Kontent qismiga oʻtish

Oʻzbekiston — Chexiya munosabatlari

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Oʻzbekiston — Chexiya munosabatlari — Chexiya Respublikasi va Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasidagi diplomatik aloqalar 1993 — yil 1 — yanvarda oʻrnatilgan. 2004 — yil oktabr oyida Chexiya Respublikasining Oʻzbekiston Respublikasidagi elchixonasi ochilishi bilan ikki mamlakat oʻrtasidagi diplomatik munosabatlar yangi bosqichga koʻtarildi.

Chexiya Respublikasi Ozbekiston Respublikasining mustaqilligini 1992 — yil 24 — yanvarda tan oldi. Ikkala davlat oʻrtasidagi siyosiy muloqot asoslari 1997-yil 14-16-yanvardagi Ozbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning Chexiya Respublikasiga rasmiy tashrifi chogʻidan boshlangan. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov taklifiga binoan Chexiya Respublikasi Prezidenti Vatslav Klaus 2004 — yil 12 — 15 — sentabrda rasmiy tashrif bilan Oʻzbekistonda boʻldi. Chexiya Respublikasi Sharqiy Yevropa mamlakatlari orasida birinchilardan boʻlib keng koʻlamli siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirgan, iqtisodiy oʻsish koʻrsatkichlari boʻyicha oʻz mintaqasida etakchi oʻrin egallab turgan davlatdir. Oʻzbekistonning ushbu mamlakat bilan munosabatlari doʻstlik va hamkorlik, oʻzaro ishonch va hurmat tamoyillariga asoslanadi. Mamlakatlarimiz ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishdan birdek manfaatdor, hamkorlikni kengaytirish borasida muntazam muloqot yoʻlga qoʻyilgan. Xalqaro muammolarga nisbatan qarashlarimiz ham mushtarak. Prezident Vatslav Klausning tashrifi — Chexiya davlat rahbarining Oʻzbekistonga ilk rasmiy tashrifi. 13-sentyabr' kuni Doʻrmon qarorgohida rasmiy kutib olish marosimi boʻldi. Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Islom Karimov va Vatslav Klaus shohsupaga koʻtarildilar. Ikki mamlakatning davlat madhiyalari yangradi.

Prezidentlar faxriy qorovul safi oldidan oʻtdilar.

Yakkama-yakka suhbat chogʻida Prezidentlar oʻzaro munosabatlarning bugungi ahvolini tahlil etib, istiqbollarini muhokama qildilar, tomonlarni qiziqtirgan xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashdilar. Ushbu tashrif ikki tomonlama aloqalar tarixidagi muhim voqea ekanligi qayd etildi. Oliy darajadagi Oʻzbekiston-Chexiya muloqoti oʻzaro hamkorlikni yangi bosqichga koʻtarishi taʼkidlandi. Prezident Islom Karimov qayd etganidek, Oʻzbekiston uchun Chexiya bilan siyosiy muloqot, iqtisodiy hamkorlik va boshqa sohalardagi aloqalar muhim ahamiyatga ega. Oʻzbekiston Chexiyani ishonchli sherik deb biladi va uning mintaqamizdagi siyosiy va iqtisodiy manfaatlarini roʻyobga chiqarish uchun bu davlatni har tomonlama qoʻllab-quvvatlaydi.

Chexiya ham Oʻzbekistonni Markaziy Osiyodagi oʻzining ishonchli hamkori hisoblaydi. Oʻzbekiston Prezidentining Markaziy Osiyo umumiy bozorini barpo etish tashabbusini qoʻllab-quvvatlaydi. Chexiya Oʻzbekistonning mintaqada integratsiyani rivojlantirish, xavfsizlikni taʼminlash borasidagi saʼy-harakatlarini yuqori baholaydi.

Mamlakatlarimiz Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiyaning faoliyatiga, terrorchilik va diniy ekstremizmga, noqonuniy muhojirlik va qurol-yarogʻ savdosiga, uyushgan jinoyatchilik va narkobiznesga qarshi kurashda hamkorlikni yanada kuchaytirish masalalariga alohida eʼtibor beradi.

Prezidentlarning muloqoti ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalarining kengaytirilgan tartibdagi muzokarasida davom etdi. Muzokarada savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish va ijtimoiy sohadagi aloqalarni faollashtirishga oid masalalar asosiy oʻrin egalladi. 2004 yilning 1 mayidan — Chexiya Yevropa Ittifoqiga qoʻshilganidan keyin 1993 yilda imzolangan savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik toʻgʻrisidagi hukumatlaro bitim oʻz kuchini yoʻqotdi. Shu munosabat bilan tomonlar iqtisodiyot, sanoat va ilmiy-texnikaviy sohalarda hamkorlik boʻyicha yangi bitimni ishlab chiqdi va u 2004 yil 28 iyunʼ kuni imzolandi. Bu hujjatga muvofiq ikki mamlakat oʻrtasida eng koʻp qulaylik yaratish tartibi joriy qilingan.

Iqtisodiy munosabatlarimiz Prezident Islom Karimovning 1997 yilning yanvarida Chexiyaga rasmiy tashrifi chogʻida imzolangan sarmoyalarni oʻzaro ragʻbatlantirish va himoyalash, tashqi iqtisodiy faoliyatni boshqaruvchi muassasalar va milliy banklarning hamkorligi toʻgʻrisidagi qator muhim hujjatlar bilan tartibga solinadi.

Mamlakatimizda chexiyalik ishbilarmonlar sarmoyasi ishtirokida tuzilgan 30 korxona mavjud. Ular xalq isteʼmoli mollari, oziq-ovqat mahsulotlari, qurilish materiallari, dori-darmon ishlab chiqarish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash sohalarida faoliyat koʻrsatmoqda. Tashqi iqtisodiy aloqalar agentligida Chexiyaning „Eriell Korporeshn“, „Marts TsZ“, „Tomas Praga“, „ChKD Nove Energo“, „Ayveks-ChR“, „Yason Trevel“, „Yantsen“ kabi kompaniyalari roʻyxatdan oʻtgan.

Oʻzbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki Chexiyaning „Cheshka Sporitelna“, „Investichni a postovni bank“, „Komerchni bank“, „Chek eksport bank“ kabi banklari bilan aloqa oʻrnatgan. „Asaka“ banki „Obxodni bank“ bilan hamkorlik qilmoqda.

Oʻzbekiston va Chexiya savdo-sanoat palatalari oʻrtasidagi hamkorlik ishbilarmonlar kengroq faoliyat koʻrsatishiga xizmat qilmoqda. Bulardan tashqari sayyohlik, sugʻurta, farmatsevtika, neft-gaz, kimyo sanoati korxonalari yaqindan hamkorlik qilyapti. Oʻzbekistonga Chexiyaning tramvay va trolleybuslari keltirilmoqda. „V.P.Chkalov nomidagi Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi“ davlat aktsiyadorlik jamiyati bilan Chexiya mudofaa vazirligi oʻrtasida harbiy-transport samolyotlarini etkazib berish borasida muzokara olib borilmoqda. Ayni paytda Oʻzbekiston-Chexiya hamkorligida 16 loyiha ishlab chiqilmoqda.

Hamkorlik koʻlami keng. Lekin muzokaralarda mustahkam huquqiy asos mavjudligiga qaramay, oʻzaro savdo hajmi tomonlarni qoniqtiradigan darajada emasligi taʼkidlandi. Bu boradagi koʻrsatkich oʻtgan yili 39,4 million, joriy yilning yanvar'-iyunʼ oylarida esa 16 million AQSh dollarini tashkil etdi.

Oʻzbekiston Chexiyaga asosan paxta tolasi, matolar, ayrim rangli metallarni sotadi, Chexiyadan esa uskunalar, rezina buyumlar va dori-darmon oladi. Ishbilarmonlar yanada faolroq ishlasa, hamkorlikni kuchaytirsa, bu roʻyxatni ancha kengaytirish mumkin boʻlur edi. Buning uchun imkoniyatlar mavjud.

Binobarin, Oʻzbekistonda Chexiya mahsulotlariga, Chexiyada Oʻzbekiston mahsulotlariga talab va ehtiyoj bor. Ikki mamlakat iqtisodiyotida bir-biriga toʻgʻri kelmaydigan tarmoqlar deyarli yoʻq, aksincha, koʻpgina sohalarda ular bir-birini toʻldira oladi. Prezident Islom Karimovning taʼkidlashicha, Oʻzbekiston va Chexiya ishbilarmonlarini bir-biriga tanishtirishning hojati yoʻq. Mamlakatimizda „Tatra“, „Shkoda“ kabi kompaniyalarni yaxshi tanishadi. Ikki tomonlama manfaatli sohalarda hamkorlikni kuchaytirish uchun yanada kengroq qulaylik yaratish kerak. Oʻzbekiston bu yoʻnalishda hamkorlikkka tayyor. Ayniqsa, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash, toʻqimachilik va oziq-ovqat sanoatidagi hamkorlik istiqbolli. Lekin ishga solinmagan imkoniyatlar ham koʻp. Masalan, Chexiya Oʻzbekiston paxtasini uchinchi davlat orqali sotib oladi. Mevalar va poliz ekinlarini qayta ishlash borasidagi aloqalar ham talab darajasida emas.

Taʼkidlash joizki, savdo-iqtisodiy munosabatlar xususida ikki tomon hamfikr. Prezident Vatslav Klaus Chexiya ishbilarmonlarining katta delegatsiyasi bilan kelganining boisi ham shunda.

Ijtimoiy-madaniy hamkorlik doirasida Oʻzbekistonning yosh isteʼdodlari 1994 yildan buyon Chexiyaning Liditsa shahrida oʻtadigan anʼanaviy Jahon bolalar ijodiyoti koʻrgazmasida qatnashib keladi. Chexiya hukumati oʻzbekistonlik talaba va tadqiqotchilar uchun har yili grantlar ajratmoqda. Fanlar akademiyalari, Qishloq va suv xoʻjaligi, Xalq taʼlimi, Sogʻliqni saqlash vazirliklarining ilmiy muassasalari oʻrtasida materialshunoslik, tibbiyot, mikroelektronika, yadro fizikasi, mashinasozlik, farmakologiya kabi sohalarda yaqin hamkorlik qaror topgan. Muloqot chogʻida bu yoʻnalishlardagi hamkorlikni ham yanada kengaytirishga kelishib olindi.

Muzokara yakunida Islom Karimov va Vatslav Klaus Oʻzbekiston va Chexiya Prezidentlarining qoʻshma bayonotiga imzo chekdilar. Oʻzbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki bilan „Chexoslovenska obxodni banka A.S.“ oʻrtasida kredit bitimi imzolandi. Jurnalistlar bilan uchrashuvda Islom Karimov va Vatslav Klaus muzokara natijalari haqida soʻzlab, muloqot oʻzaro ishonch ruhida oʻtganini taʼkidladilar. Muhokama etilgan barcha masalalar boʻyicha fikrlar bir joydan chiqqani qayd etildi. Muzokaralar, imzolangan hujjatlar oʻz samarasini berishiga, yaʼni oʻzaro hamkorlik barcha sohalarda yangi pogʻonaga koʻtarilishiga ishonch bildirildi.

Chexiya Prezidenti Vatslav Klaus Oʻzbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoev hamrohligida „Interkontinental“ mehmonxonasiga tashrif buyurdi. Oliy martabali mehmon ikki mamlakat ishbilarmonlarining anjumanida nutq soʻzlab, ularni hamkorlikni yanada kengaytirishga chaqirdi.

Vatslav Klaus Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetining talabalari, professor va oʻqituvchilari bilan uchrashdi. Mehmon fan-taʼlim sohasidagi hamkorlik umumiy hamkorlikda muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.

Chexiya Prezidentiga Milliy universitetning Faxriy doktori unvoni berildi.

Oliy martabali mehmon Xotira va qadrlash maydonidagi „Motamsaro ona“ haykali poyiga gulchambar qoʻydi. Oliy martabali mehmon Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyini ziyorat qildi. Uzoq oʻtmishimizga, madaniy-maʼnaviy merosimiz nihoyatda boy va qadimiy ekaniga alohida eʼtibor qaratdi. Yaqin tariximiz — mustaqillikning qoʻlga kiritilishi, istiqlol yillarida amalga oshirilgan oʻzgarishlar bilan tanishar ekan, mamlakatimizdagi ijtimoiy-iqtisodiy va demokratik islohotlarga yuksak baho berdi.