Kontent qismiga oʻtish

Nurota

Koordinatalari: 40°33′54″N 65°41′06″E / 40.56500°N 65.68500°E / 40.56500; 65.68500
Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Nurota shahridan yoʻnaltirildi)
Nurota
shahar
40°33′54″N 65°41′06″E / 40.56500°N 65.68500°E / 40.56500; 65.68500
Mamlakat Oʻzbekiston
Viloyat Navoiy
Tuman Nurota
Hukumat
Asos solingan 1976
Rasmiy til(lar)i oʻzbekcha
Aholisi
 (2022)
49 200
Vaqt mintaqasi UTC+5
Nurota xaritada
Nurota
Nurota

Nurota — Oʻzbekistonning Navoiy viloyati Nurota tumanidagi shahar (1976-yildan). Oqtogʻning etagida, 524 metr balandlikda joylashgan. Yaqin temir yoʻl stansiyasi Tinchlikda joylashgan (85 km). Nurota viloyat markazidan (Navoiy shahridan) 85 km. Aholisi 49,2 ming kishi (2022).

Nurota Oʻzbekistonning qadimgi shaharlaridan biri. Shahar dastlab X asrda Narshaxiyning Buxoro tarixi asarida Nur shaklida (shu yerdagi mashhur Nur chashmasi nomidan) tilga olingan. Mahalliy rivoyatlarda shaharning paydo boʻlishi Iskandar Maqduniy davriga borib taqaladi. Keyinchalik shahar bu yerda yashab oʻtgan mashhur Shayx Abulhasan Nuriy (XII asr) sharafiga Nurota deb atala boshlagan. Nurota ustidan Buyuk ipak yoʻlining bir tarmogʻi oʻtgan. U oʻtmishda harbiy-strategik ahamiyatga ega boʻlib, yirik savdo markazi ham hisoblangan. Nur qalʼasi qadimdan Jizzaxdan soʻng Buxoro va Samarqand vohasiga kirish uchun ikkinchi darvoza hisoblangan. Nurota (qadimgi Nur) Buxoroning shimolidagi chekka shahar boʻlib, madaniy oʻtroq aholi va koʻchmanchi xalqlar yashaydigan qudud chegarasida joylashgan. Oʻgʻuz turklari Nurota voxasidan avval Xuroson, soʻngra Kichik Osiyo yarim oroliga borib oʻrnashgan va Saljuqiylar davlatiga asos solgan (XI asr). Qadimgi tosh yoʻli orqali Nurga koʻplab karvonlar kelib toʻxtagan. Chingizxon qoʻshinlari Buxoroga borishda xuddi ana shu yoʻldan (1220-yil yanvar) Nurga kirib kelgan. Shu bois tosh yoʻli xon yoʻli nomi bilan ham yuritilgan. Subutoy shaharga kelgach, odamlardan ketishni iltimos qildi. Chingizxon buyrugʻiga koʻra, shahar soliqqa tortilgan. Mahalliy gubernatorning oʻgʻli Elxoʻja 60 nafar mahalliy aholi bilan Dabusiya qamaliga joʻnatilgan.

XVI asrdan Nurota Buxoro xonligi tarkibiga kirgan, shahar Nurota bekligining maʼmuriy markazi boʻlgan[1]. Xonbandi suv ombori Abdullaxon II davrida Nur tog‘larida qurilgan. XVI-XVII asrlarda Nurota chashma majmuasi barpo etiladi.

1756-yilda Nurota Buxoro amirligi tarkibiga kiritiladi. Muhammad Rahim Abulfayzxonni o‘ldirilgach, Nurota hokimi Yodgor o‘z mustaqilligini eʼlon qiladi. Shundan soʻng Muhammad Rahim Nurotani egallab, isyonni bostirishga erishadi. Rahimbiyning vafotidan keyin Doniyolbiy otaliq davrida Nurotada yana qo‘zg‘olon boshlanadi.

Amir Nasrulloxon 1837-yilda Bosh vaziri Hakimxonni Nurotaga surgun qiladi. Rus qoʻshinlari Buxoro amirligi hududiga bostirib kirgach, Siddiq Kenesariyev boshchiligida Nurotada isyon koʻtariladi. Buxoro amirining o‘g‘li Abdulmalik hokim Abdulkarimni asirga olib, Xorazmga olib boradi. Nurota Buxoro amirligi tarkibida qoladi.

1872-yilda fon Kaufman boshchiligidagi rus qoʻshinlari Xivaga yurish qilib, Nurotaga yetib kelishgan va bu yerda Xiva elchisini qabul qilganlar, deb taʼkidladi Bayoniy. O‘sha paytda Rossiya-Buxoro kelishuviga koʻra Nur qalʼasi Buxoro tasarrufidagi hudud hisoblangan.

„Tarixi Salimiy“ asarining muallifi, amir Abdulahadning amaldori Mirzo Salimbek Nurota viloyatiga 4 yilga hokim etib tayinlanganini yozadi. Keyinchalik Mullo Sharifbiy bir muddat bu lavozimga tayinlandi.

1918-yilda amir Olimxon Nizomiddin Urganjiyning o‘g‘li Rahmatulloxo‘jani (?—1921) Nurota hokimligiga tayinlaydi. Bu kishi Nurota tarixida amir va xonlar tomonidan tayinlangan oxirgi hukmdor sanaladi. 1920-yilda shahar bolsheviklar tomonidan bosib olingach, Rahmatulloxo‘ja Sharqiy Buxoroga, so‘ngra Afg‘onistonga qochib o‘tadi va 1925-yilda vafot etadi.

1920-yillar boshida Mullo Abdul Qahhor boshchiligidagi sovetlarga qarshi harakat kengayib, Nurota 1923-yilgacha mujohidlar qoʻlida qoldi. Latif Devonbegi (1874-?) ham mashhur Nurota mujohidi va Abdul Qahhorning yaqin safdoshi boʻlgan. Oʻsha yili Mullo Abdulqahhor qoʻshinlari shahardan quvib chiqariladi. Nurotada inqilobiy qoʻmita tuzilib, uning tarkibiga Sharof Barotov kabi inqilobiy qoʻmita aʼzolari kiritiladi[2].

Nurotaning ulkan boyligi uning marmar konidir. Shahardagi „Nurotamarmar“ sanoat korxonasi ushbu kon xom ashyosi asosida ishlayapti. Shuningdek, Nurotada non kombinati, tikuvchilik fabrikasi, „Nurbuloq“, „Nurobod“ aksiyadorlik jamiyatlariga qarashli korxonalar, bir necha bozor, savdo doʻkonlari, madaniy, maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari bor. Maktab, pedagogika, qishloq xoʻjaligi kasbhunar kollejlari, 7 ommaviy kutubxona, klub, Chashma oʻlkashunoslik muzeyi faoliyat koʻrsatadi (2003). Nurotada 2 kasalxona, 10 dorixona va boshqa tibbiyot muassasalari mavjud.

Jome masjidi va buloq

Xalq amaliy sanʼat va hunarmandchiligi qadimdan rivojlangan. Nurota ustalari tomonidan tayyorlangan duradgorlik, temirchilik, chilangarlik, quruvchilik, kulolchilik, miskarlik, kashtachilik, zargarlik mahsulotlari hamisha xaridorgir boʻlib kelgan.

Nurotada antik davrda qurilgan Nur qalʼasi qoldiklari (uni Iskandariya, Iskandar qalʼasi ham deyishgan), Pirosta mudofaa devori qoldiqlari va qadimgi korizlar sistemasi (taxminan miloddan avvalgi IV—III asrlar), Chilustun jome masjidi (XIX asr —-XX asr boshlari), Katta Gumbaz masjidi (1582—1590-yillar), Sayidota, Oqmasjid, Bargsoʻz masjidlari (XIX asr oxiri — XX asr boshlari), Sudur Bobo hammomi (1928-yil) kabi meʼmoriy va tarixiy yodgorliklar saqlanib qolgan. Shaharda Mozori Sang Andoz (Paxlavon Ahmad Zamjoi), Shoiris (Bibisitam Tagalbos), Mozori bandikusho (Hoji Burhoniddin Jarroh), Chilla mozor (Xoja Ubaydullo Jarroh), qadimgi Nur chashmasi kabi ziyoratgohlar mavjud.[3]

1979[4] 1989[5] 2005[6] 2021[7] 2022[8]
15 948 21 001 28 200 48 400 49 200
  1. „Мирза 'Абдал'азим Сами. Та'рих-и Салатин-и Мангитийа. М. 1962“. 2019-yil 18-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2019-yil 14-yanvar.
  2. Qahramon Rajabov. Buxoroga qizil armiya bosqini va unga qarshi kurash, Toshkent, 2002. 
  3. Abdiyeva, Zulxumor; Rajabov, Qahramon. „Nurota“ OʻzME. N-harfi[sayt ishlamaydi] Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  4. Perepis-1979
  5. Perepis-1989
  6. Citypopulation
  7. „Hududlar bo`yicha shahar va qishloq aholisi soni“. Qaraldi: 2022-yil 11-noyabr.
  8. „Hududlar bo`yicha shahar va qishloq aholisi soni“.