragan edi. Oxirgi oʻyinda 2021-yilgi Rapid boʻyicha Jahon chempioni Nodirbek Abdusattorov Hindistonlik kuchli shaxmatchi Gukesh bilan bahs olib bordi. Besh soatdan ortiq davom etgan oʻyin butun dunyodagi shaxmat odamlarini oʻziga qaratdi. Oʻyinning deyarli toʻliq qismida Gukesh ustunlik qildi. Nodirbek Abdusattorov oxirigacha kurashib yakunda Gukeshni magʻlubiyatga uchratib[6] terma jamoasi uchun muhim ochkoni keltirdi.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Friedel, Frederic. „Abdusattorov second youngest GM ever“. Chess News. ChessBase (2017-yil 29-oktyabr). Qaraldi: 2017-yil 31-oktyabr.
- ↑ Martínez, David „9-year-old prodigy beats two grandmasters“. chess24 (2014-yil 22-may). Qaraldi: 16-aprel 2016-yil.
- ↑ Chandra, Akshat „Nine-year-old rips through GMs!“. ChessBase (2014-yil 2-iyul). Qaraldi: 16-aprel 2016-yil.
- ↑ Top Juniors list statistics FIDE.
- ↑ https://www.gazeta.uz/uz/2021/12/28/chess/
- ↑ „Abdusattorov Gukeshni yutdi“. Bugun.uz (2022-yil 8-avgust). 2022-yil 9-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 11-avgust.